Nega davlat matbuoti gaz va chiroq muammolarini ko‘tarmaydi?

O‘zbekiston internet nashrlari gaz va elektr energiya muammosini ko‘tara boshlagan.

So‘z erkinligi cheklangan mamlakatda bunday chiqishlar o‘quvchilarning hayratiga sabab bo‘lgan.

Mustaqil nashrlarni bu kabi muammolarni ko‘tarishga nima undamoqda?

O‘zbekiston hukumati gazni nima uchun o‘z aholisidan qizg‘onadi? Xitoyga esa...mazza!

O‘zbekistonning Anhor.uz web nashri mahalliy matbuot uchun misli ko‘rilmagan ana shu mavzuni ko‘targan.

Unda O‘zbekiston va Turkmaniston sabab Xitoy davlati gaz bo‘yicha muammoga duch kelmayotgani haqida yozgan.

Nashr 21 dekabr o‘tishi mo‘ljallangan parlament saylovlarida yangi xalq vakillarini Xitoyga gaz sotishni ko‘paytirish o‘rniga, aholiga uzluksiz yetkazib berishga da‘vat qilgan.

Sayt bosh muharriri Lola Islomovaning BBCga aytishicha, O‘zbekistonda yashaganliklari sabab, gaz va elektr energiya muammosini ichdan yaxshi biladilar.

"Internetda "Jamoat nazorati" guruhi bor. Ushbu sayt kommunal sohaga doir muammolarni doimiy tarzda ko‘tarib turadi. Bu borada biz yagona emasmiz. Bundan tashqari ijtimoiy tarmoqlarning ham roli bor. Ularda qayerda gaz va elektr muammosi borligi muntazam yoritiladi", deydi Lola Islomova.

Nashrga ko‘ra, so‘nggi vaqtlar mamlakatning turli burchaklaridan gaz yetishmovchiligiga doir arzu hol bitilgan maktublar ko‘payib bormoqda.

Saytda O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarida kuzatilmagan ochiqlik o‘quvchilarning hayratini uyg‘otgan.

Ulardan birining izohida xodimlarga qarata "ofislaringiz Toshkentdami o‘zi?", deb so‘ragan.

Biroq "Anhor,uz"ning muharriri davlat matbuotida ushbu muammolar ko‘tarilmasligi sabablari haqida fikr bildira olmasligini aytdi BBCga.

Bu yilgi qish O‘zbekistondagi siyosiy hodisa-parlament saylovlariga to‘g‘ri kelgani kuzatuvchilarning e‘tiborini tortgan. Odatda muhim siyosiy voqealar pallasida aholining turmush tarzini vaqtinchalik bo‘lsa ham yaxshilanishiga harakat qilinadi. Bozorlarda narxlar ma‘muriy yo‘llar bilan tushirilib, gaz va chiroq muammosi birqadar ijobiy hal qilinadi.

Jizzax viloyatidan Saida Qurbonovaga ko‘ra, bu yil oldingilaridan farqli ravishda ularning yashab turgan joyida gaz va chiroq bor.

U bunday o‘zgarishlarning sababi nimada ekani bilmasligini, odamlar bunga balki saylovlar va bayramlar arafasi bo‘lsa kerak, deb turganlarini aytadi.

Сурат манбаси, none

Lekin jizzaxlik boshqa kishining BBCga bildirishicha, viloyatning hamma joyida ahvol birdek emas. "Svet va gaz muammosi har doimgidek. Maktablarda issiqlik yo‘qligi sabab, bolalar sovuq qotib qolishyapti. Davlat tomonidan sotiladigan ko‘mirning qumdan farqi qolmagan, uyni bir xil temperaturada ushlab turolmaymiz", - deydi u.

Samarqandning Jomboy tumanidan Xoliqnazar G‘aniyev gaz muammosi har yilgidek takrorlanayotganini ma‘lum qiladi. Odamlarni yo‘q gazga qarzdor qilib tashlagan. Xalq oldida, parlament oldida hisobot berish degan narsalar yo‘q, qancha gaz sotilayotgani haqida ma‘lumotlar hech qachon mahalliy matbuotda aytilmaydi. Hech kim talab qilishga haqqi yo‘q, odamlar qo‘rqadi, deydi jomboylik fuqaro.

O‘zbekiston hukumati Xitoyga gaz sotib mo‘may daromad olayotgani tayin, ammo bu daromaddan foydalanmaydigan aholi uzoq yillardan buyon qish qahratonida azob chekishga majbur bo‘lmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002