O‘zbekiston Xalq shoiri Erkin Vohidov vafot etdi

O‘zbekiston Xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov 30 may kuni og‘ir xastalikdan so‘ng 80 yoshida olamdan o‘tgan.
Erkin Vohidovning vafot etgani haqidagi noxush xabar tez tarqaldi.
Facebookdagi sahifasida toshkentlik jurnalist va inson huquqlari himoyachisi Abdurahmon Tashanov shunday yozdi:
"Xalqimizning atoqli adibi, O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov olamdan o‘tdi. Bu haqda menga ustoz jurnalist Sharof aka Ubaydullayev hozirgina qo‘ng‘iroq qilib, u kishini hukumatga qarashli 1-statsionardan olib kelishayotganini aytdilar. Dilbar shoirimiz, ajoyib inson Erkin Vohidovni Alloh rahmatiga olsin!"
Taniqli shoir va jurnalist Faxriddin Nizomov Facebookda ta‘ziya bildirdi:
"Alloh rahmat qilsin. Bunday millatni ulug‘lagan va unga xizmat qilgan shoirlar kam topiladi".
Erkin Vohidov 1936 yili Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida tug‘ilgan.
1960 yili Toshkent Davlat Universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy Universiteti)ning filologiya fakultetini tahsil olgan.
Shoirning "Tong nafasi"(1961), "Qo‘shiqlarim sizga"(1962), "Yurak va aql"(1963), "Mening yulduzim"(1964), "Muhabbat"(1976), "Kelajakka maktub"(1983), "Kuy avjida uzilmasin tor"(1991), "Yaxshidir achchiq haqiqat"(1992) kabi she‘riy to‘plamlari, "Muhabbatnoma" va Sadoqatnoma" saylanmalari nashr etilgan.
Erkin Vohidov iste‘dodli dramaturg sifatida ham tanilgan, "Oltin devor" o‘zbek xalqining sevimli spektakliga aylangan.
Erkin Vohidov "Yosh gvardiya" nashriyoti, G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotda yetakchi lavozimlarda ishlagan, "Yoshlik" jurnaliga asos solingan 1982 yildan 1985 yilgacha yoshlar jurnalini boshqargandi.
1980-yillar ikkinchi yarmida Gorbachyovning "qayta qurish" zamonida O‘zbek xalqining dolzarb muammolariga bag‘ishlangan publitsistik chiqishlari ko‘pchilikning yodida.
O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin Erkin Vohidov Oliy Majlis qo‘mitalarini boshqardi.
Erkin Vohidov 1983 yili Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti, 1997 yili "Buyuk xizmatlari uchun" ordeni bilan mukofotlangan.
Mamlakatda "O‘zbekiston Qahramoni" faxriy unvoni ta‘sis etilganidan keyin Erkin Vohidov mukofotlangan ilk insonlardan biri bo‘lgandi.
Erkin Vohidov deganda she‘riyat muxlislari "O‘zbegim" qasidasini tushunadilar.
Tarixingdir ming asrlar
Ichra pinhon o‘zbegim,
Senga tengdosh Pomiru
Oqsoch Tiyonshon, o‘zbegim.
So‘ylasin Afrosiyobu
So‘ylasin O‘rxun xati,
Ko‘hna tarix shodasida
Bitta marjon, o‘zbegim.
Al Beruniy, Al Xorazmiy,
Al Farob avlodidan,
Asli nasli balki O‘zluq,
Balki Tarxon, o‘zbegim.
O‘tdilar sho‘rlik boshingdan
O‘ynatib shamshirlarin
Necha qon, necha sulton,
Necha ming xon, o‘zbegim.
Tog‘laring tegrangda go‘yo
Bo‘g‘ma ajdar bo‘ldi-yu,
Ikki daryo - ikki chashming,
Chashmi giryon, o‘zbegim.
Qaysari Rum nayzasidan
Bag‘rida dog‘ uzra dog‘,
Chingizu Botu tig‘iga
Ko‘ksi qalqon, o‘zbegim.
Yog‘di to‘rt yondin asrlar
Boshingga tiyri kamon,
Umri qurbon, mulki toroj,
Yurti vayron, o‘zbegim.
Davr zulmiga va lekin
Bir umr bosh egmading,
Sen - Muqanna, sarbador - sen,
Erksevar qon, o‘zbegim.
Sen na zardusht, sen na buddiy,
Senga na otash, sanam,
Odamiylik dini birla
Toza imon, o‘zbegim.
Ma‘rifatning shu‘lasiga
Tolpinib zulmat aro,
Ko‘zlaringdan oqdi tunlar
Kavkabiston, o‘zbegim.
Tuzdiyu Mirzo Ulug‘bek
Ko‘ragoniy jadvalin,
Sirli osmon toqiga ilk -
Qo‘ydi Narvon, o‘zbegim.
Mir Alisher na‘rasiga
Aks-sado berdi jahon,
She‘riyat mulkida bo‘ldi
Shohu sulton, o‘zbegim.
Ilmu she‘rda shohu sulton,
Lek taqdiriga qul,
O‘z elida chekdi g‘urbat,
Zoru nolon, o‘zbegim.
Mirzo Bobur - sen, fig‘oning
Soldi olam uzra o‘t,
Shoh Mashrab qoni senda
Urdi tug‘yon, o‘zbegim.
She‘riyatning gulshanida
So‘ldi mahzun Nodira,
Siym tanni yuvdi ko‘z yosh,
Ko‘mdi armon, o‘zbegim.
Yig‘ladi furqatda Furqat
Ham muqimlikda Muqiym,
Nolishingdan Hindu Afg‘on
Qildi afg‘on, o‘zbegim.
Tarixing bitmakka, xalqim,
Mingta Firdavsiy kerak,
Chunki bir bor chekkan ohing
Mingta doston, o‘zbegim.
Ortda qoldi qo‘hna tarix,
Ortda qoldi dard, sitam,
Ketdi vahming, bitdi zahming,
Topdi darmon, o‘zbegim.
Bo‘ldi osmoning charog‘on
Tole xurshidi bilan,
Bo‘ldi asriy tiyra shoming
Shu‘laafshon, o‘zbegim.
Men Vatanni bog‘ deb aytsam,
Sensan unda bitta gul,
Men Vatanni ko‘z deb aytsam,
Bitta mujgon o‘zbegim.
Faxr yetarman, ona xalqim,
Ko‘kragimni tog‘ qilib,
Ko‘kragida tog‘ ko‘targan
Tanti dehqon, o‘zbegim.
O‘zbegim deb keng jahonga
Ne uchun madh etmayin!
O‘zligim bilmoqqa davrim
Berdi imkon, o‘zbegim.
Men buyuk yurt o‘g‘lidurman,
Men bashar farzandiman,
Lekin avval senga bo‘lsam
Sodiq o‘g‘lon, o‘zbegim.
Menga Pushkin bir jahonu
Menga Bayron bir jahon,
Lek Navoiydek bobom bor,
Ko‘ksim osmon, o‘zbegim.
Qayga bormay, boshda do‘ppim,
Shuhratim, qadrim buyuk,
Olam uzra nomi ketgan
O‘zbekiston, o‘zbegim.
Bu qasidam senga, xalqim,
Oq sutu tuz hurmati,
Erkin o‘g‘lingman, qabul et,
O‘zbegim, jon o‘zbegim.
- BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
- TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
- Instagram - BBC UZBEK
- Twitter - BBC UZBEK
- Odnoklassniki - BBC UZBEK
- Facebook - BBC UZBEK
- Google+ - BBC UZBEK
- YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
- Skype - uzbekbbclondon
- bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring





























