Rossiya va O‘zbekiston: Bu Kremlning javob mujdasimi?

Surat manbasi, Rossiya Tergov qo'mitasi
Yana Rossiya huquq-tartibot idoralari o‘ta ashaddiy xavfli jinoyatchilarni tutib olgandek safga tizib qo‘ygan, boshqasining yelkasiga qo‘li qo‘yilgan migrantlarni avtoulovga tiqayotgan videoni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatdi.
Kuzatuvchilar Moskvada mehnat muhojirlariga nisbatan yangi reyd O‘zbekistonning Rossiyaga topshirgan norozilik notasiga javobi kutilayotgan, Rossiyaning ba’zi mamlakatlarga nisbatan sanksiya joriy qilishi mumkinligi haqidagi bayonoti yangragan va Ozarbayjon bilan Rossiya munosabatlari taranglashib turgan vaqtda Prezident Mirziyoyevning Bokuga tashrifi ortidan yuz berganiga e’tibor qaratmoqdalar.
9 iyun kuni Moskvaning Stroginosidagi yotoqxonada reyd uyushtirilgani, reydda migrantlar tepkilangani videolari tarqaldi, o‘z fuqarolariga nisbatan noinsoniy muomala MDH mamlakatlari, jumladan, O‘zbekiston rahbariyatini ham norozi qildi.
11 iyun kuni Rossiyaning Toshkentdagi elchiligi vakillari O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilgan, Rossiyaga nota topshirilgan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligining matbuot kotibasi Mariya Zaxarova nota diqqat bilan o‘rganilayotgani, O‘zbek tomonining murojaati Rossiyaning mutasaddi organlariga yetkazilishini ma’lum qildi.
8 iyul kuni Rossiya Tergov qo‘mitasi Moskva shahrida yana "noqonuniy migratsiyani aniqlash" maqsadida reyd uyushtirgani, 500 dan ortiq migrant qo‘lga olingani haqida xabar tarqatdi.
30 dan ziyod migrant Rossiya hududida bo‘lish qoidalarini buzgani uchun mamlakatdan chiqarib yuborilgani bildirildi.

Surat manbasi, .
Ayni shu kunlarda Insider-T Telegram kanali Rossiya Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mamlakatlariga qarshi qattiq sanksiyalar paketinini tayyorlayotgani haqida xabar tarqatdi.
Bu sanksiyalar rusiyzabon aholini siquvga olish kuchaygan, rus tilidan foydalanishni cheklaydigan qonunlar qabul qilinayotgan mamlakatlarga qo‘llanishi mumkinligi xabar qilindi.
Times.uz Telegram kanali yozishicha, Rossiyaning jazo choralari orasida
- Vizali tartibni joriy etish,
- Rossiyadan pul o‘tkazmalarini cheklash,
- Mehnat migrantlari uchun kvotalarni kamaytirish,
- Yirik logistik loyihalarni to‘xtatish kabilar bor.
Manbaga ko‘ra, ushbu sanksiyalardan eng ko‘p zarar ko‘rishi mumkin bo‘lgan davlatlar qatorida Tojikiston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston tilga olinmoqda.
Bundan tashqari, Rossiya ushbu mintaqalar yaqinida harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazish ehtimolini ham ko‘rib chiqmoqda, deb yozdi Times.uz
Shu kunlarda Rossiya bilan Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashgani kuzatildi.
Bunga Rossiyaning Yekaterinburg shahrida o‘tkazilgan reyd paytida aka-uka Ozarbayjon fuqarolari o‘lgani sabab bo‘ldi.
Boku Rossiya jurnalistlari va Rossiya fuqarolarini hibsga oldi.
Bu orada - 3 iyulda Ozarbayjon Qorabog‘idagi Xonkendi shahrida Iqtisodiy Hamkorlik tashkilotining sammiti bo‘lib o‘tdi.
Sammitda O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkiya va Eron prezidentlari qatnashdilar.
Ammo Qozog‘istonni Prezident Toqaev emas, Bosh vazir O‘ljas Bektenov taqdim etdi.
Xonkendi sammitida Prezident Toqaev ishtirok etmagani Qozog‘istondagi Internet makonida turli bahslarni keltirib chiqardi.
Ayrimlar 2024 yil dekabrida Ozarbayjon yo‘lovchi samolyoti halokatidan keyin sovuqlashgan Rossiya - Ozarbayjon munosabatlari manzarasida Toqaevning ushbu qadami Kremlni g‘azablantirmaslik harakati deb talqin qilindi.
Prezident Mirziyoyevning Ozarbayjonga tashrifi o‘ta samarali bo‘lgani qayd etildi, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar bu darajada yuqori bo‘lmagani ta’kidlandi.
8 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefonlashganlari xabar qilindi.












