Maktablar o‘quvchilarning puli hisobiga isitilyapti

Ijtimoiy tarmoqlarda yozilishicha, Toshkentdagi 48 maktabda isitish tizimi uchun o‘quvchilardan 200 ming so‘mdan pul yig‘ib olinmoqda. Aks holda, ushbu pul sinf rahbaridan talab qilinayotgani aytilgan.
Fesbuk foydalanuvchilarining fikricha, bu holat yaqinlashib kelayotgan saylov oldi maktablarni isitishni yaxshilash uchun qilinyapti.
Bu mavzuda BBC gaplashgan ba‘zi o‘zbekistonliklar o‘zlari yashab turgan hududlarda ham avval muzlab yotadigan maktablar hozir isitilib turganini bildirdilar. Biroq sinflarni isitish o‘quvchilarning o‘z zimmasiga yuklanayotgani aytildi.
Keyingi kunlarda havoning keskin sovushi janubiy Qashqadaryo viloyatidagi ko‘pgina maktablarda isitish tizimi bilan muammolarni har yilgidek yuzaga chiqargan.
Qarshi shahrilik uy bekasining so‘zlashicha, farzandlari o‘qiydigan maktabda sinf xonalarning sovuqligi sababli o‘quvchilar pul yig‘ib pechka olishga majbur bo‘lishgan. Shahardagi qator maktablarda ahvol shundayligini ta‘kidlaydi u.
"Sinf xonalar sovuq, gaz yo‘q, svet yo‘q, bolalar paltolarda o‘tirishadi. Sinf qorong‘iligidan doska yaxshi ko‘rinmaydi. Lekin bolalarning pechka sotib olganining 21 dekabrdagi saylovga aloqasi yo‘q, bu Qarshidagi har yilki holat".
Suhbatdoshimizga ko‘ra, bolalari o‘qiydigan maktabda har yili har narsaga pul yig‘iladi. Metallomga, makulaturaga deb pul yig‘iladi, derazaga yelim yopgich, stol usti choyshablari, hatto supurgi va chelak sotib olishga ham maktabning qurbi yetmaydi.
Uning so‘zlariga qaraganda, hozir maktablarda farroshlar yo‘q. O‘quvchilar yiqqan pulga farrosh chaqirib ishlatishadi. Har oyda farrosh uchun bir boladan ikki mingdan yig‘iladi. Qaysidir o‘quvchining pul berishga imkoni bo‘lmasa, maktabni tozalashga o‘zi jalb qilinadi. Hatto sovuq kunlarda kichkina bolalar ham ayab o‘tirilmaydi. Keyingi safar pul so‘ralganda ota-onasi muammo qilmasligi uchun.
Bizning tumanda isitish bilan uncha muammolar yo‘q hozir. Har bir maktabning o‘z quvurlari mavjud, deydi G‘uzor tumanilik o‘qituvchi. Biroq bolalar uchun kitob ijarasiga, metallom, makulaturaga, obunaga pul yig‘ishga majburmiz. Maktabning qurbi yetmaydi. Maktab fondining o‘zi ota-onalardan tushgan pulga qaraydi, deb aytadi u.
Ota-onalar shikoyati ba‘zi maktablarda o‘z natijasini ham bergan. Qarshidagi Paxtakor mavzesida ota-onalar shikoyat qilaverib maktabda alohida isitish tizimi qurilishiga erishganlar. Har bir korpusda bittadan pechka bor. Ko‘mir, o‘tin bilan sinflarni isitishyapti hozir, deydi uy bekalaridan biri.
Aytilishicha, O‘zbekistonda parlament saylovlari oldi maktablardan ko‘ra, ko‘proq bozorlarda o‘zgarishlar ko‘zga tashlanadi. Bozor va do‘konlarda go‘sht, shakar, un kabi ba‘zi mahsulotlarning narxi biroz pasaygan. Yillarki muammo bo‘ladigan gaz taqchilligi ham go‘yo barham topgandek. Lekin odamlar saylov tugashi bilan yana hamma narsa o‘z eski holiga qaytadi deb o‘ylashlarini aytadilar.
BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002












