Isroillik yuzlab sobiq mulozim Trampdan G‘azo urushini to‘xtatishda yordam so‘radi

Surat manbasi, Reuters
AQSh prezidentiga murojaat qilganlar orasida Isroil josuslik idoralarining sobiq rahbarlari ham borligi aytilmoqda.
Murojaat

Surat manbasi, Reuters
Isroilning 600 ga yaqin iste’fodagi xavfsizlik mulozimlari AQSh prezidentiga yozma murojaat qilishgan.
Ular Donald Trampdan G‘azodagi urushga zudlik bilan chek qo‘yishi uchun Isroilga bosim qilishini so‘rashgan.
"Hamas endi Isroil uchun strategik xavf tug‘dirmaydi", - deya, o‘zlarining "professional baholari"ni ham ilova qilishgan.
"Sizning isroillik aksariyat o‘rtasidagi obro‘yingiz Bosh vazir Binьyamin Netanьyahu va uning hukumatini to‘g‘ri yo‘lga solish iqtidoringizni oshiradi: Urushni to‘xtating, garovga olinganlarni qaytaring, azob-uqubatlarni to‘xtating", - deb yozishgan ular.
Urushni to‘xtating, garovga olinganlarni qaytaring, azob-uqubatlarni to‘xtating.
Murojaat Hamas bilan otashkesimga oid bilvosita muzokaralar to‘xtab qolarkan, Isroil Bosh vaziri G‘azodagi harbiy amaliyotlarni kengaytirish harakatida ekaniga oid xabarlar fonida o‘rtaga chiqqan.
Hamasning Isroil janubiga 2023 yil 7 oktyabr kungi hujumidan keyin Isroil G‘azoda halokatli urush boshlagan.
Oktyabr oyidagi hujumda 1200 ga yaqin odam o‘ldirilgan va 250 dan ortig‘i garovga olingandi.
Agar G‘azoning Hamas boshqaruvi ostidagi Sog‘liqni saqlash vazirligi raqamlariga tayanilsa, Isroilning o‘shandan buyon G‘azoda olib borayotgan harbiy amaliyotlari oqibatida 60 mingdan ziyod odam halok bo‘lgan.
Dushanba kuni vazirlik so‘nggi bir kun ichida G‘azoda kamida 94 kishi o‘ldirilganini ma’lum qilgan.
Ularning orasida Isroil hujumlarida o‘lgan o‘nlabi borligini ham aytgan.
G‘azo Isroil tomonidan bo‘lgaga tovarlar importiga qo‘yilgan qattiq cheklovlar sabab ham ulkan mahrumiyatlar qarshisida qolgan.
Vazirlikning bildirishicha, urush boshlanganidan beri 180 kishi, jumladan, 93 nafar bola to‘yib ovqatlanmaslik natijasida vafot etgan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan dastaklanuvchi yordam idoralariga ko‘ra, hozir G‘azoda "ocharchilikning eng yomon holati bo‘y ko‘rsatmoqda".
O‘ziga qilingan yozma murojaatga shu soatlarda AQSh prezidentining munosabati imkonli emas.
Isroil matbuoti esa Bosh vazir Binьyamin Netanьyahu xavfsizlik kabineti bilan uchrashganida G‘azo bo‘lgasini to‘liq qayta egallashni taklif qiladi, deya xabar bergan.
4 avgust. Isroil G‘azo urushi: Al-Aqsoda yahudiylar ibodati musulmonlarni g‘azablantirdi, ovqat uchun o‘ldirilgan g‘azoliklar soni ortdi

