Fohishalik va fohishabozlik ildizlari qayerda?

"Ahloqiy kurashning" qurboni

Сурат манбаси, BBC World Service

Сурат тагсўзи, "Ahloqiy kurashning" qurboni

"Isfara shahrida 30 yoshli kishi qo‘shmachilikda gumon etilib, qo‘lga olingan. U erkak-ayollarni tanishtirib qo‘yish evaziga 300 somoniydan xizmat haqi olgan".

Tojikistonda "axloqiy jinoyatlar"ga nisbatan kurash e‘lon etilgach, bu kabi xabarlar mamlakat Ichki ishlar vazirligi websaytida muntazam berib borilmoqda.

"Axloqiy jinoyatlar"ga qarshi boshlangan kurashning dastlabki besh kunida 500 na-fardan ortiq fohishaning qo‘lga olingani, ulardan 450 nafari jinsiy a‘zolar kasalliklari bilan og‘rigani rasmiy ravishda e‘lon etilgandi.

Mehmonxonalar, oshxonada… fohishabozlik

Garchi endilikda bu kabi katta raqamlar keltirilmayotgan bo‘lsa-da, lekin mamlakatning turli tomonlarida ushlanayotgan fohishalar, qo‘shmachilar borasida xabarlar be-rilyapti.

Masalan, Ichki ishlar vazirligi bildirishicha Vahdat shahridagi "Parastu" mehmonxonasining 20 yoshli qorovuli qo‘shmachilikda ayblanmoqda. U ikki erkakka ikki ayol bilan jinsiy aloqa qilish uchun sharoit yaratib berganligi uchun 100 somoniy olgani aytilgan. Agar 50 somoniyning deyarli 10 AQSh dollariga teng keladigani hisobga olinsa, demak, qo‘shmachilikda ayblanayotgan yigit 20 dollar ishlab olgan.

Mahalliy tahlilchilarning aytishlaricha, faqat Vahdat shahrida emas, Tojikistonning boshqa shaharlaridagi ko‘pgina mehmonxonalarda fohishabozlik uchun pul evaziga imkoniyat yaratib berib kelinadi. Masalan, Xo‘jand shahridagi "Ehson" mehmonxonasi xodimlariga nisbatan aynan shu betartib jinsiy aloqa qiluvchilar uchun sharoit yaratib, pul ishlab kelganlari uchun jinoiy ish ochilgandi.

Lekin mamlakat janubidagi Xuroson tumanida oshkor etilgan ish bundan-da, oshib tushgan. Aslida Fayzobod tumanidan bo‘lgan kishi Xurosonga kelib, bir oshxonani o‘tgan may oyida ijaraga oladi. U faqat oshxonadan tushgan tushum bilan qanoatlanmasdan, jinsiy nafsini qondiradigan kishilarga oshxonada imkoniyat yaratib beradi. Albatta, tekinga emas. U "xizmati evaziga" bir erkak-ayol juftidan 300 somoniyga teng (ya‘ni 60 dollar) oltin zirak, boshqa bir fohisha bilan jinsiy aloqa qilgan erkakdan "Nokia" tamg‘ali qo‘l telefoni olgan.

"Jamiyat uchun xavf" endi sezildimi?

Tojikiston huquq-tartibot xodimlari "ahloqiy kurash"ga safarbar qilingan

Сурат манбаси, BBC World Service

Сурат тагсўзи, Tojikiston huquq-tartibot xodimlari "ahloqiy kurash"ga safarbar qilingan

Ayrim tahlilchilar Ichki ishlar vazirligi boshlagan "axloqiy jinoyatlar"ga qarshi kurashning dastlabki kunlaridan farqli ravishda endi yirik raqamlar keltirilmayotganligini bu harakatga Xalqaro Amnesti Interneshenl tashkiloti bayonoti ta‘siri bo‘lishi ham mumkin, deyishmoqda. Xalqaro tashkilot "Tojikiston Hukumatini "Axloqiy jinoyatlar"da ayblangan shaxslarga nisbatan ta‘qib va bosimlarni to‘xtatishga chaqirgan edi.

Mazkur bayonotda milisiya xodimlari "axloqiy jinoyatlar" sodir etishda gumonlanib ushlanganlarga nisbatan tahdid, kaltaklash va majburan davolash maskanlariga jo‘natish kabi usullardan keng ko‘lamda foydalanishlari, o‘z vakolatlarini suiiste‘mol qilish-lari ta‘kidlangandi. Bayonotda hibsga olinganlarning nafsoniyatiga tegmaslik zarur, deyilgandi.

