O‘zbekiston Islomiy harakati parchalandimi?

Сурат манбаси, videodan
Xabarlarga ko‘ra, O‘zbekiston Islomiy harakati saflaridan IShID dan mustaqil yangi guruh alohida ajralib chiqqan.
Harakat o‘tgan yil avgust oyida Yaqin Sharqdagi IShID guruhiga rasman to‘lig‘icha bay‘at keltirgandi.
Bu haqda "The Long War Journal" internet nashri xabar tarqatgan.
Nashrning yozishicha, yangi paydo bo‘lgan guruh allaqachon o‘zining "al-Qoida" tarmog‘i, Tolibon harakati va yillarki, mintaqada faoliyat yuritib kelgan boshqa jihodiy guruhlarga moyil ekaniga ishora qilgan.
Xuddi shu nuqtada eslatib o‘tish joiz, O‘zbekiston Islomiy Harakati avvalboshda Afg‘oniston Tolibon harakatining hozirda marhum asoschisi va ilk lideri Mulla Muhammad Umarga bay‘at keltirgan.
Harakat 2000-yillar boshlarida Afg‘onistonda faol bo‘lgan "al-Qoida" tarmog‘ining ham yaqin ittifoqchisi sifatida ko‘rilgan.
AQSh boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlarining 2001 yilgi harbiy amaliyotlari ortidan Afg‘onistondan qochib, Pokistondan panoh topgan.

Сурат манбаси, videodan
Yaqin Sharqdagi IShID guruhi va uning xalifi Abu Bakr al-Bag‘dodiyga bay‘at keltirishidan qisqa vaqt o‘tmay esa, O‘zbekiston Islomiy harakati yana to‘lig‘icha Afg‘onistonga qaytganliklarini rasman bayon qilgandi.
Yangi bayonot
Internet nashrining xabaridan ma‘lum bo‘lishicha, o‘zini O‘zbekiston Islomiy harakati, deb atashda davom etgan yangi guruh bu haqda 10 iyun kuni Twitter va Telegram orqali ma‘lum qilgan.
Guruhning ingliz va arab tillarida bitilgan bayonoti tafsilotlariga tayanilsa, harakat saflaridagi parchalanish lideri Usmon G‘oziyning aynan IShIDga bay‘at keltirish qarori ortidan, 2015 yilda yuz bergan.
IShIDga bay‘at keltirib, uning Afg‘onistondagi Xuroson qanotiga qo‘shilishidan so‘ng O‘zbekiston Islomiy harakati Afg‘onistonning, ayniqsa, janubiy Zobul va sharqiy G‘azniy viloyatlarida anchayin faol bo‘lgan.
Harakat shov-shuvli odam o‘g‘irlash hollariga qo‘l urgan, ulardan birining boshini tanasidan juda etgani aks etgan videolavhasini oshkor qilishi ortidan, shundoqqina Markaziy Osiyoning biqinidagi Afg‘onistonga Yaqin Sharqdagi IShID guruhining shafqatsiz jang olib borish usullari kirib kelayotganiga oid jiddiy xavotirlarga ham asos bergandi.

Buning ortidan, afg‘on hukumati ularga qarshi keng ko‘lamli qator harbiy amaliyotlarga qo‘l urgan, orada O‘zbekiston Islomiy harakati va Tolibon o‘rtasida qaqshatqich janglar kechganiga oid xabarlar ham olingandi.
"The Long War Journal"ning yozishicha, liderining mintaqadagi an‘anaviy ittifoqchilaridan voz kechish qarori uning tarafdorlari uchun halokatli bo‘lgan.
Aynan toliblar bilan janubiy Zobul viloyatida kechgan janglarda ular mag‘lubiyatga uchragan, G‘oziyning aksariyat izdoshlari o‘ldirilgan, o‘zining taqdiri esa, noma‘lum: ayrim gap-so‘zlarga ko‘ra, u janglar mahali o‘ldirilgan va yoki asirga olingan", deb yozadi nashr.
IShIDga qarshi
Bu internet nashrining yozishicha, yangi O‘zbekiston Islomiy harakati "al-Qoida" tarmog‘i va Tolibon harakatining IShID va uning amiri, xalifi Abu Bakr al-Bag‘dodiyga qarshi qaratilgan tanqidlariga ham qo‘shilishgan.

