O‘zbekiston: sovuqda qolgan saylovchilar

Toshkentda birinchi qor quvonchi uzoqqa cho‘zilmagan
Сурат тагсўзи, Toshkentda birinchi qor quvonchi uzoqqa cho‘zilmagan
    • Author, Shodiyor Saif
    • Role, BBC, Olma-ota

Mintaqaga qish bu yil biroz erta kelishi avvaliga odamlarni quvontirgan bo‘lsa, keyin uyni qanday isitish tashvishini uyg‘otgan.Toshkent shahar hokimining qarori chiqqan bo‘lsa ham, poytaxtliklar isitish tizimi hamma mavzelarda ishga tushmaganidan nolishmoqda.

Markaziy isitish tizimi yetib bormagan viloyatlarda esa yana gazsizlik muammosi boshlangan va odamlar sovuq qarshisida o‘z hollaricha qolib ketgan.

Toshkentda birinchi qor yog‘ishi ijtimoiy tarmoqdagilarning bir muddat quvonchiga sabab bo‘ldi.

Internetda ozroq lekin xazonlar va mashinalarni oqartirgan qor rasmlari tarqaldi.

Kechani birinchi qor quvonchi bilan kutib olgan poytaxtliklar ertasi kuni ijtimoiy tarmoqlarda otopleniye, ya‘ni markaziy isitish tizimining hali ham qo‘shilmagani va uylarning sovuq ekanligidan noliy boshlashdi.

“Yunusobodda otopleniya yo‘q. Buning ustiga tunlari chiroqni ham o‘chirib qo‘yishmoqda. Bu ketishda yaqin orada gazni ham o‘chirib qo‘yishadi va biz bolalarni isitish uchun uylarda gulxan yoqib o‘tiramiz. Issiq yoki sovuqning menga farqi yo‘q. Lekin shusiz ham qiynalayotgan qariyalar bor”, - deb yozadi Iskandar Ahmedov Feysbukda. Ahmedovning fikrini boshqa mavzeda istiqomat qiluvchilar ham tasdiqlashgan. Ayrimlar uylarida issiq suv ham o‘chirilganini aytishgan.

Ba‘zi ishtirokchilar ularning uylarida isitish tizimi ishga tushganini yozishgan.

Qaror bajarilmayapti

Toshkent shahar hokimi 24 oktyabr kuni chiqargan qarorida 25 oktyabrdan boshlab ijtimoiy soha ob‘ektlariga va 27 oktyabrdan boshlab turar joy binolariga issiqlik berish haqida qaror chiqargan.

Biroq qarorning bajarilishi rejadagidek ketmayotganini ijtimoiy tarmoqdagi yozuvlardan bilib olish mumkin.

Tvitter foydalanuvchilari ham qishning erta kelishi va gaz muammosiga e‘tibor qaratishgan.

Andijonlik foydalanuvchi kunlar sovushi munosabati bilan gazchilar yarim tunda gaz bosimini oshirganini yozgan.

Biroq bosim oshishdan oldin gaz bir o‘chib olgan va bundan bexabar qolgan oilalarda yong‘in kelib chiqishiga bir bahya qolgan.

Biroq gaz bosimi hamma joyda ham bir xil ko‘tarilmagan.

Ayrim ishtirokchilar gaz bilan birga chiroqning ham har kuni o‘chirilayotganidan shikoyat qilishgan.

Deputatlar ham ojiz

Qarshilik inson huquqlari himoyachisi Gulshan Qorayeva o‘zi istiqomat qilayotgan mahallada gaz sentyabr oyida o‘chganini va kunlar sovub ketsa ham gazdan darak yo‘qligini aytadi.

“Ob-havo sovuq, minusga tushgan. Bizda sentyabrdan buyon gazimiz yo‘q. Hozir svetimiz bor. Havolar juda ham sovib ketib kuchi yetmay qolsa, o‘tin yoqamiz”, - deydi Gulshan Qorayeva.

Tvitter foydalanuvchilari bu yil O‘zbekistonda parlament saylovlari o‘tishi munosabati bilan gaz va svetdan muammo kelib chiqmasligini yozishgan.

Biroq kunlar sovishi bilan bunday muammolar har yilgidek bo‘y ko‘rsatmoqda.

Qarshidan Gulshan Qorayeva shaharda umuman saylovoldi ruhi sezilmasligini aytadi.

Odamlar o‘z tashvishlari bilan yuribdi. Odamlar deputatlarning gaz muammosini hal qilib berishiga ishonishmay qo‘yishgan.

“Boshqa muammoni hal qilib berishi mumkin, lekin gazni hal qilib berolmaydi, deb o‘ylayman. Agar yechganida hokimiyatning o‘zi ham deputatlarsiz yechib berardi”, - deydi Gulshan Qorayeva.

Gazga boy O‘zbekistonda qish kelishi bilan fuqarolar boshpanasini isitish muammosi bilan yakkama-yakka qoladi.

Mahalliy hokimiyatlar aholini qishga ko‘mir va o‘tin yig‘ish orqali tayyor turish kerakligini tayinlaydi.

Mutaxassislar gaz eksportini yildan-yilga ko‘paytirayotgan O‘zbekiston, xususan, Xitoyga eksportning bir qismini ichki iste‘mol hisobidan qoplayotganini aytishadi.