Moskvada Rohinga musulmonlarini qo‘llab namoyish o‘tkazildi

Сурат манбаси, Getty Images
Moskvadagi Birma davlati elchixonasida yuzlab musulmonlar Rohinga musulmonlariga nisbatan bo'layotgan zulmni qoralab namoyish o'tkazdi. Yig'ilganlar aksiyani jamoat bo'lib namoz o'qishdan boshlagan.
Namoyishchilar orasida Rossiyadagi turli millatlardan tashkil topgan musulmonlar borligi aytildi. Shungingdek, ularning ichida Markaziy Osiyodan kelgan o'zbek, qirg'iz va tojik migrantlari ham borligi ta'kidlandi.
Rossiyalik jurnalistlarning yozishicha, bu Moskva markazida hokimiyatdan ruxsat olinmasdan o'tkazilgan ilk yirik namoyishdir.

Сурат манбаси, Getty Images
BBC Rus xizmati muxbirining xabar berishicha, miting davomida ko'chada harakat butunlay to'xtatildi. Namoyishni ko'plab politsiya xodimlari kuzatib turgan.
Yig'ilganlar markaziy matbuotda Birmadagi qonli hodisalarga o'rin ajratilmayotgani va dunyo hamjamiyati unga befarq qarayotganidan norozilik bildirgan.
Namoyishchilar "Allohu akbar" va "Buddaviylar terroristlar" deya jo'r bo'lib hayqirgan.

Сурат манбаси, varlamov.ru
Hodisa joyidan jonli efir uyushtirgan rossiyalik blogger Ilya Varlamovning yozishicha, namoyishning yaqqol tashkilotchisi va orasida rasmiylar yo'q. Ovoz kuchaytirgichga namoyishchilar orasidan istagan kishi kelib o'z fikrini bildiravergan.
"Kimdir odamlarni tarqalishga chaqirdi, yanap kimdir Birmaga jang qilishga borishga chorladi. Fikrlar xilma xilligi juda ham keng", deb yozadi u.

Сурат манбаси, varlamov.ru
Jurnalistlarning xabar berishicha, Moskvadagi boshqa mitinglardan farqli ravishda politsiya o'zini juda ham muloyim tutgan va yig'ilganlarning o'z his tuyg'ularini erkin bildirishiga qarshilik ko'rsatmagan.
Namoyish boshlangan so'ng Birma elchixonasi xodimlari politsiya yordamida olib chiqib ketilganligi aytilmoqda.
Birmada Rohinga musulmonlarining hukumat kuchlari va buddaviy to'dalar tomonidan siquvga olinishiga qarshi namoyishlar Germaniyada ham bo'lib o'tgan.
Birmaning Rohin shtatida zo'ravonliklar bir hafta oldin boshlanib ketgan edi.
Qochqinlar Birma maxsus kuchlari va buddaviy to'dalarni qishloqlarini yoqishda ayblashadi.
To'qnashuvlar barcha jamoat vakillariga oid fuqarolarning qochishiga olib kelgan.
Yana 20 ming Rohinga musulmonlari chegaradagi Naf daryosidaan o'tolmay to'planib qolgani aytiladi.Birma hukumati maxsus kuchlar o'tgan oy Rohinga jangarilari tomonidan 20 dan ortiq politsiya postlariga qilingan hujumlarga javob berayotganini ta'kidlaydi.
Ko'mak tashkilotlarining aytishicha, ular suvga cho'kish, kasallanish va zaharli ilonlar chaqishi xavfi ostida qolmoqda.
Human Rights Watch tashkiloti sun'iy yo'ldosh orqali Birma hududidan olingan suratlarni taqdim qildi. Ularning aytishicha, Rohinga qishlog'ida 700 dan ortiq uy yoqib yuborilgan.
"Vayrongarchiliklar 25 avgustning tongida sodir bo'lgan va butunlay yo'q qilib yuborilgan deyish mumkin. Qishloqdagi deyarli 99 foiz binolar buzib tashlangan", deydi tashkilotning Osiyo mintaqasi bo'yicha direktori Fil Robertson.
So'nggi yillarda o'lim bilan tugagan zo'ravonliklar to'lqini oshdi. Hozirgi ko'tarilishlar 2016 yil oktyabrdan beri eng ahamiyatlisidir. O'shanda chegara postlariga hujum natijasida 9 politsiyachi o'lgandi.
Shundan beri bu yerda etnik taranglik saqlanib qolgan bo'lsa-da, qurolli to'qnashuvlar bo'lmagandi.
Ikki yil oldingi va 25 avgust bo'lgan ikki hujumga mas'uliyatni Arakan Rohinga qutqaruv armiyasi olgan.Guruh maqsadi Rohinga musulmonlarini Birma hukumati tomonidan bo'layotgan tazyiqlardan himoya qilish ekanligini aytgan. Hukumat ularni terrorist guruh deb ataydi.
Oktyabrdagi hujumlardan so'ng jinsiy zo'rlash, qotillik va qiynoqlarga avj olgan. O'shanda 10 minglab Rohinga musulmonlari Bangladeshga qochib o'tgan.
Ayni damda BMT holat yuzasidan rasmiy tekshiruv ishlarini olib bormoqda. Birma harbiylari inson huquqlari toptalganini rad etadi.
- BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02












