"Murod Jo‘rayevning o‘rniga meni qamay qolsinlar, kafolat kerak bo‘lsa, bolalarimni qo‘yay, u kishini chiqarsinlar"

Xolbika Jo‘rayeva 1956 yil 4 martda Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida tug‘ilgan.
O‘rta maktabni bitirgach, Buxoro pedagogika bilim yurtida tahsil olgan.
1976 yilda Murod Jo‘rayevga turmushga chiqqan. Murod Jo‘rayevning maslahati bilan Pedagogika institutini sirtdan bitkazgan.
Jo‘rayevlarning Anvar, Abror, Ahror ismli uch o‘g‘illari bor.

Murod Jo‘rayev qamalganida tug‘ilgan uchinchi o‘g‘li Ahror bu yil 21 ga kirdi.
Xolbika Jo‘rayeva turmush o‘rtog‘ining ozod etilishini so‘rab shaxsan O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovga, BMTga, AQSh elchixonasiga, qator xalqaro tashkilotlarga murojaat qilgan.
Murod Jo‘rayev hozirgi kunda O‘zbekiston qamoqxonasida eng uzoq muddat saqlanayotgan siyosiy mahbus hisoblanadi.
1990-yillar boshida O‘zbekiston parlamenti deputati bo‘lgan va Muborak shahar ijroiya qo‘mitasi raisi lavozimida ishlagan Murod Jo‘rayev SSSR tarixida kommunistik tuzumdan qutulish yo‘lida amaliy qadam qo‘ygan ilk siyosatchilardan.
U O‘zbekistonda birinchi bo‘lib kommunistik partiyaning boshlang‘ich tashkilotini tugatgan edi.
Keyinchalik parlamentda o‘z mustaqil fikri va tanqidiy qarashlari bois ham tilga tushgan kam sonli deputatlardan biriga aylanadi.
Ammo O‘zbekiston hukumati uni 1994 yili kuch bilan hokimiyatni qo‘lga olishga oid harakatlarda ayblab, uzoq yilga hukm etadi.
Qachon ozodlikka chiqish vaqti yaqinlashsa, unga yana qo‘shimcha muddat berishadi. Hozirgacha to‘rt marta muhlat qo‘shib berishgan.
Xolbika Jo‘rayeva erining sog‘ligi juda yomon ahvoldaligi, zarur tibbiy yordamga muhtojligini aytadi.
"Lekin xo‘jayinim qachon qamoqxona eshigidan chiqqanlarini ko‘rmasam, ishonchim ham deyarli tugab bo‘ldi, xuddi arosatda qolgan odamdekman. Meni qamab qo‘ysalar ham, u kishi chiqib bolalarimning yonlarida bo‘lsalar, deb o‘ylayman",- deya gapiradi Xolbika Jo‘rayeva o‘z dardini.
O‘zbekiston qamoqxonasida 22 yildan buyon qolayotgan siyosiy mahbus Murod Jo‘rayevning ayoli Xolbika Jo‘rayevaning mushtariylar savollariga javoblari.
BBC: Xolbika opa, turmush o‘rtog‘ingiz Murod Jo‘rayevni oxirgi marta qachon ko‘rib kelgandingiz? U kishining ahvollari qanday ekan?
Xolbika Jo‘rayeva: Noyabr oyining 20 sida borib, 22 sida qaytganman. Hammaga ayon bo‘lsa kerak, bu yil qamalganlariga 21 yil to‘ldi. Og‘zilarida bitta tishlari qolmagani uchun doim suyuq ovqat yeyish imkoni bo‘lmaganmi, oshqozonlari buzilgan. Men borib ovqat qilganimdan keyin birdaniga qayt qilib yubordilar. Keyin qornilarining pastki qismida piyolacha keladigan shish paydo bo‘lgan. Oldingi safar borganimda aytmagandilar. Keyin tez tez tashqariga chiqqanlari uchun "nima bo‘ldi, shamolladizmi?"- desam, "e, ozgina shish paydo bo‘lgan", dedilar. Keyin qarasam, haqiqatdan tuxumdan kattaroq narsa shishib chiqqan. Oldin kelganingda ham bor edi, men senga bildirmagandim, dedilar.
BBC: Bu haqda shifokorlarga murojaat qilmaganlarmi?
Xolbika Jo‘rayeva: Yo‘q, aytmadim dedilar. Faqat tishimni aytgandim, natija bo‘lmagandan keyin buni ham aytmadim, deydilar. Chunki tishlari uchun uch to‘rt yildan buyon aytadilar. Men o‘zim ham borib aytganman. Pul o‘tqazish kerak bo‘lsa, menga yozib beringlar deganman. Bir marta borib ko‘rganu, qaytib xabar olmadi, hal qilib bermadi. Shuning uchun aytib o‘tirmadim, dedilar. Lekin men baribir kelgunimcha yana bir ayting deb kelganman. Yo‘q, hozir to‘xtab turaychi, saylovoldi chiqarib qolishar, uyga borib operatsiya qildiraman, deb umid qilyaptilarda u kishi.
Murod Jabborov: Alloh u kishining ozodlikka chiqqan kunini ko‘rish hammamizga nasib etsin!
Xolbika Jo‘rayeva: Ilohim shunday bo‘lsin!
BBC: Kuni kecha Xayrullo Hamidov ozodlikka chiqarildi. Siz bu xabarni eshitib nimalarni o‘yladingiz?
Xolbika Jo‘rayeva: Xayrullo Hamidov chiqdi deb menga o‘sha kecha Toshkentdan telefon qilishdi kechasi 11 da. O‘sha yerdan qaytayapmiz, mabodo xo‘jayiningiz chiqmadilarmi?-deyishdi. Yig‘lab yubordim. Chirchiqda edi, Qiziltepadan Chirchiqqa olib o‘tib, sud bo‘lib 16 kishi chiqarilibdi, desalar tong otguncha uxlaganim yo‘q. Shu kecha mabodo bu kishini ham chiqargan bo‘lsa menga telefon qilsalar "xo‘jayiningiz chiqdi, desalar moshin bilan ketsam", degan kim-nima xayolga bordim. Chunki bu kishi ham Chirchiqda edilar. Mabodo chiqqan bo‘lsalar deb o‘yladim. Ertalabdan beri ko‘zim to‘rt, telefonim o‘chib qolmasin deb kutib o‘tirdim, lekin hech narsa bo‘lmadi. Yoki yozgan xatlarimiz yetib bormayaptimi? Hech tushuna olmayapman. Endi bu ham Xudoning bir sinovimikan bilmasam.
Rumiya: Assalomu alaykum Xolbika opa! Sizga Allohning o‘zi madadkor bo‘lsin! Xo‘jayiningiz tezroq oilangiz bag‘riga kelishini tilayman. Shuncha yil o‘tibdi. Kichik o‘g‘lingiz 21 ga kiribdi. Shuncha yil qanday yashadingiz: moddiy ahvolingiz, atrofdagilarning munosabati qanday?
