Biometrik pasportsiz kishini chetga chiqarmaslik uning huquqini poymol qilmaydimi?

Сурат манбаси, none
Prezident Islom Karimovning "O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari haqida" qaroriga ko‘ra, 1 iyuldan keyin biometrik pasporti bo‘lmagan fuqaroning chetga chiqishi mumkin emas. Biometrik pasportsiz avia yoki temir yo‘l chiptasi sotilmaydi.
Vazirlar Mahkamasining shu mazmundagi qarori 6 fevral kuni qabul qilingan.
Biz bilan gaplashgan ba‘zi fuqarolar ushbu xabar chiqqach, Toshkentda va viloyatlardagi pasport stollarida navbatlar avvalgidan ko‘payganini aytishdi.
Jumladan toshkentlik suhbatdoshga ko‘ra, hukumat qarori bugun radioda e‘lon qilingan. Ish xonalarda ham bir necha kundan buyon xodimlarga biometrik pasport olishni tezlashtirish bildirilmoqda.
"Odamlar pasport almashtirishga tushib qolishdi. Chetga chiquvchilar ham ko‘p. Ular pul bilan qisqa muddatga pasport olishga harakat qilishyapti. Narxini kerakli odamlar bilan kelishasiz. Pasport stoldagilar uchun bu qulay bo‘ldi, pasportni 50-100 dollarga qilib beradiganlar bor", deydi u.
Qashqadaryolik fuqaro bildirishicha, aholining qariyb 50 foizigacha pasport olib bo‘lgan. "Lekin yangi qarordan keyin tijorat bilan yoki mardikorlikka Rossiyaga boruvchilar ko‘proq harakat qilib yurishibdi".
Yana bir suhbatdoshga ko‘ra, biometrik pasport olgani bilan uning ichida rus tilida sahifasi bo‘lmagani qiyinchiliklarni tug‘dirgan. Qo‘shimcha qog‘ozlar to‘ldirib ma‘lumotlarni rus tilida yozdirishiga to‘g‘ri kelgan.
Rossiyaga boruvchi o‘zbekistonliklardan biometrik pasportda yozilgan ma‘lumotlarni rus tilida ko‘rsatish talabi qonunga zidligini hamma fuqarolar ham isbotlab berolmaydi. Bunga sabab bir tomondan ularning o‘z huquqlarini bilmasligi bo‘lsa, ikkinchidan rus tilida gaplasha olmasligidir.
Bu esa chetga chiquvchilarning tashvishlarini yana ko‘paytirgan. Rossiyaga ishlashga ketish istagida bo‘lganlar biometrik pasport olishdan tashqari, uni ruscha tarjima qildirishga ham vaqt sarflayaptilar. Rasmiy Toshkent Rossiyada sarson bo‘layotgan fuqarolarining muammosini yechishdan ko‘ra, sukut saqlashni ma‘qul ko‘rmoqda.
Prezident Islom Karimovning 2011 yil yanvar oyidagi farmonida biometrik pasportlarni tarqatishni 2011 yilda boshlash va 2015 yil oxirigacha yakunlash nazarda tutilgan.
Biroq pasport idoralarida pasport berish jarayoniga ulgurilmagani bois, bu amallarni majburan tezlashtirmaslikka qaror qilingan edi.
E‘lon qilingan qarorga ko‘ra, biometrik pasport berish rasman 2015 yilda yakunlansa ham, chetga chiquvchilar uchun bu muddatning 1,5 yil oldin tugatilishi fuqarolarga qog‘ozbozliklardan tashqari yangi muammolar keltirib chiqarishi mumkinligi, ularni tashqariga chiqmasliklariga qarshi chora, deb ham aytilmoqda.
BBC o‘zbekistonlik yurist va inson haqlari faoli Ruhiddin Komilovdan bu jarayon qanday kechayotganligini so‘radi.












