Rossiya bosimiga qaramasdan O‘zbekiston prezidenti maslahatchisi YeI bilan aloqalarni qo‘llab-quvvatladi

Sobiq O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov

Surat manbasi, Getty Images

O'qilish vaqti: 5 daq

Moskva tanqidlariga qaramasdan, sobiq O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Markaziy Osiyoning Yevropa Ittifoqi bilan hamkorligini himoya qildi.

Bugungi kunda O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xavfsizlik Kengashi kotibi o‘rinbosari, O‘zbekiston prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili lavozimlarini egallab turgan Abdulaziz Komilov "Yuzma-yuz+" loyihasiga intervyu berdi.

U Rossiyaning Bryussel bilan sherikchilik chuqurlashtirilayotganiga bildirayotgan tanqidlarini rad etib, Markaziy Osiyoning Yevropa Ittifoqiga tomon burilishini qattiq himoya qilib chiqdi.

Kuzatuvchilar O‘zbekistonning 1994-2003 va 2012-2022 yillari tashqi ishlar vaziri bo‘lgan tajribali diplomat Abdulaziz Komilovning ushbu suhbati Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqining dastlabki sammiti ortidan Rossiyada mintaqaviy strategik qayta qurish borasida bezovtalik ortib borayotgan vaqtga to‘g‘ri kelganiga e’tibor qaratmoqdalar.

"Markaziy Osiyo mamlakatlarining siyosati juda pragmatik siyosat. Mana solishtirib ko‘ring: Markaziy Osiyo beshta davlat, Yevropa Ittifoqi 28 ta davlat. Yevropa Ittifoqining byudjeti taxminan 19 trillion dollar. Albatta, bizning pragmatik manfaatimiz bor va biz ular bilan, qandaydir sharhlar bo‘ladimi, bo‘lmaydimi, kimgadir yoqadimi, yoqmaydimi, biz ana shu hamkorlikni davom etamiz", dedi Abdulaziz Komilov.

"Tarixda birinchi marta hamma Markaziy Osiyo davlatlari bir bo‘lib, yagona sub’ekt bo‘lib, o‘zlarining yangi mavqe’ini namoyish qilayapti. Bu mavqe’ni xalqaro hamjamiyat tan olayapti", dedi janob Komilov.

O‘zbekiston prezidentining tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisining ushbu izohlari Yevropa yetakchilari bilan o‘tkazilgan qator yuqori darajadagi mintaqaviy sammitlar ortidan yangradi.

Bu sammitlar Markaziy Osiyoning xalqaro maydonda tobora faollashib borayotganini ko‘rsatdi.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Mintaqa rahbarlari 30 may kuni Ostonada bo‘lib o‘tgan birinchi Markaziy Osiyo–Italiya sammitida va joriy yil aprelida Samarqandda o‘tkazilgan Markaziy Osiyo–YeI sammitida ishtirok etdilar.

Bu sammitlarda mintaqa Yevropa Ittifoqidan 12 milliard Yevro miqdorida mablag‘ olishga erishdi va hamkorlik strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi.

Janob Komilovning YeI bilan hamkorlikni himoya qilishi Rossiya tomonidan Markaziy Osiyoning G‘arbga qarab yuzlanishiga bildirilgan tanqidlarga javob sifatida ko‘rilmoqda.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov YeI sammitidan ikki hafta o‘tib, 24 aprel kuni Samarqandga tashrif buyurib, Yevropaning mintaqadagi siyosatini keskin tanqid qildi.

"Bryusseldagi Yevropa Komissiyasi rahbariyati ayniqsa ajralib turadi. Ular mintaqada ochiqdan-ochiq aksilrossiya kayfiyatidagi o‘z dasturlarini ilgari surishmoqda", — degan edi Lavrov o‘sha matbuot anjumanida.

Rossiya vaziri Moskva Markaziy Osiyoga nisbatan "YeI va AQSh tomonidan ideologik yoki siyosiy bosim" o‘tkazilishiga mutlaqo qarshi ekanini ta’kidladi.

29 may. Meloni Samarqandda, Mirziyoyeva Kremlda

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni bilan Samarqand Registonida

Surat manbasi, Telegram/President Shavkat Mirziyoyev press service

Italiya Bosh vaziri Jorja Melonining Qozog‘iston va O‘zbekistonga safaridan ko‘zlangan maqsad, yaqindagi Yevropa Ittifoqi-Markaziy Osiyo muloqotini yanada chuqurlashtirish, Italiyaning Yevropa Ittifoqidagi muhim o‘yinchi sifatidagi mavqe’sini oshirish deb talqin etilayapti. Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashgan vaqtda prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva hamda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Kremlda Rossiya prezidenti ma’muriyati mas’ullari bilan uchrashdilar.

