Netanyahu AQShga uchdi. G‘azo urushi tugashiga yaqin qoldimi?

    • Author, Iolanda Nell
    • Role, Bi-bi-sining Yaqin Sharq muxbiri
  • O'qilish vaqti: 17 daq
Donald Tramp va Benyamin Netanyahu

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Bu Donald Trampning Oq Uyga qaytganidan keyin Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu bilan uchinchi uchrashuvi

21 oylik urushdan so‘ng Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu Vashingtonda AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashganida yangi G‘azo otashkesimini e’lon qiladi degan umidlar ortgan.

Bundan oldin Tramp reportyorlarga Netanyahu bilan mojaroni tugatish borasida "qattiq turgani"ni aytdi, shu haftada "biz kelishuvga erishamiz, deb o‘ylayman", dedi.

"Biz avval muhokama qilingan kelishuvga, biz rozi bo‘lgan shartlar asosida erishish bo‘yicha ishlayapmiz. Prezident Tramp bilan muloqot biz hammamiz umid qilayotgan natijani ilgari surishga aniq yordam berishiga men ishonaman", dedi Isroil bosh vaziri samolyotga o‘tirishdan oldin.

AQSh taklif qilgan 60 kunlik otashkesim va garovdagilarni ozod qilishga bag‘ishlangan Isroil va Hamas o‘rtasidagi bilvosita muzokaralar Qatarda 6 iyul kuni kechqurun qayta boshlandi.

Biroq hozircha tomonlar o‘rtasida bir kelishuvga erishishga muntazam mone’lik qilib kelgan asosiy shartlar qanday tekislanadi, aniq emas.

Faqat ehtiyotkorona nekbinlikni juda og‘ir yashash sharoitida, Isroilning kunlik bombardimonlari ostida yashayotgan g‘azoliklar va Hamas tomonidan ushlab turilgan isroillik garovga olingan insonlarning qarindoshlari izhor etadilar.

"Men vaqtinchalik sulhni emas, urush butkul to‘xtatilishini xohlayman. To‘g‘risini aytsam, 60 kun o‘tganidan keyin urush yana qayta boshlanishidan qo‘rqaman. Biz ko‘chib yurishdan charchadik, biz ochlik va suvsizlikdan, chodirda yashashdan charchadik. Yashash uchun zarur bo‘lgan hech vaqomiz qolmadi", dedi G‘azo shimolidagi Bayt Lahya degan joydan G‘azo shahriga ko‘chib o‘tib bolalari va nabiralaari bilan yashayotgan Nabil Abu Dayyah.

Iqtibos

Surat manbasi, .

5 iyul tunida Isroilda katta yurish tashkil qilindi, yurish ishtirokchilari Isroil hukumatidan G‘azoda ushlab turilgan 20 nafari tirik deb ko‘rilayotgan 50 garovdagi odamlarni uyiga qaytarish uchun kelishuvga erishishni talab qildilar.

Ayrim qarindoshlar nega garovdagilarning hammasini birdan ozod qiladigan kelishuvga erishish mumkin emas, degan savolni qo‘ydilar.

"Bunday sharoitda odam qandy tirik qolishi mumkin? Men Evyatarning qaytishini va mana shu savolimga javob berishini istayman", dedi Ilay Devid. Uning ukasi, musiqachi Evyatarning o‘tgan galgi ikki oylik otashkesim payti boshqa garovdagilar ozod etilayotganini azob bilan kuzatib turgani videosini Hamas tarqatgan edi.

"Bu endi odam hayotini asrab qoladigan vaqt. Bu jasadlarning yo‘q bo‘lib ketishidan asrab qoladigan vaqt", dedi Ilay Quddusda olomon oldida so‘zlar ekan.

"Yaqin Sharqning tez o‘zgarayotgaan realligida bu barcha garovdagilarni, istisnosiz har bir kishini ozod etadigan har tomonlama kelishuvni imozlash payti", dedi u.

Isroildagi norozilik namoyishi

Surat manbasi, AFP

Surat tagso‘zi, Isroillik garovdagi insonlarning qarindoshlari Trampdan yaqinlarini qaytarish uchun kelishuvga bosimni talab qildilar

Netanyahu Oq Uyga Tramp qaytganidan keyingi olti oy ichida uchinchi marta tashrif buyurishi.

Lekin ikki rahbar AQSh Isroilning Eron yadroviy makonlariga hujumlariga qo‘shilgani va Isroil bilan Eron o‘rtasida otashkesimga vositachilik qilganidan keyin ilk bor uchrashishayapti.

Eron bilan 12 kunlik urush G‘azodagi urushni tugatish uchun yanada yaxshi sharoit barpo etdi degan fikr bor.

Bir necha oylik reytingi pasaygani ortidan bugungi kunda Eronga hujumlari uchun Isroilda Bosh vazir Netanyahuni omma qo‘llab-quvvatlovi kuchaygan, tahlilchilar fikricha, bugun Netanyahuning qo‘lida G‘aza Isroilning nazorati ostida qolishi kerak deb turib olgan koalitsion hukumatidagi o‘ng qanot sheriklariga qarshi sulh bitimiga ko‘ndirishga ko‘proq richag bor.

Eronga hujumlar Hamasni yanada kuchsizlantirdi deb ko‘riladi, chunki Eron Hamasning mintaqaviy homiysi edi, bu narsa Isroil bilan Hamas o‘rtasidagi sulhga ko‘nishda Hamasni yon berishga majburlaydigan muhim omil bo‘lishi mumkin.

Bu orada Tramp Yaqin Sharqdagi boshqa ustuvor vazifalari bilan band bo‘lishi mumkin.

Bu vazifalar ichiga Isroil bilan Suriya o‘rtasidagi chegara muzokaralarida vositachilik qilish, Isroil bilan Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi aloqalarni normallashtirish harakatlariga yana qaytish, Eron bilan nihoyasiga yetmay qolgan ish - yangi yadroviy bitim bo‘yicha ehtimoliy muzokaralarni bitkazish kirishi mumkin.

Oylar davomida Isroil bilan Hamas o‘rtasidagi otashkesim bir fundamental farq tufayli boshi berk ko‘chaga kirib qolgan edi.

Isroil garovdagilarni ozod qilish uchun vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatishga roziligini bildirgan, ammo urushni to‘xtatishga ko‘nmay keladi. Hamas esa G‘azodagi hamma jangovar amaliyotlarni to‘xtatish va bo‘lgadan barcha Isroil qo‘shinlarini olib chiqishni talab qiladi.

Aytilishicha, so‘nggi taklifda Hamasga kelishuvga Vashington sodiqligi kafolati berilgan, yakuniy otashkesim va barcha garovdagilarni ozod qilish yo‘lidagi muzokaralarni davom ettirish taklif qilingan.

Hali rasman hech narsa e’lon qilingani yo‘q. Ammo matbuot xabarlariga ko‘ra, bu besh bosqichdan iborat tadbir bo‘ladi. Unda Hamas 28 garovdagi insonni, 10 nafari tirik, 18 nafar jasadni 60 kun ichida qaytaradi. Garovdagilarni topshirishni oldingi safarlarda bo‘lganidek marosimga aylantirmaydi.

G‘azoga insonparvarlik yordamlarini kiritish keskin ko‘paytiriladi.

Sakkiz nafar tirik garovdagi qo‘yib yuborilganining birinchi kuni Isroil qo‘shinlari G‘azoning shimoliy qismidan olib chiqilishi ko‘zd tutilgan. Oradan bir hafta o‘tib Isroil armiyasi G‘azoning janubiy qismini tark etishi kerak.

10-kun Hamas qaysi garovdagilar tirik va ularning salomatligi qanday ekani haqida axborot taqdim etishi talab qilinadi. Isroil esa urush payti hibsga olingan va ayblov ilgari surmasdan va mahkamaga tortmasdan "ma’muriy ushlab turish"da bo‘lgan 2000 dan ortiq g‘azolik haqida ma’lumot beradi.

Bundan avval ham kuzatilganidek, isroillik garovdagilarni ozod etish evaziga Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan katta sondagi falastinliklarni qo‘yib yuborish kutilmoqda.

G‘azoda Isroil harbiylari

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Isroil armiyasi rahbariyati G‘azodagi urush oldiga qo‘yilgan maqsadga yetishishga yaqin qoldi deydi

Prezident Tramp ushbu sulh taklifini "yakuniy" deb ta’rifladi va uni o‘tgan hafta yakuniga yetkazish uchun "zarur shartlarni" Isroil qabul qildi, dedi.

4 iyul kuni Hamas ushbu taklifga "ijobiy ruh"da javob qaytarganini, ammo juz’iy jihatlari mavjudligini bildirdi.

Falastinlik rasmiyning aytishicha, muhim nuqtalardan biri insonparvarlik ko‘maklari bilan bog‘liq bo‘lgan. Hamas Isroil-AQSh qo‘llab-quvvatlayotgan bahsli G‘azo Insonparvarlik jamg‘armasi (Gaza Humanitarian Foundation - GHF) faoliyatinii zudlik bilan to‘xtatish va barcha yordam amaliyotlariga BMT va sheriklarini qaytarish talabini ilgari surmoqda.

Shuningdek, Hamas Isroil qo‘shinlarini olib chiqish vaqtini va G‘azo hamda Misr o‘rtasidagi Rafah chegara nazorat punkti amaliyotini savol ostiga olayapti.

5 iyul kuni Netanyahu idorasi Hamas xohlayotgan o‘zgarishlar Isroil uchun "qabul qilib bo‘lmas" deb bayonot berdi.

Isroil bosh vaziri Hamas qurolsizlantirilishi kerak deb takror-takror aytib keladi, ushbu talabni islomiy guruh hozirgacha rad etib keladi.

Ovqat uchun navbatda turgan g‘azolik bolalar

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, G‘azodagi insonparvarlik vaziyati tobora og‘irlashib borayapti

Isroilning o‘zida G‘azodagi urushga qarshilik tobora ortib borayapti. Harbiylar xabaar qilishicha, o‘tgan oy 20 askar halok bo‘lgan.

Isroil armiyasi shtabi boshlig‘i general-leytenant Eyal Zamirning o‘tgan hafta aytishicha, urush oldiga qo‘yilgan maqsadlarga yetishish nihoyasiga yaqinlashib qoldi. U garovdagilarni uyiga qaytarish uchun hukumat kelishuvga borish yoki G‘azoda harbiy boshqaruvni joriy etishga Isroil qo‘shinlarini tayyorlash borasida bir qarorga kelishi kerakligini aytdi.

Isroilda o‘tkazilgan omma fikrini o‘rganish so‘rovlari natijalariga ko‘ra, isroilliklarning uchdaan ikki qismi garovdagilarni qaytarish uchun otashkesim kelishuvini qo‘llab-quvvatlaydilar.

G‘azoliklar esa ushbu ijobiy yangiliklar Netanyahuning AQShga safari payti taranglikni kamaytirish maqsadida qilinayapti degan xavotirdalar, xuddi shunday hodisa may oyida Trampning Arab ko‘rfaz mamlakatlarigaa safari arafasida ham kuzatilganini eslashadi.

Hozirgi kunlar esa ham siyosiy va ham insonparvarlik nuqtai nazaridan muhim kunlar bo‘ladi.

G‘azodagi vaziyat tobora og‘irlashayapti, shifokorlar bolalar orasida ochlikdan sillasi qurish o‘ta kuchayganini aytadilar.

