Muhammad Deyf o'ldirildi - Hamas tepasidagi liderlar kim o'zi? Video

BBC
Ўқилиш вақти: 8 дақ

Hamas 7 oktyabr, shanba kuni erta tongda Isroilga qarshi keng ko'lamli va puxta o'ylangan hujum uyushtirganidan beri butun dunyo Isroil razvedka idoralarini dog'da qoldirgan bu tashkilot etakchilariga qiziqmoqda.

G'azo sektorini nazorat qiluvchi Falastin jangari guruhi bo'lmish Hamasning ko'plab yuqori martabali shaxslari ba'zan OAVda yuzlarini yashirgan holda paydo bo'ladi. Tashkilotning bir qancha nufuzli a'zolari esa umrlarining ko'p qismini Isroil razvedka xizmatlaridan yashirinib o'tkazgan.

Biroq, bu ulardan kamida ikkitasi Rossiyada izzat-ikrom bilan qabul qilinishiga to'sqinlik qilmadi.

BBC Hamasning eng ko'zga ko'ringan etakchilari - siyosiy arboblari va Izziddin al-Qassam brigadasining harbiy qo'mondonlari bilan tanishtiradi.

Muhammad Deif

MEDIA SOURCES

Сурат манбаси, MEDIA SOURCES

2024 yil 31 iyulida Isroil harbiylari xabar qilishicha, 13 iyuldagi Xon Yunisga havo hujumida Hamasning harbiy rahbari Muhammad Deyf halok bo'lgani tasdiqlandi.

Muhammad Deyf Xon Yunisdagi qarorgohida nishonga olingan, dedi Isroil harbiylari.

Hamas harakati Muhammad Deyfning o'limi xabarini tasdiqlagani yo'q.

Deyfning haqiqiy ismi Muhammad Diab al-Masri (shuningdek, Abu Xolid yoki Ad-Deyf nomi bilan ham tanilgan). U Hamasning harbiylashtirilgan qanoti, Izziddin al-Qassam brigadasiga rahbarlik qiladi. U 1965 yilda G'azoda tug'ilgan.

Falastinliklar uni Hamasning "miyasi" deb atashadi; isroilliklar uni "O'lim xabarchisi" yoki "To'qqiz jon bilan kurashuvchi" sifatida bilishadi.

Deyf G'azo Islom universitetida bakalavr darajasini olgan. Talabalik yillarida u aktyorlikka (umuman teatrga) mehr qo'yganligi bilan tanilgan va hatto u erda teatr guruhini ham tuzgan.

1987 yilda Hamas tashkil etilgani e'lon qilinganida, Deyf birinchilardan bo'lib uning safiga qo'shildi. 1989 yilda u Isroil hukumati tomonidan hibsga olingan va 16 oyni panjara ortida o'tkazgan.

Qamoqxonada Deyf Zakariyo Ash-Shorbagi va Saloh Shahada bilan isroillik askarlarni qo'lga olish maqsadida xuddi shu Al-Qassam brigadasini Hamasdan alohida tuzishga kelishib oldi.

Qamoqdan ozod bo'lgan Deyf turli xil Izzid-Din al-Qassam brigadalarini yagona harbiy tuzilmaga birlashtirdi va (bir nechta brigadalar rahbarlari bilan birga) uning asoschilaridan biriga aylandi.

Shuningdek, u nazorat-o'tkazish punktlarini chetlab o'tib, Isroil hududiga kiradigan tunnellar qurish sxemasini ishlab chiqdi va yana ko'proq raketalar bilan hujum qilish taktikasini yoqlardi.

Biroq, unga qo'yilgan eng jiddiy ayb - 1996 yil boshida terror hujumlari uchun bomba yasagan (avtobus portlashida taxminan 50 isroillik halok bo'lgan) Yahyo Ayyoshning o'ldirilishiga javoban bir qator "javob operatsiyalari" rejasini ishlab chiqqani va uni amalga oshirishga rahbarlik qilganidir. Shuningdek, 1990-yillar o'rtalarida uchta isroillik askarni asirga olish va o'ldirishda ishtirok etgan.

2000 yilda Isroil rasmiylari uni qo'lga olib, yana qamashdi, ammo Deyf Ikkinchi Intifada boshida qochishga muvaffaq bo'ldi va o'shandan beri u haqida deyarli hech narsa ma'lum emas: u o'zidan iz qoldirmaslikka harakat qiladi.