Xolbika Jo‘rayeva: 21 yil bo‘libdi. Bu o‘tgan 21 yilni aytib bersam bitta roman bo‘ladi. 2003 yil chiqish kunlari edi, katta o‘g‘limni shu kunlarida uylantiramiz deb kutdik. Chiqishlariga bir kun qolganda jinoiy ish qo‘zg‘atilib, yana uch yil beriluvdi o‘shanda. Men shunda yig‘lab- yig‘lab to‘yni o‘tkazganman. O‘qituvchilarga alohida uy berilgan payti bittagina uy oluvdim, o‘shanga ko‘chirtirib chiqardim keyin ularni. Hozir ikki o‘g‘lim bilan yashayman. Kichik o‘g‘lim o‘z kuchi bilan Toshkent Arxitektura institutiga byudjet asosida kirib, bitkazib keldi. Lekin ish topolmaydi hozirgacha. Boramiz rozi bo‘lgandek bo‘lishadi, lekin keyin kimning o‘g‘li ekanini bilib, erta kel-indin kel qilishadi. Anig‘ini aytishmaydi. Ikkinchi o‘g‘lim shartnoma asosida institutni bitkazdi. Shu o‘g‘lim kontraktga tushib qolganda, o‘zim litseyda ona tili-adabiyot o‘qituvchi bo‘lib ishlayman, hamma korxonalarga kirib chiqdim. Kontraktini to‘lashga yordam qilinglar, bir amallab o‘qitib chiqay deb. Muborak ishlab chiqarish shahri, katta korxonalar ko‘p. Keyin menga maslahat berishdi, bir insonni oldiga borishni. U kishi asli dog‘istonlik, katta tashkilotning egasi, avval Jo‘rayev bilan birga ishlagan ekanlar. O‘sha kishi o‘g‘limning to‘rt yil kontraktini birdaniga o‘tkazib menga katta yordam qilgandilar. Afsuski, ularning qarzlarini uzolmadim, o‘tib ketdilar yaqinda. Joylarini jannatda qilsin. Mening bo‘ynimda qarz bo‘lib qoldi. Shunday o‘qigandim, hamma narsa unutilishi mumkin, faqat yaxshilik unutilmaydi, deb.
Menga hozir biror kishi telefon orqali ham qanday yashayapsiz, deb so‘rasa ham ko‘nglim ko‘tariladi, baxtlidek sezaman o‘zimni.
Rahimjon: Assalomu alaykum Xolbika opa, Alloh dardingizni yengil qilsin. Eringizni chiqishlarini so‘rab shuncha joyga yozgan ekansiz, nega javob bo‘lmagan. Har holda qamoqdagilar oz bo‘lsa ham chiqishyapti, nega Murod Jo‘rayev chiqarilmayapti?
Xolbika Jo‘rayeva: 21 yilni o‘tkazdim, erta keladilar, indin kelarmikinlar deb. Hech tushuna olmayapman Murod Jo‘rayevning nimaga chiqarilmayotganlariga. Bu kishi O‘zbekiston Oliy Sovetining deputati bo‘lganlar. Bilmayman nimaga chiqarilmayapti. Shu savolni o‘zimga o‘zim berib, javobini hech tomolmayapman to‘g‘risi. Kechalari tong otguncha o‘ylab chiqaman. Kimlar bilan uchrashganimda ham mana shu savolni beraman. Nima sababdan chiqmayaptilar?-deb. Agar o‘rniga o‘rin kerak bo‘lsa meni qamab qo‘ya qolinglar, agar kafolat kerak bo‘lsa mayli qanaqa kafolat bo‘lsa, o‘rtaga bolalarimni qo‘yib kafolat qilaman, deb hamma so‘zlarni aytganman. Lekin men tushuna olmayapman, nima sabadan ekanligiga. Chunki odam o‘ldirganlar chiqyapti, katta-katta jinoyat qilganlar chiqyapti. Mayli gunohkor ham desinlar, lekin nahotki bitta insonga shu darajada bo‘lishi mumkin. Odamga bir marta qamoq beriladiku. O‘n marta berilmaydiku axir?! Bu kishiga yillari tugaganidan keyin yana to‘rt marta qo‘shib berildi. Yana bersa beshinchi marta bo‘ladi.
BBC: Murod akaning o‘zlari mana shu ketma-ket muddat qo‘shib berishlar haqida nima deydilar sizga? Nega bunday bo‘lyapti deydilar?
