Qonimdan ko‘p miqdorda doimiy zararli moddalar chiqdi – nima qilishim kerak?

Stefani Mettsger: PFAS kimyoviy moddalari parchalanmaydi.
Surat tagso‘zi, Stefani Mettsger: PFAM kimyoviy moddalari parchalanmaydi.
    • Author, Catrin Nye
    • Role, BBC Panorama
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Qon topshirgani tibbiy klinikaga kirayotganimda, faqat kamera oldida qo‘rqoqqa o‘xshab ko‘rinmaslik haqida o‘ylardim. Qon tahlili nimani aniqlab berishi xayolimga ham kelmagandi.

Ignani yomon ko‘rsam ham, BBC Panorama dasturining "doimiy kimyoviy moddalar" deb atalgan tekshiruvi doirasida ularning qonimdagi miqdorini aniqlash uchun qon topshirdim. Ikki nafar yosh bolasi bor ona sifatida, bu moddalarning oilamga ta’siri bor-yo‘qligini bilishni istardim.

Doimiy kimyoviy moddalar yoki PFAM (per- va poliftoralkil moddalar) 10 000 ga yaqin kimyoviy moddalar guruhidan iborat. Ular o‘nlab yillar davomida suv o‘tkazmaydigan kiyimlardan tortib, oshxona jihozlariyu elektronika va tibbiy asbob-uskunalargacha qo‘llangan.

Ular barqaror ifloslantiruvchi moddalar bo‘lib, osonlikcha parchalanmaydi va atrof-muhitda to‘planib boradi.

Ular uyimizda, suvimizda va ovqatimizda bor.

Olimlar ularning ayrimlari bepushtlik va saraton kabi jiddiy kasalliklar bilan aloqadorligini aniqlashgan.

Profilaktik tibbiyot mutaxassisi doktor Sabin Donnayning aytishicha, qondagi PFAM miqdorining 2 ng/ml (nanogramm millilitrda) dan yuqori darajasi sog‘liq uchun xavf tug‘diradi. U qonida PFAM bo‘lmagan odamni uchratmaganini aytadi.

Mening natijam 9,8 ng/ml ni ko‘rsatdi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Doktor Donnay bu xabarni juda muloyimlik bilan yetkazdi, lekin baribir bu meni xavotirga solib qo‘ydi.

U menga qonimdagi doimiy kimyoviy moddalar sog‘lig‘imga "katta ehtimol bilan" ta’sir qilishini aytdi.

Kamiga, tanam homiladorlik paytimda bu kimyoviy moddalarning bir qismidan bolamga o‘tkazish orqali xalos bo‘lganini tushundim.

Ayni shu lahzada bu tekshiruv men uchun shunchaki ish emas, juda shaxsiy tus oldi.

"Ular [PFAM darajalari] homilador bo‘lishingizdan oldin yanada yuqori bo‘lgan," dedi menga doktor Donnay.

"Ularni farzandlaringizga o‘tkazganingiz aniq"

Xavotirga tushdim, o‘zim bilmagan va ixtiyorimdan tashqari shaklda shunday bo‘lganini hech qabul qila olmasdim.

Bu moddalar va ular bilan bog‘liq sog‘liq muammolari haqida ko‘proq bilishni xohladim.

Qirollik kimyo jamiyati xodimi Stefani Metzger aytishicha, PFAM "parchalanmaydi".

"Ular tanaga kirgach, a’zolarimizga aralashib, asta-sekin to‘planib boradi.

Ba’zi PFAMlar qalqonsimon bez muammolari bilan, boshqalari buyrak va jigar saratoni bilan bog‘liq, ayrimlari esa reproduktsiyaga ta’sir ko‘rsatishi aniqlangan."

O‘zimga kelsak, doktor Donnay qonimdagi miqdorni nolga tushira olishim "ehtimoldan yiroq" ekanligini aytdi.

"Ammo keyingi ikki-uch yilda ma’lum strategiya yordamida uni pasaytira olasiz", dedi u.