Ayni bir paytda Tojikiston Ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda Hamro "axloqiy jinoyatlar"ning jamiyat uchun xavf tug‘dirishini aytgandi. U 5 iyunda fohishalik, qo‘shmachilik, jinsiy qullikka solish va odam savdosi kabi axloqiy jinoyatlar oldini olish va bu jinoyatlarni ochish bo‘yicha shoshilinch yig‘in o‘tkazgandi. Vazir buyog‘iga vazirlik elektron bazasiga bu jinoyatlar bilan ushlanganlar borasidagi ma‘lumotlar, u shaxslar-ning suratlari kiritilishini bildirgandi.

Oradan o‘tgan ikki hafta davomida huquq-tartibot mulozimlari tomonidan o‘tkazilgan tekshirishlar davomida fohishaxona ochgan kishilar, qo‘shmachilar, pornografik materiallarni tayyorlash yo tarqatishda ayblanganlar qo‘lga olinganlar. Ular Tojikiston Jinoiy kodeksining fohishalikka jalb etish va pornografik materiallar yo narsalarni noqonuniy tayyorlash yo tarqatishda ayblanishadi.

Tojikiston qonunlariga ko‘ra fohishalarning o‘zlariga nisbatan jinoiy ish ochilmaydi. Ular fohishalik bilan boshqa shug‘ullanmaslikka so‘z berishadi va qo‘yib yuboriladilar.

Lekin fohishalikda gumon etilayotganlar teri-venerologik klinika yo markazlarida tekshiruvdan o‘tkazilmoqdalar. Ularning barmoq izi olinmoqda, suratga tushirilmoqda.

Fohishalar ayblanadi, ayollarni shu ko‘yga solganlar-chi?

Mahalliy web-saytlarda tojikistonliklarning "axloqiy jinoyatlarga qarshi kurash" kampaniyasiga munosabatlari ko‘rish mumkin. Oddiy tojikistonliklar fohishalik, qo‘sh-machilik kabi hollarni qoralash bilan birga buning oldini olish borasidagi fikrlarini qoldirishmoqda.

"Ular tufayli qancha-qancha oila buzilmoqda. Bu kulfat emasmi? Qancha odam kasallikka chalinmoqda. Bu kulfat emasmi?", deya yozg‘irgan "Aziya-plyus" web-sayti muxlislaridan biri.

"Bu muammoga qarshi muntazam kurash olib borish zarur. Vaqtincha tekshirishlar bilan emas. Biz ko‘p qavatli uyda yashaymiz. Uyda bir nechta fohishaxona bor. Milisiyaga xabar bersang, hech qachon kelib tekshirmaydi…", deydi fohishabozlik muammosini hal etilishiga ishonmaydigan kishi.

"Ayollarni tinch qo‘ying, yaxshisi, ish joylari yaratib bering", deb yozadi bir o‘quvchi.

"Fohishalik o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Uning sabablarini izlang. Ehtiyoj bo‘lgandan keyin taklif ham bo‘ladi. Hisobot berish uchun himoyasiz qizlarnigina jazolash ulardan foydalanayotgan mansabdorlarni jazolashdan osonroq", deya yozgan boshqa bir o‘quvchi.

Boshqa bir o‘quvchining fikricha:

"Besh kun ichida shuncha fohishani ushlash voqelikka to‘g‘ri kelmaydi. Menimcha, ushlaganlar ularning manzillarini oldindan bilishgan".

Ko‘pgina tojikistonliklar fikricha boshqacha kurash yo‘lini tutish zarur. "Buning o‘rniga korrupsiyaga, davlat mulkini talon-taroj qilayotganlarga qarshi kurashing. Rahbar-lik vazifalariga chinakam salohiyatli, halol odamlarni qo‘ying. Yoshlar orasida oilani mustahkamlash uchun tushuntirish ishlari olib boring. Biz kurashyapmiz, deya har bir ayolni axloqsizlikda ayblamang", degan kuyinishlar bor bir xatda.

"Aslida yosh qizlarni yo‘ldan urayotgan, ko‘ngli har hafta yangi ayol tusaydigan harom pul quturtirgan yangi boylarni, mansabdorlarni jazolash kerak", deydi qizini fohisha-likda ayblashgan ona.

Osmon uzoq, yer qattiq

"Ilojim yo‘q edi..."

Сурат манбаси, BBC World Service

Сурат тагсўзи, "Ilojim yo‘q edi..."