Surat manbasi, Itamar Ben-Gvir X account
Isroilning o‘ng qanotchi siyosatchisi, Milliy Xavfsizlik vaziri va unga hamrohlik qilgan 1250 tacha yahudiy 3 avgust kuni Quddus shahridagi Al-Haram Al-Quds Ash-Sharif majmuasidagi Al-Aqso masjidiga kirib ibodat qilganlari musulmonlarni g‘azablantirdi.
Ushbu amal uzoq yillik kelishuvning buzilishidir.
Chunki Al-Aqso Islom olamidagi uchinchi muqaddas masjid bo‘lib, yahudiylarning u yerga kirishlariga ruxsat berilsa-da, ibodat qilishlari taqiqlanishiga kelishilgan.
Quddusi Sharifdagi islomiy ziyoratgohlar uchun mas’ul Iordaniya va Falastin rasmiylari yahudiy siyosatchilarning ushbu qadamiga g‘azabnok munosabat bildirdilar.
Islomiy muqaddas majmuni Iordaniya Vaqfi boshqaradi, Iordaniya ushbu qadamni "qabul qilib bo‘lmas provokatsiya" deb ta’rifladi.
Falastin ma’muriyati buni "qizil chiziqdan o‘tish" deb qoraladi.
Al-Aqsoda tasvirga olingan videoda Itamar Ben-Gvir, Hamas tarqatgan isroillik ozib ketgan garovga olingan insonlarning videosining maqsadi Isroilga bosim o‘tkazish deb aytgan.
U o‘zining bundan oldingi butun G‘azo bo‘lgasini bosib olish chaqiriqlarini takrorlagan, bu hududdan falastinliklarni o‘z ixtiyorlari bilan chiqib ketishga chaqirgan.
Bi-bi-sining Quddusdagi muxbiri Hyuga Bachega yozishicha, Itamar Ben-Gvirning ushbu bayonotini ekspertlar tinch aholini majburan ko‘chirish va ehtimolki urush jinoyati deb talqin etilishi mumkinligini aytganlar.

Surat manbasi, .
Iordan daryosining G‘arbiy Sohilidagi falastinliklar jamoalariga qarshi takror-takror zo‘ravonliklarga gij-gijlagani uchun Buyuk Britaniya Itamar Ben-Gvirga qarshi sanksiya kiritgan.
Ben-Gvir rahbarligidagi yahudiylarning ushbu amalidan keyin Bosh vazir Netanyahu idorasi bayonotiga ko‘ra, ham musulmonlar va ham yahudiylar uchun muqaddas sanaladigan majmuaga nisbatan Isroilning status-kvo maqomini saqlab qolish siyosati "o‘zgargani yo‘q va o‘zgarmaydi".
4 avgust tongida G‘azodagi shifokorlar oziq-ovqat tarqatish joylariga borgan paytida otib o‘ldirilgan va ochlikdan o‘lgan g‘azoliklarning soni yanada ko‘paygani haqida xabarlar tarqatdilar.
G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, yakshanba kuni kamida 56 ovqat izlayotgan falastinlik otib o‘ldirilgan.
O‘zlari va oilasi uchun yegulik topishga jon-jahdi bilan harakat qilayotgan g‘azoliklar bo‘lga janubiidagi Rafah yaqinida joylashgan G‘azo Insonparvarlik jamg‘armasi (GHF) omboriga yaqinlashganlar.
Xabarlarga ko‘ra, odamlar yaqinlashishi bilan Isroil askarlari olomonga qarata pulemyotlardan o‘t ochganlar.
Shuningdek, G‘azo markazidagi yegulik tarqatish nuqtasida ham olomon to‘plangan, ularga qarata ham o‘t ochilgan.
Isroil harbiylari olomonga qarata faqat ogohlantiruvchi o‘q otilgan deydi.
G‘azo tibbiyot rasmiylariga ko‘ra, so‘nggi 24 soat ichida yana besh inson ochlik oqibatida hayotdan ko‘z yumgan.
Bu bilan G‘azoda ocharchilik nobud qilgan insonlarning soni 180 ga yetdi, ularning 93 nafari bolalardir.
Isroil matbuoti xabar qilishicha, Bosh vazir Benyamin Netanyahu G‘azo bo‘lgasida harbiy amaliyotni kengaytirishni xohlayapti, shu yo‘l bilan Hamas bilan tinchlik muzokaralari boshi berk ko‘chaga kirib qolgan vaziyatda Hamasni mag‘lub etish orqali garovdagi isroilliklarni ozod qilmoqchi.
Bi-bi-sining Isroildagi muxbiri Iolanda Nell yozishicha, ushbu g‘oya G‘azodagi chuqur insonparvarlik inqirozi hamda ozib ketgan ikki garovdagi isroillikning videosi xalqaro g‘azablarga sabab bo‘layotgan vaqtda yangradi.
Isroil matbuoti iqtibos keltirayotgan rasmiylarga ko‘ra, bosh vazir garovdagilarni "Hamasni harbiy mag‘lub etish" orqali ozod qilish ustida ishlayapti.
Chunki bosh vazir ishonishicha, Hamas qurolli guruhi kelishuvdan manfaatdor emas.
Xabarlarga ko‘ra, bosh vazirning yangi rejasi yaqin kunlarda Isroil xavfsizlik kabineti bilan muhokama etiladi, bu rejaga ko‘ra, jangovar harbiy amaliyotlar kechmaydigan hududlarga yanada ko‘proq oziq-ovqat yordamlari kiritiladi.
Isroil hukumatidagi rasmiyning jurnalistlarga aytishicha, bu borada Isroil AQSh bilan doimiy muloqotda bo‘lib turipti.
Muxbirimizning yozishicha, G‘azoda yangi eskalatsiya ehtimoli har kuni ochlik yoki to‘yib ovqat yemaslikdan falastinliklar halok bo‘lgani xabarlari tarqalayotgan vaqtda zudlik bilan otashkesimga chaqirib kelayotgan ittifoqchilarning ko‘pini yanada g‘azablantirishi mumkin.
Garovga olingan insonlarning oilalarini qo‘llab-quvvatlab kelayotgan asosiy guruh yangi harbiy ishg‘ol g‘oyasini qoralab shunday dedi:
"Netanyahu Isroil va garovdagilarni halokatga yetaklayapti".
3 avgust kuni Avstrliyaning Sidney shahrida G‘azo urushini to‘xtatish talabi bilan yurish tashkil etildi.
Sidneyning mashhur Harbor ko‘prigidan o‘tgan namoyishchilar soni 90000 ni tashkil etdi, deb xabar qildi politsiya.
Namoyishchilar Avstraliya hukumatidan Isroil hukumatiga qarshi sanksiyalar joriy etishga chaqirdilar.
1 avgust. Isroil G‘azo urushi: AQSh Falastin rasmiylariga viza bermoqchi emas

Surat manbasi, AFP
AQSh Falastinning o‘z-o‘zini boshqarish tashkiloti va bu tashkilotni xalqaro sahnada tamsil etadigan rasmiylarga qarshi sanksiyalar joriy etishini e’lon qildi.
AQShning tashqi siyosat idorasi - Davlat departamenti Falastinni Ozod qilish tashkilotining a’zolariga va Falastin Ma’muriyati rasmiylariga vizalarini rad etishi haqida ma’lum qildi.
Isroil va Falastin munosabatlari Oslo kelishuvida kelishilgan, bu kelishuvda Falastinni Ozod qilish tashkiloti Isroil davlatini tan olishi va bundan keyin qurolli zo‘ravonliklardan voz kechishga rozi bo‘lgani ortidan FOT Falastin xalqining rasmiy vakillari - Falastin Ma’muriyati deb tan olingan edi.
AQSh viza inkori ham FOT, ham FM vakillariga qaratiladi demoqda.
Bi-bi-si muxbiri yozishicha, AQSh Davlat departamenti bayonotining vaqti va ohangi bu narsa Tramp ma’muriyatining shu haftadagi BMTdagi Frantsiya-Saudiya Arabistoni tashkillashtirgan anjumanga reaktsiyasidir.
Bu konferentsiya yonma-yon Isroil va Falastin davlatini barpo etishni qo‘llab-quvvatlash maqsadini ko‘zlagan tadbir bo‘ldi.
Ushbu konferentsiya Frantsiya, Buyuk Britaniya va Kanada Isroildan G‘azoda otashkesimni talab qilishlari, aks holda ayrim shartlar bilan kelayotgan sentyabrda BMT Bosh Assambleyasida Falastin davlatini rasman tan olishlari haqidagi bayonotlari yangragan vaqtga to‘g‘ri keldi.
Bi-bi-si muxbiriga ko‘ra, AQSh ushbu so‘nggi qattiq chiqishlarga qarshi jazo choralarini kiritishga qaror qildi, agar BMTdagi konferentsiyada qatnashganlar "aksilisroil" bayonotlar qiladigan bo‘lsalar, bunga qarshi diplomatik oqibatlar bo‘ladi, deb ogohlantirgan edi.
31 iyul. Kanada Falastinni tan olmoqchi bo‘lgani Trampga yoqmadi