Xolbika Jo‘rayeva: 1994 yil edi o‘shanda. 12 yil berishdi deyishdi. Anchadan keyin menga xat keldi Murod Jo‘rayevni Qiziltepaga olib kelishdi, deb. Qiziltepaga bordim. U vaqtda hali qamoqxonalarda odam juda kam bo‘lardi. Keyin boshlig‘ining oldiga kirdim. Yaxshi odam edi. Murod Jo‘rayev qamoqxonada o‘zlarini yaxshi intizomlari bilan ko‘rsatganlari uchun u kishiga maqtov yorlig‘i berishgan, bu delolariga yozilar ekan. Shundan keyin 1995 yil 1 sentyabrda amnistiyaga tushdilarda, ikki yil olib tashlandi. Keyin yana qamoqxonaga borib, imkon topib o‘sha boshliq bilan uchrashganman. U aytganki, endi amnistiyaga tushmasalar kerak, bizga xat keldi nega sen bu odamga maqtov kog‘ozi berding, deb. Bundan buyon berilmaydi, degan. Shu bilan amnistiyaga tushmadilar. 10 yil qoluvdi, o‘n yil tugagandan keyin qolganlari hammasi uch yil, uch yildan qamoqxonaning ichida berib kelinyaptida. To‘rt marta berildida endi qamoqxonaning ichida. Qamoqxonaning ichida berilganiyam mayli "narusheniya" kattaroq bo‘lsa. "Kirni pechkaning oldida yoyibdi", "Sabzi to‘g‘rashga vaqtida yetib kelmadi", "Etik kiymay, tufli kiyib qatorga turdi" mana shunaqa tartibbuzarliklar qo‘yilib, uch yillik qamalyaptilar. Narusheniyani, o‘sha chaqirarkanlarda, aytarkanlar "sizga yuqoridan aytildi, jinoiy ish qo‘zg‘atish kerak. Iloj yo‘q", derkanlar. Keyin tushunaman, deb Murod aka, qo‘l qo‘yib berarkanlar. Keyin ular yozar ekan "sabzi to‘g‘rashga chiqmadi" yo "kechasi kitob o‘qidi", deb. Qo‘l qo‘ymasayizchi?- desam, sen bilmaysan, deydilar. Menimcha, majbur qilsa kerakda qo‘l qo‘yishga, bilmasam. Oldingi safar 1,5 oy qolgan edi chiqishlariga, menga telefon qildilar. Menga narusheniya qo‘ygani yo‘q. Kelavergin, Xudo xohlasa hammasi yaxshi bo‘ladi, deb. O‘shanda "sutochniy" ko‘rishish vaqtim ham to‘g‘ri keluvdida. Men quvonib, ko‘p narsalar olib bordim. Lekin ichkariga kirgizishmadi. Keyin yaxshi bir qizcha bor edi o‘sha chaqirib, yelkamga qo‘lini qo‘yib, "Opa, bardam bo‘ling nima bo‘lsa ham, xo‘jayiningizga kechagina jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Endi bu hafta Toshturmaga olib ketadi, dedi. O‘sha joyda men umuman tamom bo‘lib qoldim. Qanday ahvolga tushganimni tushuntira olmayman. Endi 30-40 kilo narsa ko‘tarib borganman. Mana shunday kunlarni o‘tkazyapman. Yana ko‘nikdim. Shu da‘fa chiqsalar ham mayli edi, yana yil bermasa edi, deb turibman. Yana jinoiy ish qo‘zg‘atilmasa bo‘ldi. Ukalarimga aytsam, e opa, endi insof bersin, deng. Beshinchi marta bermas, chiqarilar pochcham, deyishadi. Yana bilmayman. Mana 13 noyabr chiqish kunlari. 13 noyabrda kichkina nevaram ham tug‘ilgan. Kelinlarga aytaman, sovg‘a sifatida bo‘ladimi, deb. Mabodo yaxshi kun bo‘lib qolsa zora.
Ilhom, Qozog‘iston: Opajon, dardingizni tushunaman. Ishonamanki, eringiz halol, haq odam, aminman.
