BBCga aytaman: "Hech bo‘lmasa bolalarga rahmingiz kelsin!"

Qishloq manzarasi
Сурат тагсўзи, Qishloq manzarasi
Ўқилиш вақти: 2 дақ

Samarqand viloyatilik yosh yigit O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovga ochiq maktub yo‘llashi ortidan o‘z qishlog‘iga "sig‘may" qolgan.

"Bu maktub tarqalganidan keyin menga tahdid ham qilishdi, "jim yur" deb ketishdi...muammolar haqida birov qiziqqani yo‘q", deydi u.

23 yoshda bo‘lgan va yaqindagina ishini yo‘qotgan kompyuter dasturlovchisining maktubi ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalishda davom etmoqda.

Yosh, ishsiz va anchayin umidsiz bu o‘zbekistonlik yigit Islom Karimovga maktubini o‘z qishlog‘idagi eng yirik muammo bilan boshlaydi.

Avvaliga uning (BBCga yo‘llagan) maktubini tahrirsiz keltiramiz.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov janobi oliylariga Samarqand viloyati Ishtixon tumanida istiqomat qiluvchi oddiy fuqaro (dehqon, mardiko) Maqsud Mahmudovdan

Ochiq xat

Janob Prezident!

Bizning qishloqda elektr bir kunda ertalab 1 soat kechasi 3 soat, ya‘ni ja‘mi 4 soat beriladi.

Tabiiy gaz esa esimizdan allaqachon chiqib ketgan.

Ko‘chalarimizda yurib bo‘lmaydi.

Davlatimizga "og‘irligimiz" tushmasin deya, pul yig‘ib, yo‘llarni ta‘mirlamoqchi ham bo‘ldik.

Ammo, biz dehqonlarda ortiqcha pul nima qilsin!

Ishimiz chala qoldi.

Tabiiy gaz yo‘qligi ekologiyamizga jiddiy zarar yetkazmoqda: daraxtlar kesaverganimizdan yon atrofimiz sahroga aylandi.

Men sizlarni arzon ko‘mir bilan ta‘minlashga buyruq bergan edim-ku, demoqchimisiz?

U ko‘mirlar Oqsaroydan chiqmayapti.

Menimcha, Sizda ham gaz bo‘lmasa kerak.

Mayli, bizga gaz kerakmas. Xohlaganingizcha soting, lekin elektrni 24 soat bering!

Bizni o‘ylamasangiz, Ona Tabiatga rahmingiz kelsin!

Biz nima qilaylik? Daraxtlarni kesmasak, qishda sovuqdan o‘lib qolamiz-da!

Qish payti maktablardagi bolalar ahvolini ko‘rganmisiz?

Qayoqdan ham ko‘rasiz!

Siz kelishingizga maktablarga gaz beriladi, ketganingizdan so‘ng yana shu ahvol.

Bechora bolalarga rahmingiz kelsin!

Gapirsam gap bir dunyo...

Hech bo‘lmasa, uzluksiz tok uzatib turish qo‘lingizdan kelar?

Bu gaplarni men Kanada chegarasiga chiqib aytayotganim yo‘q.

Tomorqamda turib bularni aytayapman.

Shu arzimas iltimosim uchun dorga osmassiz?!

Hurmat bilan oddiy fuqaro

Bedorlik

Samarqandlik ishsiz yigitning aytishicha, O‘zbekiston qishloqlaridagi vaziyatni o‘nglash uchun eng avvalo korruptsiyani qisqartirish kerak.

"Men korruptsiyani butunlay yo‘q qilish mumkin emasligini yaxshi tushunaman, ammo uni qisqartirmasa vaziyat o‘nglanmaydi. Ta‘lim tizimidan boshlab barcha sohalarda aynan shu poraxo‘rlikning ildiziga bolta urish kerak…keyin soliqlarni ozaytirish lozim. Xususiy tadbirkorlarga yo‘l ochish kerak", deydi u.

Ammo uning o‘ylashicha, bu kabi o‘zgarishlar talabi bilan yoshlar chiqishi kerak.

"Men hech kimga tosh otayotganim yo‘q, faqat o‘z dardimni aytmoqdaman, prezident eshitishi kerak bizning dardimizni!"

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio