"Islomiy Davlat" mintaqaga qadam qo‘ydi

Сурат манбаси, AP
Dunyodagi eng qudratli jihodchi guruh sanalayotgan "Islomiy Davlat" Afg‘oniston va Pokistonda faoliyat olib boruvchi yangi bo‘linmasini tashkil qilganini e‘lon qildi.
So‘nggi yangilik mintaqadagi o‘n jihodchi qo‘mondon o‘zlarining guruhga sodiqliklarini e‘lon qilishganidan ikki hafta o‘tib, o‘rtaga chiqmoqda.
"Islomiy Davlat"ning yangi hududga kirib borish istagi guruhning "Twitter"da e‘lon qilgan so‘nggi audiomurojaatidan ma‘lum bo‘ldi.
Xalqaro tahlilchilarning birdek e‘tirof etishlaricha, "Islomiy Davlat" so‘nggi bayonoti bilan har ikki Tolibon harakati va ularning yaqin ittifoqchisi "al-Qoida" tarmog‘iga chaqiriq bilan chiqmoqda.
Bu uchovlon so‘nggi yillarda mintaqada eng faol bo‘lgan uch jihodchi jangari guruh sanalishgan.
O‘tgan yili Yaqin Sharqda o‘zining islomiy xalifatiga asos solgan "Islomiy Davlat" esa, joriy paytda dunyodagi eng qudratli jihodchi guruh sanaladi.
Ushbu guruh a‘zolarining soni o‘tgan bir necha yilning o‘zida 30 mingdan ortgan va saflari jadallik bilan kengayib bormoqda.
"Islomiy Davlat" dunyoning istalgan burchagidan jangarilar yollashga muvaffaq bo‘lmoqda va so‘nggi oylarda guruhning qadami Pokistonu Afg‘onistonga yetgani ham rasman o‘zining tasdig‘ini topgandi.
Bu jihodchi guruhning so‘nggi bayonotidan ma‘lum bo‘lishicha, Pokiston Tolibon harakatining sobiq voizi "Islomiy Davlat"ning mintaqadagi qo‘mondoni etib tayinlangan.
Hafiz Sayid Xon bundan 10 kun burun bir guruh jangarilar bilan Pokistonda qilgan videochiqishida o‘zining "Islomiy Davlat"ga sadoqatini e‘lon qilgandi.
Yangi guruh a‘zolarining soni, hozircha, ma‘lum emas. Ammo ulardan aksariyatining sobiq Tolibon jangarilari tashkil etishi aytilmoqda.

Сурат манбаси, AFP
Videoxabarda Xon bilan birga Afg‘oniston Tolibon harakatining ikki qo‘mondoni ham aks etgan, bu esa, sobiq voiz va hozirda yangi liderning har ikki davlatda o‘z qo‘llovchilariga ega ekaniga dalolat qiladi.
"Twitter"dagi audiomurojaat esa, "Islomiy Davlat" guruhining taniqli voizi Abu Muhammad al-Adnaniyga tegishli ekani aytilmoqda.
Kobuldagi muxbirimiz Devid Loynning xabar berishicha, audiomurojaatining yangi ekanini bildirish uchun guruh voizi Saudiya Arabistoni podshohining vafotini tilga olib o‘tgan.
90 yoshli podshoh Abdulla bin Abdulaziz esa, o‘tgan hafta zotiljam xastaligi tufayli hayotdan ko‘z yumgandi.
Abu Muhammad al-Adnaniyning o‘z audiomurojaatida aytishicha, Hafiz Sayid Xon mintaqada "Xuroson" guruhiga boshchilik qiladi.
Qadimda Afg‘onistonning o‘zi ham Xuroson, deb yuritilgan.
Ba‘zi bir musulmonlar esa, Qiyomat qo‘pishidan oldin Xuroson o‘zra qora bayroqlar hilpiraydi, degan aqidaga ishonishadi.
Kuni-kecha esa, Yaqin Sharqda jang olib borayotgan va "Islomiy Davlat"ning yaqin ittifoqchisi sanalgan "Xuroson" guruhining ham Afg‘onistonga sizib kirmoqchi ekaniga oid xabarlar o‘rtaga chiqqandi.
O‘z o‘rnida, Tolibon harakatining yuqori martabali sobiq qo‘mondoni Mulla Abdul Rauf "Islomiy Davlat"ning Afg‘onistondagi asosiy xizmatga yollovchisi va yollangan jangarilarining boshqaruvchisi ekani rasman o‘z tasdig‘ini topgandi.
Mulla Abdul Raufning Pokistondagi "Islomiy Davlat" guruhi bilan biror bir aloqaga egami-yo‘qligi, hozircha, ma‘lum emas.

Ammo hali "Islomiy Davlat" guruhining Afg‘onistonga "sizib kirgani" afg‘on rasmiylari tomonidan rasman o‘z tasdig‘ini topmagan bir arafada O‘zbekiston va Rossiya rahbariyati xuddi shunday xavotir bilan chiqishgan.
Jumladan, prezident Islom Karimov Rossiya rahbari bilan o‘tgan yili bo‘lib o‘tgan so‘nggi oliymaqom muzokaralari chog‘ida "Islomiy Davlat" guruhi allaqachon Afg‘onistonga sizib kirayotgani va mavjud vaziyat tegishli choralar ko‘rishni taqazo etishini bayon qilgandi. Prezident Vladimir Putin ham o‘zbekistonlik hamkasbining tashvishlari bilan bo‘lishgandi.
Agar, Xalqaro Inqiroz Guruhining kuni-kecha e‘lon qilgan yangi hisobotlariga tayanilsa, hozir ikki mingdan to‘rt mingtagacha markaziy osiyolik "Islomiy Davlat" guruhi saflarida jang qilishmoqda va ularning eng katta sondagisi etnik o‘zbeklardir.
Xalqaro Inqiroz Guruhining ogohlantirishicha esa, agar, barcha Markaziy Osiyo hukumatlari bir yoqadan bosh chiqarib, bunga qarshi hamkorlikda chora-tadbir ishlab chiqishmasa, jumladan, xavfsizlik choralarini kuchaytirish bilan birga, ijtimoiy va siyosiy islohotlarga qo‘l urishmasa, diniy radikalizm borib, borib Markaziy Osiyodagi barqarorlikka tahdid soladi.
Ham xalqaro va ham mintaqaviy tahlilchilarning birdek e‘tirof etishlaricha, mintaqada vujudga kelayotgan bu kabi vaziyat qo‘shni Afg‘onistonning yarim yillik saylov bo‘hroni ortidan, qudratga kelganiga bor-yo‘g‘i bir necha oy bo‘lgan yangi milliy birdamlik hukumatini qiyin ahvolga solmay qo‘ymaydi.
Ustiga ustak, oradan to‘rt oy o‘tib ham, Afg‘onistonda hanuz yangi hukumat ish boshlamagan, biror bir vazirlik lavozimiga yangi nomzodlar tayin etilmagan. Mamlakat korruptsiya, nochorlik, ishsizlik va zo‘ravonliklar girdobida. Orada kechgan vaqt davomida yangi hukumatning afg‘on tuprog‘ida jang qilayotgan Tolibon doxil qolgan qurolli guruhlar bilan sulhu madoraga erishish urinishlari ham, hozircha, biror bir samara bermagan.
Voqealarning bu kabi rivoji arafasida qator mintaqaviy tahlilchilar, agar, mintaqadagi boshqa isyonchi guruhlar va qo‘mondonlar ham "Islomiy Davlat" guruhini tanlaydigan bo‘lishsa, bu – Markaziy Osiyo davlatlarining shundoqqina biqiniga eng avvalo shafqatsiz jang usullarining kirib kelishiga zamin yaratishi bilan ogohlantirishgandi.
BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002












