O‘zbekistonda gaz va elektr narxlari oshadi

O‘zbekistonda 1 oktyabrdan tabiiy gaz va elektr energiyasi uchun to‘lovlar narxi oshishi e‘lon qilindi.

O‘zbekneftegaz kompaniyasiga ko‘ra, aholiga beriladigan tabiiy gazning 1 kubometri hisoblagich bo‘lgan holda 194,7 so‘mdan 208,9 so‘mga oshiriladi. Hisoblagich bo‘lmagan holda ovqat pishirish va issiq suv ta‘minoti uchun ishlatiladigan gazning 10 kubometri 3612,95 so‘mni tashkil qiladi.

Toshkent shahrida tabiiy gaz uchun narxlar oxirgi marta shu yilning 15 may kunida oshirilgandi.

Ayni damda O‘zbekenergo kompaniyasi ham 1 oktyabrdan boshlab elektr energiyasining narxlari oshganini ma‘lum qildi. Shirkat buni yoqilg‘i energiya boyliklari tannarxi oshish bilan izohladi.

Oxirgi marta O‘zbekistonda 2015 yilning 15 may kunida elektr energiyasi uchun tariflar ko‘tarilgandi.

Yangi tariflarga ko‘ra, aholiga beriladigan 1 kVt/s elektr energiyasi haqi 155 so‘mdan 167,40 so‘mgacha, elektr plitasi bilan ta‘minlangan xonadonlar uchun 77,5 so‘mdan 83,7 so‘mgacha oshishi belgilangan.

Shu bilan birga, Toshkent shahrida 1 oktyabrdan sovuq suv va issiq suv hamda isitish tizimlari ta‘minoti xizmati uchun ham yangilangan tariflar joriy etiladi.

Oxirgi yillarda BBC muxlislari qish mavsumida yuzaga keladigan gaz va elektr energiyasi taqchilligidan shikoyat qilib keladilar.

Ammo, ba‘zi tuman va qishloqlarda Sovet Ittifoqi davrida o‘rnatilgan gaz quvurlari olib tashlanib, gaz yetkazilmay qo‘yilgani tufayli, gaz narxining oshishiga beparvo qarayotganlar ham ko‘p.

Ayni damda o‘zbek hukumati o‘z aholisidan gazni qisib, uni Xitoyga eksport qilayotganidan arz qilayotganlar soni ham tobora ko‘paymoqda.

Hozirgi kunda O‘zbekiston eksportida eng katta ulush (32%) energiya zahiralari, gaz va neft mahsulotlariga to‘g‘ri keladi.

Uzbekneftegaz kompaniyasi gaz qazib chiqarish bo‘yicha jahonda 11-o‘rinda turadi. Ba‘zi ma‘lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda yiliga 60-70 kubometr gaz qazib olinadi.

Gazning umumiy ko‘lamidan taxminan 20 foizi elektr energetikasiga, neft va gaz sanoati muhtojliklari uchun - 19%, sanoat uchun - 11%, aholi uchun esa 24 foizi ishlatiladi.

Xorijga esa O‘zbekiston o‘z gazining 20 foizini sotadi va kelgusi yillarda eksport ko‘lamini yanada oshirishni mo‘ljallayapti. Xabarlarga ko‘ra, o‘zbek hukumati avvaliga atom elektrostantsiyasini qurib ichki gaz iste‘molini pasaytirmoqchi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio