Erkak-ayol: Baland boʻy saratonga sabab boʻladimi?

Tall man towering over city landscape

Сурат манбаси, Getty Images

    • Author, Ian Westbruk
    • Role, Tibbiyot muxbiri , BBC News

Baland boʻylilarda saratonga chalinish xavfi yuqoriroq boʻladi, deyiladi milliondan ziyod odamning bu boradagi iddaolarini oʻrganib chiqqan yangi tadqiqot xulosasida.

Bundan avvalroq oʻtkazilgan qator tadqiqotlarda ham shunday xulosaga kelingan edi. Biroq novcha odamlar bu xabardan haqiqatan tashvishlanishi zarurmi?

Baʼzi mutaxassislar baland boʻyning saraton rivojlanishiga chekish kabi omillardek juda kichik taʼsir koʻrsatishini taʼkidlaydi.

Hozircha baland boʻy va saraton rivojlanishi oʻrtasida qanday bogʻliqlik mavjudligi nomaʼlum. Bu boradagi asosiy nazariya baland boʻyli odamlarda saratonga aylanib ketishi mumkin boʻlgan hujayralarning koʻproq boʻlishiga asoslangan, ammo bu hali ilmiy tomondan isbotlanmagan.

Mazkur tadqiqot muallifi doktor Leonard Nanney Bi-bi-siga saraton xavfining aniq bir boʻy uzunligiga bogʻliqligini maʼlum qildi.

"Agar oʻrta boʻyli ayollarning har 500 dan 50 tasida saraton paydo boʻlsa, boʻyi 178 santimetrga teng har 500 ayolning 60 nafarida bu kasallikning rivojlanishini kutish mumkin. Boʻyi 188 santimetr ayollarda bu raqam 67 nafarga qadar koʻtariladi."

"Chekishning taʼsiri ham juda yuqori. Odam, hatto, kuniga uch donadan sigaret cheksa ham, oʻpka saratoniga chalinish xavfi olti barobarga ortadi. Bu 50/500 nisbati 300/500 ga aylanadi, degani," qoʻshimcha qiladi doktor Nanney.

Tadqiqotda nima deyiladi?

Buyuk Britaniyadagi Royal Society ilmiy jamiyati tomonidan eʼlon qilingan tadqiqotda boʻy uzunligining oʻrtacha darajadan har 10 santimetr ortishi odamning saratonga chalinish xavfini 10 foizga koʻpaytirishi mumkinligi haqida aytiladi. Tadqiqotda oʻrtacha boʻy darajasi sifatida ayollar uchun 160 santimetr, erkaklar uchun esa 170 santimetr olingan.

Undagi maʼlumotlar bu mavzudagi toʻrtta yirik tadqiqot va Buyuk Britaniya, AQSh, Janubiy Koreya, Avstriya, Norvegiya hamda Shvetsiyada hisobga olingan saratonning 23 turi boʻyicha qaydlarga asoslanadi.

Tanlangan toʻrt tadqiqotning har birida har bir jinsga taalluqli 10,000 ta saraton holati oʻrganib chiqilgan.

Ham erkaklar, ham ayollarda uchraydigan 18 saraton turidan toʻrttasining - oshqozon osti bezi, qiziloʻngach, oshqozon va ogʻiz/boʻgʻiz saratoni - rivojlanishiga boʻy uzunligining taʼsiri aniqlanmagan.

Faqat bir jinsda uchraydigan saraton turlarining bittasidagina - bachadon boʻyni saratoni - ayni holat kuzatilgan.

Bu borada mutaxassislar qanday fikrda?

Mutaxassislarning taʼkidiga koʻra, boʻy uzunligi saraton chaqiradigan kichik omillardan biri, xolos. Undan keladigan xavf semirish kabi muammolarnikidan anchayin pastdir.

Mutaxassislar sogʻlom turmush tarziga amal qilish orqali kasallikning rivojlanishidan xalos boʻlish mumkin, deydi.

Britaniyadagi Cancer Research markazidan Jorjina Hil Bi-bi-siga shunday deydi: "Boʻy uzunligi solishi mumkin boʻlgan xavf juda kichik. Chekishdan nari turish va vaznni nazorat qilish orqali saraton rivojlanishi xavfini kamaytirishingiz mumkin."

"Agar sizda hujayralar miqdori koʻp boʻlsa, saraton xavfi ham shunga yarasha koʻpayadi. Novcha insonlarda esa koʻproq hujayralar rivojlanishi uchun yuza yetarlicha boʻladi. Shu sababdan ularda, ayniqsa, teri saratoniga chalinish moyilligi yuqori," deydi Angliyadagi MRC Laboratory of Molecular Biology markazidagi tadqiqotchi guruh rahbari doktor Jon Onil.

Donald Trump (left) and Justin Trudeau

Сурат манбаси, AFP

Сурат тагсўзи, AQSh prezidenti va Kanada Bosh vaziri

Novcha odamlar bundan tashvishlanishi lozimmi?

Bu borada 2011-yil Oksford Universiteti va 2015-yili Shvetsiyada oʻxshash tadqiqotlar amalga oshirilgan.

London Universitet kollejidan tibbiy statistika fani professori Tim Kol baland boʻylilar yuqorida tilga olingan tadqiqot xulosalarining birortasidan tashvishga tushmasligi lozimligini taʼkidlaydi.

"Novcha boʻlishning afzallik tomonlari serob. Shunday ekan, kichik bir salbiy taʼsirni deb, tashvishga tushishga hojat yoʻq."

"Baland boʻyli odamlar boshqalarga qaraganda koʻproq pul ishlab topadi, davlat rahbarlarining aksariyati ham novcha insonlar. Koʻp narsa baland boʻylilar foydasiga ishlaydi," tushuntiradi u.

Salomatlik mavzusida:

Видео тагсўзи, Turkmaniston prezidenti: "Hamma sport zaliga!"

Baland boʻylilarning oʻzi nima deydi?

Britaniyada joylashgan Novchalar Klubi direktori Styuart Logan tadqiqotchilar fikrlashda notoʻgʻri yoʻldan ketganini taxmin qiladi.

1991-yilda asos solingan mazkur klubga Buyuk Britaniya va Irlandiya, shuningdek, boshqa Yevropa mamlakatlaridan 250 ga yaqin odam aʼzo boʻlgan.

"Biz aksar novcha erkaklarning oʻrtacha boʻyi 190-193 santimetr, ayollarniki esa 177-180 santimetr boʻlishiga eʼtibor qaratganmiz," deydi janob Logan Bi-bi-siga.

"Agar tadqiqotchilar ish boshlashdan oldin biznikiga oʻxshash jamiyatlar bilan bogʻlanib, tadqiqot obyekti sifatida aʼzolarimizdan foydalanishsa, foydaliroq boʻlar edi."

"Bu kabi tadqiqotlar chiroyli sarlavha ostida odamlar eʼtiborini osongina tortishi mumkin, ammo ularda keltirilgan iddaolar oʻz isbotini topmagan."

BBCUZBEK.COM Telegram каналимиз: https://t.me/bbcuzbek