BMT bo‘lgaga to‘rt oydan buyon yoqilg‘i kiritilmaganini aytadi. Zaxiralar tugab bo‘lgan, bu narsa hayotiy muhim tibbiy yordam, suv ta’minoti va telekommunikatsiya uchun tahdidni anglatadi.

Hamasning 2023 yil 7 oktyabrdagi Isroilga hujum qilib qariyb 1200 insonni o‘ldirgani va 251 kishini garovga olgani ortidan Isroil G‘azoda urush boshladi.

O‘shandan buyon Isroil hujumlari G‘azoda 57000 dan ortiq odamni o‘ldirdi. Bo‘lgadagi Hamas boshqaruvidagi sog‘likni saqlash vazirligining ushbu ma’lumotlariga BMT va boshqa tashkilotlar tayanadilar, vazirlikni talofatlar statistikasi bo‘yicha eng ishonchli manba deb biladilar.

4 iyun. 'Hamkasblarim och g‘azoliklarga o‘t ochganini ko‘rdim'. Video

G‘azoliklar oziq-ovqat yordamini olish uchun tikanli sim to‘r o‘rtasidagi yo‘lakda uzoq navbatda turishga majbur qilindilar

Surat manbasi, SUPPLIED

Surat tagso‘zi, G‘azoliklar oziq-ovqat yordamini olish uchun tikanli sim to‘r o‘rtasidagi yo‘lakda uzoq navbatda turishga majbur qilindilar

G‘azodagi bahsli yangi Isroil va AQSh dastaklagan yordamni tarqatish joyida xavfsizlik bo‘yicha kontrakt imzolab ishlagan sobiq xodimning Bi-bi-siga aytishicha, u o‘zi bilan birga ishlagan hamkasblarining hech qanday tahdid paydo qilmagan och falastinliklarga qarshi avtomat qurollardan o‘t ochganlarining bir necha marta guvohi bo‘lgan.

Sobiq kontraktchi Bi-bi-sining Isroildagi muxbiri Lyusi Uillyamsonga o‘z ko‘rganlarini aytib berdi.

Bir marta kuzatuv minorasidagi qo‘riqchi insonparvarlik ko‘magi tarqatilgan joydan ayollar, bolalar va keksalarning guruhi juda sekinlik bilan tarqalayotgani uchun avtomatdan o‘q uzgan.

Ushbu hodisa haqida javob so‘ralganida G‘azo Insonparvarlik jamg‘armasi (Gaza Humanitarian Foundation - GHF), ayblovlar butkul yolg‘on, dedi.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Aloqador mavzular

Jamg‘arma Bi-bi-siga o‘zining bayonotiga tayanishni tavsiya qildi, u bayonotda GHFning yordam tarqatish joyida biror tinch fuqaro o‘qqa tutilmagan deyiladi.

G‘azo Insonparvarlik jamg‘armasi o‘z faoliyatini may oyining oxirida boshladi, G‘azo bo‘lgasi markazi va janubida bir necha joydan cheklangan miqdordagi insonparvarlik ko‘maklarini tarqatishga kirishdi.

Bundan oldin G‘azo Isroilning 11 haftalik mutlaq qamali ostida qoldi, bo‘lgaga biror oziq-ovqat kiritilmadi.

GHF tartibi keng tanqid qilindi, bu tartib katta sondagi odamlarni jangovar amaliyotlar davom etayotgan joylardan o‘tib yordam tarqatish nuqtalariga borishga majburlashi aytildi. BMT va maahalliy shifokorlarga ko‘ra, GHF faoliyatini boshlaganidan beri uning yordam tarqatish joylarida Isroil kuchlari 400 dan ortiq falastinlikni o‘ldirdilar. Isroil, yangi ko‘mak tarqatish tizimi bu yordamlarning Hamas qo‘liga tushib qolishini to‘xtatadi, deydi.

Qo‘riqchilar falastinliklar guruhiga o‘t ochgan GHF nuqtalaridan birida ro‘y bergan hodisani hikoya qilar ekan, sobiq kontraktchi shunday dedi: "Bu narsa ro‘y berib turgan vaqtda shu joydagi chiqish burnida turgan boshqa bir kontraktchi olomonga qarata 15 dan 20 martagacha takror-takror o‘t ochdi".

"Falastinlik erkak yerga jonsiz yiqildi. O‘sha yerda turgan boshqa kontraktchi, "Sen unga tegding", dedi. Keyin ular kuldilar".

Anonimlik sharti bilan bizga gapirgan kontraktchi aytishicha, GHF rahbarlari bu hodisani tasodif sifatida xaspo‘shlaganlar, falastinlik erkak "qoqilib yiqildi" yoki "charchaganidan yiqilib o‘ldi" deb taqdim qilganlar.

GHF ushbu iddaoni ilgari surayotgan odam o‘z ishini uddalay olmagani uchun ishdan haydalgan "norozi sobiq kontraktchi" deb da’vo qildi.

Sobiq kontraktchi esa bu da’voni rad etdi. U o‘z ishini yaxshi shartlarda tark etgani isbotini taqdim etdi.

GHF ning yordam tarqatish joyi

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Faol jangovar harakatlar borayotgan joy o‘rtasidan g‘azoliklarni piyoda yurib borishga majburlagani uchun GHF faoliyati keng tanqid qilindi

GHFning G‘azodagi barcha to‘rtta yordam tarqatish joyida ishlaganini aytgan erkak jamg‘armadagi qoida yoki nazorat juda kam, jazolanmaslik madaniyatini ta’riflab berdi.

Uning aytishicha, kontraktchilarga aniq tartib-qoida yoki faoliyat yuritish standarti berilmagan. Va rahbarlardan biri shunday deb aytgan: "agar tahdidni his qilsang, ot, o‘ldirish uchun ot. Savollarni keyinga qo‘y!"

