Tramp nega AQShni Parij iqlim kelishuvidan olib chiqdi?

Namoyish

Сурат манбаси, JEWEL SAMAD/AFP

Сурат тагсўзи, Trampning qarori AQShda norozilik namoyishlariga sabab boʻldi

Prezident Donald Trampning AQShni 2015 yilgi Parij kelishuvidan olib chiqish qarori dunyo boʻylab keskin qoralanmoqda.

Parij kelishuviga koʻra, 188ta mamlakat, jumladan unga imzo chekkan Oʻzbekiston ham global harorat oʻsishini 2 gradusdan pastroq ushlab turishga rozi boʻlgan va hatto 1,5 gradusga tushirishga intilishlarini aytganlar.

BMTning Jahon meteorologiya tashkilotiga koʻra, AQShning bu kelishuvdan chiqib ketishi joriy asr oxirigacha global haroratni 0,3 gradusga oshirishi mumkin.

Germaniya Kantsleri Angela Merkel Tramp qarorini "oʻta afsuslanarli" deya tavsirladi. "Bizga Parij kelishuvi butun borliqni muhofaza qilish uchun kerak. Bizni hech kim toʻxtata olmaydi", - dedi u.

"Sayyoramiz kelajagi haqida qaygʻuradigan har bir odamga aytaman, Ona Yerimizni himoya qilish uchun tanlagan yoʻlimizda davom etaylik", - deya qoʻshimcha qildi Merkel.

Trampning daʼvo qilishicha, Parij kelishuvi Amerikada millionlab ish oʻrinlari yoʻqolishiga sabab boʻlgan.

"Men Parij emas, Pittsburg fuqarolariga vakillik qilish uchun saylanganman", - dedi u.

Trampga koʻra, Parij kelishuvi amerikaliklarga qimmatga tushgan, ammo Xitoy va Hindiston kabi raqib iqtisodlar uchun osonroq shartlar qoʻyilgan.

Uning daʼvo qilishicha, Parij kelishuvi AQShga 3 trillion dollarga tushadi.

"Biz boshqa rahbarlar va davlatlar bizning ustimizdan kulishda davom etishlarini istamaymiz, ular endi bunday qilmaydilar", - dedi u.

Ayni damda Tramp jahon hamjamiyati bilan oʻzga shartlar asosida yangi iqlim kelishuvini muhokama qilishga tayyor ekanini aytdi, ammo koʻplab davlatlar buni tezda istisno qildilar.

Iqlim oʻzgarishi, yoki boshqacha qilib aytganda, global isish darajasi dunyodagi sanoat zavodlari, transport, qishloq xoʻjaligi kabi sohalarning atmosferaga chiqarayotgan gaz chiqindilariga bogʻliqdir.

Yer yuzidagi gaz chiqindilarining 25 foizi AQShdan chiqadi.

NASAga koʻra, 1880 yildan beri jahondagi oʻrtacha harorat 0,8 gradusga oʻsgan. Oʻsishning uchdan biri 1975 yildan keyingi davrga toʻgʻri keladi.

Tramp prezidentlikka saylanishidan avval bir necha bor iqlim oʻzgarishiga ishonmasligini aytgan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq