"Dangasalik baxti" yoki O‘zbekistondagi do‘stimga maktublar

Сурат манбаси, epa

    • Author, O‘zbekistonlik talaba,
    • Role, London

Birinchi maktub

Qadrli do‘stim, ushbu maktubni yozar ekanman, eng avvalida ichim sog‘inchga to‘lganini aytmoqchiman.

Yigirmadan hatlab hatlamay, boshqa minglab tengdoshlarim qatori muhojirlik to‘nini to‘y qilib kiyganim yo‘q, buni bilasan!

Men O‘zbekistonda hali och qolganimcha yo‘q edi, ammo rizqni beradigan Yaratgan ekanligi ko‘ngilda, qo‘limdan keladigani esa o‘qish edi.

Kel, ikkimizdan tashqari butun O‘zbekiston xalqi biladigan, hukumati esa bilib bilmaslikka oladigan bir haqiqatni aytib olay – O‘zbekistonda o‘qishni bitirganing va olganing diplom bilan nafaqat chet elda, balki mamlakatning o‘zida ham ish topish mushkul, hatto imkonsiz!

Nima uchun muhojir bo‘ldim, do‘stim?

O‘z ixtiyorim bilanmi?

"Dangasa" bo‘lganim va yo "mo‘may daromad" ortidan quvganim uchunmi?

O‘ngimdagi tanlov qanaqa bo‘lganini bilasan, o‘qishga kirish uchun pora berish va shu pora bilan amallab bitirib olish edi.

Yoki shartnoma pulini to‘lash...

Men bu pulni to‘lashga qurbim yetar edi, uydagilar ham qarab turishmasligi tayin edi, lekin nima uchun?

Ma‘rifat va bilim haminqadar bo‘lib qolgan oliygohda o‘qish uchunmi?

Afsus, bugungi kunda ta‘lim olish muassasalarida avval cho‘ntagingni chamalashadi, bilimingni emas! Pora berib farzandini o‘qishga kiritgan ota-onaning o‘zi pora olmasligi va yo qonunni chetlab kun ko‘rmasligiga kim kafolat beradi?

Jamiyatning bir qismida ana shu pora degan saraton xastaligi boshlandimi, uni qanday to‘xtatasan?

Albatta, ota-onalar o‘z farzandlarini bilimli va badavlat inson bo‘lib yetishishlarini niyat qiladi, shuning harakatida bo‘ladi, ammo ham gap ana shu harakatning qonuniy va yoki noqonuniy ekani bilan bog‘liq, shunday emasmi?

Senu mendan pora oladigan o‘qituvchilarning ham oilasi bor, shunday emasmi?

Ana shu poraning bir qismi tepaga, ehtimol, juda ham tepaga qarab oshirilishi va ularning ham oilasi borligi tayin,to‘g‘rimi?

Beradigan puli yo‘qlar nima qiladi, do‘stim?

"Dangasa"ga aylanadi, prezidentimiz aytmish va ... Rossiyaga, qulchilikka ketadi.

Sobir do‘stimizning akasi o‘qimagan, bilasan, nimaga o‘qimaganligini ham bilasan, Rossiyada "dangasa"lik qilib, qurilishda ishlaydi, topganini ikki ukasining Toshkentda o‘qishi uchun sarf qiladi! Ammo bu boshqa bir muammo...

Ana endi pora bilan o‘qishni bitirib chiqqanlarning keyingi taqdiri bilan tanishsak...Ularda ikki narsa taqchil bo‘ladi, biri bilim, ikkinchisi tajriba, ammo qo‘lida diplomi bor!

Qayerga ishga kirmasin, beradigan maoshga kun ko‘rishning imkoni yo‘qligini bu sobiq talaba juda yaxshi tushunadi.

Pora olish va berish normal holat sanalgan jamiyatda voyaga yetgan inson, afsuski, buning dinu dinsizlikda birday illat va gunoh ekani haqida qayg‘urmaydi.

Qolaversa, ishga kirish uchun ham kimgadir nimadir "qistirishi" tabiiy holat bugun O‘zbekistonda, albatta, ayrim istisnolar bordir, ammo bu istisnolar hali ommaviy tus olgani yo‘q.

Ana endi davlatning "qudratiga" boq... Nafaqat ma‘naviy nosog‘lom, balki o‘z ishini bilmaydigan bir avlod bugungi, do‘stim, ochig‘i, anchayin poraxo‘r boshqaruvchi qatlam o‘rnini egallaydi.

Bu avlod o‘z yo‘lini "topishi" uchun ham shu usulni qo‘llaydi.

Ayrimlar esa bugun yuqorida o‘tirganlar orasida "porasiz" ko‘tarilganlari ham borligini aytishadi.

Rost, ammo ularning aksariyati Sho‘rolar davrida suyagi qotganlar, shunday emasmi, do‘stim, ikkovimizning ham otalarimiz o‘sha davrlarda mutlaqo porasiz o‘qishga kirganlardan ekanini bilamiz.

Albatta, pora bilan o‘qishga kirib, keyin uni bitirib chiqqanlar ham talaygina.

Mustaqillik davridagi kadrlar masalasi haqida esa, Senga maktub bahonasida, ko‘p fikrlarni o‘rtaga tashlash mumkin.

Qanchalar inqirozdamiz, mening nazarimda, do‘stim!

Qodiriy bobomiz aytmish, ma‘rifat yo‘lini tanlamadik. Qo‘rqitish, qamash va pora yo‘li bilan "hech kimdan kam bo‘lmaydigan" mamlakatga aylandik.

Eng qizig‘i, yana moziyga qaytsak, Abdulla Qodiriy bobo aytmish, kommunisti ham, mullasi ham xalqning oyog‘iga kishan solishdan boshqasiga yaramay qolgan.

Biri hayot faqat dunyo uchun desa, boshqasi faqat narigi dunyo uchun deydi.

O‘rta yo‘lda yuradigan, dinu dunyodan ma‘rifat taratadigan qatlam qolmadi, ziyolilar esa yo u tomon bo‘ldilar, yo bu tomon bo‘lib o‘zlariga ishonchni yo‘qotdilar.

Bu yog‘i o‘zbekchilik...oila, farzandlar ...

Xorijda esa hech qursa iqtidoring, biliming va kasbing bilan halol non topsang bo‘ladi.

Orttirib vatandagi yaqinlaringga ham jo‘natsang bo‘ladi.

"Dangasa" bo‘lish baxti nasib etar ekan, hech qursa farzandlaringga dunyo faqat O‘zbekiston televizionida beriladigan yolg‘ondan iborat emasligini o‘rgatsang bo‘ladi.

Hech bir inson o‘z vatanini yomon ko‘rmaydi.

Aksariyat, ayrim holatlarda mutlaq aksariyat xorijga majburlikdan ketadi.

Yana bir marta aytaymi, do‘stim, o‘zim misolimda aytay bu gal.

Hech kim o‘z vatanini muxojir qadar sevmaydi!

Omon bo‘l,

Ovro‘podagi talaba do‘sting.