Aslida qishloqda yashaydigan, Xo‘jand shahriga kelib, o‘z tanini sotib, pul ishlayotgan 25 yoshli yosh ayolning aytishicha, uni bu yo‘lga kirishga oilalaridagi moddiy yetishmovchilik boshlagan.

"Otam o‘lib ketgan. Onam farroshlik qilib, bizni - to‘rt qizni katta qildi. Katta opam turmushi buzilib, ikki yashar bolasi bilan uyga qaytib keldi. Dasturxonimizda non-choy, qanddan boshqa narsa yo‘q. Ba‘zi kunlar och qolib ketardik. Ishlay desam, ish yo‘q. Rossiyaga ketishga ikki-uchtasidan yo‘lkira uchun qarz so‘ragandim, bermadi. Nima qilay, osmon uzoq, yer qattiq. Meni hech kim tanimaydi, deb Xo‘jandga kelib… Gunoh qilayotganimni o‘ylab, kechalari uyqum qochadi. Qanday pul topib kelayotganimni onam, opam, singillarim bilishmasin, deya qo‘rqaman. Agar, bilib qolishsa… Ayniqsa, onam… Isnodga chiday olarmikanlar?", deydi bu qizgina.

Tahlilchilarga ko‘ra, Tojikistonda fohishalar soni orta borayotganining iqtisodiy sabablari kuchli. Lekin uning boshqa sabablari ham yo‘q emas.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra Tojikistonda ayollar soni erkaklarnikidan ko‘p. Tojikistonlik bir milliondan ortiq erkakning mehnat muhojirligiga, asosan Rossiyaga jo‘nab ketishlari ayollar sonini keskin oshirib yubordi.

To‘ydan so‘ng yosh xotini bilan ikki-uch oy yashagan yigit Rossiyaga ketgach, boshqa bir ayolni topib, o‘z turmush yo‘ldoshini butunlay unutmoqda. Hali uylanmagan yigitlar rossiyalik qizlar bilan nikohdan o‘tib yo o‘tmasdan yashash hollari to‘xtovsiz ko‘payib, o‘n minglarga yetgan.

Ikki xotinlik muammo yechimi bo‘la oladimi?

Yigirma yoshigacha turmushga uzatish an‘ana bo‘lgan Tojikistonda o‘ttiz yoshdan oshgan qizlar soni tobora ko‘payib bormoqda. Yigitlar ikkinchi, uchinchi uylanishda ham bokira qizlar bilan turmush qurish hollari tez-tez uchraydigan holga aylanib qolgan.

Tojikistonda vaqti-vaqti bilan ikki xotinlikni rasmiylashtirish borasida takliflar o‘rtaga chiqib turadi. Bu takliflarni o‘rtaga surayotganlar ikki xotinlik aynan fohishabozlik, qizlarning majbur bo‘lib yomon yo‘lga kirib ketishlari oldini olishiga ishonadilar.

"Aslida bizda norasmiy ravishda ikki xotin bilan yashayotganlar oz emas. Garchi mamlakat Jinoiy Kodeksida ikki yo ko‘p xotinlikka nisbatan maxsus modda bo‘lsa-da, faqat ayrim hollardagina ikki xotinli erkaklar jazoga tortilmoqda. Ayni bir paytda ikki xotinlikni qonuniylashtirish tarafdorlariga qaraganda unga qarshilar ko‘p", deydi mahalliy tahlilchi Bahrom Ne‘matov.

"O‘z tanini sotib, tirikchilik qilishga majbur, natijada jinsiy a‘zolar kasalliklariga uchrab qolgan ayollar aniqlanadi. Lekin nega Rossiyadan ana shunday kasalliklarni yuqtirib, o‘zlarining ayollariga yuqtirayotgan erkaklarga nisbatan hech qanday chora ko‘rilmaydi?", deydi o‘z nomini aytishni istamagan teri kasalliklari bo‘yicha mutaxassis ayol.

"Mamlakatimiz qonunlariga ko‘ra, fohishalik jinoyat hisoblanmas ekan, "axloqiy jinoyatlarga" qarshi kurashda qizlarni, yosh ayollarni ushlashlarni qanday tushunish mumkin. Balki "axloqiy jinoyatlar" atamasini "axloq buzishlar" deb o‘zgartirish zarurdir, deydi mahalliy tahlilchi.

Lekin "axloqiy jinoyatlarga qarshi kurash" nomi ostida kurakda turmaydigan ayblar yopishtirilib, jazoga tortishlarning ko‘payishi mumkinligi aholi orasida eng katta xavotirlikka bois bo‘lmoqda.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002