"O‘zbekiston Islomiy Harakati qo‘rquv uyg‘otmoqchi"

Harakatning Yaqin Sharqdagi "Islomiy Davlat" guruhiga bay‘at keltirishi ortidan shu oy boshida e‘lon qilgan kallakesarligiga oid ilk videosiga ham mintaqaviy va ham xalqaro tahlilchilarning munosabatlari xuddi ana shunday bo‘ldi.
O‘zbekiston Islomiy Harakati o‘tgan yil sentyabr oyida dunyodagi eng jangari bu guruhni qo‘llashini rasman e‘lon qilgan va mintaqadagi "Islomiy Davlat" guruhiga bay‘at keltirgan ilk isyonchi guruhlardan biriga aylangandi.
O‘zining bayonotini e‘lon qilgan paytda Pokistonning Shimoliy Vaziristonida bo‘lgani anglashilgan harakatning orada kechgan vaqt mobaynida Yaqin Sharqdagi "Islomiy Davlat" guruhi bilan bevosita aloqa o‘rnatishga muvaffaq bo‘lgani yo-da yo‘qligi shu paytgacha ma‘lum emas.
Ammo, Londondan Mudofaa masalalari bo‘yicha xalqaro tahlilchi Pol Rojersning BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida ta‘kidlashicha, Afg‘onistonda tasvirga olgan kallakesarligiga oid ilk videosi, bu ikki guruh o‘rtasidagi bugungi norasmiy munosabatlar va hamkorlik darajasining ko‘pchilik kutganidan ko‘ra kuchliroq ekaniga dalolat qiladi.
Xalqaro tahlilchi, o‘z navbatida, voqealarning bu kabi rivoji o‘zlari uchun ham kutilmagan bo‘lganini alohida e‘tirof etadi.
"Islomiy Davlat" xuddi shunday taktikani Iroqda uncha bo‘lmasa ham, asosan Suriyada ancha vaqtdan buyon qo‘llab keladi. Shu bois ham, yaqinda e‘lon qilgan videosi O‘zbekiston Islomiy Harakatining "Islomiy Davlat"ning izidan ketayotgani, ularning taktikasidan nusxa ko‘chirayotganini ko‘rsatadi. Bu esa, o‘z navbatida, O‘zbekiston Islomiy Harakatining yanada tajovuzkor bo‘lib borayotgani, "Islomiy Davlat" allaqachon harakatga o‘z ta‘sirini o‘tkaza boshlaganini anglatadi", - deydi xalqaro tahlilchi.

Сурат манбаси, BBC World Service
Shu kunlarda Afg‘onistonda so‘nggi yillarda O‘zbekiston Islomiy Harakatining yangi istehkomiga aylangan va yaqinda o‘nlab jangarilar "Islomiy Davlat" bayrog‘i ostida harakat qilishni boshlashgani aytilgan shimoliy-sharqiy Qunduz viloyati ham qaqshatqich janglarning yangi markaziga aylangan.
Mahalliy mas‘ullar ham Afg‘onistonning Tojikiston bilan bevosita chegaradosh ushbu viloyatida hukumat kuchlariga qarshi jang qilayotganlarning toliblar deyilsa-da, aynan xorijiy yollanma jangarilar ekanini taxmin etishmoqda.
Hali Qunduzdagi qaqshatqich janglar arafasidayoq, Afg‘oniston parlamenti quyi palatasi raisi mamlakatning aksariyat Markaziy Osiyo davlatlariga tutash shimolini Pokistonning Shimoliy Vaziristoniga qiyos bergandi.
Chunki yaqinda Afg‘onistonning Tojikistonga qo‘shni yana bir shimoliy-sharqiy Badaxshon viloyati qonli hujumlarga sahna bo‘lgan, o‘nga yaqin hukumat askarining boshi tanasidan judo etilgandi.
Ammo, shunda ham, Londondan tahlilchi suhbatdoshimizga ko‘ra, bu ikki guruh o‘rtasidagi aloqalarning haqiqiy kuchini faqat vaqt ko‘rsatadi.