Specialeurasia.com nashri Italiya bosh vazirining Markaziy Osiyoga rasmiy safari tahliliga bag‘ishlangan maqola e’lon qildi.

Maqolada Rim O‘zbekistonga mintaqaviy bozorning darvozasi va sanoat hamkorligini yo‘lga qo‘yishning bazasi deb qarayotgani ta’kidlanadi.

Aksar tahlilchilar fikricha, AQShda Tramp hokimiyatga kelganidan keyin Yevropa Ittifoqi Ukraina urushida Rossiyaga qarshi turishda Amerika qo‘llab-quvvatlovisiz qolishi mumkinligini va buyog‘iga o‘zlari mustaqil harakat qilishlari lozimligini angladi.

Ushbu mustaqil harakat amallaridan biri Markaziy Osiyo mamlakatlarini Rossiyaning tajovuzkor urushida ko‘maklashishdan qaytarish bo‘lishi mumkin.

"Italiya hukumati ushbu vizitga Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyoga ta’sirini charxlash va Rossiya hamda Xitoy bosimlariga muvozanat yasash uchun strategik imkoniyat deb qaraydi", deb yozadi Specialeurasia.com siyosiy tahlilchisi.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Shu yilning 3-4 aprel kunlarida Samarqand shahrida "Yevropa Ittifoqi- Markaziy Osiyo" ilk sammiti o‘tkazildi.

Unda mintaqa mamlakatlari prezidentlari, Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula von der Lyayen, Yevropa Kengashi Prezidenti Antoniu Koshta ishtirok etdilar.

Yevropa Ittifoqi o‘zining Global Gateway tashabbusi doirasida mintaqaga 12 milliard dollarlik sarmoya kiritish istagini bildirdi.

Sammitda o‘zaro munosabatlarni yanada chuqurlashtirish, xavfsizlik tahdidlariga birgalikda qarshi turish, iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib olindi.

Muvozanat siyosati

Saida Mirziyoyeva va Anton Vayno

Surat manbasi, Telegram/Saida Mirziyoyeva

Surat tagso‘zi, O‘zbekiston prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva va Rossiya prezidenti ma’muriyati rahbari Anton Vayno

Ukrainaga to‘laqonli bosqin boshlaganidan keyin Rossiya siyosatchilarining bayonot ohanglari qo‘pollashgan, ilgari tasavvur qilinmagan odob va diplomatiya doiralaridan chiqish tobora ko‘p kuzatilayapti.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin SSSR parchalanishini "fojea" deb ta’riflagan, Ukrainaga bosqinini imperator Pyotr I ning Rossiya hududlarini kengaytirish harakatlariga qiyoslagan.

Yaqinda SSSR qonun nuqtai nazaridan bo‘linmagan degan bayonot ham yangradi.

Ana shu manzarada aksar tahlilchilar Kremlning sobiq sovet respublikalarini hamon o‘zining ta’sir doirasidagi hudud deb ko‘rib bepisand munosabat qilishi, mustaqil respublikalar rahbarlariga bosimi kuchayayotganini urg‘ulaydilar.

Buni Rossiyaning Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston bilan yuz bergan so‘nggi hodisalar misolida ko‘rish mumkin.

AQShda Tramp hokimiyatga kelganidan keyin hatto Qozog‘iston Prezidenti Toqaevning bayonot ohangi o‘zgardi, deydi siyosiy tahlilchi Alisher Ilhomov.

O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov va Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov

Surat manbasi, Facebook/Sherzod Asadov

Surat tagso‘zi, O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov va Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov

Ana shu murakkab vaziyatda muvozanatli siyosat yuritish zarur, O‘zbekiston prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva va prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning Kremlga tashrifi ana shunday qadamlardan biri deb talqin etilayapti.

Saida Mirziyoyeva Rossiya prezidenti ma’muriyati rahbari Anton Vayno bilan uchrashgani haqida xabar qildi.

"Bugun O‘zbekiston delegatsiyasining Moskvaga tashrifi doirasida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Administratsiyasi Rahbarining o‘rinbosari - Prezident Matbuot kotibi Dmitriy Peskov bilan uchrashdim", deb yozdi O‘zbekiston prezidentining matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘zining Facebook sahifasida.

Ko‘pchilik kuzatuvchilar "Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo" sammitidan keyin rossiyalik mulozimlarning O‘zbekistonga tashrifi ko‘payganiga e’tibor qaratadilar.