Surat manbasi, ANADOLU VIA GETTY IMAGES
Bosh vazir Mark Karney aytishicha, Kanada kelayotgan sentyabrda Falastin davlatini tan olishni rejalashtirayapti.
Bu bilan Kanada dunyoning yirik yettiligi orasida Falastinni rasman tan olishini e’lon qilgan uchinchi mamlakat bo‘ldi.
Bundan oldin Frantsiya, so‘ng Buyuk Britaniya sentyabr oyidagi BMT Bosh Assambleyasida Falastin davlatini rasman tan olishlarini e’lon qilishlari haqida bayonot bergan edi.
Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer Isroilni otashkesimga chaqirgan, agar o‘t ochishni to‘xtatmasa va boshqa shartlar bajarilmasa, Buyuk Britaniya Falastin davlatini rasman e’tirof etishi talabini ilgari surgan edi.

Surat manbasi, .
Kanada Bosh vaziri Mark Karney so‘zlariga ko‘ra, Kanadaning Falastin davlatini tan olishi demokratik islohotlar, jumladan, Falastin ma’muriyatining keyingi yil Hamassiz saylovlar o‘tkazishiga ham bog‘liq.
Bosh vazir Karney so‘zlariga ko‘ra, Iordan daryosi G‘arbiy Sohilida yahudiy kelgindilar manzilgohlari kengaytirilayotgani, Hamasning 2023 yil 7 oktyabrdagi Isroilga hujumlari ortidan G‘azodagi insonparvarlik vaziyati yomonlashib borayotgani Kanada tashqi siyosati o‘zgarishiga sababchi bo‘lgan omillardir.
Isroil Tashqi ishlar vazirligi Kanada bayonotini tanqid qildi, bu narsa "Hamas uchun mukofot bo‘ladi" dedi.
Birlashgan Millatlar tashkilotiga a’zo 193 mamlakatning 147 tasi rasman Falastinni davlat sifatida tan olgan.
AQSh Prezidenti Donald Tramp Kanada bayonotiga salbiy munosabat bildirdi.
Trampga ko‘ra, Kanadaning Falastinni tan olish rejasidan keyin AQShning Kanada bilan savdo kelishuviga erishishi "juda qiyin" bo‘ladi.
G‘azodagi ocharchilik tufayli Isroilga qarshi xalqaro g‘azab ortib borar ekan, AQShning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus elchisi Stiv Uitkoff Isroilga yo‘l olgan.
31 iyul kuni Uitkofning Isroil rasmiylari bilan uchrashuvlari mo‘ljallangan.
Stiv Uitkoff AQSh-Isroil dastaklayotgan guruh - GHF G‘azoda tashkil qilgan bahsli oziq-ovqat tarqatish markazlarini ham borib ko‘radi, degan xabarlar tarqaldi.
Ayni vaqtda G‘azodagi tibbiyot mulozimlari oziq-ovqat olish uchun borgan 50 dan ortiq odam otib o‘ldirilgani, 400 tacha inson yaralangani haqida xabar berdilar.
Zikkim deb nomlanadigan chegara o‘tish nuqtasi yaqinida yuk ortilgan avtomobilga yaqinlashgan odamlarga qarshi o‘t ochilgan.
Ocharchilik tobora og‘irlashayapti.
G‘azodagi mas’ullarga ko‘ra, shu vaqtgacha ocharchilik oqibatida hayotdan ko‘z yumgan insonlarning soni 154 ga yetgan.
Hamasning 2023 yil 7 oktyarbida Isroilga hujum qilib, qariyb 1200 kishini o‘ldirgani, 251 odamni garovga olgani ortidan Isroil G‘azoda boshlagan urush oqibatida o‘lganlar soni 60 mingdan oshdi.
Hamas rahbarligidagi G‘azo sog‘liqni saqlash mas’ullariga ko‘ra, halok bo‘lganlarning 18592 nafari bolalar, 9782 nafari esa ayollardir.
29 iyul. Isroil huquq himoyachilari hukumatni G‘azoda qatliom o‘tkazishda aybladi
Emir Nader

Surat manbasi, Reuters
Isroilning ikki yetakchi inson huquqlari tashkiloti Isroilning G‘azo urushidagi xatti-harakatlari Falastin aholisiga qarshi qatliom ekanligini aytdi.
"B'Selem" va "Isroil inson huquqlari uchun shifokorlar" tashkilotlari dushanba kuni so‘nggi 21 oylik mojaroni o‘rganish asosida alohida hisobotlar e’lon qildi.
Isroilda o‘nlab yillar davomida faoliyat yuritib kelayotgan tashkilotlar qo‘shma bayonotda "bu qorong‘u davrlarda narsalarni o‘z nomi bilan atash ayniqsa muhim", deb ta’kidlab, "jinoyatni darhol to‘xtatishga" chaqirdi.
Isroil hukumati vakili qatliom (genotsid) ayblovlarini keskin rad etishini bildirdi.
Bu ayblovlar Isroilda joylashgan inson huquqlari tashkilotlari tomonidan ilk bor bildirilmoqda.
"Bizning mudofaa kuchlarimiz terrorchilarni nishonga oladi, hech qachon tinch aholini emas. G‘azodagi azob-uqubatlar uchun HAMAS javobgar", dedi Devid Menser.
Dushanba kuni Quddusda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida "B'Selem" ijrochi direktori Yuli Novak o‘z tashkilotining hisoboti "hech qachon yozishimizga to‘g‘ri keladi deb o‘ylamagan" hujjat ekanligini aytgan.
88 sahifalik hujjatda shunday deyilgan: "Isroilning G‘azo sektoridagi siyosati va uning dahshatli oqibatlarini, shuningdek, Isroilning yuqori lavozimli siyosatchilari va harbiy qo‘mondonlarining hujum maqsadlari haqidagi bayonotlarini o‘rganish, bizni Isroilning G‘azo sektoridagi Falastin jamiyatini ataylab yo‘q qilish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan harakatlarni amalga oshirayotgani haqidagi aniq xulosaga olib keladi."
"Isroil inson huquqlari uchun shifokorlar" (PHRI) 65 sahifalik hisobotida sog‘liqni saqlashga yo‘naltirilgan huquqiy tahlili Isroil G‘azoning sog‘liqni saqlash infratuzilmasini "hisob-kitob qilingan va tizimli ravishda" nishonga olganini aniqladi.
"Dalillar G‘azoning sog‘liqni saqlash va hayotni saqlash tizimlarini - kasalxonalarga qasddan hujum qilish, tibbiy yordam va evakuatsiyalarga to‘sqinlik qilish, shuningdek, tibbiyot xodimlarini o‘ldirish va hibsga olish orqali qasddan va tizimli ravishda demontaj qilinganini ko‘rsatadi", deyiladi hisobotda.
PHRI ijrochi direktori doktor Gay Shalev shunday dedi: "Genotsidga nisbatan jim turish mumkin emas. Biz shuni ta’kidlamoqchimizki: qatliomga qarshi turish nafaqat huquqiy va siyosiy institutlarning mas’uliyatidir. Unga qarshi turish global sog‘liqni saqlash hamjamiyatidan shoshilinch choralar ko‘rishni talab qiladi."
Tashkilotlar 2023 yil 7 oktyabrda Isroilga qilingan "dahshatli va jinoiy HAMAS hujumi" isroilliklar orasida qo‘rquv va jamoaviy ozurdalikka sabab bo‘lgan harakat ekanligini aniqladi.
Biroq, hujumga javoban, ularning da’vosicha, Isroil hukumati "ekstremistik mafkuralarni targ‘ib qilish va G‘azodagi falastinliklarni inson qiyofasidan mahrum qilish"ga asoslangan kampaniyani olib bordi.
PHRI aniqlagan harakatlarga "urushga tasodifan emas, balki guruh sifatida falastinliklarni nishonga olishga qaratilgan qasddan siyosatning bir qismi" deya ta’rif beradi.
Tashkilot xulosasiga ko‘ra, Isroil imzo chekkan 1948 yilgi Genotsid (Qatliom) jinoyatining oldini olish va jazolash to‘g‘risidagi konventsiyaning II moddasida belgilangan kamida uchta harakatni bajargan.

Surat manbasi, Reuters
Bir qator xalqaro huquq tashkilotlari, BMT inson huquqlari ekspertlari va olimlari Isroilni G‘azoda genotsid sodir etishda ayblagandi.
Xalqaro Sud (ICJ) ham Janubiy Afrika tomonidan Isroil kuchlari G‘azodagi falastinliklarga qarshi genotsid sodir etayotganligi haqidagi da’voni ko‘rib chiqmoqda.
Isroil bu ayblovni qat’iyan rad etadi va bu ishni "mutlaqo asossiz" hamda "xolislikdan yiroq va yolg‘on da’volarga" asoslangan deb atadi.
Doktor Shalev Bi-Bi-Siga PHRI va "B'Selem" tashkilotlari va ularning xodimlari o‘z hisobotlariga javoban Isroilda og‘zaki yoki jismoniy zo‘ravonlikka duch kelishlaridan xavotirda ekanligini aytdi.
"Lekin biz odamlar biz aytayotgan narsalarni tinglashlariga umid qilamiz", deya qo‘shimcha qildi u.
"B'Selem"dan Yuli Novak Isroil genotsid o‘tkazayotganligi haqidagi xulosaga kelish jarayoni og‘ir kechganini aytdi.
"O‘z mamlakatingiz, o‘z jamoangiz haqiqatan ham genotsid sodir etayotganini tushunish juda og‘ir aqliy va shaxsiy jarayondir", dedi u.
"Bu biz kim ekanligimiz haqidagi eng asosiy tushunchangizni buzadi."
Isroil 2023 yil 7 oktyabrda HAMAS hujumiga javoban G‘azoda urush boshladi, unda 1200 ga yaqin kishi halok bo‘ldi va 251 kishi garovga olindi.
HAMAS tomonidan boshqariladigan sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil hujumlaridan buyon G‘azoda 59 900 dan ortiq kishi halok bo‘lgan. Vazirlik raqamlari BMT va boshqalar tomonidan qurbonlar bo‘yicha mavjud bo‘lgan eng ishonchli statistika manbai sifatida keltiriladi.
28 iyul: Tramp G‘azoda haqiqiy ochlik dedi

Surat manbasi, Reuters
Shotlandiyada bo‘lib turgan AQSh Prezidenti Donald Tramp Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer bilan muzokara payti jurnalistlarga, G‘azoda haqiqiy ocharchilik, AQSh u yerda oziq-ovqat markazlarini yo‘lga qo‘yadi, dedi.
Bi-bi-si Xalqaro muharriri Jeremi Bouen Iordaniya poytaxti Ammanda harbiy transport samolyotlariga G‘azo bo‘lgasiga havodan uloqtirish uchun ortilayotgan oziq-ovqat yonida gapirarkan, bu amallar Isroilga bo‘layotgan xalqaro bosim natijasi ekanini aytadi.

Surat manbasi, Getty Images
Ammo 1991 yili Iroqda, 1993 yili Bosniyaga oziq-ovqat va boshqa zarur yordamlar havodan tashlanganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan faxriy jurnalist, bu samarali amal emasligini eslatadi.
Jeremi Bouen yerga tushgan oziq-ovqatlar parchalanib ketgani, yordamlarni olaman deb pastdagi odamlar mina maydonlariga kirib qolib portlaganlari, yordam yuklari bombardimonlardan omon qolgan binolarning ustiga tushganlarining guvohi bo‘lganini eslaydi.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post, 1
BMTning Falastin qochqinlariga yordam agentligi rahbari Filipp Lazarini bu yuklar odamlar ustiga tushib o‘ldirishi mumkinligini, shuning uchun Isroil quruqlikdan yuk avtomobillari kiritilishiga ruxsat berishi kerakligini aytdi.

Surat manbasi, Anadolu/Getty Images
26 iyuldan Iordaniya va Birlashgan Arab amirliklari harbiylari G‘azoga ovqat tashlashni boshladilar.
Isroil G‘azoning Misr bilan chegarasidagi Rafah chegarasidan oziq-ovqat olib kiritilishiga ruxsat berdi.
Ammo G‘azoning al-Mavasiy degan joyida oilasi bilan chodirda yashayotgan oila boshlig‘i Ahmad 27 iyul kuni Misrdan 30 mashina yordam kirganini, o‘zlari biror yegulik qo‘lga kiritolmaganlarini aytdi.
Isroil yakshanba kuni 120 mashina yegulik kiritildi dedi.
Biroq BMT mas’uli Tom Fletcher bu yordamlar ocharchilikdan o‘layotgan g‘azoliklar uchun "okeandan tomchi" deydi.