Deyfning faqat uchta surati isroilliklarga ma'lum: biri ko'p yillar oldin, u hali juda yoshligida olingan; boshqasida uning yuzi niqob bilan yashiringan; uchinchisida faqat uning soyasi ko'rinadi.

Uning hayotiga qilingan ko'plab suiqasdlardan eng jiddiysi 2002 yilda bo'ldi: Deyf mo''jizaviy tarzda tirik qoldi, ammo yaralangani natijasida bir ko'zini yo'qotdi. Isroil rasmiylariga ko'ra, boshqa suiqasd urinishlari natijasida u bir oyog'i va qo'lidan ham ayrilgan, shuningdek, gapirishga qiynaladigan bo'lib qolgan.

2014 yilda Isroilning G'azo sektorida qariyb sakkiz hafta davom etgan operatsiyasi chog'ida isroillik harbiylar uning xotini va ikki farzandini o'ldirgan, biroq Deyfning o'zi yana qochishga muvaffaq bo'lgan.

U «Masxaraboz» spektaklida shu nomdagi obrazni o'ynagani uchun "Abu Xolid" laqabini olgan. Haqiqiy Abu Xolid tarixiy shaxs bo'lib, ilk o'rta asrlarda yashagan shaxsdir.

«Deyf» so'zining o'zi arabcha «mehmon» degan ma'noni anglatadi. Hech erda muqim turmagani uchun u o'ziga shu taxallusni olgan. Isroil razvedka xizmatlari uni topa olmasligi uchun har tunni yangi joyda o'tkazadi.

Marvan Issa

MEDIA SOURCES

Сурат манбаси, MEDIA SOURCES

Марван Исса ёки "соя одам" - Муҳаммад Дойфнинг ўнг қўли. У Иззиддин ал-Қассам бригадаси бош қўмондони ўринбосари, Ҳамас сиёсий кенгаши ва ҳарбий бюроси аъзоси.

"Birinchi intifada" vaqtida Hamas bilan aloqalari tufayli Isroil razvedka xizmatlari Issani besh yil hibsda ushlab turgan.

Isroilda u tirik ekan Hamas bilan "intellekt urushi" g'alaba bilan tugamasligini bilishadi, chunki Issa "plastmassadan metall yasay oladigan darajada aqlli".

Yoshligida u yaxshi basketbolchi bo'lishiga umidlar bor edi, biroq uning sport karyerasi natija bermadi, chunki 1987 yilda Isroil razvedka xizmatlari tomonidan Hamas bilan aloqadorlikda ayblanib hibsga olingan edi.

Oradan 10 yil o'tib, 1997 yilda, bu safar Falastin ma'muriyati tomonidan yana hibsga olindi va uch yildan so'ng, 2000 yilda, Ikkinchi intifada boshlanganida ozod qilindi.

Qamoqdan chiqqanidan keyin Issa Al-Qassam brigadasi harbiy tuzilmasini rivojlantirishda muhim rol o'ynadi.

Hamasdagi yuqori mavqei tufayli u Isroilning eng ko'p qidirilayotganlar ro'yxatiga kiritilgan. 2006 yilda Hamas harbiy rahbariyati yig'ilishida Isroil razvedka xizmatlari unga suiqasd uyushtirdi, natijada Issa og'ir yaralangan, ammo tirik qoldi.

2014 va 2021 yillarda G'azo sektoriga to'liq miqyosli bosqinlar paytida Isroil uchoqlari uning uyini ikki marta nishonga olib vayron qilgan. Natijada Issaning ukasi halok bo'ldi, uning o'zi yana o'limdan qutilib qoldi.

U Isroil tomonidan ozod qilingan mahbuslar Falastin rasmiylari bilan ko'rishganda olingan guruh fotosuratida paydo bo'lguncha, ya'ni 2011 yilgacha razvedka xizmatlari uning tashqi ko'rinishini ham bilmas edi. O'shanda Isroil besh yildan ortiq vaqt Hamas qamoqxonasida saqlangan askar Gilad Shalit evaziga ming mahbusni ozod qilgan edi.

U shuningdek, Isroil razvedka xizmatlariga Abu Al-Bara nomi bilan ham ma'lum. Ular uning so'nggi o'n yil ichida bir qator hujumlarni, jumladan, oxirgi hujumni tayyorlashda shaxsan ishtirok etganiga shubha qilishmaydi."

Falastinliklarning zarbasi qanchalik kuchli bo'lgani, bunday keng ko'lamli bosqinning qanchalik tashkil etilganligi va zarba beruvchi bo'linmalarining razvedka va texnik yordam guruhlari bilan aniq muvofiqlashtirilganligi, shuningdek, jangarilarning aholi punktlari va harbiy ob'ektlarga bostirib kirishi - bularning bari, isroilliklarga ko'ra, "Soya odam" ushbu operatsiyani rejalashda ishtirok etganidan dalolat beradi.

Yahyo Sinvar

Getty Images

Сурат манбаси, Getty Images

Hamas harakati etakchisi va uning G'azo sektoridagi Siyosiy byurosi rahbari Yahyo Ibrohim As-Sinvar 1962 yilda tug'ilgan. U Isroilning ehtimoliy agentlarini aniqlash va Isroil razvedkasi va razvedka xizmatlari a'zolari ortidan josuslik qilish uchun «Majd» nomi bilan mashhur Hamas xavfsizlik xizmati asoschisidir.

Sinvar uch marta hibsga olingan. Birinchi marta 1982 yilda to'rt oy ma'muriy qamoqqa olingan.

1988 yilda Sinvar uchinchi marta hibsga olindi va to'rt marta umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Biroq u jazo muddatini o'tayotganda isroillik askar Gilad Shalit Hamas tomonidan asirga olingan edi.

Shalit normal inson edi, uni "hammaga yoqadigan odam" deb ta'riflashardi. Odamlar uni o'z aka-ukasi yoki o'g'liday ko'rardi, jamoatchilik Isroil hukumatiga uni ozod etish uchun lozim barcha amalga qo'l urish kerak deya bosim qildi.

Mahbuslarni almashish yo'li bilan kelishuvga erishildi. Bunga ayrim falastinliklar "Ozod bo'lganlar sadoqati" deb nom berishdi. Ozod bo'lganlar qatorida Fatah va Hamas harakati a'zolari bo'lgan ko'plab mahbuslar bor edi. Ular orasida Yahyo Sinvar ham bo'lib, u 2011 yili ozod qilingandi.

Ozodlikka chiqqanidan so'ng u harakatning ko'zga ko'ringan yetakchilari qatorida yana Hamas siyosiy byurosida o'z o'rnini egalladi.

2015 yil sentyabr oyida AQSh Kongressi Sinvarni "xalqaro terrorchilar" ro'yxatiga kiritdi.

2017 yil 13 fevralida u Ismoil Haniya o'rniga G'azo sektoridagi Hamas siyosiy byurosi rahbari etib saylandi.

Abdulloh Barg'usiy

AFP

Сурат манбаси, AFP

Barg'usiy 1972 yilda Quvaytda tug'ilgan, ammo Ko'rfazdagi Ikkinchi urushdan keyin 1990 yilda Iordaniyaga ko'chib o'tgan.

Iordaniya fuqaroligini olgach, u Janubiy Koreya universitetiga o'qishga kirdi va u erda uch yil davomida elektrotexnika bo'yicha tahsil oldi. U erda u portlovchi moddalar ishlab chiqarishni o'rgandi, lekin oxir-oqibat unga Falastin hududlariga kirishga ruxsat berilganini bilgach, diplom olmadi.

Atrofidagilarga uning bomba tayyorlash mahorati sir bo'lib qoldi. Bir kuni G'arbiy Sohildagi chekka hududga borib, amakivachchasi Bilol Al-Barg'usiyga nima qila olishini ko'rsatdi. Bilol ko'rganlarini qo'mondoniga aytgach, Abdulloh Barg'usiyni al-Qassam brigadasi safiga taklif qilishdi.

U erda Abdulloh Muhandis laqabini oldi, chunki u nafaqat detonatorlarni tayyorlardi, balki portlovchi moddalar va kartoshkadan zahar ishlab chiqarishni ham yo'lga qo'ydi.

Barg'usiy o'z shahri omborlaridan birida harbiy zavodni jihozlagan.

2003 yilda u Isroil maxsus kuchlari tomonidan tasodifan hibsga olindi va uch oy davomida so'roqqa tutildi.

Barg'usiy o'nlab isroilliklar o'ldirilganida shaxsan javobgar ekanligiga ishoniladi va unga qarshi ikkinchi sudda ko'plab qurbonlarning oila a'zolari ishtirok etdi.

U Isroil adliya tarixidagi eng uzun qamoq jazosini oldi - ehtimol, butun adliya tarixida: 67 karra umrbod qamoq jazosi va yana 5200 yillik qamoq jazosi.

Bir muncha vaqt u bir kishilik kamerada saqlangan, ammo u erda ochlik e'lon qilgach uni kameradan chiqarishdi.

Barg'usiy qamoqxonada xuddi shu nomdagi kitob yozib, o'zini "Soya shahzodasi" deb atagan. U erda u o'z hayoti va boshqa mahbuslar bilan qilgan ishlari haqida gapiradi - Isroil harbiy nazorat punktlari orqali portlovchi moddalarni olib o'tishi, masofadan turib portlatishlar va hokazo.

Ismoil Haniya

Reuters

Сурат манбаси, Reuters

Сурат тагсўзи, Исмоил Ҳания Ҳамас ҳаракатининг сиёсий бюроси раҳбари ва ўнинчи Фаластин Маъмурияти ҳукуматининг Бош вазири

Ismoil Haniya seshanba kuni Eron poytaxti Tehronda o'ldirildi. Yangi Eron prezidentining qasamyod marosimiga kelgan Haniyani Isroil aniq nishonli raketa bilan o'ldirgani ishoniladi, ammo Isroil xorijiy xabarlarni izohlamaslik va'ji bilan munosabat bildirmadi.

Abu Al-Abd laqabli Ismoil Abdussalam Haniya falastinlik qochqinlar lagerida tug'ilgan. U Hamas siyosiy byurosi rahbari va o'ninchi Falastin ma'muriyati hukumati Bosh vaziri bo'lgan.

1989 yilda Isroil uni uch yilga qamadi va bu muddatdan so'ng Haniya (bir qator Hamas yetakchilari bilan birga) Isroil va Livan o'rtasidagi neytral hudud bo'lgan Marj az-Zuhurga olib ketilib, u erda yana bir yil o'tirdi.

Shundan so'ng u G'azoga qaytib keldi va 1997 yilda Hamas harakatining ma'naviy rahbari Shayx Ahmad Yasinning kotibi va o'ng qo'li bo'ldi, bu uning mavqeini sezilarli mustahkamladi.

2006 yil 16 fevralda Hamas Haniyani Falastin Ma'muriyati Bosh vaziri etib tayinladi va u o'sha oyning 20-kunida o'z lavozimiga kirishdi.

Bir yil o'tib, Haniya hukumati Falastin milliy ma'muriyati prezidenti Mahmud Abbos tomonidan tarqatib yuborildi, biroq Hamas bu qarorni noqonuniy deb e'lon qildi va vazirlar mahkamasi o'z ishini davom ettirdi va G'azo sektori ustidan amalda nazoratni qo'lga oldi.

U yerda hokimiyat uchun qonli kurash Abbos boshchiligidagi Fath harakati G'azodan haydab chiqarilguniga qadar bir hafta davom etdi. Biroq o'shandan beri Haniya bir necha bor Fathni sulhga chaqirgan.

2017 yil 6 may kuni u Hamas Siyosiy byurosi rahbari etib saylandi va aynan shu maqomda 2022 yilda Rossiyaga bordi va u erda Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov tomonidan qabul qilindi. Hamas "tashqi siyosatda Rossiya bilan ko'plab mushtarak pozitsiyalarga ega", dedi Lavrov.

U Davlat Dumasi deputatlari bilan ham gaplashgan va hatto Qozonga borib, u yerda Tatariston rahbari Ruslan Minnixanov bilan ham uchrashgan.

To'rt yil avval AQSh Davlat departamenti Haniyani terrorchi deb e'lon qilgan edi.

Ўтказиб юборинг YouTube пост
Google YouTube контентига рухсат бериш

Айни мақолада Google YouTube томонидан тақдим қилинган контент мавжуд. Биз бу контент юкланмасидан аввал сизнинг розилигингизни сўраймиз, чунки улар куки ва бошқа технологиялардан фойдаланган бўлиши мумкин. Сиз Google YouTube ҳаволасида кукиларга доир ва шахсий маълумотларга оид қоидалар ҳақида аввал ўқиб, кейин қабул қилишга рози бўлишингиз мумкин. Кўриш учун “қабул қилиш ва давом этиш”ни танланг.

Огоҳлантириш:Учинчи манба материалида реклама бўлиши мумкин

Охири YouTube пост

Xolid Mash'al

AFP

Сурат манбаси, AFP

Xolid Mash'al, ya'ni "Abu al-Valid" 1956 yilda G'arbiy Sohildagi Silvad qishlog'ida tug'ilgan. U yerda u boshlang'ich ta'limni oldi, lekin oilasi ko'chib borgan Quvaytda maktabni tugatdi.