Kontraktchi so‘zlariga ko‘ra, kompaniyadagi madaniyat shunday bo‘lgan: "Biz qonun-qoida bo‘lmagan G‘azoga borayapmiz. Bilganingni qil".

"Agar falastinlik yordam joyidan uzoqlashayotgan bo‘lsa va uning biror bir dushmanona niyati ko‘zga tashlanmayotgan bo‘lsa, shunga qaramasdan, biz ogohlantirish o‘qlarini uzayotgan bo‘lsak, biz nohaqmiz, biz jinoiy sovuqqon odamlarmiz", dedi sobiq kontraktchi Bi-bi-siga.

Uning aytishicha, har bir yordam tarqatish joyida atrofni kuzatib turish uchun kuzatuv kameralari o‘rnatilgan va GHFning o‘ziga tegishli joyda hech kim shikastlanmadi va otilmadi deb turib olgani "yuzingga qarab aytilayotgan yolg‘ondir".

Bi-bi-siga taqdim qilingan videodagi o‘q ovozlarini GHF Isroil qurolli kuchlarining otishmalari deydi.

Sobiq kontraktchi aytishicha, rahbarlardan biri g‘azoliklarni "zombilar galasi" deb ta’riflagan, bu bilan u "bu odamlarning insonlik qadri yo‘q"ligini ko‘rsatgan.

Oziq-ovqat olish uchun borgan falastinliklar boshqa shakllarda ham jarohat oldilar, deydi sobiq kontraktchi. Misol uchun, olomonni tarqatish uchun otilgan shovqin granatasining parchasi kelib tegishi, falaj qiladigan gaz sepilishi yoki katta olomon surib borib tikanli sim to‘rga urishi oqibatida.

Sobiq kontraktchi falastinliklar jiddiy yaralanganining bir necha marta guvohi bo‘lganini aytdi. Bir holatda bir erkakning yuziga bir gaz balloni to‘liq sachratilgan. Boshqa bir holatda shovqin granatasining parchasi bir ayolga tekkan.

"Metal parchasi borib boshiga tegdi, ayol yerga yiqildi. Qimirlamay qoldi. Keyin nima bo‘lganini bilmayman. Tirik qoldimi yoki yo‘q. O‘z ko‘zim bilan ko‘rganim u hushsiz, mutlaqo harakat qilmas edi", dedi sobiq kontraktchi.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Shu hafta boshida jahondagi 170 xayriya va nohukumat tashkilotlari GHFni yopish chaqirig‘i bilan chiqdilar. Oxfam va Save the Children tashkilotlari aytishicha, Isroil kuchlari va qurolli guruhlar oziq-ovqat izlab kelgan falastinliklrga qarshi "muntazam" o‘q uzayaptilar.

Isroil o‘z askarlari ko‘mak qabul qiluvchilarga qarshi atayin o‘t ochayotganlarini rad etadi, GHF tizimi yordamlarni Hamas aralashuvisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri muhtojlarga tarqatadi deydi.

GHF, besh hafta mobaynida 52 million oziq-ovqat tarqatdik, deydi va boshqa tashkilotlar "o‘zlarining yordamlari talon-taroj qilinishi oldida bunga qarshi hech narsa qilolmay turib qoldilar" deydi.

2023 yil 7 oktyabrida Hamas Isroilga hujum qilib 1200 kishini o‘ldirgani va 251 insonni garovga olganiga javoban Isroil harbiylari G‘azoda harbiy amaliyot boshladi.

G‘azodagi Hamas boshqaruvidagi sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, shu vaqtgacha G‘azoda kamida 57130 inson halok bo‘ldi.

3 iyun. Isroil zarbasi G‘azodagi Indoneziya shifoxonasi rahbarini o‘ldirdi

Doktor Marvan Sulton

Surat manbasi, Ғазо Соғликни сақлаш вазирлиги

Surat tagso‘zi, Doktor Marvan Sulton G‘azo shimolidagi Indoneziya shifoxonasi direktori edi

Isroil havo zarbasi oqibatida G‘azodagi Indoneziya shifoxonasi direktori Doktor Marvan Sulton va oilasi a’zolari halok bo‘ldi.

2 iyundan 3 iyunga o‘tar kechasi Isroil harbiy uchog‘i doktor Sulton istiqomat qilgan G‘azo shahrining janubi-g‘arbidagi Tal al-Havo degan joydagi kvartirasiga zarba bergan.

Isroil harbiylari G‘azo shahrida Hamasning "muhim terrorchisi"ga zarba berdik, dedi, hujum oqibatida "aralashmagan tinch fuqarolar" shikastlangani ni qayta ko‘rib chiqayotganini da’vo qildi.

Qarindoshi Ahmad Sultonning Bi-bi-siga aytishicha, chorshanba tunida portlash ovozini eshitganlaridan keyin doktor Sultonning kvartirasiga chiqqanlar.

"Men Marvanni, xotinini, qizlarini, kuyovi Muhammadni shahid hollarida topdim", dedi Ahmad Sulton.

Ayni paytda axborot agentliklari G‘azo bo‘lgasining bir necha joyiga hujumlar bo‘lgani, shulardan biri Al-Mavasiy "xavfsiz hududi" deb e’lon qilingan hududga qilingan hujumda kamida besh inson halok bo‘lgani, boshqalar, shu jumladan, bolalar ham jarohatlangani xabar qilindi.

Hamas rahbarligidagi G‘azo Sog‘likni saqlash vazirligi doktor Marvan Sulton meditsinada uzoq yillik tajribaga ega shifokor bo‘lganini aytadi, "bizning tibbiy kadrlarimizga qarshi qilingan ushbu jirkanch jinoyatni qoralaymiz", deb bayonot berdi.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Bundan oldin doktor Sulton rahbarlik qilgan Indoneziya shifoxonasi o‘z faoliyatini to‘xtatishini e’lon qilgan, bunga BMT ta’rificha, shifoxonaga "Isroilning takror hujumlari va binolariga shikast yetgani" sabab bo‘lgan edi.