"Bu masalada qat‘iy xulosa chiqarishga haliyam erta. Ikkovlon o‘z harakatlarini amalda qanchalik muvofiqlashtirishga muvaffaq bo‘lish-bo‘lmasliklari, ya‘ni O‘zbekiston Islomiy Harakati mintaqada faqat "Islomiy Davlat"ning nusxasiga aylanib qolishi-qolmasligi kelasi bir-ikki yil ichida ayon bo‘ladi", - deydi xalqaro tahlilchi Pol Rojers.
"Andaza"

Pokistondan yetakchi mintaqaviy tahlilchi suhbatdoshimiz Xadim Husaynning aytishicha esa, hozir "Islomiy Davlat"ning Yaqin Sharqdagi boshqaruv va faoliyat yuritish modeli mintaqada shakllanayotgan jangari guruhlarning yangi ittifoqlari uchun bir andaza vazifasini bajarmoqda.
"Ayniqsa, o‘z talqinlaridagi jihod g‘oyasi "Islomiy Davlat"niki bilan bir xil bo‘lgan jangari guruhlar bundan ko‘proq ilhomlanishmoqda. "Islomiy Davlat"dan odamlar orasida qo‘rquv uyg‘otish va ularni boshqarish yo‘l-yo‘riqlarini o‘rganishmoqda. Bu xatti-harakatlari bilan mintaqa davlatlari uchun yana bir xavfga aylanishmoqda", - deydi u.
Suhbatdoshimizga ko‘ra, hozirga kelib, "Islomiy Davlat" "al-Qoida", Pokiston va Afg‘oniston Tolibon harakatlarining o‘rniga mintaqada yangi kuch sifatida bo‘y ko‘rsatishga urinmoqda.
Xadim Husaynning aytishicha, bir tomondan, jamiyatni o‘z nazorati ostiga olishning zamonaviy uslubiga ega ekani va boshqa tarafdan, global xalifat qurishga oid aniq kontseptsiyasi borligi tufayli ham guruh bunga muvaffaq bo‘layotir.
"Bundan tashqari, "Islomiy Davlat" dunyodagi boshqa jangari guruhlar bilan aloqa o‘rnatish va ittifoqchilikka kirishishga imkon beradigan darajada ulkan moliyaviy resurslarga ega", - deydi suhbatdoshimiz.
Unga ko‘ra, boshqa tomondan, hatto, Afg‘oniston va Pokistonda allaqachon jang olib borish uslublari va taktikasidan nusxa ko‘chirishga o‘tilgani "Islomiy Davlat"ning mintaqada yangi tahdidga aylanayotganining yaqqol dalili bo‘lib xizmat qiladi.
"Taqlid qilishlari uchun allaqachon muayyan bir modelning mavjud ekani bois, mintaqadagi "Islomiy Davlat"ga bay‘at keltirgan guruhlar yanada shafqatsizroq, xatarliroq va halokatliroq bo‘lib borishmoqda. Ular bu modelning ham uslubi, ham g‘oyasi va ham strategiyasidan nusxa ko‘chirishmoqda. Paydo bo‘layotgan bu kabi yangi xavf esa, so‘zsiz, mintaqa davlatlari uchun juda jiddiy tahdiddir", - deydi Pokistondan tahlilchi suhbatdoshimiz.
Unga ko‘ra, hozircha, mintaqa davlatlarida bu xavfning oldini olish imkoniyati bor.
"Ammo buning uchun eng avvalo Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston, Eron, O‘zbekiston va Tojikistonning "Islomiy Davlat"ga oid o‘zlaridagi ma‘lumotlarni ayirboshlashga kelishib olishlari lozim bo‘ladi. Xuddi, "al-Qoida" tarmog‘i misolida bo‘lgani kabi", - deydi suhbatdoshimiz.
Ammo, mintaqaviy tahlilchining aytishicha, hozircha, bu ishga to‘liq kirishilmagan.
Xadim Husaynga ko‘ra, kallakesarligiga oid ilk videosi bilan O‘zbekiston Islomiy Harakati ham o‘z ovozini eshittirmoqchi, haliyam kuchli ekani, dunyodagi boshqa jihodiy guruhlar bilan aloqada ekanligi, hanuz qo‘rquv uyg‘otishga qodirligi va haliyam mintaqa davlatlariga tahdid solishi mumkinligini ko‘rsatmoqchi.
