"Islomiy davlat" saflarida qurbon bo‘layotgan markaziy osiyoliklar soni ortmoqda

"Islomiy davlat" safida markaziy osiyoliklar oz emas

Сурат манбаси, AFP

Сурат тагсўзи, "Islomiy davlat" safida markaziy osiyoliklar oz emas

"Islomiy davlat"ga tegishli deb ko‘rilgan ijtimoiy tarmoqlarda yana uch nafar tojikistonlik qurbon bo‘lgani aytilmoqda, deb xabar qiladi Tojikistonning yetakchi axborot agentligi Aziya Plyus.

Ana shu xabarlarga tayaniladigan bo‘lsa, unda tojikistonliklar bilan bir qatorda O‘zbekiston fuqarosi ham halok bo‘lgan.

Markaziy Osiyodan "Islomiy davlat" saflariga qo‘shilgan bu uch jangari Bag‘dod janubidagi janglarda qurbon bo‘lishgani anglashilmoqda.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligining ma‘lumotlariga ko‘ra, bugunga qadar birgina Suriyada Bashar Asad rejimiga qarshi janglarda 50 nafar tojikistonlik qurbon bo‘lgan.

Ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda bu haqda shu yilning yanvar oyida ma‘lum qilgan edi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, o‘tgan oylar ichida mintaqada kechgan urushlar nazarda tutilsa, Tojikiston va umuman Markaziy Osiyodan "Islomiy davlat" saflariga qo‘shilgan jangarilar orasidan qurbonlar soni ko‘proq bo‘lishi mumkin.

Iroq va Suriyada jang qilayotgan Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolarining soni bo‘yicha aniq bir ma‘lumotlar yo‘q, ammo Dushanbedagi rasmiy manbalarga ko‘ra, bugungi kunda ayni mamlakatlarda kamida 200 nafar tojikistonlik urushayotgan bo‘lishi mumkin.

"Islomiy davlat" - olabo‘jimi?

Markaziy Osiyo mamlakatlarida "ekstremizmga qarshi kurash" bahonasida minglab kishilar qamoqqa tashlangan
Сурат тагсўзи, Markaziy Osiyo mamlakatlarida "ekstremizmga qarshi kurash" bahonasida minglab kishilar qamoqqa tashlangan

Bugunga qadar Markaziy Osiyoning barcha davlatlari "Islomiy davlat" xavfidan xavotir izhor etib ulgurishdi.

Ammo ayrim taxminlarga ko‘ra, markaziy osiyoliklarni minglab sonda turfa ekstrimist guruhlarga qo‘shilishining tub sabablari haqida hukumatlar jim.

Mutaxassislarga ko‘ra, jangari guruhlar o‘z saflariga yollash yo‘lida targ‘ibotni internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali mohirona olib borishmoqda.

Ammo Markaziy Osiyo davlatlarida istisnosiz keng quloch yoygan poraxo‘rlik, ishsizlik, kambag‘allar va boylar o‘rtasidagi farqning yiriklashuvi, hamda inson huquqlarining qo‘pol poymol etilishi har qanday ekstrimist guruh safini kengaytirish uchun eng qulay omillardir.

"Islomiy davlat"ning Yaqin Sharq mamlakatlarida misli ko‘rilmagan g‘alabasi va hatto, o‘ziga to‘q G‘arb mamlakatlaridan hayrihohu jangarilarning boshini qovushtirayotgani aksariyat kuzatuvchilarni o‘ylatib qo‘ygan.

G‘arb davlatlaridan Suriya va Iroqqa qarab yo‘l olayotganlar o‘z mamlakatlari, xususan, Amerikaning tashqi siyosatidan norozi ekanliklari anglashiladi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, ekstrimistik guruhlarga kelib qo‘shilayotgan Markaziy Osiyo fuqarolari uchun bu kabi "global bahonalar" bilan bir qatorda o‘z hukmdorlaridan norozilik va qashshoqlik ham sabab bo‘lmoqda.

Markaziy Osiyo hukumatlarining "ektrimizmga qarshi kurash" bahonasida muxolifat va mustaqil fikrlovchilarga nisbatan ta‘qiblari esa, alal-oqibat, yana shu aqidaparast guruhlarga qo‘l kelmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02