Xolbika Jo‘rayeva: Men hozir solishtiramanda, hozirgi hokimlar bilan. Jo‘rayev shunday inson bo‘lganlarki, uyim-joyim, bolam-chaqam demaganlar. Men aytardim, dadasi, hech bo‘lmasa, o‘g‘limizga uy qiling, deb. Hatto bitta hammom qurmaganlar. Qamalganlaridan keyin oyligimdan bir amallab kichkina hammom qurdirgandim, u ham hozir gaz yo‘qligi uchun ishlamaydi. Bitta tuzuk uyim yo‘q. Yomg‘ir yog‘sa, tog‘ora ko‘tarib yuramiz. Dilorom Ishoqova kelganlarida ko‘rgandilar ahvolimizni. Hozir ham hokimiyatdan kelib ko‘rib ketadi. Uy qurib ketmaganlar. Faqatgina "men Muborak shahridanman. Men Muborakka yo‘l quray, kran o‘tkazay, gazni normalniy qilib beray" deganlar. Hattoki zavod bilan gaplashib, zavodni havosidan zaharlanyapmiz, deb odamlarga koeffitsiyent tashkil qilgandilar. Ana shunday o‘zlarini ko‘rsatib, qo‘yarda-qo‘ymay ishlaganlari ba‘zilarga yoqmagan bo‘lsa kerak deb o‘ylayman. Boshqacha bir shaharga aylantiraman, deb yugurgan inson edilar. Istirohat bog‘i bor edi u ham yo‘qolib ketdi, bir qishloqqa aylanib qolgan hozir Muborak. Odamlar aytishadi Murod kelsa, shu yo‘llar tuzalarmidi deb. Xuddiki, Murod Jo‘rayev kelsalar yo‘l qilib beradiganday. Muborakliklar u kishini yaxshi eslashadi doim. Menimcha mana shu ishlaganlari o‘zlariga dushman bo‘ldi. Boshqa narsani tushunolmayman. Yaqinda Moskvadan Sergey degan insondan xat keldi internetdan. Murod Jo‘rayev bilan birga ishlashgan ekan. U kishi prezidentga xat yozgan "Men Murod Jo‘rayevni bilaman, u butun vujudi bilan Muborakni o‘zgartiraman, ishlab chiqarish shahriga aylantiraman deb yugurgan odam edi. U insonni qo‘lidan yomonlik kelmaydi", deb xat yozgan. Shu xatimni prezidentga jo‘nating deb yozibdi menga. Lekin Murod Jo‘rayevda haliyam umid borda. Men to‘g‘risi, umidimni uzganman. Endi u kishida qanday umid bor. Shu safar chiqarishsa kerak, xat yozganman, deydilar. Murod Jo‘rayev bitta o‘zlari, ota-onadan bittagina. Mayli edi aka-ukalari, opa-singillari bo‘lsa. 21 yildan beri bitta o‘zim boraman orqalaridan. Belimga grija orttirganman, bo‘ynimda grija bor. Shu kishining hech kimi yo‘q mendan boshqa boradigan insoni yo‘q orqasidan.
Anvar Karimov, Norvegiya: Salom opa, Murod Jo‘rayev tuhmat bilan qamalgan bo‘lsalar, nega ishini qayta ko‘rib chiqish uchun Yevropa sudiga murojaat qilmadingiz?
Xolbika Jo‘rayeva: Bilmasam, men Yevropa sudini bilmaganman. Lekin ko‘p joylarga murojaat qilganman, shu narsani hech kim yo‘l-yo‘riq bermabdi, bilmasam.
Ichkuyar, AQSH: Murod aka 20 yildan ortiq hibsda o'tiribdilar.Bu albatta o'zlarini shaxsiy manfaatlari uchun emas, balki O'zbek xalqi manfaatlari uchun, O'zbekiston demokratiyasi tantanasi uchun o'tiribdilar. Aytingchi, mana shu haqiqatni necha foiz odamlarimiz tushunishadi , deb o'ylaysiz?