U menga ko‘proq tolali mahsulotlar iste’mol qilishni – suli, arpa, dukkaklilar, yong‘oq va urug‘larni ko‘proq yeyish, gel hosil qiluvchi tolali qo‘shimchalar qabul qilishni tavsiya etdi. Ratsionimizda tolaning ko‘payishi "yordam berishi mumkinligi haqida eng ishonchli dalil" ekanligini ta’kidladi.

Agar men bularni qilsam, hayz ko‘rish ham vaqt o‘tishi bilan joriy PFAM darajasini kamaytirishga yordam beradi, deb qo‘shimcha qildi u.

Doktor Federika Amati ona bo‘lishni kutayotgan Pam Kavanaga uydagi PFAM moddalarining xavfi haqida gapiryapti.
Surat tagso‘zi, Doktor Federika Amati ona bo‘lishni kutayotgan Pam Kavanaga uydagi PFAM moddalarining xavfi haqida gapiryapti.

Shuningdek, u menga uyimdagi eng katta manbalarni aniqlashni maslahat berdi – yopishmaydigan idish-tovoqlarni keramika, zanglamaydigan po‘lat yoki cho‘yan bilan almashtirish, suv filtridan foydalanish va PFAM yo‘qligi haqida ma’lumot berilgan ekologik tozalash vositalariga o‘tishni tavsiya qildi.

PFAMsiz pardoz va soch parvarishlash vositalaridan foydalanish va tarkibida "ftor" yoki "politetraftoretilen" bo‘lgan mahsulotlardan saqlanishni qo‘shimcha qildi u.

Shunday maslahatni Imperial kollejidan doktor Federika Amati ham Berkshirdagi uyiga borganimizda homilador Pem Kavanaga berdi.

Pem uy sharoitida chaqalog‘i uchun PFAM xavfini qanday kamaytirishni bilishga qiziqardi – doktor Amati doimiy kimyoviy moddalarning chaqaloq va bolalarga qanday ta’sir qilishi mumkinligini o‘rgangan.

"Vodoprovod suvini ichganimizda, qaerda yashashimizga qarab, PFAMga turli darajalarda duch kelamiz," dedi doktor Amati.

Uning aytishicha, oddiy suv filtri sotib olish ham ta’sirni kamaytirishga yordam beradi – bu filtri bor kuvacha yoki bevosita rakovinaga o‘rnatilgan filtr bo‘lishi ham mumkin.

Tirnalgan, yopishmaydigan tovalarni tashlab yuborish kerak, deb maslahat berdi doktor Amati.

Zanglamaydigan po‘lat yoki keramik tovalar "ancha xavfsiz," deydi u.

Gilamlarni dog‘ tushishiga qarshi PFAM bilan ishlov berish mumkin, deb qo‘shimcha qildi u va odamlarga gilamlarni har kuni changyutgich bilan tozalashni tavsiya etdi.

"Har kuni derazalarni ochib xonani shamollatish yaxshi g‘oya, chunki [PFAM] aslida uy changi sifatida to‘planadi".

So‘ng doktor Amati bolalar kiyimiga e’tibor qaratdi. Pem suv olmaydigan yoki ifloslanishga chidamli kiyimlarda PFAM bo‘lishi mumkinligini bilib, hayratdan "tili kalimaga kelmay qoldi". Ishlab chiqaruvchilarda xaridorlarga bu ma’lumotni berish majburiyati yo‘q.

Bi-bi-si ma’lumotlariga ko‘ra, ba’zi bolalar mahsulotlari, garchi PFAM yo‘q deb yozib qo‘yilgan bo‘lsa ham, PFAMdan xoli emas.

Mevalarda, masalan uzumda, PFAM moddalari bo‘lishi mumkin.
Surat tagso‘zi, Mevalarda, masalan uzumda, PFAM moddalari bo‘lishi mumkin.

Bir necha oy oldin Mountain Warehouse veb-saytidan sotib olganimiz bolalar paltosida PFAM topildi, vaholanki, saytda bolalar mahsulotlari bunday kimyoviy moddalar bilan ishlab chiqarilmasligi ta’kidlangan.

Mountain Warehouse Bi-bi-siga ma’lum qilishicha, sinovdan o‘tkazilgan kurtka uch yildan ortiq vaqt oldin ishlab chiqarilgan eski zaxiraning kichik partiyasidan ekan.

Kurtka "Buyuk Britaniya xavfsizlik standartlariga javob bersa-da", mahsulot sotuvdan olib tashlandi.

Kompaniya "barcha mahsulotlardan PFAMni imkon qadar tezroq chiqarib tashlash" ustida ishlayotganini va "2023 yildan beri ishlab chiqarilayotgan bolalar kiyimlari PFAMdan xoli" ekanligini ta’kidladi.

Kurtkani tekshirgan Birmingem universiteti professori Styuart Harrad tushuntirishicha, agar tarkibida PFAM bo‘lgan matolar "inson terisi bilan uzoq vaqt aloqada bo‘lsa," kimyoviy moddalar teri orqali so‘rilishi mumkin.

Doktor Donnay xavfni kamaytirish uchun ishlov berilmagan matolarni tanlashni va PFAMsiz degan sertifikati bo‘lmasa, "suv olmaydigan" yoki "dog‘ tushmaydigan" degan yorliqlardan saqlanishni tavsiya qildi.

Yevropa oziq-ovqat xavfsizligi boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, bizning doimiy kimyoviy moddalarga eng ko‘p duch kelishimiz oziq-ovqat, xususan, baliq, go‘sht, tuxum, meva va meva mahsulotlari orqali bo‘ladi.

Manchester Metropolitan universiteti professori Devid Megson tushuntirishicha, oddiy ko‘rinadigan qulupnayda ham PFAM bo‘lishi mumkin, chunki bu kimyoviy moddalar pestitsidlarga "mevalarga yaxshiroq yopishishi uchun qo‘shiladi, natijada dori yomg‘ir yoqqanda ham yuvilmaydi".

Catrin Nye
BBC
Doktor Donnay menga qonimdagi doimiy kimyoviy moddalar sog‘lig‘imga "katta ehtimol bilan" ta’sir qilishini aytdi.
Catrin Nye
Jurnalist (bbc.com/uzbek)

Professor Megson aytishicha, biz ko‘rsatgan piknik buyumlari orasida bir shisha vino eng katta PFAM xavfini tug‘dirishi mumkin.

"Har bir shishaga yuzlab uzumni to‘playmiz. Keng tarqalgan pestitsid parchalangach, PFAM qismi qolib ketadi," deydi u.

PFAM zamonaviy hayotimizga shunchalik singib ketganki, hech birimiz ulardan qochib qutula olmaymiz. Ular hayotimizni qulay, mahsulotlarimizni esa chidamli qildi, ammo endigina uning potentsial zararini hisoblay boshladik.

Yevropa Komissiyasi 10 000 ga yaqin PFAMlarga to‘liq taqiq qo‘yish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Buyuk Britaniya hukumati ba’zi kimyoviy moddalarni taqiqlash yoki cheklashni rejalashtirmoqda, ammo to‘liq taqiqlashga hali va’da bermagan. Ular bizga bu borada "siyosat va tartibga solish bo‘yicha yondashuvni shakllantirishda atrof-muhitdagi PFAM darajasini, uning manbalarini va potentsial xavflarini baholash uchun tartibga soluvchilar bilan yaqindan ishlayotganini" ma’lum qildi.

Kimyo sanoati uyushmasi ta’kidlashicha, PFAM moddalari ko‘plab muhim sohalarda qo‘llanadi va xavfsizroq muqobillari hali mavjud emas. Uyushma fikricha, muqobil variantlarni bozorga chiqarish uchun "tartibga soluvchilar va sanoatchilar hamkorlik qilishi kerak".

Dastlab qon tahlilini topshirganimda, bu hujjatli filmimiz uchun qiziqarli lavha bo‘ladi, deb o‘ylagan edim.

Ammo bu kimyoviy moddalar tanangizda borligini bilganingizdan so‘ng, buni unutib bo‘lmaydi.

Ta’sirni kamaytirish yo‘llari borligi biroz taskin beradi. Lekin ochig‘ini aytsam, bu ham yana bir boshog‘riqqa aylandi.