Mash'al Hamas asoschilaridan biri bo'lib, u tashkil topganidan beri harakat yetakchilari qatorida. 1996-2017 yillarda Hamas Siyosiy byurosi Prezidiumini boshqargan, 2004 yilda Shayx Ahmad Yasin vafotidan keyin esa harakat rahbari etib tayinlangan.

1997 yilda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu shaxsan Isroil razvedkasidan (Mossad) Xolid Mash'alga suiqasd rejasini ishlab chiqishni so'ragan. Oradan ko'p o'tmay, 10 nafar Mossad agenti Mash'al o'sha paytda istiqomat qilayotgan Iordaniyaga soxta Kanada pasportlari yordamida kirib, Ammanda uni zaharlashga uringan.

Iordaniya hukumati suiqasddan xabar topgan va Mossadning ikki zobitini hibsga olgan. Keyin Iordaniya qiroli Husayn Isroil Bosh vaziridan ishlatilgan zaharga qarshi dori so'radi, biroq Netanyahu dastlab buni rad etdi.

Suiqasd urinishi kuchli siyosiy tus oldi va AQSh prezidenti Bill Klinton mojaroga aralashib, Netanyahuni Iordaniyaga kerakli antidotni berishga ko'ndirdi.

2006 yil mart oyida Mash'al Hamas delegatsiyasini Moskvaga olib borgan va u yerda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va Butun Rus patriarxi Aleksiy II bilan uchrashgan. Keyingi yili, 2007 yilda Mash'al yana Moskvaga bordi.

Mash'al 2012 yil 7 dekabrida G'azo sektoriga qaytdi. Falastinning Rafah nazorat-o'tkazish punktida uni Falastin ma'muriyati rahbarlaridan iborat delegatsiya kutib oldi va G'azo shahrigacha Mash'alni butun yo'lda uni oddiy falastinliklar qarshiladi.

Mahmud Zahar

Getty Images

Сурат манбаси, Getty Images

Mahmud Zahar 1945 yilda G'azo shahrida tug'ilgan. Otasi falastinlik, onasi misrlik. Bolaligini Misrning Ismoiliya shahrida o'tkazgan.

U butun maktab ta'limini G'azoda oldi, so'ng Qohiradagi Ayn Shams universitetida tahsil oldi, 1971 yilda umumiy tibbiyot bakalavriatini va 1976 yilda umumiy jarrohlik magistri darajasini oldi. O'qishni tamomlagandan so'ng u G'azo va Xon Yunisdagi kasalxonalarda shifokor bo'lib ishladi, to Isroil hukumati uni siyosiy qarashlari uchun ishdan bo'shatgunga qadar.

Zahar Hamas siyosiy rahbariyatining eng nufuzli a'zolaridan biri sanaladi.

1988 yilda, Hamas tashkil etilganidan atigi olti oy o'tgach, Mahmud Zahar olti oyni Isroil qamoqxonalarida o'tkazdi. U, shuningdek, 1992 yilda Isroil tomonidan Marj az-Zuhurga olib ketilgan Falastin yetakchilar orasida edi va ular bir yil davomida kuzatuv ostida yashadilar.

2005 yilda Hamas Falastin ma'muriyatidagi umumiy saylovlarda g'alaba qozonganidan so'ng, Zahar Ismoil Haniyaning yangi hukumatida tashqi ishlar vaziri lavozimini egalladi. Ammo Mahmud Abbos uni Haniya bilan birga iste'foga chiqardi. Shu bilan Falastin ikkiga bo'linib ketdi.

Biroq, bundan oldin ham, Isroil razvedka xizmatlari uning G'azo sektoridagi uyiga salkam 500 kilogrammli bomba tashlaganida, Zahar suiqasddan omon qolgan. Hujumda uning to'ng'ich o'g'li Xolid halok bo'lgan, biroq uning o'zi yengil jarohatlar bilan qutilib qolgan.

2008 yilda Zahar ikkinchi o'g'lidan ham ayrildi: Xossam 15 yanvar kuni G'azo sektori sharqida Isroil reydi paytida o'ldirilgan al-Qassam brigadasining 18 nafar jangarisidan biri edi.

Zahar bir qancha intellektual ocherklar, siyosiy nutqlar va boshqa adabiy asarlar muallifi, jumladan "Zamonaviy jamiyat muammolari... Qur'on nuqtai nazaridan", "Quyosh ostida joy yo'q" (Benyaminga Netanyaxuning "Quyosh ostida joy" kitobiga javoban) va «Yo'lkada» romanini yozgan.

https://t.me/bbcuzbek

BBC.COM/UZBEK

Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002