Fohishalik - kasbmi degan bahslardan muhojir ayollar ogohmi?

Сурат манбаси, Getty
Peterburgning fohishalarga yordam ko‘rsatuvchi "Kumush atirgul" nomli jamoat tashkiloti Adliya vazirligining "seks ishchilari va ularning tarafdorlarining notijoriy hamkorligi"ni ro‘yxatdan o‘tkazishga bosh tortganidan mahkamaga arz qilgan.
"Kumush atirgurl"ning rahbari Irina Maslova gender bo‘yicha mutaxassislar, fohishalar va ularning mijozlari ishtirokida katta mahkama ishini uyushtirishga va‘da bergan.
Bu haqida "Fontanka.ru" ma‘lum qildi.
Bugungi kunda "Kumush atirgul" tashkiloti fohishalarga huquqiy va tibbiy yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. Fohishalar Rossiyada fohishabozlikning rasman man etilgani tufayli hech qanday yuridik yo ijtimoiy mavqega ega emaslar.
Uyushmaga 60 kishi a‘zo bo‘lib kirgan.
Bunday kasb yo‘q
Adliya vazirligi o‘z raddiyasini izohlay turib, tashkilot Rossiya Konstitutsiyasining 29-moddasiga xilof amal qilayotganini aytgan. Bu moddaga ko‘ra, ijtimoiy, irqiy, milliy va diniy nafrat yo adovatni targ‘ib qilish taqiqlanadi.
Undan tashqari, "seks ishchisi" iborasi savollarni uyg‘otgan.
"Umum-Rossiya kasblar va lavozimlar klassifikatorida bunday ishchilar kategoriyasi ko‘zda tutilmagan", – deyildi vazirlik javobida.
"Agora" inson huquqlarini himoya qilish tashkilotining advokati Ilnur Sharapovning aytishicha, agar uyushma noqonuniy amallar, xususan fohishabozlikni uyushtirish bilan shug‘ullanganida edi, buni ro‘yxatdan o‘tkazmaslikni tushunsa bo‘lardi.
"Biroq, "Kumush atirgul"ning maqsadi seks-ishchilarini himoya qilish. Bu ayollar - o‘ta ojiz sinf, ularning jinsiy zo‘rlab, o‘ldirishayapti", - dedi u.
"Kumush atirgul" tashkiloti izohlashicha, seks-ishchisi bu doimiy tarzda turli mijozlar bilan to‘lov evaziga seks bilan shug‘ullanuvchi voyaga yetgan shaxsdir.
Irina Maslova fikrida, Rossiya bo‘ylab uch milliondan ortiq seks-ishchilari bor, biroq ularning birontasi huquqlariga ega emas.
Rossiyada fohishabozlik bilan shug‘ullanuvchi shaxslarning rasmiy statistikasi olib borilmaydi.
Yordam va ta‘lim
Payshanba kuni "Kumush atirgul"ga vakillik qilayotgan advokat Sharapov Sankt-Peterburg tuman mahkamasiga topshirgan arzida tashkilot ro‘yxatdan o‘tishi uchun seks-ishchilari Rossiyaning kasblar klassifikatorida bo‘lishi shart emasligi aytiladi.
Unga ko‘ra, bunday talab "Notijoriy tashkilotlar" qonunida ko‘zda tutilmagan.
Rossiyada fohishabozlik ma‘muriy jinoyat hisoblansada, "fohishabozlik" tushunchasi Rossiya qonunlarida ifodalanmagan.
"Davlat va xalqaro miqyosda tan olinganki, "seks-ishchilari" ojiz guruh hisoblanadi va tibbiy, ijtimoiy, ruhiy va huquqiy yordamga muhtoj. "Kumush atirgul"ning Adliya vazirligiga topshirgan bironta hujjatida bu tashkilot fohishabozlikni uyushtirishi va fohisha uylarini yo yotoqlar ta‘minlab berishi aytilmagan", - deyiladi "Kumush atirgul" arizasida.
"Kumush atirgul" maqsadi, tashkilot nizomiga binoan, seks-ishchilari va ularni qo‘llab-quvvatlovchi shaxslarnning ijtimoiy va huquqiy manfaatlarini himoya qilish, hamda tadqiqot va tushuntirish ishlari olib borishdir.
Bundan bir qancha vaqt avval bir qator websaytlar, va jumladan fergananews.ru Peterburgda "etnik" fohishabozlik ham keng tus olayotgani va fohishalar orasida anchagina O‘zbekistonligu, o‘zbek ayollarining borligi haqida xabar bergan edi.
Fohishalik qilayotgan Markaziy Osiyolik ayollar ko‘pmi?
Sankt Peterburgda mehnat muhojirlariga yordam berish jamg‘armasiga asos solgan Mahmud Mamatmo‘minovning aytishicha, fohishalik bilan shug‘ullangani uchun qo‘lga olinganlar orasida Markaziy Osiyolik ayollar ham bor.
Jamg‘arma ayollarga ko‘mak berish sohasida qator choralarni amalga oshirib keladi. Ayollarga qo‘ldan kelgancha huquqiy maslahat va qo‘llov beriladi.
Mahmud Mamatmo‘minovning aytishicha, agarda erkaklar fohishalar xizmatidan foydalanishmasa, bu ko‘rinishning kamayishiga erishish osonroq bo‘lur edi.












