O‘zbekiston Islomiy Harakati o‘zbek yoshlarini yollamoqda

Agar, "Al-Jazira"ning xabariga tayanilsa, Afg‘onistonning O‘zbekistonga yaqin shimoliy Taxor viloyatida O‘zbekiston Islomiy Harakatining ta‘siri ostiga tushib borayotgan mahalliy o‘zbek yoshlari soni ortib bormoqda.

Afg‘oniston shimolidagi yuqori martabali hukumat harbiylariga ko‘ra, ayniqsa, so‘nggi uch yil ichida harakat Afg‘oniston shimolida faollashgan va hozir uyushtirilayotgan maxsus amaliyotlari ham asosan ularga qaratilgan.

Ular O‘zbekiston Islomiy Harakati jangarilari hozir Afg‘onistonning butun shimoliy-sharqiy mintaqalarga yoyilib ketganini aytishadi.

Mahalliy mas‘ullarning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, ular hozir, ayniqsa, Qunduz, Badaxshon, Bag‘lon va Taxorning ayrim tumanlarida juda faollar.

Taxordagi muxbirimiz Mubin G‘afuriyning aytishicha, asosini o‘zbekistonlik jangarilar tashkil etishgani uchun ham mahalliy o‘zbek yoshlari harakatning ta‘siriga tushib borishmoqda.

"Boshqa tomondan, bunga yoshlar orasidagi ishsizlik hollarining o‘ta yuqori ekani sabab bo‘lmoqda", deydi muxbirimiz.

Unga ko‘ra, bunga O‘zbekiston Islomiy Harakati yoki boshqa isyonchi guruhlarga aloqadorlik gumoni bilan qo‘lga olinayotgan aksariyat shaxslarning mahalliy yoshlar ekani dalolat qiladi:

Pokistondagi ayrim tahlilchilar ham so‘nggi yillarda O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolarining soni yanada ortayotganini aytishadi.

Ularga ko‘ra, harakat Pokiston va Afg‘onistondan turib, Markaziy Osiyo davlatlaridan yangi a‘zolarni yollashga ham urinmoqda.

Agar harakatning o‘z insoniy talofatlariga oid o‘tgan yili e‘lon qilgan ro‘yxatiga qaralsa, ularning aksariyati O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Rossiya, Afg‘oniston, Pokiston va Olmoniyadan bo‘lishgan.

O‘zbekiston Islomiy Harakati

Guruhning faoliyatini yaqindan kuzatib kelayotgan ekspertlarga ko‘ra, ularning bugungi faoliyatlariga oid yangi va 100 % ishonchli ma‘lumot yo‘q.

Ammo ularning Pokistonning qavmlar yashovchi Shimoliy Vaziriston mintaqasidan Afg‘oniston shimoliga o‘tishga urinayotganliklariga oid xabarlar bor.

O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolari bundan 10 yil burun Afg‘onistonning Amerika boshchiligidagi ishg‘oli ortidan Pokistonning Afg‘oniston bilan chegaradosh hududlariga qochib o‘tishga majbur bo‘lishgandi.

NATO ham o‘tgan bir necha yil davomida Afg‘onistonning Qunduz doxil qator shimoliy viloyatlarida O‘zbekiston Islomiy Harakatining liderlari va a‘zolarini o‘ldirgani yoki qo‘lga olganini da‘vo etib keladi.

Guruhning Afg‘oniston shimolidan turib, O‘zbekiston va Tojikistondan yangi jangarilar yollayotganiga oid xabarlar ham bor.

Harakatning faoliyatini uzoq yillardan beri kuzatib kelayotgan pokistonlik jurnalist Rahimulloh Yusufzayning aytishicha, so‘nggi yillarda ular Afg‘oniston orqali Markaziy Osiyo chegaralariga yaqinlashishga urinishmoqda.

Ammo, shunisi ayonki, yo‘lboshchisi Tohir Yo‘ldoshning o‘limi ortidan O‘zbekiston Islomiy Harakatining faoliyati ancha zaiflashgan va hujumlarining sur‘atiyu ko‘lami ham avvalgidek emas.

Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, bugun O‘zbekiston Islomiy Harakati jangarilarining sonini bir necha yuzta deyish mumkin.

Tohir Yo‘ldoshning o‘limidan bir yil o‘tib, 2010 yilning sentyabr oyida uning kuyovi Usmon Odil O‘zbekiston Islomiy Harakatining rahbari etib tayinlangan.

O‘zbekiston Islomiy Harakati Pokiston va Afg‘onistonda Tolibon harakati hamda "Haqqoniy" jangari guruhining qo‘llovi bilan harakat qilishadi.