Isroil harbiylari ushbu hududda "terrorchi infratuzilma joylarida" jang qilayotganini aytadi.

BMTga ko‘ra, hozirga kelib G‘azo shimolida faoliyat yuritayotgan birorta ham shifoxona qolmagan.

O‘z bayonotida Isroil Mudofaa kuchlari "aralashmagan shaxslarga yetkazilgan har qanday shikastdan afsusda"ligini va "shikastni imkoni boricha kamaytirish uchun amaliyot" qilayotganini aytdi.

Isroil Mudofaa kuchlari Hamas "o‘zining terrorchilik amaliyotida tinch fuqaro infratuzilmalaridan va tinch aholidan insoniy qalqon sifatida foydalanish bilan xalqaro qonunlarni muntazam buzayapti" deydi.

Biroq doktor Marvan Sultonning qizi Lubna Sultonning aytishicha, "F-16 raketasi aynan uning xonasini, aynan turgan joyini, to‘g‘ri uning o‘zini nishonga olgan".

"Raketa bilan urilgan uning xonasidan boshqa hamma xonalar joyida turipti. Men otam shahid ketdi", dedi qizi Lubna Sulton Associated Press axborot agentligiga.

Qizi aytishicha, otasi biror bir harakatga qo‘shilmagan, "u butun urush davomida faqat davolayotgan bemorlaridan qo‘rqardi".

G‘azo tibbiyot rasmiylari xabar qilishicha, 2 iyun tush paytigacha, oxirgi 24 soat mobaynida kamida 139 inson halok bo‘lgan.

2 iyun. Tramp: Isroil G‘azoda 60 kunlik otashkesim shartlariga rozi bo‘ldi - urush qachon tugaydi?

G‘azo

Surat manbasi, Reuters

AQSh prezidenti Donald Trampning aytishicha, Isroil G‘azoda 60 kunlik otashkesimni amalga oshirish uchun "zarur shartlarga" rozilik bergan.

Tramp Truth Social saytidagi bayonotida, taklif etilayotgan otashkesim davomida AQSh "barcha tomonlar bilan urushni tugatish uchun hamkorlik qiladi", degan. U otashkesim shartlari haqida batafsil ma’lumot bermagan.

"Tinchlikka erishish uchun qattiq mehnat qilgan Qatar va Misr ushbu yakuniy taklifni yetkazishadi. Umid qilaman... Hamas bu kelishuvni qabul qiladi, chunki bundan yaxshiroq shart bo‘lmaydi — FAQAT BADTARLAShADI", deb yozgan Tramp.

Isroil hukumatidan bu kelishuv shartlariga rozi bo‘lingani to‘g‘risida hali rasmiy tasdiq yo‘q, Hamas ham unga darhol izoh bermadi.

Biroq Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar X ijtimoiy tarmog‘ida hukumatda ko‘pchilik "garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuv" tarafdori ekanligi va bu imkoniyat "qo‘ldan boy berilmasligi kerak"ligini yozdi.

Trampning bayonoti kelasi hafta Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu bilan rejalashtirilgan uchrashuv oldidan yangradi. AQSh prezidenti bu uchrashuvda "juda qat’iy" bo‘lishini aytgan.

Seshanba kuni Tramp Netanyahuning G‘azodagi harbiy harakatlarni tugatishni xohlashini ta’kidladi.

Reuters
Tinchlikka erishish uchun qattiq mehnat qilgan Qatar va Misr yakuniy taklifni yetkazishadi. Umid qilaman... Hamas bu kelishuvni qabul qiladi, chunki bundan yaxshirog'i bo'lmaydi.
Donald Tramp
AQSh prezidenti (Batafsil: bbc.com/uzbek)

"U xohlayapti. Sizga ishonch bilan aytaman — u xohlayapti. Menimcha, kelasi hafta kelishuvga erishamiz", dedi Tramp.

Seshanba kuni Isroilning strategik ishlar vaziri Ron Dermer Vashingtonda AQShning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkof, davlat kotibi Marko Rubio va vitse-prezident Jey Di Vens bilan uchrashishi kerak edi.

Oldinroq Isroilning BMTdagi elchisi Denni Danon BBCga bergan intervyusida Isroil "mutlaqo" otashkesimga tayyor ekanini aytdi.

BBC News telekanalida so‘zlagan Danon, Hamas "oyoq tirab turib olgan"ni ta’kidladi.

"Biz Hamasga bosim o‘tkazyapmiz. Agar ular muzokaralarga ko‘nmasa, garovdagilarni qaytarishning yagona yo‘li — harbiy bosimni kuchaytirish bo‘ladi", dedi u.

"Garovdagilar uyga qaytgandagina urush tugaydi", — deya qo‘shimcha qildi Danon.

Hozirda taxminan 50 nafar isroillik garovda qolmoqda, ularning kamida 20 nafari tirik ekani taxmin qilinmoqda.

O‘tgan hafta Hamasning yuqori martabali rasmiysi BBCga, vositachilar G‘azoda yangi otashkesim va garovdagilarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralarni jonlantirganini, biroq Isroil bilan muzokaralar boshi berk ko‘chaga kiri qolganini aytgandi.

Isroil, urush faqat Hamas to‘liq yo‘q qilinganidan so‘ng tugashi mumkin, demoqda. Hamas esa uzoq vaqtdan beri doimiy otashkesim va Isroilning G‘azodan to‘liq chiqib ketishini talab qilib keladi.

Trampning bu bayonoti Isroil shimoliy G‘azoda evakuatsiya buyrug‘ini berib, harbiy harakatlarni kuchaytirish arafasida yangradi. Dүshanba kuni G‘azo shahrida dengiz bo‘yidagi kafega qilingan havo hujumi oqibatida kamida 20 falastinlik halok bo‘lgani xabar qilindi.

Shu hafta Isroil harbiylari AQSh va Isroil qo‘llovidagi G‘azo Gumanitar Jamg‘armasi (GHF) tomonidan tashkil etilgan yordam tarqatish markazlariga yaqinlashgan fuqarolarga "zarar yetgani" haqidagi xabarlarni o‘rganayotganini ma’lum qildi.

G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 28 iyun holatiga ko‘ra, GHF yordam nuqtalariga borishga uringan 408 kishi halok bo‘lgan.

170 dan ortiq xayriya va nodavlat tashkilotlar ushbu bahsli tashkilotni yopishni talab qilmoqda. Oxfam va Save the Children kabi tashkilotlar Isroil kuchlari yordam izlayotgan falastinliklarga "muntazam ravishda" o‘q uzishini aytishmoqda.

Isroil bu ayblovlarni rad etadi va tashkilotni yordam tarqatishda Hamas aralashuvini cheklashda zarur, deb hisoblaydi.

Mart oyida avvalgi otashkesim kelishuvi Isroilning yangi havo hujumlari sababli buzilgan edi. Isroil harbiylari buni "Hamas terrorchilik hujumlarini amalga oshirishga, kuch to‘plashga va qurollanishga tayyorlanayotgani"ga asoslangan "profilaktik hujumlar" deb atagan.

19 yanvarь kuni boshlangan avvalgi otashkesim kelishuvi uch bosqichdan iborat bo‘lishi kerak edi, biroq faqat birinchi bosqich amalga oshgan.

Ikkinchi bosqich doimiy otashkesimni o‘rnatish, G‘azodagi tirik garovdagilarni Isroildagi falastinlik mahkumlarga almashtirish va Isroil qo‘shinlarining G‘azodan to‘liq chiqishini o‘z ichiga olgan edi.

30 iyun: Isroil havo hujumlari G‘azoda yuzlab oilalarni ko‘chishga majbur qildi – urush yakuniga yetib qoldimi?

qochqinlar

Surat manbasi, Reuters

Isroil G‘azo sektori bo‘ylab yangi havo hujumlari amalga oshirdi. Guvohlarning aytishicha, bu hujumlar yuzlab falastinlik oilalarning ommaviy ko‘chishiga olib keldi.

Mahalliy xabarlarga ko‘ra, qutqaruv guruhlari besh nafar qurbonning jasadini topishdi, o‘nlab yaralangan fuqarolar esa G‘azo shahridagi Al-Ahli shifoxonasiga yetkazildi.

Bu bombardimon mart oyida urush qayta boshlanganidan beri e’lon qilingan eng yirik evakuatsiya buyruqlaridan so‘ng amalga oshirildi.

Hodisalar Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahuga otashkesim kelishuviga erishish uchun bosimlar kuchayib borayotgan bir vaqtda yuz berdi.

G‘azo shahridagi aholi vakillarining ta’kidlashicha, Isroil havo hujumlari shaharning aholi zich joylashgan sharqiy mahallalari – Shujoiya, Tuffah va Zaytunni nishonga olgan.

Faollar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan videolarda tungi osmonni aks ettiruvchi xaos va portlashlar tasvirlari va ortidan yong‘in va osmonga qalin tutun o‘rlagan manzaralar aks etgan.

Xabar qilinishicha, Zaytundagi maktablardan biri, ko‘chirilgan oilalarga vaqtinchalik boshpana sifatida xizmat qilayotgan joy, hujum natijasida zararlangan.

Anadolu via Getty Images
Biz bor-budimizni ortda qoldirib chiqishga majbur bo‘ldik. Bu yettinchi marta ko‘chishimiz. Biz yana ovqatsiz va suvsiz ko‘chada qoldik. Bolalarim och. O‘lim shu holatdan afzaldek.
Abir Talba
Zaytundan qochqan ona (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Besh nafar kishi G‘azo shahrining g‘arbidagi Ash-Shati qochoqlar lageriga qilingan hujum paytida halok bo‘lgani aytilmoqda.

Isroil mudofaa kuchlari (IDF) hujumlar kutilayotgan bir paytda shimoliy G‘azoning katta qismini tark etish buyrug‘ini bergan edi. Ammo ko‘pchilik tunda Isroil armiyasi ko‘rsatmasidagidek janubga emas, shahar chetidagi g‘arb tomonga harakatlanishdi.

"Biz bor-budimizni ortda qoldirib chiqishga majbur bo‘ldik," dedi Zaytundan qochgan yetti nafar farzandning onasi, Abir Talba.

"Arab tilida yozilgan audio qo‘ng‘iroqlar keldi — unda biz jang hududida ekanligimiz va zudlik bilan chiqishimiz shartligi aytilgandi.

"Bu yettinchi marta ko‘chishimiz," deydi u. "Biz yana ovqatsiz va suvsiz ko‘chada qoldik. Bolalarim och. O‘lim shu holatdan afzaldek tuyulyapti".

Insoniy inqiroz chuqurlashib borayotgan manzarada, kuzatuvchilar evakuatsiya buyruqlari va davomli havo hujumlari Isroilning G‘azoga quruqlikdagi hujumni kengaytirish rejasining bir qismi bo‘lishi mumkinligidan xavotir ortmoqda.

Shu bilan birga, Isroil matbuotida ayrim generallar G‘azodagi harbiy harakatlar o‘z maqsadiga deyarli yetgani borasidagi xulosaga yaqinligi haqida taxminlar ham mavjud.

Bu kabi fikrni ayrim sobiq armiya rahbarlari ham qo‘llab quvvatlamoqda. Ular G‘azodagi harbiy amaliyotlarning parokanda va partizan uslubidagi urushga aylanib ketishi ko‘proq talafotlarga — asirlar, fuqarolar va askarlar o‘limiga — olib kelishi mumkinligidan xavotirda.

Isroil bosh vazirining keyingi qadamlari katta e’tibor bilan kuzatilmoqda. Benyamin Netanyahu urushni davom ettirish va Hamasni mag‘lub etish tarafdori bo‘lgan bo‘lsa-da. Biroq u hozir mahalliy va xalqaro darajada yangi otashkesim kelishuviga erishish uchun yana kattaroq bosim ostida qolmoqda.

26 iyun: "O‘lim tuzog‘i": Isroil yordam kutayotgan o‘nlab g‘azolikni otib o‘ldirgani aytilmoqda, Hamas Isroil bilan muzokaralar to‘xtab qolganini bildirdi

Isroil xavo hujumida halok bo‘lgan falastinliklarning dafn marosimi

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Isroil xavo hujumida halok bo‘lgan falastinliklarning dafn marosimi

Yordam kutayotgan kamida 46 g‘azolik Isroil o‘qidan halok bo‘lgani xabar qilindi. Hamas vositachilar otashkesim va garovdagilarni ozod qilish bo‘yicha yangi sulhni tezlashtirishga harakat qilayotganini, ammo Isroil tomoni bilan muzokaralar to‘xtab qolganini aytdi.

Qutqaruvchilar va shifoxonalar ma’lumotiga ko‘ra, G‘azoning markaziy va janubiy hududlarida yordam kutayotgan kamida 46 kishi Isroil harbiylarining otishmalari oqibatida halok bo‘ldi.

BMT agentliklari AQSh va Isroil qo‘llab-quvvatlayotgan oziq-ovqat tarqatish tizimini qoralab chiqdi. Bir rasmiy uni "jirkanch" va "o‘lim tuzog‘i" deb atadi.

Aloqador mavzular:

Bunday halokatli voqealar so‘nggi paytlarda deyarli har kuni ro‘y bermoqda, ammo Isroil Eronga hujum qilganidan beri, G‘azodan tashqarida unga katta e’tibor berilmayapti.

So‘nggi halokatlarni hisobga olmagan holda, BMT ma’lumotlariga ko‘ra, may oyi oxirida ish boshlagan G‘azo gumanitar jamg‘armasi (GHF) faoliyati davomida Isroil o‘qi yoki portlatishlaridan 410 dan ziyod falastinlik halok bo‘lgan.

"Nega bolalarimizning hayoti shuncha arzon ko‘rinadi?" – deydi markaziy G‘azoda och qolgan oilasi uchun oziq-ovqat olishga ketganidan keyin otib jarohatlangan o‘g‘li haqida gapirgan Umm Raid an-Nuaizi.

"O‘g‘lim o‘zi va uka-singillari yeyishi uchun un olishga ketgandi, endi u jonlantirish bo‘limida yotibdi", deydi u.

Yordam

Surat manbasi, AFP

Nusayratdagi "Al-Avda" shifoxonasida olingan videoda yaralangan, og‘riqdan dod solayotgan va qonga botgan yosh yigitlar tashib kelinayotgani aks etgan. Tez orada barcha yotoqlar to‘lib ketgan, jarohatlanganlar yerda yotardi.

Bir qariya o‘lik holda olib kelingan, uning beva qolgan xotini esa yuzini silab yig‘lardi.

Shifoxona rasmiylari va Hamas nazoratidagi Fuqaro himoya agentligi kamida 21 kishi halok bo‘lgani va 150 nafar yaralanganini ma’lum qildi.

Guvohlarning aytishicha, minglab odamlar GHF boshqarayotgan, Isroil harbiy zonasida joylashgan maskan yaqinida yig‘ilgan paytda harbiylar o‘t ochgan.

Yordam

Surat manbasi, Reuters

Isroil mudofaa kuchlari "Netzarim koridori"dagi askarlar yaqinida odamlar to‘plangani qayd etilganini aytdi.

"Isroil armiyasi o‘qi natijasida jarohatlanganlar to‘g‘risida xabarlar oldik. Bu holat o‘rganilmoqda", deyiladi bayonotda.

GHF esa "bu tongda bizning hech qaysi ob’ektimiz yaqinida hech qanday hodisa yuz bermagan" dedi.

Tez yordam va qutqaruv xizmatlari GHF boshqaradigan Janubiy G‘azodagi boshqa bir maskan yaqinida seshanba tongida ham kamida 25 kishi halok bo‘lganini aytdi.

Bir guvohning BBC ga aytishicha, u soat 05:00 da Rafahning shimolidagi maskanga borgan, ammo 10:00 da ochilishi kerak bo‘lgan ob’ekt yaqiniga Isroil tanklari kelib, hech qanday ogohlantirishsiz o‘t ochgan.

"O‘qlar fuqarolarga qaratilgan edi, atrof qonga botdi", dedi Hatem Abu Rjile.

"Atrofimizdagi hamma yaralandi. Ehtimol, 30 nafardan ortiq kishi jarohat olgan va ularni hech kim qutqara olmadi. Biz faqat qarindoshimizni olib chiqdik".

Reuters
Yangi tashkil etilgan, go‘yoki 'mexanizm' – umidsiz insonlarni xorlovchi jirkanchlik. Bu – hayotlarni saqlab qolishdan ko‘ra, ularni yo‘q qilishga qaratilgan o‘lim tuzog‘idir.
Filipp Lazzarini
BMT falastinlik qochqinlarga bo‘yicha agentligi rahbari (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Isroil armiyasining BBCga bergan javobida: "tarqatilayotgan xabarlarga qaramasdan, Isroil mudofaa kuchlari Rafahdagi yordam tarqatish maskanida hech qanday voqeadan xabardor emas", dedi.

Isroil bir oy avval G‘azoga qarshi to‘liq blokadani yengillashtirgan va shundan so‘ng GHF faoliyat boshlagan. Tashkilot shu kunga qadar 41 million ovqat tarqatganini aytmoqda.

GHF rasman xususiy tashkilot sifatida qayd etilgan bo‘lsa-da, uning mablag‘ manbalari noaniq va u AQSh hamda Isroil tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Qurollangan xususiy xavfsizlik kompaniyalari orqali faoliyat yuritadi.

BMT va yirik yordam tashkilotlari bu fond bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgan. Ular GHF'ni Isroilning Hamasga qarshi 20 oylik urushida insonparvarlik tamoyillariga zid harakatlarda ayblamoqda.

Oxirgi voqealar manzarasida Jenevada BMTning inson huquqlari bo‘yicha rasmiysi Tomin al-Xitan matbuot anjumani o‘tkazib, mazkur tizimni qoraladi:

"Isroilning harbiylashtirilgan yordam mexanizmi xalqaro yordam tarqatish standartlariga zid", dedi u.

"Fuqarolar uchun mo‘ljallangan oziq-ovqatni qurolga aylantirish hamda hayot uchun zaruriy joylarga kirishni cheklash yoki to‘sish — bu harbiy jinoyat hisoblanadi".

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Ushbu holatni jinoyat deb baholash sud vakolatida ekanini qo‘shimcha qildi.

Berlinda jurnalistlar bilan suhbatda BMTning Falastinlik qochqinlarga bo‘yicha agentligi (UNRWA) rahbari Filipp Lazzarini shunday dedi:

"Yangi tashkil etilgan, go‘yoki 'mexanizm' – umidsiz insonlarni xorlovchi va kamsituvchi jirkanchlik. Bu – hayotlarni saqlab qolishdan ularni yo‘q qilishga qaratilgan o‘lim tuzog‘idir".

BMTning so‘nggi tanqidlariga javob sifatida Isroil armiyasi BBCga shunday dedi: "Isroil mudofaa kuchlari GHFga G‘azo aholisiga yordam tarqatishda mustaqil faoliyat yuritishga ruxsat beradi va bu jarayonning xavfsiz hamda barqaror bo‘lishi uchun xalqaro qonunlar asosida harakat qilmoqda".

G‘azoda halok bo‘lgan Isroil askarining dafn marosimi

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, G‘azoda halok bo‘lgan Isroil askarining dafn marosimi

Hamas: Vositachilar otashkesim say’-harakatlarini kuchaytirmoqda, ammo Isroil…

Hamasning yuqori martabali rasmiysining BBCga ma’lum qilishicha, vositachi mamlakatlar G‘azoda yangi otashkesim va garovdagi shaxslarni ozod qilish bo‘yicha kelishuv tuzish uchun sa’y-harakatlarini kuchaytirmoqda. Biroq Isroil bilan muzokaralar to‘xtab qolgan.

Bu izohlar AQSh prezidenti Donald Tramp seshanba kuni Isroil va Eron o‘rtasidagi 12 kunlik urush yakunlanganidan so‘ng "katta ilgarilash" qayd etilganini bildirganidan keyin yangradi. Trampning aytishicha, uning vakili Stiv Uitkoff Isroil va Hamas o‘rtasidagi kelishuv "juda yaqin" ekanini bildirgan.

Isroil armiyasi Hamas tomonidan amalga oshirilgan hujum oqibatida seshanba kuni yetti nafar harbiy o‘lganini ma’lum qildi.

"G‘azo bo‘yicha katta o‘sish kuzatilyapti, deb o‘ylayman. Bu bizning hujumimiz tufayli, deb hisoblayman", dedi Tramp chorshanba kuni Bryusselda jurnalistlar bilan suhbatda. U shu hafta oxirida Eron-Isroil ziddiyati davomida AQSh Eron yadroviy ob’ektlariga bergan havo zarbasini nazarda tutdi.

"Yaxshi yangiliklarga eshitishimiz mumkin. Men Stiv Uitkoff bilan gaplashdim... u G‘azo kelishuvi juda yaqinligini aytdi", degan u.

Tramp chiqishidan ko‘p o‘tmay, Hamasning yuqori darajali rasmiysi BBCga shunday dedi:

"Vositachilar otashkesim kelishuviga erishish uchun jadal muloqotlar olib bormoqda".

Biroq u shundan qo‘shimcha qildi: "Biz hozircha hech qanday yangi taklif olmadik".

Shuningdek, isroillik rasmiy "Haarets" gazetasiga muzokaralarda hech qanday ilgarilash bo‘lmaganini va asosiy kelishmovchiliklar hal etilmaganini aytgan.

AQSh, Qatar va Misrning muzokaralarini olib borish harakatlari may oyi oxirida to‘xtab qolgan edi. O‘shanda Stiv Uitkoff Hamas AQSh tomonidan taklif etilgan, Isroil qo‘llab-quvvatlagan 60 kunlik otashkesim loyihasiga "qat’iyan qabul qilib bo‘lmaydigan" o‘zgartirishlar kiritishga uringanini aytgan.

Bu rejaga ko‘ra, urush davomida garovga olingan isroillik shaxslarning yarmi (tirik va halok bo‘lganlardan) ozod qilinishi kerak edi.

Isroil 18 mart kuni G‘azoda harbiy amaliyotlarini qayta boshladi va ikki oylik sulhga barham berdi. Hukumat Hamasni garovdagilarni ozod qilishga majburlash uchun bunday bosim qo‘llanganini aytgan. Hozirda G‘azoda hanuz 50 nafar garovdagi shaxs bor, ulardan 20 nafari tirik, deb hisoblanmoqda.