Xolbika Jo‘rayeva: Endi nima desam, bizda ko‘pincha biror bir kishining yuziga gapirmaslikka, biror bir haqiqatni aytmaslikka, hurmat yuzasidan sizni gapingiz to‘g‘ri, deb turishga o‘rganishgan. Menimcha Murod Jo‘rayevni tanigan insonlar yurakdan hurmat qiladi, so‘rashib qoladi, bilaman. Qo‘ni-qo‘shnilarim yaxshi biz bilan. Ular ham o‘zimizga o‘xshagan oddiy odamlar. Lekin mansabdor kishilar mansabidan ayrilib qolmaslik uchun e, bu o‘sha insonni bolasi yoki xotini ekan, deb o‘zini olib qochadi.Bu qadimdan shunday bo‘lib kelgan. Faqat odamlar aytadiki, qachon Murod kelsa, ahvolimiz yaxshilanadi deb. Go‘yoki Murod Jo‘rayev kelsalar, ahvoli yaxshi bo‘lib qoladigandek. Hozir bizda na suv bor, na gaz bor, na svet bor. Cho‘l bo‘lib qolganda.
Malika, Belgiya: Salom yaxshimısiz? Shuncha yilingiz ötibdi. Endi Allohning yoniga borganda shuncha umr berdim, meni tanish uchun dinimni o'rgandinglarmi desa, nima deysiz?
Xolbika Jo‘rayeva: Xudoga shukur, namozlarimni kanda qilmayman. Alhamdulilloh musulmonmiz axir. Albatta u dunyoni o‘ylamaydigan musulmon yo‘q. U dunyoni ham, bu dunyoni xam o‘ylash kerak. Yaxshilik qoldirish kerak inson. Allohdan Murod Jo‘rayevni ozod qilinishlarini, ok yo‘l berishini o‘tinib so‘rayman kechalari. O‘zbekcha Qur‘on o‘qiyman.
Bolalaringizga otasining qamalgani qanday ta‘sir qilgan? Ular otalari haqida qanday fikrdalar?
Xolbika Jo‘rayeva: Ikkita bolam dadasini yaxshi biladi. Qamalganlarida juda kichik emas edi. Dadasining qanday insonliklarini bilgani uchun ham juda qattiq hurmat qiladi. "Dadajon!" deb gapiradi orqalaridan ham. Kichkina o‘g‘lim qamalganlaridan keyin tug‘ilgan. Yetti oyligida bir marta olib borganman. Keyin olib bormadim ancha payt- norasida dedim. Uch yoshga to‘lganida olib bordim keyin. Institutga kirganida Toshkentdan o‘zi ikki soatlikka qatnab turdi. Uch bolam ham otasini yaxshi ko‘radi. Kichkinam ota mehrini ko‘rmay o‘sdi. Bir dasturxon atrofida o‘tirib ovqatlangani yo‘q hali. Lekin juda o‘ylovli. Bir marta uyda o‘tiruvdik o‘zidan-o‘zi aytib qoldi. "Aya, men birinchi sinfda o‘qiganimda o‘qituvchimiz "senga narsa bor, dadang qamoqda, yetim bolasan. Yetimlarga beradigan narsa kelgan, shuni senga berishimiz kerak, deb kurtka, shapka berganida yig‘lab uyga olib kelganman. Lekin sizga aytmaganman", desa dod solib yig‘labman. Shu gapni institutni bitirib kelganidan keyin menga aytyapti. Shuning uchun qiyin ahvolda o‘sdi bolalarim. Lekin dadasini qattiq yaxshi ko‘radi. Beshta nevaramiz bor. Ikkitasini olib borib ko‘rsatganman, qolganlarini ko‘rmaganlar hali. Murod Jo‘rayev bolajonlar juda. Nevaralarini quchoqlab, o‘pib, Xudoga shukr ko‘rsatganiga, deydilar. Ularni rasmini tashlab kelaman. Aytib beraman qiliqlarini. Kelib-ketganingdan keyin o‘ylab yotaman, deydilar. Nevaralarimizni yurganini, sen bilan gaplashganimni deb aytadilar. Faqat xafa qilmaslikka, yaxshi gaplarni aytishga harakat qilaman. U kishini ruhlantirib qaytaman. Darvozadan chiqqandan keyin o‘zim bilan o‘zim bo‘laman, lekin ichkarida ikki kun faqat kulib turaman, sizni sog‘ligingiz kerak, biz juda yaxshi yashayapmiz, deb ko‘ngillarini ko‘taraman. Keyingi safar borganimda sening aytganlaringni o‘ylab shu to‘rt oyni o‘tkazdim, deydilar.
