Sir saqlashni bilasizmi? Autizmga chalingan MI5 razvedka xodimi bilan tanishing

Surat manbasi, Getty Images
Bi-bi-si Londondagi MI5 bosh qarorgohiga kirib, bir yuqori lavozimli razvedka xodimi bilan uchrashishga va u bilan nevrodivergent bo‘lish odamga qanday hissiyot berishi haqida suhbat qurishga muvaffaq bo‘ldi.
Liam milliy xavfsizlik bo‘yicha yuqori darajadagi yig‘ilishni boshqarayotgan edi, ammo to‘satdan nimadir xato ketayotganini tushunib qoladi.
Boshi qattiq og‘riy boshlaydi va u diqqatini yo‘qotadi. Hamkasblari muhokama qilayotgan hujjatlarga e’tibor berishga va suhbatni davom ettirishga, shu bilan birga, telefoniga kelayotgan yangi xabarlarni ko‘zdan kechirishga harakat qiladi.
Biroq, og‘riq kuchaygani sayin, Liam xonadan shoshilinch chiqib ketishga majbur bo‘ladi.
“Men hissiy yuklanishni boshdan kechirdim va ko‘rish qobiliyatimni yo‘qota boshladim,” deydi Liam Bi-bi-si’ning “Access All” podkastida.
“Hamkasblarim meni tuzatishga va o‘zimga keltirishga urinishdi.”
Liam (bu uning haqiqiy ismi emas) ko‘p yillardan buyon MI5’da ishlaydi.

Surat manbasi, Getty Images
U xorijga safar qilgan va ba’zilari Britaniya fuqarolariga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan tahdidlarni oldini olishga qaratilgan murakkab tergov ishlarida qatnashgan.
U har doim ishonchliligi bilan faxrlanib kelgan. Bu razvedka xodimi uchun muhim sifatdir. Biroq vazifalarni bajarish katta stress bilan kechardi.
“Yig‘ilishni tinglash, imeyllarni o‘qish va hisobotda nima yozish haqida o‘ylash — ba’zida men bularning hammasini bir vaqtning o‘zida qilishimga to‘g‘ri kelardi” deydi u.
Liam nimani boshqalaridan ustuvor qo‘yishni aniqlashda qiynalardi va shu sababdan ham ko‘pincha batafsil ma’lumotlarni to‘liq anglay olmasdi.
Yig‘ilishdan keyin Liam ishidan bir oz vaqtga tanaffus olib, bir nechta mutaxassislar bilan suhbatlashdi.
U autizm tufayli yuz bergan kuchli jismoniy va ruhiy charchoq holatini boshdan kechirgani ma’lum bo‘ldi. Bu holat yillar davomida to‘plangan stress tufayli yuzaga kelgan edi.
Ba’zi kunlar u nima sodir bo‘lganini tushunib yetganidan yengil tortardi — ba’zi kunlar esa u yangi ish topishga majbur bo‘lishidan xavotirlanardi.
“Ishlamaslik menga qiyin bo‘ldi,” deydi u. “Men juda charchagan edim, ko‘p fikrlar xayolimda aylanar edi. Odamlar meni qanday qabul qilishlaridan xavotirda edim.”
Xavotirlarga qaramay, Liam ishiga qaytganda hamkasblari uni juda yaxshi kutib olishdi. Unga sog‘liqni saqlash va farovonlik bo‘yicha xizmatlar taklif qilindi, va nevrodivergent odamlarga yordam beruvchi murabbiylar autizm bilan qanday kelishib yashash mumkinligini o‘rgatishdi.
U bir vaqtda bir nechta vazifalar bilan band bo‘lmaslik, kun tartibiga amal qilish va hayotdagi ustuvor qadriyatlari haqida suhbatlashish qanchalik muhimligini o‘rgandi.
Vaqt o‘tishi bilan hammasi osonlasha bordi. Liam nevrodivergent xodimlar tarmog‘iga qo‘shildi va autizm bilan og‘riganligini oshkor qilishdan uyalmaslikka undaldi.
U endi vazifalarni bajarishda o‘zining qanday kuchli tomonlari borligini aniq ko‘ra oladi. U razvedka ishini murakkab jumboqni hal qilishga o‘xshatadi: bunda nevrodivergent odamlar muqobil nuqtai nazarlarni taklif qilishi va bilimdagi bo‘shliqlarni to‘ldirishi mumkin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, uning giperkontsentratsiyasi, kichik tafsilotlargacha e’tiborli bo‘lishi va yaxshi xotirasi ham bu sohada ancha ish bergan.
Koʻpincha ish beruvchilar orasida nevrodivergent holatlar haqida yetarli tushuncha yoʻqligi notoʻgʻri qarashlar va yetarli yordamning yoʻqligiga olib keladi.