Istak

Сурат манбаси,
"Islomiy Davlat"ga sadoqati bayon etilgan o‘tgan yilgi bayonotida esa, O‘zbekiston Islomiy Harakati Pokiston Qurolli kuchlarining Shimoliy Vaziristondagi davomiy keng ko‘lamli harbiy amaliyotlari sabab, nochor ahvolda qolganini shaxsan o‘zi rasman e‘tirof etgandi.
Harakatning ushbu bayonotiga baho bergan tahlilchilar esa, yillarki "al-Qoida" tarmog‘i va har ikki Tolibon harakatining yaqin ittifoqchisi bo‘lib kelgan O‘zbekiston Islomiy Harakati o‘zining qarori bilan "Islomiy Davlat"ning obro‘si, mavqei, insoniy va moliyaviy resurslaridan foydalanish, qayta faollashish istagida ekanini aytishgandi.
Xuddi shu o‘rinda ta‘kidlash joiz, "Islomiy Davlat"ga bay‘at keltirishi ortidan kechgan bir necha oyning o‘zida O‘zbekiston Islomiy Harakatining butun Afg‘oniston bo‘ylab yanada faollashishga urinayotgani kuzatiladi va janubiy Zobul viloyatida sodir etgan kallakesarligiga oid ilk videosini ham xuddi shu manzarada e‘lon qilgan.
Zobulda shu yilning fevral oyida o‘ttizdan ortiq hazoraning olib qochilishi bilan bog‘liq hodisa ham afg‘onistonlik mas‘ullar tomonidan "Islomiy Davlat"ga nisbat berilgan.
Afg‘oniston janubidagi muxbirimiz Ma‘mun Durroniyning aytishicha esa, tutqunlarni ozod etish uchun "Islomiy Davlat"ga qarshi, deb uyushtirilgan yirik harbiy amaliyotlarning nishoni aynan yaqinda Pokistondan Zobulga qochib o‘tgan yuzlab O‘zbekiston Islomiy Harakatining a‘zolari bo‘lishgan.
Ammo, ta‘kidlash joiz, O‘zbekiston Islomiy Harakatining o‘zi doxil shu paytga qadar Afg‘onistonda faoliyat yurituvchi biror bir jangari guruh Zobuldagi odam o‘g‘irlash hodisasiga javobgarlikni rasman o‘z zimmasiga olib chiqmagan.
Muxbirimizga ko‘ra, mart oyidagi harbiy amaliyotga qaramay, Zobuldagi o‘nlab tutqunning taqdiri hanuz mavhum qolmoqda va Afg‘onistonning janubiy, janubiy-sharqiy viloyatlarida aksariyatining millati o‘zbek bo‘lgan xorijiy jangarilarning soni oy sayin ortib borayotir.
Ma‘mun Durroniyning aytishicha, bu jangarilar joriy paytda asosan viloyatning Tolibon nazorati ostidagi hududlarida mahalliy yoshlar hisobidan o‘z saflarini kengaytirish, bahorgi amaliyotlariga hozirlik ko‘rish ishlari bilan band. Ustiga ustak, tog‘li, hukumat askarlarining qadami yetib borishi qiyin bir hududda joylashgani bois, Zobul ular uchun xavfsiz jannat vazifasini bajarmoqda.
Uning aytishicha, kallakesarligi aks etgan videosida ham O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolari bundan bir bir necha oy burun Afg‘onistonning Tojikistonga bevosita qo‘shni Badaxshon va Taxor viloyatlarida qo‘lga olingan o‘ndan ortiq o‘zbek jangarisining ozod etilishini talab qilishadi.
Ammo, muxbirimizga ko‘ra, ularning talablarini rad etish barobarida, afg‘onistonlik mas‘ullar Zobul va G‘azniydagi jangarilarga qarshi yangi harbiy amaliyotga ham qo‘l urishmoqchi.
Boshqa tomondan, voqealarning bu kabi rivoji "Islomiy Davlat" guruhi shu yil boshida Pokistonda o‘zining mintaqadagi tarmog‘iga asos solishi ortidan kuzatilmoqda.
Yangi tarmoq

Сурат манбаси, AFP
Eslatib o‘tish joiz, orada Pokiston va Afg‘oniston Tolibon harakatining yuzlab a‘zolari ham amirul-mo‘mininlari Mulla Muhammad Umardan voz kechib, "Islomiy Davlat" rahbari Abu Bakr al-Bag‘dodiyga bay‘at keltirib bo‘lishgan.
