Bizdan boshqa ham hayot bormi - odamzod nega Uran oyiga umid tikmoqda?

Surat manbasi, SPL
- Author, Pallab Gosh
- Role, Ilm-fan masalalari bo‘yicha muxbir
- O'qilish vaqti: 4 daq
Uran sayyorasi va uning beshta eng yirik yo‘ldoshi olimlar uzoq vaqtdan beri o‘ylaganidek butkul o‘lik bo‘lmasligi mumkin.
Olimlar ta’kidlashicha, ularda okeanlar, hatto hayot mavjud bo‘lishi ehtimoli bor...
Ular haqida bilganlarimizning ko‘pi NASAning Voyager 2 kosmik kemasi tomonidan to‘plangan bo‘lib, bu kema qariyb 40 yil oldin uning oldidan uchib o‘tgan.
Ammo yangi tahlil shuni ko‘rsatadiki, Voyager'ning yo‘ldoshlarga yaqinlashuvi kuchli quyosh bo‘roniga to‘g‘ri kelgan, bu esa Uran tizimining asl mohiyati haqida noto‘g‘ri tasavvur shakllanishiga olib kelgan.
Uran Quyosh tizimimizning tashqi qismida joylashgan go‘zal, muzli halqali dunyodir. U eng sovuq sayyoralardan biri. Shuningdek, u boshqa barcha dunyolarga nisbatan solishtirganda yon tomoniga ko‘proq og‘gan – go‘yo ag‘darib qo‘yilganday – bu uni eng g‘alati sayyoraga aylantirgan.
Aloqador mavzular:
Uranda hayot uchun zarur sharoitlarga ega tabiiy yo‘ldoshlar bo‘lishi mumkin, hatto ular ostida baliqlar to‘la okeanlar mavjud bo‘lishi ehtimoli bor!
Biz uni birinchi marta 1986 yilda yaqindan ko‘rdik, o‘shanda Voyager 2 uning yonidan uchib o‘tib, sayyora va uning beshta asosiy yo‘ldoshining ajoyib suratlarini yuborgandi.
Ammo olimlarni yanada ko‘proq hayratga solgan narsa Voyager 2 yuborgan ma’lumotlar bo‘lib, ular Uran tizimi tasavvur qilinganidan ham g‘aroyibroq ekanligini ko‘rsatdi.
Kosmik kema asboblaridan olingan o‘lchovlar ko‘rsatishicha, mazkur sayyora va uning yo‘ldoshlari tashqi Quyosh tizimidagi boshqa yo‘ldoshlardan farqli o‘laroq nofaol edi. Ular, shuningdek, Uranning himoyalovchi magnit maydoni g‘alati tarzda boshqacha ekanligini aniqladi. U siqilgan va Quyoshdan uzoqlashtirilgan edi.
Sayyoraning magnit maydoni sayyora va uning yo‘ldoshlaridan chiqayotgan har qanday gaz va boshqa moddalarni tutib qoladi. Bular okeanlar yoki geologik jarayon natijasi bo‘lishi mumkin. Voyager 2 bularning hech birini topmadi, bu esa Uran va uning beshta eng yirik yo‘ldoshi hayotsiz va nofaol ekanligini ko‘rsatardi.
Bu kutilmagan holat edi, chunki u Quyosh tizimidagi boshqa sayyoralar va ularning yo‘ldoshlariga o‘xshamas edi.

Surat manbasi, NASA

Surat manbasi, NASA
Biroq yangi tahlil o‘nlab yillar davomida yechilmay kelgan jumboqni hal qildi. U Voyager 2 noqulay paytda uchib o‘tganini ko‘rsatdi.
Yangi tadqiqotlarga ko‘ra, Voyager 2 Uran yonidan uchib o‘tayotganda, kuchli quyosh shamoli turgan, bu esa moddalarni uchirib yuborishi va vaqtincha magnit maydonni buzishi mumkin bo‘lgan.
London universiteti kolleji professori Uilyam Dannning ta’kidlashicha, 40 yil davomida biz Uran va uning beshta eng yirik yo‘ldoshi haqida noto‘g‘ri tasavvurda bo‘lganmiz.
"Bu natijalar Uran tizimi ilgari o‘ylaganimizdan ancha qiziqarliroq bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. U yerda hayot uchun zarur sharoitlarga ega tabiiy yo‘ldoshlar bo‘lishi mumkin, hatto ular ostida baliqlar to‘la okeanlar mavjud bo‘lishi ehtimoli bor!"

Surat manbasi, NASA
Linda Spilker Uran haqidagi ma’lumotlar kelganda Voyager dasturida ishlayotgan yosh olima edi. Hozir u Voyager missiyalarining loyiha olimasi. U Nature Astronomy jurnalida e’lon qilingan yangi natijalarni eshitib, juda xursand bo‘lganini aytdi.
"Natijalar ajoyib, men Uran tizimida hayot uchun imkoniyat borligini ko‘rib juda hayajonlanib ketdim," deydi BBC News'ga bildirdi u.
"Shuningdek, Voyager ma’lumotlari bilan shunchalik ko‘p ish qilinayotganidan ham xursandman. Olimlarning 1986 yilda to‘plagan ma’lumotlarimizga qaytib, yangi natijalar va kashfiyotlarni topayotgani hayratlanarli."
Tadqiqot guruhidan mustaqil bo‘lgan Dublin Ilg‘or tadqiqotlar instituti doktori Affeliya Vibisono natijalarni "juda hayajonlantirarli", deb ta’riflaydi.
"Bu eski ma’lumotlarga qayta nazar solish naqadar muhimligini ko‘rsatadi. Chunki ba’zan ularning ortida yangi kashf qilinishi mumkin bo‘lgan narsalar yashiringan bo‘ladi, bu esa bizga kelajak avlod kosmik tadqiqot missiyalarini loyihalashda yordam berishi mumkin."
NASA qisman yangi tadqiqotlarga tayanib aynan shu ishni qilmoqda.
"Voyager 2" muzli dunyo va uning yo‘ldoshlari yonidan uchib o‘tganiga deyarli 40 yil bo‘ldi. NASA 10 yildan so‘ng yaqindan o‘rganish uchun yangi missiya – Uran zondini uchirishni rejalashtirmoqda.

Surat manbasi, NASA
Saturnning yo‘ldoshlaridan biri bo‘lgan Entseladdan chiqayotgan tutunlar, yer osti okeani mavjudligi ehtimolini ko‘rsatmoqda. Uran yo‘ldoshlari haqida ham shunday deyish mumkinmi?
Voyager 2 ma’lumotlarini qayta ko‘rib chiqish g‘oyasini ilgari surgan NASA olimi doktor Jeymi Yasinskiyning fikricha, missiya o‘z qurilmalarini loyihalash va ilmiy tadqiqotlarni rejalashtirishda uning natijalarini hisobga olishi zarur.
"Kelajakdagi yangi kosmik kema uchun ba’zi qurilmalar, Voyager 2 dan olgan g‘oyalarimiz asosida ishlab chiqilmoqda. Shuning uchun yangi missiyadagi asboblarni qanday loyihalashni qayta ko‘rib chiqishimiz kerak. Shunda kashfiyotlar qilishimiz uchun zarur bo‘lgan ilmiy ma’lumotlarni yaxshiroq to‘play olamiz."
NASAning Uran zondi 2045 yilga borib yetib borishi kutilmoqda. Aynan shunda olimlar bir paytlar o‘lik dunyolar deb hisoblangan bu uzoq muzli yo‘ldoshlarda hayot bo‘lishi mumkinligini aniqlashga umid qilishmoqda.












