Markaziy Osiyoliklarni jihodga nimalar undamoqda?

Сурат манбаси, AP
Britaniyadagi Ekceter Universitetining Markaziy Osiyo tadqiqotlari bo‘limidan Edward Lemonga ko‘ra, hozirda Tojikiston hukumati uchun jihodchilar saflarida kurashib, vatanga qaytayotgan fuqarolar asosiy xavfsizlik muammolaridan biriga aylanmoqda.
Britaniyalik olim Suriya va Iroqning ba‘zi hududlarida Xalifalik e‘lon qilgan Islomiy Davlat guruhi saflarida jang qilayotgan Tojikiston fuqarolari bilan bog‘liq tadqiqotlari natijasida ana shunday xulosaga kelgan.
BBC Tojikiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida bir muddat yashab, tadqiqotlar olib borgan Edward Lemon bilan bog‘lanib, markaziy osiyoliklarni xalqaro jihodga undayotgan omillar haqida so‘ragan.
Edward Lemon: 1 sentyabr kuni Iroq televideniyesi orqali o‘ziga Olim Yusuf deya nom olgan 25 yoshli Dushanbe yashovchisi bilan suhbatni olib ko‘rsatdi. Uni Iroq-Suriya chegarasida hibsga olishgan ekan. U Suriyadan Iroq hududiga o‘tib kelmoqchi bo‘lgan, undan avval Suriyada 9 oy mobaynida bo‘lgan ekan. Uning aytishicha, Suriya shimolidagi Al-Raqqa shahrida Islomiy Davlat qo‘mondonlaridan biri, chechen Umar Shishoni rahbarligi ostida guruhda bo‘lgan ekan. Olim Yusuf Tojikistonni 2013 yil oxirida Rossiyada ishlash uchun tark etgan. U bir muddat qurilishda oyiga 250-300 dollar topib, ishlagan. O‘sha yerdagi sport markazida bir shaxs bilan tanishib qoladi va u Olimga jihodiy g‘oyalarni taqdim etadi. Jihodga qo‘shilish uchun Suriyaga borish kerakligiga ishontiradi. Shuning uchun Olim dastlab Turkiyaga yo‘l oladi va u yerdan Suriyaga o‘tib, ikki haftalik tayyorgarlikdan o‘tadi.
BBC: Siz Iroq va Suriyaga yo‘l olgan boshqa tojikistonliklar misolini ham o‘rgangansiz. Olim Yusufning misoli, uning jihodchilar safiga qo‘shilish yo‘li ularning ko‘plari uchun odatiymi?
Edward Lemon: Ha, men turli manba‘larda paydo bo‘lgan Islomiy Davlat safiga qo‘shilgan, shu vaqtgacha halok bo‘lgan yoki hibsga olingan 22 nafar tojikistonlik misolini o‘rganib chiqdim. Ularning deyarli hammasi Rossiyaga pul topish ilinjida ketishgan. O‘sha yerda bu kabi g‘oyalar bilan tanishishgan va oxir-oqibat Suriyaga yo‘l olganlar. Uning akasi matbuotga bergan intervyusida ukasining avvallari hech qanday diniy qarashlari bo‘lmagani, bir vaqtlar hatto giyohvand moddalarga berilgani haqida aytgan.
BBC: Ularni jihodiy g‘oyalarga berilishlariga sabab nima?
Edward Lemon: Ko‘plab tojikistonlik tahlilchilar bunga sabab ma‘lumot va bilimning kamligi degan fikrdalar. Ularga ko‘ra, Islom haqida asliy bilimlarning yo‘qligi, Qur‘oni Karimda, xadis va shariatda aynan nimalar deyilganidan bexabar ekanliklari tufayli ularga uqtirilmoqchi bo‘lgan g‘oyalarga oson beriladilar. Albatta, bu gaplarda jon bor deb o‘ylayman. Tojikistonda din va diniy bilimlar qattiq nazorat ostida va cheklangan. Ular uchun turli manba‘larga murojaat qilish imkoni yo‘q. Shuning uchun ularga taqdim qilingan yangi g‘oyalarga beriluvchan bo‘ladilar. Boshqa tomondan, Rossiyadagi mehnat muhojirlari uchun shart-sharoitning mushkulligi. Ayniqsa, musulmon muhojirlar uchun diniy farz bo‘lgan amallarni ado etish uchun sharoit yo‘q. Moskvadagi jome‘ masjidga kirish uchun metall qidiruvchi moslamalar orqali o‘tish kerak, xavfsizlik choralari kuchli. Bu kabi vaziyatda Islom tahdid ostida va uni jihod orqali himoya qilish kerak, degan aqidani singdirish oson bo‘ladi.
BBC: Markaziy Osiyoning boshqa davlatlaridan Islomiy Davlat safiga qo‘shilganlar haqida ham ma‘lumot bormi?
Edward Lemon: Menimcha Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistondan Islomiy Davlat safiga qo‘shilganlar borasida ba‘zi ma‘lumotlar bor. Ular haqida Suriyadagi matbuotda qator materiallar paydo bo‘lgan. Markaziy Osiyodan Suriyaga borib qolganlar orasida aynan tojiklar soni ko‘pmi yoki ular haqida ko‘proq xabar berilyaptimi - bunisini aytish qiyin.
BBC: Markaziy Osiyoliklar, jumladan, tojikistonliklarning islomiy jihodchilar safiga qo‘shilib qolayotganliklarida rasmiy doiralar yuritayotgan siyosatning ham ta‘siri bor, deb o‘ylaysizmi?
Edward Lemon: Tojik rasmiylari yuritayotgan ashaddiy dunyoviylik siyosati omil bo‘lishi mumkin, albatta. Masalan, Tojikistonda 18 ga kirmagan yoshlar masjidlarda namoz o‘qishdan mosuvolar. 2011 yildan buyon rasmiylar xorijdagi madrasalarda tahsil olayotgan talabalarni majburan qaytara boshladilar. Shu ma‘noda aqidaparastlar rasmiylarni tazyiqkor kuch sifatida taqdim qilishlari oson. Shuning uchun mening fikrimcha, hukumatlarning diniy bilimlarga nisbatan kiritayotgan cheklovlari teskari natija bermoqda.
-------------------------------------------------------------------------------------------
BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02












