O‘zbekistondan maktub: "Qaynotang, baquvvat bo‘lsa…"

Сурат манбаси, sarvar azimov

Yangi o‘qishga kirish mavsumi ham yaqinlashmoqda. Ota-onalarning paytavasiga qurt tushib, oyog‘i kuygan tovuqdek yuguradigan palla arafasida kaminaning ham farzandi kollejni bitirmoqda.

Shunga kuni-kecha menga maxsus blankdagi bir narsaga qo‘l qo‘ydirib olishdi. Xullas, mazmuni shunaqa: "... agar farzandim o‘qishga kirolmasa, ish-joyni ta‘minlashga, uni bekor yurmasligiga o‘zim ma‘sulman".

Bu ishdan keyin o‘g‘limning o‘qishga kirish ehtimoli qancha ekanini taxminan chamalab ko‘rdim. O‘tgan yili o‘qishga kirish kvotasi 65 ming talaba atrofida ekan, bitiruvchilar esa taxminan 550 ming ekan. Demak, bir o‘ringa taxminan 10 kishi.

O‘qishga hujjat topshirish mavsumida yangiliklarni tomosha qilsang, har bir oliy o‘quv yurtining vakili shunday deydi: "Bizning ta‘lim maskani o‘ta nufuzli bo‘gani uchun, 1 joyga 9-10 kishi to‘gri kelyapti".

Bu "nufuz" emas, balki joylarning yetishmasligidan darak bermaydimi?! Bundan hafsalam pir bo‘lib, "tadqiqotlarimning" keyingi bosqichiga o‘tdim.

Bunda o‘zimning sohamdagi test savollariga javob berib natijani bilmoqchi bo‘ldim. O‘zimcha sohamning piri bo‘lib ketganman, deb yurgan ekanman, "testdan" quladim.

Sababi, savollar atayin ikkilamchi javobli ekan. Misol uchun, ba‘zi yerda "A" javob aniq to‘g‘ri ekanini bilib bossang ham, noto‘g‘ri chiqadi, chunki kompyuter faqat "A" va "D" to‘gri degan variantini tan oladi.

Xullas, o‘g‘lim mening nazdimda qanchalar vunderkind bo‘lmasin, o‘qishga kirish imkoniyati juda-juda past ekaniga amin bo‘lib, xomush o‘tirgan bir paytim: "Dada, agar kirolmasam, Rossiyaga ketamanmi?" deb so‘rab qoldi.

"Bolam, Rossiyaga "dangasalar" boradi. Seni yo‘ling boshqa, sen "Komolat" ga a‘zo bo‘lasan", dedim.

U hayron: "Kamolatchi bo‘lsam, nima manfaat ko‘raman?" dedi.

Shunda unga: "Sen yoshlar faqat manfaat izlaysanlar har narsadan, "Kamolot" senga nima berishini emas, balki sen "Kamolot"ga qanday hissa qo‘shishingni o‘ylasangchi, galvars", dedim.

"Ha", deb o‘ylanib qoldi. Birozdan keyin: "Dada, baribir tirikchilik degan narsalar ham bor-ku…" dedi.

"Sen shu yoshlarning ijtimoiy tashkilotiga chin dildan a‘zo bo‘lib, majlis-pajlislardan faol ishtirok etib, sardorlik hususiyatlaringni namoyon etsang, albatta, senga u-bu nufuzli insonning nazari tushib qoladi, o‘ziga shogird qiladi… Qarabsan-ki, ishing besh", dedim.

"Agar unday bo‘lmasa-chi?" deb yana savolga tutdi.

"Unda, dadangda "Kuyov" rejasi bor, shuni ishga solasan", dedim.

O‘g‘lim hayron, qanaqa ekan u reja, deb.

"Rejaga ko‘ra, haligi majlislarda bekorga ishtirok etmay, u-bu ko‘zga ko‘ringan odamning qizi bilan tanishsang bo‘lgani. U yog‘ini dadangga qo‘yib ber, zora, sening ketingdan dadangni ham ishi yurishib ketsa", dedim.

Kim ham, farzandi orqasidan orzu-havas ko‘rishni xohlamaydi deysiz. Ilm bilan erishish imkoni bo‘lmasa, o‘zbegimning "peshonasiga bersin" degani shu bo‘lsa kerak-da, a?!

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio