O‘zbek yoshlarining orzusi: prokuror, militsiya va "obro‘"

Qishloq va shahar yoshlarining intilishlari turlicha
Сурат тагсўзи, Qishloq va shahar yoshlarining intilishlari turlicha

O‘zbek matbuotining xabarlariga ko‘ra, Farg‘ona shahrida "Biz buyuk yurt farzandlarimiz" nomi ostida yoshlar festivali nihoyasiga yetgan.

Mustaqillikning navbatdagi sanasiga tayyorgarlik doirasida bu kabi tadbirlar mamlakat bo‘ylab har yili o‘tkaziladi.

Ammo bu rasmiy tadbirlar yoshlarning haqqoniy orzu va istaklarining namoyishi, deb aytish qiyin.

Avvalroq O‘zbekistondagi nohukumat tashkiloti qishloqlarda bir so‘rov o‘tkazgan.

Ayollar va bolalar muammolari bilan shug‘ullanuvchi tashkilot 15-16 yashar o‘smirlardan kollej va litseylarni bitirganlaridan keyin kim bo‘lishlari haqida so‘ragan.

So‘rov mualliflarining aytishlaricha, uchta asosiy javob - "tuman prokurori", "tuman militsiyasi boshlig‘i" va "tuman sudi raisi" bo‘lgan.

Bu mansablar hammaga ham yetmasligi mumkin-ku, degan savolga yoshlar darhol "unda uylanib, oilaviy hayotni boshlaymiz", deb javob berishgan.

Ammo aftidan, shahar va qishloq yoshlarining orzu va intilishlari turlicha.

Olmoniyalik tadqiqotchi Yyesko Shmoller o‘zbek yoshlarining intilishlariga bag‘ishlangan tadqiqot va kitob muallifi.

U avvalroq Toshkentda bo‘lib, shahar yoshlari orasida qator so‘rovlarni o‘tkazgan.

BBC undan bugungi o‘zbek yoshlari ko‘proq qaysi kasb va sohalarni tanlashmoqda, deb so‘ragan.

Yyesko Shmoller: Menimcha biz ikki kasbiy faoliyatni ajratib ko‘rsatishimiz kerak. Birinchisi- tadbirkorlik yoki o‘zbek biznesi. Ikkinchi tomonda esa- "davlat ishi" nomini olgan faoliyat turi. Bular ikkita bir-biridan tamoman farqli faoliyat turlari bo‘lib, ularni tanlaydigan yoshlar ham ko‘pincha farqli tabiat va xarakterga ega bo‘lgan yoshlardir.

BBC: Har ikki guruhga oid misollarni keltira olasizmi?

Yyesko Shmoller: Albatta, masalan, biznes haqida gapiradigan bo‘lsak, bular erkin, birovga qaram bo‘lishni istamaydigan va tabiiyki, munosib pul topishni istovchi yoshlarning tanlovidir. Davlat ishi yoki ma‘murlikni tanlovchi yoshlar esa o‘zbek jamiyatida chuqur ildiz otgan boshliq, o‘zidan tepadagi odamga bo‘yin egishga moyil yoshlardir. Ular tobe‘lik evaziga barqaror maosh yoki daromad manba‘iga ega bo‘lishni istashadi. Uzoq muddatda ular hokimiyat va ta‘sirga ega bo‘lishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘yadilar. Ammo men Toshkentda uchrashib, suhbatlashgan yoshlarning ko‘pchiliga biznesni tanlashlarini aytishdi. Ular erkin bo‘lishni, o‘zlariga o‘zlari xo‘jayin bo‘lishni istaydigan yoshlar.

Yyesko Shmollerning aytishicha, sovet davridagidan farqli o‘laroq, hozirgi o‘zbek yoshlari ancha realist
Сурат тагсўзи, Yyesko Shmollerning aytishicha, sovet davridagidan farqli o‘laroq, hozirgi o‘zbek yoshlari ancha realist

BBC: Ammo O‘zbekistonda tadbirkor bo‘lish degani erkin bo‘lishi degani emasligini ham bilamiz. Har qanday tadbirkor davlat va hokimiyatning dastagiga muhtoj, ehtimol, davlat ma‘murlaridan ham ko‘ra ko‘proq bog‘liqdir.

Yyesko Shmoller: Men uchrashgan toshkentlik yoshlardan biri kichkina yemakxona ochgan, ammo bu uning yagona biznesi emasdi. Bundan tashqari, u til o‘rgatish markazida ham ishlaydi va bunga qo‘shimcha bir konsalting shirkatida ham faoliyat olib boradi. Bularning hammasidan keladigan daromadi unga shaxsiy haydovchi yollash va munosib hayot kechirish imkonini bergan. U 20 yoshlar chamasida edi va o‘zi hayotda erishgan yutuqlaridan g‘ururlanadigan yoshlar toifasidan. Menda shunday taassurot qoldirdi. Ya‘ni bu O‘zbekistonda mumkin.

BBC: Siz fazogir yoki yadro fizikasi bo‘yicha mutaxassis bo‘lishni orzu qilgan yoshlarni ham uchratdingizmi O‘zbekistonda?

Yyesko Shmoller: Men bu kabi fikrni eshitdim. Ya‘ni sovet davridagi yoshlar idealistroq edi, hozirgilar boshqacha qabilida shikoyat qiladigan katta yoshdagilarni uchratdim. Sovet davridagi voqe‘likning o‘zi ancha idealistik edi nazarimda. Hozirgi yoshlar esa ko‘proq realist. Albatta, ularning o‘zlari ko‘pincha buning farqiga bormasliklari yoki tan olmasliklari mumkin.

BBC: Ammo agar hamma yoshlar yo biznes yo-da davlat ishida ishlashni orzu qilishsa, boshqa sohalar, deylik, ilm-fan bilan kim shug‘ullanadi? Umuman, bu tendentsiya sizga bugungi o‘zbek jamiyati haqida qanday xulosalarni chiqarishga imkon berdi?

Yyesko Shmoller: Bu mavjud shart-sharoitlar taqozosi, deb bilaman. Chunki mustaqillikdan keyin sharoitlar ancha og‘irlashdi. Davlat ko‘pgina sohalarni moliyalashni to‘xtatdi va odamlar ortiq davlatdan marhamat kutib o‘tirolmas edilar. O‘zingizning kuningizni o‘zingiz ko‘rishingiz kerak. Men hozirgi yoshlarning tanlovi ortida turgan motivlarni tushunaman. Shuni ham hisobga olishimiz kerakki, odamlar ko‘pincha o‘z orzularini ro‘yobga chiqara olishmaydi. Hamma ham advokat yoki yirik biznesmen bo‘la olmaydi. Biznesga o‘zini urgan yoshlar ma‘lum darajada, deylik kichkina bir yemakxona yoki o‘rtacha bir korxona egasi sifatida qolib ketishlari mumkin.

BBC: Siz o‘z kitobingizda o‘zbek jamiyatida ma‘lum nufuzga erishishda hashamatli to‘yning ham ahamiyatini ta‘kidlab o‘tgansiz. Sizning-cha, bu faqat o‘zbek zehniyatiga bog‘liq bir narsami?

Yyesko Shmoller: Bu odamlarning sizga hurmat ko‘rsatishlari, ya‘ni "obro‘ olish" bilan bog‘liq bir ko‘rinish. Ehtimol, bu faqat o‘zbeklar emas, balki butun mintaqa- Markaziy Osiyo uchun xos bir narsadir. Masalan, men Olmoniyadanman. Olmoniyada odamlar pul xarjlashda ancha ehtiyot bo‘lishadi. Masalan, mening ota-onam turmush qurishganida ko‘p pul sarqlashni istashmagan va to‘yga faqat bittadan do‘stlarini taklif qilishgan. O‘zbekistonda bo‘lsa, to‘yga 300-400 odam taklif qilinadi va xarajatlar bir dunyo. To‘y egalarining doimiy ishi bo‘lmasa ham, daromadlari haminqadar bo‘lsa ham to‘yga yuzlab odamlar aytilaveradi. G‘arbliklarning nazarida bu anchayin irratsional ko‘rinadi. Ammo buning orqasida o‘ziga xos ratsionallik bor. Ya‘ni odamlar katta, dabdabali to‘y o‘tkazish bilan jamoada o‘ziga yarasha obro‘ qozonishni, ijtimoiy salohiyatga ega bo‘lishni maqsad qilib qo‘yishadi. Ya‘ni bu iqtisodiy bo‘lmasa ham, o‘ziga yarasha ijtimoiy bir kapital. Odamlar vaqti kelib, biron mushkul vaziyatga tushganlarida bu kapitalni safarbar qilishlari, uning yordamida ma‘lum muammolarni yechishlari mumkin.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio