O‘zbekistonda qaysi ijtimoiy media mashhur?

O‘zbekistonda ijtimoiy muloqot tarmoqlari yoshlar orasida tezlik bilan ommalashayapti.

Mobil telefonlaridagi WhatsApp, Viber, Telegram applikatsiyalari bepul telefon so‘zlashuvlari, foto va videolarni almashishga imkon yaratishi bilan ko‘pchilikni o‘ziga jalb qilayapti.

Shu bilan birga, bu ijtimoiy tarmoqlar makoni O‘zbekiston yoshlariga o‘zlarini nazoratdan xoli his qilishlariga sharoit yaratgan.

Bir yil oldin Facebook WhatsAppni 19 milliard dollarga sotib olgunicha, butun dunyoda bo‘lgani singari O‘zbekistonda ham WhatsApp foydalanuvchilari soni tezlik bilan ortib borayotgan edi.

Fevral oyida shu yangilik tarqalishi bilan WhatsApp 4 kun ishlamay qoldi, so‘ng ko‘pchilik, jumladan o‘zbekistonlik xabar bo‘lashish ishqibozlari ham boshqa applikatsiyalarni qidirishga tushdilar, Telegram yoki Viberga o‘tdilar.

Mobil telefoniga o‘rnatiladigan bu dasturiy ta‘minotlar xabar yuborish, foto va videolar bilan bo‘lashish, o‘zining telefoniga ana shu applikatsiyalarni o‘rnatganlar bilan bepul telefon so‘zlashishga imkoniyat berishi bilan ko‘pchilikni o‘ziga jalb qilgan.

Rossiyaning mashhur "Odnoklassniki.ru" ijtimoiy tarmog‘i hamon O‘zbekistondagi eng mashhur tarmoq hisoblanadi.

Oldinroq sakkiz milliondan ziyod o‘zbekistonlik "Odnoklassniki" a‘zosi ekani, ularning 92 foizi mobil telefondan saytga kirishi xabar qilingan.

O‘zbekistonning tsenzuradan xoli hududi

Toshkentlik jurnalist Sid Yanishev aytishicha, O‘zbekistonda mobil applikatsiyalar mashhurligi sababi yoshlarning modaga qiziqishlari bilan izohlanadi.

"Bu yangi ilovalarning hammasi - modaga bo‘ysunish, xolos. Zamonaviy O‘zbekiston yoshlarida moda birinchi o‘rinda turadi. Bugungi O‘zbekiston yoshlari butun jamiyat singari amorf holatida. Bu narsalar yoshlarga o‘z nuqtai nazari, o‘zining g‘oyasini ilgari surish uchun emas, balki ko‘pchilik orasida moda bo‘lgani uchun kerak", deydi Sid Yanishev.

O‘zbekiston deyarli barcha sohalar ustidan davlat nazorati o‘rnatilgan mamlakat. Internet ham qattiq nazoratga olinib, ko‘plab web-saytlarga to‘siq qo‘yilgan.

Toshkentlik jurnalist Aleksey Volosevich fikricha, bu applikatsiyalarda tsenzura yo‘qligi ham yoshlarni o‘ziga jalb qiluvchi omil bo‘lgan.

"Bu applikatsiyalarning aksari tsenzura qilinmaydi. Ularning ayrimlariga kirib, bir-ikki guruh faoliyatiga ko‘z tashlash bilanoq boshqa saytlar yoki ijtimoiy tarmoqlarda ruxsat berilmaydigan, bunday xabar yoki fotoni joylashtirgan shaxsga nisbatan chora ko‘riladigan xabarlarning oqimini ko‘rasiz. O‘zbekistonda pornografiya taqiqlangan. U yerda esa bunday narsa tiqilib ketgan. Yana shuni aytish kerakki, ular mahalliy, xorijiy emas. Tabiiyki, bunday narsalar yoshlarni o‘ziga tortadi", deydi jurnalist Aleksey Volosevich.

O‘zbekistonda mobil telefonlardagi applikatsiyalar orqali mashhur insonlarning shaxsiy hayotiga tegishli foto va videolari tarqalgani holatlari ko‘p marta yuz berdi.

Rasman hech qaysi matbuotda gapirilmaydigan, iloji bo‘lsa, yashirishga harakat qilinadigan axborot, video va fotolar o‘zbekistonliklarning orasida bir zumda tarqalib ketdi.

"Siyosatga aralashmasalar bo‘ldi"

Siyosiy tahlilchi Anvar Nazirov bu kabi ko‘rinish O‘zbekiston uchun, yoshlar uchun zarar, deb hisoblaydi. U "Odnoklassniki" ijtimoiy tarmog‘i misoliga to‘xtaladi.

"Odnoklassnikidan boshlaylik, chunki bu juda katta, muhim muammo. Odnoklassniki - juda katta axlatxona. O‘zbekistonda uni shunday deb aytishadi, lekin bunga qarshi kurashga davlat qo‘lini-qo‘liga urishni istamaydi. Odnoklassniki, avvalambor, uchta narsaning manbasi O‘zbekistonda. Birinchidan, rossiyaparastlikning. Keyingisi, radikal guruhlarga qo‘shilib ketgan, Suriyaga ketgan o‘zbeklardan bu haqda qayerdan bilding, deb so‘ralganda, ular Suriyani muammosini birinchi marta bilgani "Odnoklassniki" saytidan bo‘lgan. Fohishaxonalar, virutal qo‘shmachilarning ham makoni ana shu "Odnoklassniki" bo‘ladi va umuman savodsizlik, O‘zbek tilini yerga urish, yosh o‘zbeklarning ongini tushirish makoni o‘sha "Odnoklassniki"dir", deydi Anvar Nazirov.

2014 yili O‘zbekiston rasmiylari mamlakat aholisining soni 31 milliondan oshgani haqida e‘lon qildilar. Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, aholining 64 foizini yoshi 30 gacha bo‘lganlar tashkil qiladi.

Anvar Nazirov fikricha, boshlang‘ich va o‘rta maktablardagi ta‘lim sifati pasaygani, ilmiy-madaniy vakuum paydo bo‘lgani, yoshlar bilan bog‘liq yuzaga kelgan muammolarga davlat e‘tiborsizligi kabi omillar tufayli ana shu ijtimoiy media tarmoqlari yoshlar uchun o‘zini, o‘zligini namoyish qilishning yagona makoniga aylangan.

Applikatsiyalar bilan bog‘liq vaziyat O‘zbekiston Internet makonidagi vaziyatga o‘xshaydi. Bir necha davlat nazoratidagi axborot web-sayti, bir necha ma‘rifiy web-sayt bloglardan tashqari juda ko‘p saytlar qo‘shiqchilar, aktyor, aktrisalar, "xontaxta kinolar"ga bag‘ishlangan.

Nega shunday vaziyat yuzaga kelgan?

"Menimcha, "yuqoridan" aytilgan bo‘lsa kerak, "O‘zbekistonda siyosat bilan, ijtimoiy muammolar bilan bog‘liq bo‘lmagan, siyosat, ijtimoiy muammolarga befarq Internet bo‘lsin" deb. Shuning uchun shou-biznes va shunga o‘xshagan saytlar, Internet loyihalar ko‘payib ketdi", deydi siyosiy tahlilchi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02