Facebook va Microsoft kimning ma‘lumotlarini maxsus xizmatlarga bergan?

Amerika Qo‘shma Shtatlari istihborot xizmatlari Facebook shirkatidan 2012 yilning ikkinchi yarmida Facebook ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilari shaxsiy ma‘lumotlarini taqdim etishni so‘rab 9000-10000 murojaat bilan chiqqan.
Bu haqda Facebook shirkatining huquqshunosi Ted Uliot e‘lon qilgan.
Ted Uliot so‘rovlar haqida Facebookning blogida yozgan.
Unga ko‘ra, Amerika maxsus xizmatlari Facebookning 18000-19000 foydalanuvchisi haqidagi ma‘lumot bilan qiziqqanlar, bu har oyda bir yarim ming so‘rov deganidir.
So‘rovlar terrorchilik tahdidlari, qidiruv e‘lon qilingan jinoyatchilar, yo‘qolib qolgan bolalar va qonun buzish hollariga taalluqli bo‘lgan.
Ayni paytda Microsoft shirkati 6000-7000 martacha maxsus xizmatlardan so‘rovlar olganini, ular 31000 bilan 32000 orasidagi foydalanuvchining shaxsiy ma‘lumotlari bilan qiziqqanlar.
Facebookning yuristi Ted Uliot 19000 tacha so‘rov shirkat tomonidan qay tarzda qondirilgani haqida ma‘lum qilmagan, biroq uning yozishicha, Facebook o‘z foydalanuvchilari ma‘lumotlarini "agressiv" himoya qilgan.
Facebook bilan Microsoft bayonotlari sobiq josus Edvard Snouden Amerika josuslik xizmatlarini insonlarning shaxsiy ma‘lumotlaridan bemalol foydalanayotganlikda ayblab chiqishi ortidan yangramoqda.
O‘tgan hafta AQSh Markaziy Istihborot Boshqarmasining sobiq xodimi Edvard Snouden Amerikadagi Prism dasturi haqida Britaniyada chop etiladigan Guardian va AQShdagi Washington Post ro‘znomalariga ma‘lum qilgan.
Va Facebook, Google, Yahoo, Apple va Microsoft shirkatlarini Amerika maxsus xizmatlari bilan hamkorlik qilayotganlikda ayblagan.
Jahondagi yirik Internet shirkatlari Edvard Snoudenning da‘volarini rad etib chiqdilar.
Guardian va Washington Post ro‘znomalari maqolalarni e‘lon qilishidan oldin Edvard Snouden Honkongga qochdi.
So‘ng Snouden Honkongdagi mehmonxonadan g‘oyib bo‘ldi, hozir uning qayerda ekani noma‘lum.












