O‘shga gaz berila boshlandi

Bu haqda "Gazprom Qirg‘iziston" ma‘suliyati cheklangan jamiyatining O‘sh filiali rahbari o‘rinbosari Tohir Alimov BBCga ma‘lum qildi.
"O‘zbekiston bugun tungi soat uchda O‘shga gaz berishni boshladi. Hozir bizning xodimlarimiz xonadonlar, tashkilot va muassalarni qidirib, qayerda gaz iste‘molchilari bo‘lsa ularni tekshirib chiqayaptilar. Bugun tushdan keyin shahar bo‘yicha gaz beriladi va gaz tutukchalari yopiq bo‘lmoqligi lozim. Hozir gaz quvuridagi bosim kvadrat santimetriga 14 kilogrammni, yoki 14 – atmosferni tashkil etadi" – dedi "Gazprom Qirg‘iziston"ning O‘sh filiali rahbari o‘rinbosari Tohir Alimov.
Uning ma‘lum qilishicha, O‘sh shahar va viloyati bo‘yicha kundalik gaz iste‘moli 4000 kubometrni tashkil etadi. Abonentlarning soni esa 60 ming 600 ga yetadi. "Ikki kun ichida gaz bilan O‘sh shahri va viloyatning boshqa tumanlari ham to‘liq ta‘minlanadi.
Alimovning so‘zlariga ko‘ra, Jalolobod viloyati aholisi mahalliy gazni iste‘mol qiladi, Botken viloyatining Uchqo‘rg‘on, Qadamjoy va Haydarkon tumanlari esa O‘zbekistondan olib kelinuvchi zangori olov bilan ta‘minlanadi.
"Gazprom Qirg‘iziston" ma‘suliyati cheklangan jamiyatining bugun yoyinlagan xabariga ko‘ra, Qirg‘izistonning janubiga zangor olovni yetkazib berish uchun "Gazprom Schweiz AG" shirkati "O‘zTransGaz" tashkiloti bilan shartnoma imzolagan.
Bayonotda aytilishicha, "Gazprom Qirg‘iziston" ma‘suliyati cheklangan jamiyati, joriy yilning aprelida gaz berish to‘xtatilganidan boshlab, "Gazprom" ochiq xissadorlik jamiyati bilan birgalikda Qirg‘iziston hukumati miqyosida O‘zbekiston bilan gaz berishni qayta tiklash yuzasidan bir necha muzokalar olib borgan.
"Shuningdek, muzokaralar doirasida ikki taraflama davlat boshchilari va hukumatlari miqyosida ham uchrashuvlar o‘tkazilgan. O‘tkazilgan bir qancha uchrashuvlar natiyjasida so‘ngi oyda davlatning janubiga gazni qayta yetkazishga qaror qilingan" - deyiladi "Gazprom Qirg‘iziston" bayonotida.
Erishilgan kelishuvning shartlariga binoan, joriy yilning 30 dekabrida Qirg‘izistonning janubiy hududlariga zangori olov qayta berila boshlandi.
Berilayotgan gazning hajmi 100 mln kubometrni tashkil etadi. Respublikaning shimoliy viloyatlaridagi kabi zangori olovning narxi janubiy hududlarda ham birdek bo‘ladi. 2015 yilning yanvarida Qirg‘iziston Milliy Banki tasdiqlagan dollarning kursi asosida gazni yangi narxi ishlab chiqarilishi kutilmoqda.
"Gazprom Qirg‘iziston" vaziyatni tushunish bilan qabul qilib, vaqtinchalik gazning yo‘qligi, qiyin vaziyatda qo‘llagani uchun respublikaning janubiy hudud aholisiga minnatdorchilik bildirgan.
Joriy yilning 10 aprelida "Qirg‘izgaz" ochiq xissadorlik jamiyati Rossiyaning "Gazprom" tashkilotiga bir dollar evaziga sotib yuborilgan edi. 14 aprelda "O‘zTransGaz" tashkilotning yangi rahbariyati bilan shartnoma tuzishni aytib, respublikaning janubiy hududlari O‘sh va Botken viloyatlariga zangori olov yetkazib berishni to‘xtatgan.
BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002












