O‘zbekistonning gazi faqat eksportga yetadimi?..

Gaz o‘zbekistonliklar uchun ham orzuga aylanmoqda...

Сурат манбаси, bbc

Сурат тагсўзи, Gaz o‘zbekistonliklar uchun ham orzuga aylanmoqda...

Tojikiston mulozimlari O‘zbekistonga 2014 yildan boshlab gaz ta‘minotini qayta yo‘lga qo‘yishni so‘rab rasmiy maktub yo‘llanganini ma‘lum qilishgan.

Bu haqda Avesta xabar agentligi bilan suhbatda Tojiktransgaz shirkatining boshqaruvchi direktori Saidahmad Sharofiddinov ma‘lum qilgan.

Uning aytishicha, O‘zbekiston tomoni bu haqda ijobiy javob berishiga umid bor.

O‘zbekiston Tojikistonga gaz yetkazib berishni 2012 yilning dekabr oyida to‘xtatib qo‘ygan va bu bilan qo‘shni davlatda gaz bilan ishlaydigan aksar korxonalarni falaj holatiga tushib qolishiga sabab bo‘lgan edi.

Mutaxassislarga ko‘ra, aksariyat inshootlar gaz o‘rniga ko‘mir qo‘llash texnologiyasini o‘zlashtirib olishgan va bugungi kunda mamlakatda ko‘mir qazib olish sur‘ati oshgan.

Ayrim kuzatuvchilar O‘zbekistonning gaz zahiralarini qo‘shnilarga sotish masalasi iqtisodiy manfaatlardan ham ko‘ra, siyosiy bosimning bir yo‘liga aylanib qolganini aytishadi.

Bu kabi bosim Toshkentning ayniqsa Dushanbe bilan munosabatlarida yaqqol namoyon bo‘ladi.

Gaz eksporti va daromadlar sir tutiladi

Gaz asosan Xitoyga sotiladi... Foyda sir tutiladi

Сурат манбаси, none

Сурат тагсўзи, Gaz asosan Xitoyga sotiladi... Foyda sir tutiladi

Mintaqadagi manbalarimizga ko‘ra, O‘zbekistonning o‘zida ham gaz yetishmovchiligi har yili tobora keskinlashib bormoqda.

Viloyatlardagi elektr energiyasidagi uzilishlar mintaqada, hatto qo‘shni Tojikistonda o‘rnatilgan cheklovlardan ko‘ra ham abgorroq qolayotgani aytiladi.

O‘zbekiston hukumati tabiiy zahiralarning, xususan gazning xorij davlatlariga qaysi hajmlarda sotilayotgani va qancha foyda olinayotgani haqida ma‘lumotlarni oshkor etmaydi.

Elektr energiyasi va yo gaz ta‘minotiga doir cheklovlar o‘rnatilishi haqida ham aholi ogohlantirilmaydi.

Bu kabi taqchillik sabablari ham rasman hech qachon tushuntirilmaydi.

So‘nggi yillarda gaz va elektr ta‘minotidagi uzilishlarning surunkali tus olishi joylarda odamlarni uylarini isitish va yoritishning turli usullariga bosh urishga majbur qilgan.

Har yili qish mavsumida ko‘mir va o‘tin narxi ko‘tarilarkan, xususan o‘tgan yildan boshlab gaz balonlardan foydalanish ommaviy tus olgan.

Tahlilchilar O‘zbekiston, xususan, Xitoy oldida gaz sotish borasida olgan majburiyatining bir qismini aholi hisobidan qoplayotganiga ishonishadi.

"Tishni-tishga qo‘yib yashash"

Qashqadaryo viloyati qishloqlariga safar qilgan jurnalistlardan birining anonimlik sharti bilan ma‘lum qilishicha, " aksariyat qishloqlarga qishda borsangiz O‘rta asrlarga tushib qoldim degan fikrga borasiz, gaz haqida gapirmasa ham bo‘ladi, ammo elektr energiyasi "o‘tmishdan ertaklar"ga aylanib bormoqda. Hatto bahor va yoz mavsumida ham elektr ta‘minotidagi uzilishlar oddiy holga aylanib qolgan".

Ana shu qishloqlardan birida yashaydigan nafaqaxo‘r shifokorning aytishicha, hamma "tishini tishiga qo‘yib" o‘tiribdi.

"Nima ham qilamiz? Qo‘lidan ish keladigan erkaklarning bari Rossiyaga ketishgan. O‘zimiz qolganmiz. Hayriyat, pul jo‘natib turishadi. Shunga ko‘miru o‘tin g‘amlab olamiz. Yaqinda bir guruh qariyalar ayollarni boshlab tuman hokimiyatiga boradigan bo‘ldik. Mahalladagi faollar bir narsa debdimi, hokimiyatdan bir yigit keldi. To‘polon qilmanglar, liniyani ta‘mirlashayapti, ikki hafta ichida svet o‘chmaydigan bo‘ladi deyishdi...Bunga uch hafta bo‘ldi", deydi qashqadaryolik shifokor.

Avvalroq "Ezgulik" inson huquqlari guruhi O‘zbekiston aholisini gaz va elektr bilan ta‘minlash masalasini mamlakat parlamentining navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga kiritishga chaqirgan edi.

Tashkilot shuningdek, mamlakatdagi huquq himoyachilarini bu boradagi "o‘ziga xos petitsiya"ga qo‘shilishga da‘vat qilgan.

Bu kabi da‘vatga aholi vakillaridan gaz va elektr ta‘minoti borasida kelib tushayotgan shikoyatlarning ko‘paygani, mutasaddi tashkilotlarning esa chora ko‘rmayotgani sabab bo‘lgan.

Guruh tarqatgan xabarda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanidagi vaziyat misol qilib keltiriladi.

Boyovut tumani G‘alaba jamoa xo‘jaligida yashovchi 84 nafar fuqaro imzo qo‘ygan shikoyatda aytilishicha, qishloq ahli hozirda og‘ir ahvolda qolgan.

"Hozirgi kunda na svetimiz, na gazimiz yonmoqda. Maktablarimizda bolalarimiz sovuqda qolgan. Ahvolimiz og‘ir, bolalarimiz sovuqdan tez-tez shamollab qolmoqda. Kechalari esa bolalarning dars tayyorlashi uchun svet yo‘q. Qariyalarimiz kasalmand bo‘lib azob chekmoqdalar. Aksariyat kishilarning kommunal to‘lovlardan qarzi yo‘q", - deya fuqarolar shikoyatidan iqtibos keltiradi "Ezgulik".