Hindiston Pokistonni Kashmirda besh hind askarining halok etilishi uchun ayblagan

Сурат манбаси, Reuters
Hindiston Mudofaa vaziri seshanba kuni Hindiston nazorati ostidagi Kashmirda besh hind askarining o‘ldirilishiga Pokiston to‘g‘ridan-to‘g‘ri mas‘ul ekanini aytgan.
Ak Antoni bu haqda Hindiston parlamentida qilgan chiqishi payti aytgan.
Islomobod bu da‘volarni qat‘iyan rad etgan. Hodisadan ko‘p o‘tmay bayonot bergan Ak Antoni "hind askarlari Pokiston armiyasi libosini kiygan terrorchilar pistirmasiga uchragan" deb aytgan.
Bugun Hindiston parlamenti quyi palatasida chiqish qilgan janob Antoni "hozirga kelib hujumga Pokiston armiyasining mutaxassislar guruhi aloqadorligi aniq bo‘ldi", deb aytgan.
"Biz hammamiz yaxshi bilamizki, Pokiston hukumatining dastagi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirokisiz hech narsa yuz bermaydi, - deb aytgan AK Antoni. - Bizning sukut saqlayotganimizni noto‘g‘ri tushunmasinlar. Hokimiyatimizning Nazorat chizig‘ida yuz bergan har qanday hodisaga yechim topishiga shubha bo‘lmasligi kerak".
Hindiston mudofaa vaziri seshanba kuni tarqatilgan ma‘lumotida Pokiston hukumatini ochiqdan ochiq ayblashdan tiyilgan va ortidan parlamentdagi muxolifat vakillarining keskin e‘tiroz va tanqidlariga uchragandi.
Janob Antoni seshanba kungi bayonot dastlabki xabarlarga asolangan holda tayyorlanganini aytgan.
Seshanba kuni, Hindiston armiyasi bayonot tarqatib, Pokiston qo‘shinlari Punch mintaqasida hind chegarachilarini pistirmaga olib, besh askarni halok etganini aytdi.
Pokiston armiyasi bu ayblovni butkul rad etdi.
Pokiston harbiy mulozimining BBCga aytishicha, ular tomonidan "biror marta bo‘lsin o‘t ochilmagan" va Hindiston da‘volari "hech qanday asosga ega emas".
Hindiston Pokiston hukumatiga diplomatik yo‘llar orqali keskin e‘tiroz bildirgan.
Xabarlarga ko‘ra, o‘rtadagi tanglikni yumshatish maqsadida ikki mamlakatning yuqori martabali qo‘mondonlari maxsus layn orqali bir birlari bilan telefon aloqasida bo‘lganlar.
Kashmir mintaqasiga ikkala mamlakat oltmish yildan ko‘proq vaqtdan buyon da‘vogarlik qiladi.
2003 yil noyabrida ikki tomon Kashmir chegara chizig‘ida otashkesimga erishgan edi.
Ammo ikkala tomon ham vaqti vaqti bilan bir birini chegara oshdi to‘qnashuvlarda ayblab turadi.
1989 yilda qurolli isyon boshlanganidan buyon Hindiston nazorati ostidagi Kashmirda minglab insonlar halok etilgan.
Islomobodga ko‘ra, Kashmir 1947 yildayoq Pokiston tarkibiga kirishi kerak edi, sabab bu mintaqada asosan musulmonlar istiqomat qilishadi.
Pokiston Kashmirliklar o‘z taqdiri borasida referendum orqali qaror berishlari lozim degan fikrni olg‘a surib keladi.
Dehli esa bu masalada xalqaro munozaralar kechishini istamaydi.
Hindiston 1972 yilgi Simla shartnomasini qo‘llab quvvatlaydi, unga ko‘ra, ayni shu kelishuv mojaro bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar asosini yaratadi.






