Har to‘rt oyda borasizmi turmush o‘rtog‘ingizni ko‘rgani?
Xolbika Jo‘rayeva: Ha, avval uch oy edi. Qamoqxonani ichida sud bo‘lgandan keyin to‘rt oyga o‘tkazilgan.
Men nima deyman, masalan men o‘qituvchiman. 20 ta o‘quvchim bo‘lsa, bittasi xato qilsa urishaman, lekin ertasi kuni yana kechirib ketaveraman. Shuning uchun million-million O‘zbekiston xalqining egasi Islom Abdug‘aniyevich Karimov, O‘zbekistonning bir fuqarosi sifatida xo‘jayinimni ozod qilishlarini so‘rayman. Agar gunoh kilgan bo‘lsalar, kechiring deyman.
Saylov oldi chiqsalar kerak, deb kutyapman endi. Bilmasam. Umid qilmayman, lekin tirik odamni baribir kutar ekansan.
BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002
Assalomu alekum Oqib eglagim keladi . Mayli bollarizam ibodatda namozni kända qilmay yurishsa Orqanglardan savob yuborib duo qilib turadigonilar bor ekan. Hech ham bandasidan soramang hatingiz etib bormas balkim borsayam siz birinchi hat yuborgan emas siz Bir qavm Allohni buyruqlariga amal qilmas ekan ularni boshiga horlik kelar ekan to diniga qaytib amal qilmaguncha.keling internet ta shu uzbek domlalarimizi darslari bor dinni tolka orgatadigon Uzbekda hozir din qolmadi din orgatadigon joylar ham yoq. Uzbekistan hozir ayni shu horlikni boshidan kechiryapti. Erlari qamoqda Yoki rassiyada yurishibdi ayollari horlikni boshidan kechiryapti. Qoying boshizga rumol orang. Dinizga qayting.aziz musulmon hamshaharim mazluma oqila opajonim
zari, evro
Assalomu alekum
Opa kop zulimlangan Uzbekistan dagi oylalardan biri ekansiz
Oqib yozmasdan otib ketishni hohlamadim.
Men Uzbekistan da yashaganimda otam qamalgan rosa ogir bollargayam onam Juda ogir kunlarni boshidan kechirgan.
Biz ham silardek bir sodda musulmon oyla edik .
Lekin hech kimdan soramang chiqishlarini faqat Allohdan Sören
Chunki u zot sizni doim eshitadi .
uzbekdan chiqib ketib ozodlik Nina ekanini bildik .
Allohni eri keng ekan.otamni chiqishi ozodlikka chiqishimizni Allohdan soradik.
Ozimizni tuzatib gibat,yolgon,hojakorsin ishlardan tiyilip duoda namozda kechalari iltijo qilib soradik.ming shukir mana rizqimiz huquqimiz ham uzbekda yashayotgan boy uzbeklardan ancha yahshi eng muhimi hukumatdan qorqmaymiz hotirjammiz.
Ilm olip shunga iqror boldimki musulmon oz dinini organib amal qilmasa uning boshiga zolimlarni hukumron qilar ekan.
Hozirda ham Dini ham dunyovi oqishlarda oqimiz.
Ohiratda bu zulim qilganlarni yahshi amali bolsa olip berishar ekan agar yahshi amali bolmasa silardi gunohlarilar ularga yuklanib qoyiladi inshAlloh adolatli zot hammani korib bilip turadi.
Taqdirlar yozib bolingan siyohlariyam qurib bolgan .
Bu ishlar zulimlar bekorga emas ozimizni tekshirib doim sarhisob qilaylik dinimizni organib mahkam ushlaylik
asaloy, sweden
Sobir
Sizga Ollohning o‘zi madadkor bo‘lsin. Xo‘jayiningiz yaqin kunlarda oilangiz bag‘riga kelsinlar.