Yaqinda Afg‘onistonning sharqiy Jalolobod viloyatida amalga oshirilgan va o‘nlab insonning umriga zomin bo‘lgan qonli hujum esa, "Islomiy Davlat" mas‘uliyatini rasman bevosita o‘z zimmasiga olib chiqqan mintaqadagi birinchi hujum bo‘lgandi.
O‘tgan bir necha oyning o‘zida mintaqaning aksariyat davlatlari "Islomiy Davlat" xavfidan ogohlantirib ulgurishgan, xos xavfsizlik choralari ko‘rish va o‘z chegaralarini mustahkamlash harakatiga tushib qolishgan.
Ayrim xalqaro tashkilotlarning ma‘lumotlariga ko‘ra, Yaqin Sharqda "Islomiy Davlat" saflarida jang qilayotgan markaziy osiyoliklarning soni ham allaqachon bir necha mingga yetgan.
Mintaqadagi turli jangari guruhlar yoki ular a‘zolarining "Islomiy Davlat"ga bay‘at keltirishga oid bayonotlari manzarasida esa, mintaqaviy tahlilchilar eng avvalo "Islomiy Davlat"ga xos shafqatsiz jang olib borish uslublarining Markaziy Osiyo chegaralariga yaqinlashishi xavfi bilan ogohlantirishgandi.
Londondan Mudofaa masalalari bo‘yicha xalqaro tahlilchi suhbatdoshimiz Pol Rojersning aytishicha, shu kunlarda janglar bilan o‘ralashib qolgani bois, rasman munosabat bildirishga vaqti bo‘lmasa-da, O‘zbekiston Islomiy Harakatining kallakesarlikka oid ilk videosiga "Islomiy Davlat"ning munosabati iliq bo‘lishi tayin.
"Islomiy davlat"

Сурат манбаси,
Eng so‘nggida eslatib o‘tish joiz, bor-yo‘g‘i bir necha oyning ichida Iroq va Suriyada kattagina hududlarni bosib olib, o‘tgan yil yozida o‘zining islomiy xalifaligiga asos solgan "Islomiy Davlat" joriy paytda barcha jangari guruhlar orasidan eng boyi va qudratlisi, deb e‘tirof etiladi.
So‘nggi oylarda "Islomiy Davlat"ning Yaqin Sharq chegaralaridan tashqarida faollashishga ham urinayotgani kuzatiladi.
Orada Afrikadagi eng janggarisi sanalmish "Boko Haram"dan tortib, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo mintaqasida yana qator isyonchi guruhlar "Islomiy Davlat"ga bay‘at keltirib bo‘lishgan.
Mintaqadan birinchilardan bo‘lib bu ishga qo‘l urgan O‘zbekiston Islomiy Harakati ham 1998 yilda O‘zbekistondagi joriy tuzumni ag‘darib, o‘rniga islomiy xalifat barpo etish g‘oyasi bilan dunyoga kelgan.
O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolarining bugungi soni, omon qolgan jangarilari va rahbarlarining hozir aynan qayerda ekanliklariga oid rasmiy, ishonchli ma‘lumotlar yo‘q.
Pokiston Qurolli Kuchlarining o‘tgan yil yoz oyida Shimoliy Vaziriston mintaqasida yo‘lga qo‘ygan keng ko‘lamli harbiy amaliyotlariga qadar ularning soni bir necha yuzdan bir necha mingtagacha ekani taxmin etilgan.
Afg‘onistonda Tolibon tuzumi qulatilgan 2001 yildan buyon harakat a‘zolari asosan Pokistonning qavmlar yashovchi yarim muxtor Vaziriston mintaqasidan boshpana topib kelishgan.
Orada harakat asoschilari Juma Namangoniy va Tohir Yo‘ldosh, ularning o‘rniga tayin etilgan yana bir lideri Usmon Odil ham amerikaliklarning dron hujumlarida o‘ldirilgan.
O‘tgan bir necha yildan buyon O‘zbekiston Islomiy Harakatiga Mujohid Usmon G‘oziy boshchilik qiladi.
BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
Instagram - BBC UZBEK
Twitter - BBC UZBEK
Odnoklassniki - BBC UZBEK
Facebook - BBC UZBEK
Google+ - BBC UZBEK
Skype - bbcuzbekradio