Sir saqlash MI5 da ishlashning eng muhim qismi hisoblanadi. Liamning nima ish qilishi haqida esa faqat uning yaqin oilasi biladi, xolos, lekin uning autizmga chalinishi hech qachon ishining bu tomoniga aloqador bo‘lib ko‘rinmagan.
“Men ko‘p ma’lumotlarni ichimda saqlayman,” deydi u. “Sir saqlash men uchun hech qachon muammo bo‘lmagan.”
MI5 nogironlik bo‘yicha “Ishonchli ish beruvchi” hisoblanadi.
Bu nogiron odamlarga teng imkoniyatlar yaratish uchun chora-tadbirlar ko‘rilganligini anglatadi.
U taxminan 5000 nafar xodimni ish bilan ta’minlaydi, 2022 yilda e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, ular ishchilarining taxminan 4%ini nogironlar tashkil etadi.
Hukumat instituti ma’lumotlariga ko‘ra, bu 2022 yilda davlat xizmatchilari o‘rtasida 14 foiz va Buyuk Britaniya ishchi aholisida 15,5 foiz tashkil etgan ko‘rsatkichdan pastroq.
Tarixiy jihatdan olib qaraganda, xavfsizlik xizmatlari nogiron odamlar va boshqa kichik guruhlar, masalan, qora tanlilar va etnik ozchilik guruhlarni yollashda qiyinchiliklarga duch kelgan, lekin MI5 bu borada jiddiy o‘zgarishlar qilishga harakat qilganini aytadi. Uning eng so‘nggi maosh tafovuti hisobotida 2022/23 yillarda yangi qo‘shilgan xodimlarning chorak qismi etnik ozchilik vakillari va deyarli 48% ayollar ekanligi qayd etilgan.
MI5’ning nevrodivergent xodimlarining qancha qismi yuqori lavozimlarga erishgani haqida ma’lumot berilmagan, lekin Liamning aytishicha, autizm bilan og‘rishi yuqori ko‘rsatkichlarga erishishiga to‘sqinlik qilmagan. Uning yuqori lavozimga ko‘tarilishi autizm bilan og‘riganligini bilganidan keyin sodir bo‘lgan va u tashkilotda bu kabi muvaffaqiyatga erishgan boshqa odamlarni ham biladi.
“Ba’zi odamlar ADHD tomonida, ba’zilar autizm bilan og‘rigan, ba’zilar esa juda sezgir,” deydi u. “Nevrodiverslik MI5 uchun kuch beradi.”
Bi-bi-si xavfsizlik bo‘yicha muxbiri Gordon Korera Buyuk Britaniya xavfsizlik agentliklarida xodimlarni diversifikatsiyalashga katta e’tibor qaratilayotganini aytadi.
“Bu qisman aholining aksini ko‘rsatish, eng yaxshi odamlarni qabul qilish uchun ochiq bo‘lish va shuningdek, dunyoni faqat bir turdagi nuqtai nazar bilan tushunish natijasida kelib chiqadigan “guruhcha fikrlash”dan qochish uchun amalga oshirilmoqda.”
U uchta asosiy agentlik, MI5, MI6 va GChQ orasida GChQda nogiron xodimlar ko‘proq ko‘zga tashlanishini “va u ko‘pincha nevrodiverslikka ega odamlarni izlashini” aytadi.
Ammo “MI5 etnik jihatdan ko‘proq xilma-xil ko‘rinardi va yuqori lavozimlarda ko‘proq ayollar bor edi,” deya qo‘shimcha qiladi u.
Disability Rights UK xodimi Kamron Malik Buyuk Britaniya ish madaniyati nevrodivergent odamlarga nisbatan o‘zgarib borayotganini aytadi.
“MI5 kabi tashkilotlar autizm kabi holatlarga ega odamlar uchun yanada inklyuziv va qo‘llab-quvvatlovchi muhitni yaratishda yetakchilik qilishda muhim rol o‘ynaydi,” deydi u.
Ammo Milliy Statistika Idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022/23 yillarda autizmga chalingan odamlarning faqat 30% ish bilan ta’minlangan, xolos.
“Ko‘pincha ish beruvchilar orasida nevrodivergent holatlar haqida yetarli tushuncha yo‘qligi noto‘g‘ri qarashlar va yetarli yordamning yo‘qligiga olib keladi,” deydi janob Malik.
Liam ishini yaxshi bajarish uchun barcha salohiyatlarga ega ekanligini aytadi va o‘z hikoyasi bilan bo‘lishishni istaydi. Ammo hamkasblari o‘z tajribalarini bo‘lishish uchun yig‘iladigan joylar haqida ma’lumot so‘ralganda, Liam biron ma’lumotni oshkor etishni istamaydi.
“MI5 pabi bor-yo‘qligini tasdiqlay olmaganimdek rad ham etolmayman.”