Сурат манбаси, afp getty
Ular ham "Abu Bakr al-Bag‘dodiy barcha musulmonlar emas, birgina IShID guruhining amiri" ekanini aytishgan.
Ayon bo‘lishicha, O‘zbekiston Islomiy harakatining hali-hanuz Tolibon va "al-Qoida"ga tarafdorlik qilgan o‘zagi Afg‘onistonda faoliyatini to‘xtatmagan.
Ammo, "The Long War Journal"ning yozishicha, IShIDparast qanoti rasmiy matbuotini nazorat qilgani bois, harakat saflaridagi bo‘linish shu paytga qadar yuzaga chiqmagan.
Yangi O‘zbekiston Islomiy harakati bayonotidan ma‘lum bo‘lishicha, "avvalgidek ko‘lamda bo‘lmasa-da, hanuz faoliyatdan to‘xtashmagan".
"Faqat a‘zolari bir-biridan uzoq jabhalarga tarqalib ketishgani, harakatning rasmiy matbuoti o‘z a‘zolari qo‘llarida bo‘lmagani va boshqa mushkulotlar bois shu paytga qadar saslari chiqmay kelayotgani"ni aytib, buning uchun "uzr" ham "so‘rashgan".

Ularning bayonotida aytilishicha, O‘zbekiston Islomiy harakatining IShIDga qarshi qanoti yana odatdagidek o‘z faoliyatini davom etdiradi.
"Afg‘onistondagi musulmon birodarlari bilan yelkama-elka turadi".
Internet nashrining yozishicha, bu bilan harakat Tolibonga ishora qilgan.
Yangi O‘zbekiston Islomiy harakati, o‘z o‘rnida, Afg‘onistondagi boshqa jihodiy guruhlar bilan ham o‘z hamkorligini davom etdirish va ular bilan "qo‘shilish" istagini ham bayon qilgan.
Ammo, "The Long War Journal"ning yozishicha, bu guruh o‘zining yangi lideri nomini oshkor qilmagan.
Nashr nazdida bunga xavfsizlik bilan bog‘liq omillar sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Yangi O‘zbekiston Islomiy harakatining o‘zi esa, bayonotining yakunida bundan avvalgi ikki amirlari: Tohir Yo‘ldoshev va Usmon Odil "salbchi raqiblarining uchuvchisiz uchog‘i tomonidan xiyonatkorona hujumga tutilib", o‘ldirilganini aytgan.
Vaziyat

Сурат манбаси, Reuters
So‘nggi oylarda olinayotgan xabarlardan esa, O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolarining Afg‘oniston shimolidan tortib, janubiga qadar faollashishga muvaffaq bo‘lishayotgani aytiladi.
Afg‘onistonlik mas‘ullar o‘tgan yil o‘rtalarida birgina Zobul va G‘azniydagi O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolari bo‘lgan aksariyati markaziy osiyolik jangarilar oilalar sonining o‘zi olti yuzlar atrofida ekanini taxmin etishgandi.
Mas‘ullarga ko‘ra, bu jangarilarning ayollari ham jang olib borish san‘atini puxta egallashgan, bundan tashqari, ular turli portlovchi moddalar yasash, josuslik ma‘lumotlari yig‘ish va mahalliy aholini urushga targ‘ib etish bilan ham shug‘ullanishadi.
Pokiston Qurolli kuchlarining Afg‘oniston bilan bevosita chegaradosh Shimoliy Vaziriston mintaqasida o‘tgan yil yozidan buyon olib borayotgan keng ko‘lamli harbiy amaliyotlari ortidan, harakat a‘zolarining bugungi soni ma‘lum emas.
Ammo afg‘onistonlik mas‘ullarning so‘nggi oylardagi chiqishlaridan ular jangarilarining soni yuzlab ekani anglashiladi.
O‘zbekiston Islomiy Harakati esa, dastlab O‘zbekistondagi mavjud tuzumni ag‘darib, o‘rniga islomiy xalifat barpo etish niyati bilan dunyoga kelgan.
O‘tgan aksariyati markaziy osiyolik katta sondagi xorijiy jangarilar Tolibon saflarida Afg‘onistonning Tojikistonga bevosita qo‘shni shimoliy-sharqiy Qunduz viloyatida ilk bor keng ko‘lamli hujumlarga qo‘l urishgan, bundan tashqari, ularning toliblarni yanada yirik va zamonaviy urushlarga tayyorlashayotgani ham ma‘lum bo‘lgandi.
Afg‘onistonlik mas‘ullar esa, aksariyati markaziy osiyolik bo‘lgan bu xorijiy jangarilarni o‘shanda IShID guruhi a‘zolariga nisbat berishgandi.
Xalqaro harbiy tahlilchilarga ko‘ra, birgina Qunduzning misoli O‘zbekiston Islomiy Harakati va Afg‘onistondagi unga aloqador guruhlarning qanchalik jiddiy tahdidga aylanishlari mumkinligini amalda ko‘rsatib qo‘ygan.
- BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
- TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
- Instagram - BBC UZBEK
- Twitter - BBC UZBEK
- Odnoklassniki - BBC UZBEK
- Facebook - BBC UZBEK
- Google+ - BBC UZBEK
- YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
- Skype - uzbekbbclondon
- bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring












