Nega O‘zbekiston abgor davlatlarga qiyoslanadi?

Сурат манбаси, none

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistondagi iqtisodiy va yoki siyosiy vaziyat sal tanqid qilinadigan bo‘lsa, aksariyat Suriya, Afg‘oniston va Iroq davlatlaridagi urushni ro‘kach qiladi.

Hukumat nazorati ostida bo‘lgan O‘zbekiston matbuotida esa "tinchligu shukronalik" deyarli har bir maqola va har bir lavhada zikr etiladi.

Xavfsizlik nuqtai nazaridan dunyoning eng abgor mamlakatlari sanalgan Iroq, Suriya va Afg‘oniston eslatilar ekan, hech qachon qo‘shni Qozog‘istondagi farovonlik, iqtisodiy va siyosiy islohotlarning sekinlikda bo‘lsa ham o‘tkazilayotgani, matbuoti ham O‘zbekistonga nisbatan bir necha marta ozodroq ekani aytilmaydi.

O‘zbekiston urush ichidagi mamlakatlar bilan qiyoslanar ekan, tinch va farovon G‘arb yoki hatto Boltiqbo‘yi davlatlari eslatilmaydi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, hukumatning o‘zi aynan shunday urush ichidagi davlatlar bilan O‘zbekistonni qiyoslash va shukr qilish g‘oyasini dastaklaydi.

Sizningcha, nima uchun aynan Suriya, Iroq va Afg‘oniston bilan qiyoslanishi kerak O‘zbekiston? Bu kabi abgor davlatlarga qiyoslanishdan kim ko‘proq manfaatdor?

Qozog‘iston va yoki dunyoning boshqa ilg‘or mamlakatlariga qiyoslash mumkin emasmi?

Karimov aytmish, "biz hech kimdan kam emas" degan shiorga nima uchun aynan shu nuqtada amal qilinmaydi?

BBCUZBEK ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalari orqali qo‘ygan ushbu savollar turli qarama-qarshi fikrlarni uyg‘otgan.

(Fikrlar ayrimlari qisqartirib, imlo xatolari tahrir qilingan holda berilmoqda. Haqoratli izohlar olib tashlangan. Ba‘zi fikr-mulohazalar tahrirsiz berilmoqda.)

Facebook

Facebook foydalanuvchilaridan biri Maks Iks: "Xullas bu hammasi bir noxolislik. Shaxsparastlik qonimizda bor ekan yuraveramiz shunday! Hali hammasi oldinda!"

FK Uz: "... Yurtimiz obod. Ana qo‘shni davlatlarga qaranglar, haqiqiy abgorlik ko‘rinadi. Kim O‘zbekistonni abgor desa, Toshkentga kelsin. Toshkentni poytaxt-da, desa, Samarqandga borsin, Andijonga borsin, Farg‘ona, Buxoro hammasi bir-biridan chiroyli. Heye, O‘zbekistonni abgor deganlar hammasi vatangadolar. SSSR davridan beri mustaqil O‘zbekistonni ko‘rmaganlar ham abgor deb o‘ylashadi.

Abgor davlatda mashina chiqarilmaydi. Abgor davlatda 20 kilometr tog‘ni teshib, poyezd yo‘li qurilmaydi... Abgor davlatda chet el oliy o‘quv yurtlari ko‘paymaydi... Sanasak, minglab faxrlansa arzigulik tarafimiz bor. Nega shuncha yutuqlarni, katta-katta o‘zgarishlarni ko‘rishmaydi, a?"

Umid Jalilov esa: "BBCUzbek Siz O‘zbekistonni qaysi davlatga o‘xshatishni xohlaysiz? Hammaning sevimli AQShigami? O! Axir bu yerda endi davlat paydo bo‘la boshlaganda, O‘zbekistonda 6000 yil avval davlat paydo bo‘lgan edi. AQShda so‘z erkinligi, demokratiya bor, deysiz, bizda ham bor. Lekin, o‘zimizdan yuqori turgan odamlarga nisbatan hurmat bilan muomila qilamiz. Ko‘ziga tik qarab gapirish u yoqda tursin, hatto tovushimizni balandlatib gapirmaymiz, chunki bizning mentalitetimizga to‘g‘ri kelmaydi. AQShda har 3 oiladan birida ajralish yuz bermoqda... Rossiyaga keladigan bo‘lsak, aholining deyarli 70% ichkilikbozlik bilan muammosi bor... Angliyada hamma "aristokrat"... buyruqbozlik va buyurokratiya... Frantsiya... Necha yillardan beri ikkiyuzlamachilik bilan siyosatini olib boradi, buni tarix unutgan emas. Yana qaysi davlatga tenglashtirimni xohlaysiz? O‘zbekistonda korruptsiya? Bu kasofat har bir davlatda bor!.."

Odnoklassniki

Odnoklassnikida - I - degan nom bilan ma‘lum foydalanuvchilardan biri: "Albatta biz o‘zbeklar musulmonmiz.... Islom dini vakillarimiz... Shukronalik esa, Islomda ulug‘lanadi, hadeb nolib yig‘lash esa, oxiratda xor bo‘lishga olib keladi... O‘zbekistondek go‘zal, obod, hur diyor yer sharining yana qayerida bor?"

