"O‘zbekiston eski mashina yangisidan qimmat turadigan yagona davlat bo‘lsa kerak"

Сурат манбаси, none
- Author, Shodiyor Saif
- Role, BBC, Olma-ota
Eurasianet.org saytida chop etilgan tahliliy maqola ana shunday boshlanadi. Muallif mahalliy ishlab chiqaruvchining o‘ziga xos monopoliyasi va o‘xshashi yo‘q shartlar haqida yozadi.
Toshkentda ur yiqit bilan shartnoma tuzib bir yildan keyin olinadigan neksiya, matiz rusumli mashinalarni chegaraning bu tomonidagi 100 chaqirim masofada joylashgan Chimkentda salondan o‘sha paytning o‘zida va arzon narxda tanlab olish mumkin.
Eurasianet.org sayti so‘nggi haftalarda Toshkentdagi dillerlik markazlarida yuzaga kelgan navbatlar haqida yozadi. Ijtimoiy tarmoqlar va axborot saytlarida olomonning shartnoma tuzish uchun o‘zini binoga urishi va oyoq ostida qolib ketgan odamlar aks etgan videolar chiqib ketgan edi.
Maqolada yozilishicha, 2011 yili "Shevrole" rusumidagi avtomobillarning ulushi O‘zbekistonda sotilgan yangi avtomobillarning 94 foizini tashkil qilgan. Bu General Motorsning sotiladigan barcha bozorlar ichida eng yuqori ko‘rsatgichdir.
"O‘zbekiston hukumati General Motorsning o‘zini shoxdek qilishi uchun barcha shart sharoitlarni muhayyo qilib qo‘ygan", - deydi muallif. Bojxona to‘lovlari shunday tashkil qilinganki, O‘zbekistonga kirib kelmoqchi bo‘lgan xorij avtosi 2 barobar qimmatlashadi. Buning natijasida General Motors o‘zi istagan narx va sharoitlarda mashinani sotadi.
Shirkatning 75 foizlik ulushiga egalik qiluvchi "O‘zavtasanoat" mashinalarning narxini har yili oshiradi. Bu yil o‘rta qatlam orasida mashhur bo‘lgan Neksiya va Matizlarning narxi 28 va 26 foizga qimmatladi. Boz ustiga ushbu mashinalarni olish uchun mashinaga belgilangan summaning 85 foizi oldindan to‘lanadi. Mashina tayyor bo‘lganidan keyin esa qolgan 15 foiz to‘lanadi.
Odatda shartnoma imzolangandan keyin mashina eng kam 6 oy muddatning ichida salonga keltiriladi. Ammo ko‘pincha mashinalar keyingi narx oshgan muddatgacha xaridorning qo‘liga berilmay turiladi. Narx oshgandan keyin xaridor oradagi farqni to‘lab mashinasini oladi. Ushbu shartnoma olish uchun ham gohida pora berishga to‘g‘ri keladi.
O‘zbekistonning shundoq yon qo‘shnisi bo‘lgan Qozog‘iston General Motorsning Neksiya va Matiz mashinalari doimiy xaridori. Biroq bu yerda narxlar har yili oshmaydi va O‘zbekiston bilan solishtirganda sezilarli darajada arzon turadi.
"Boshlang‘ich komlektlari bilan mashina sotuvda turibdi, to‘liq komlektli mashina kelasi hafta keladi. Boshlang‘ich komplektni 1 million 388 ming tanga yoki 9130 dollarga, to‘liq komlektni konditsioneri bilan 1 million 666 ming tanga yoki 10 950 dollarga olish mumkin", - deydi Olmaotadagi salon xodimasi.
O‘zavtasanoat Qozog‘istonda hali rebrending o‘tkazmagan. Salonlarda mashinalar uzdevu markasi ostida sotiladi.
Huddi shu narxlarni Toshkentdan 100 chaqirim masofada joylashgan Chimkentdagi avtasalonda ham aytishdi. Avtasalon xodimiga ko‘ra sotuvda bo‘lgan istalgan rang va komplektdagi mashinani tanlash mumkin. Agar salonda bo‘lmasa uzog‘i bilan ikki haftaning ichida O‘zbekistondan olib kelinadi.
Ayni shu mashinalarni O‘zbekistonda 13 ming dollardan 17 ming dollargacha olish mumkin. Eng e‘tiborli tomoni shundaki sotib olishda qiyinchiliklar tufayli O‘zbekistonda minilgan mashinalar salondagi bir yil kutib olinadigan mashinalardan qimmat yuradi.
Eurasianet.org saytidagi maqola muallifi eksportga chiqarilidagan narxlarning O‘zbekistondagi narxlar bilan solishtirganda qimmatligini davlat byudjetiga dollar kerakligi bilan izohlaydi.
Biroq O‘zavtasanoat ayrim mashinalarni mamlakat ichida dollarda sotishni ham yo‘lga qo‘ygan. Biroq ushbu mashinalarni ham Qozog‘istondagi narxlar bilan solishtirganda 60 foiz qimmatligini ko‘rish mumkin.