S T R Ye L E Ts esa: "Bu yechimi yo‘q muammo, haqiqatdan ham, nima sababdan xhkumatga qarshi tankidiy so‘zlar aytilsa, darrov tanqidchini vatanfurush, xalq dushmaniga chiqarishadi, kamiga Suriya, Iroq, Afg‘onni ko‘ryapsanmi, nima bo‘lyapti, deb og‘ziga urushadi. Bunaqalarga hukumat va vatan tushunchasi butunlay boshqa-boshqa tushunchalar. Tinchlik borasida esa, dunyoning 200 dan ortiq davlatlari qariyb 180 tasidan ko‘prog‘ida tinchlik farovonlik, deb tushuntirishga urinish umuman befoyda yoki tushunishni xohlamaydi. Bu narsa hukumatning maxsus dastur va vositalari orqali "ongi bir tomonlama shakllangan" siyosiy chalasavod avlodni yaratish tizimi yaxshi ishlayotganidan dalolat beradi".

Tursinboy Qodirohunov: "Boriga shukur qilaylik, qolganini yaratgandan duo qilaylik".

AShOTIK TRUBAShATALIN: "Hukumatni tanqid qilsang, gaz,svet yo‘qligini aytsang, vatan xoiniga chiqarib qo‘yishadi. Iroqqa qara, Suriyaga qara deb qo‘yishadi. Qozog‘istonga qara, Turkmanistonga qara, deb aytishmaydi".

Doston: "Nima qilish kerak, kimlarningdir gapiga kirib bosh ko‘tarib, ozod vatanimizni senlar aytgan Suriya, Liviya, Iroq yoki Afg‘oniston qilish kerakmi? Hamma narsa o‘z vaqti soati bilan bo‘ladi, kim tug‘ilib, birdan yurgan? Hech kim".

Mister Nemo: "Ha desa, gaz, svetga osilasiz. Bizni mahallada raisning hatti-harakati bilan gaz, svetni pulini nol-nol qilib to‘lab yuriladi. Shuning uchun, gaz xam, svet xam bor. To‘g‘ri svet soatli uchib turadi. Lekin, bu avariyani oldini olish maksadida kilinadi. Sizlar Rossiya, Qozog‘iston va Yevropa davlatlaridan namuna olish kerak, deb to‘polon qilasizlar. Xo‘p namuna keltiraman: 13 noyabr - Frantsiyadagi teraktlar. Oktyabr boshida - Ankaradagi 100 dan ortiq odamni xayotdan olib ketgan portlash... Shumi dunyoning boshqa davlatlaridagi tinchlik. Bular men bilganlarim xolos. Tag‘in xam Afg‘oniston, Iroq kabi davlatlardagi teraktlarni atayin keltirmadim. Xo‘sh, tinchlik masalasida qaysi biridan o‘rnak olishimiz kerak?!"

S T R Ye L E Ts: "Eng katta muammo hozirgi vaqtda hukumat rahbarligiga Karimovdan boshqa munosib nomzod yo‘qligi, boshqa biror yoshroq tajribali rahbar hukumatga kelolmasligiga sun‘iy vaziyat yaratilganligida. Hech kanday muxolif partiyalarga yo‘l berilmasligi, hukumat ishlarini tahlil qila olishga qodir kuchli siyosatchilar faoliyatiga qat‘iy taqiq qo‘yilishi shunday vaziyatni yaratdi, ya‘ni go‘yo xalqni o‘zi shuni tanladi. O‘ylab ko‘rsak, O‘zbekistonda biror dastur bilan o‘zini ko‘rsata oladigan liderlar yo‘q bo‘lganidan keyin, aniqrog‘i yo‘l berilmaganidan keyin xalq boshqa yana kimni tanlasin, hech kim bilmaydigan Ketmonovnimi...?

...hukumat muxolif yoki o‘ngchi partiyalarga ham yo‘l berishi kerak, asta-sekin ularni orasidan munosiblarini xalq o‘zi tanlab oladi.

Rossiyaning yaxshi va yomon tomonlari ham bor, lekin menga yoqqan jihati tv.da satirik guruh hatto Putinni ham hajv qila oladi, bizda esa, "Million" guruhi bir marta svet yo‘qligini hajviya qilgani uchun litsenziyasidan mahrum qilindi, ya‘ni bor gapni oshkora aytgani uchun jazolandi. Bunday holatlarga o‘sha "parvar"lar, xalqni feodalistik muhitdan chiqib ketishini istamaydiganlar sabab bo‘lyapti. Topib olgan bahonasi, hukumatda raqobatchilar paydo bo‘lsa yo oshkora tanqid qiluvchilar paydo bo‘lsa, mamlakat Suriya, Afg‘onistonga aylanib ketadi, degan be‘mani safsata".

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - http://bbc.in/1ZK9gpK yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (http://bbc.in/1mZGnYE)

Skype - bbcuzbekradio