Surat manbasi, EPA
G‘azodagi tibbiyot rasmiylari oxirgi sutkada 14 inson, ular orasida ikki bola ochlik oqibatida hayotdan ko‘z yumganini xabar qildilar.
Ayni paytda Isroil Mudofaa kuchlari oziq-ovqat olish maqsadidagi insonlarga o‘q uzgani oqibatida insonlar halok bo‘lgani haqida aytishdi g‘azoliklar muxbirlarga.
Isroil G‘azoning uch joyida — al-Mavasiyda, Deyr al-Balahda va G‘azo shahri shimolida har kuni ertalabki soat 10 dan kechki soat 8 gacha jangovar harakatlar to‘xtatilishini, bu narsa BMT va boshqa xalqaro tashkilotlarga g‘azoliklarga oziq-ovqat va dori-darmon olib kirishlariga imkoniyat berish uchun qilinayotganini e’lon qildi.
Lekin jangovar harakatlar tanaffusi e’lon qilinganiga qaramasdan, G‘azo meditsina mulozimlari oxirgi 24 soat ichida 100 kishi halok bo‘lgani, 382 kishi yaralangani haqida xabar qildilar.
Bu bilan Hamasning 2023 yil 7 oktyabrida Isroilga hujum qilib, qariyb 1200 kishini o‘ldirgani va 251 odamni garovga olgani ortidan boshlangan G‘azo urushida halok bo‘lgan insonlarning soni 59921 ga yetdi.
28 iyul kuni Isroildagi yetakchi ikki inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti - B'Tselem va Inson huquqlari uchun shifokorlar - Isroil (PHRI) o‘zlarining hisobotlarini e’lon qildilar.

Surat manbasi, Reuters
Isroil hukumatining G‘azodagi amallariga bag‘ishlangan hisobotlarda Isroil inson haqlari tashkilotlari hukumatni genotsidda aybladilar.
Ayni paytda Isroilning o‘zida odamlar va matbuot "nega Isroil hamon G‘azoda urushayapti" degan savollarni berayaptilar, deb yozadi Bi-bi-sining Quddusi Sharifdagi Yaqin Sharq bo‘yicha muxbiri Xyuga Bachega.
"Netanyahuni uzoq vaqtdan beri siyosiy maqsadda urushni cho‘zib kelayotganlikda ayblashadi, bu maqsadlardan biri ultra millatchi partiyalarga tayangan koalitsiyasini asrab qolish", deb yozadi muxbirimiz.
Yordam tarqatish va insonparvarlik yo‘laklari uchun harbiy tanaffus e’loni Isroil parlamenti Knesset yozgi ta’tilda bo‘lganida e’lon qilindi, bu paytda Netanyahu hukumati o‘zini xavfsiz his qiladi.
Netanyahuning eng qattiqqo‘l dastaklovchilari, jumladan, Milliy Xavafsizlik vaziri Itamar Ben Gvir va Moliya vaziri Bezalel Smotrich o‘tmishda agar G‘azoga ko‘proq yordam kiritilsa, koalitsiyadan chiqib ketish bilan tahdid qilganlar.

Surat manbasi, .
Aslida ular G‘azodagi odamlarga har qanday yordam kiritilishiga qarshilar, G‘azodan falastinliklarga quvib chiqarib u yerga yahudiylarni joylashtirish tarafdorilar.
Uzoq vaqtdan beri ko‘plab isroilliklar savol berib kelishadi: nega Hamasning 2023 yil 7 oktyabr hujumlaridan qariyb 22 oy o‘tib, biz hamon G‘azoda urushayapmiz, agar tashkillashgan guruh sifatida Hamas allaqachon mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa?
G‘azodagi azob-uqubatlar butun dunyoni larzaga solayotgan bir paytda Isroilning xalqaro izolyatsiyasi kuchayib borayapti. Isroilning Hamas bilan kelishuvga erishishi uchun, insonparvarlik yuklarini yetkazishni ko‘paytirish va yanada ayanchli inqiroz oldini uchun yo‘lidagi bosim yanada ortadi, deb yozadi Bi-bi-si muxbiri.
25 iyul. Frantsiyaning Falastinni tan olish qarorini AQSh va Isroil qoraladi

Surat manbasi, Reuters
Prezident Emmanuel Makron shu yil sentyabrida BMT Bosh Assambleyasida Frantsiya Falastin davlatini rasman tan olishi haqida e’lon etishini xabar qildi.
Bu bilan Frantsiya G7 lik deb nomlanadigan dunyoning iqtisodiyoti eng yirik yetti mamlakati orasidan Falastinni e’tirof etgan ilk mamlakat bo‘ladi.
Sobiq Tvitter, hozirgi X ijtimoiy tarmog‘ida post qoldirgan Prezident Makron Falastin Prezidenti Mahmud Abbosga maktubini ham ilova qildi.
"Zudlik bilan sulhni o‘rnatish, barcha garovdagilarni ozod etish va G‘azo aholisiga ulkan insonparvarlik yordamlarini yetkazmoq lozim. Shuningdek, Hamasni demilitarizatsiyalash, G‘azoda xavfsizlikni ta’minlash va qayta tiklash zarur", deb yozdi Prezident Makron.
Falastin rasmiylari ushbu qarorni olqishlab chiqdilar.
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu bu qarorni qoralab chiqdi, "ushbu qadam 2023 yil 7 oktyabr terrori uchun Hamasga mukofot bo‘ladi", deb munosabat bildirdi.
AQSh Davlat kotibi Marko Rubio buni "beo‘ylov qadam" deb ta’rifladi.
2024 yil may oyida Irlandiya, Norvegiya va Ispaniya Falastin davlatini tan olishgan, bu esa ikki yonma-yon davlat mavjudligiga qarshi Isroil siyosatchilarining Iordan daryosining G‘arbiy Sohilidagi yanada ko‘proq hududlarni anneksiya chaqiriqlariga sabab bo‘lgan.
Ayni paytda bu borada Britaniya qanday qadam tashlashi katta ahamiyatga ega bo‘lishini Bosh vazir Netanyahuning o‘zi ham tan olgan, shu kunlarda Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer bosim ostida qolgan.
Bosh vazir Starmerdan ham Falastin davlatini rasman tan olishni talab qilmoqdalar.
Prezident Makron bayonoti ortidan Kir Starmer Frantsiya rahbari va Germaniya kantsleri Fridrih Merts bilan muloqot qilajagini va G‘azodagi ayanchli vaziyatni muhokama etishini bildirdi.
AQSh bilan Isroil Qatarda borayotgan G‘azodagi otashkesim muzokaralaridan chiqib ketganlarini e’lon qildilar, Hamasni "yaxshi niyatda" amal qilmayotganlikda aybladilar.
100 dan ortiq xalqaro tashkilotlar G‘azoda ommaviy ocharchilik yuz berayotgani haqida ogohlantirish bilan chiqqanlaridan keyin ham vaziyat tezlik bilan yomonlashib borayotgani kuzatilayapti.

Surat manbasi, .
Vaziyat haqida Bi-bi-si Isroil hukumati rasmiysidan so‘radi.
Rasmiy so‘zlariga ko‘ra, G‘azo ichkarisiga olib kiriladigan "yordam miqdoriga cheklov yo‘q".
"Chegara bilmas shifokorlar" tashkiloti G‘azodagi ocharchilik oqibatlari haqida o‘z bayonotini e’lon qildi.
Médecins Sans Frontières (MSF)ga ko‘ra, G‘azodagi bemorlar va xalqaro tashkilotning u yerdagi xodimlari orasida "to‘yib yemaslikning falokatli darajasi"ning guvohi bo‘layaptilar.
MSF vaziyatning ushbu muhim jihatlariga e’tibor qaratadi:
"Chegara bilmas shifokorlar" shifoxonalarida tekshirilgan bolalar, chaqaloq va bolasini emizayotgan onalarning 25% ida qorni to‘ymaganlik qayd etilgan.
Har kuni G‘azo shahridagi shifoxona xodimlari orasida qorni to‘ymaganlikning 25 yangi holati kuzatilayapti.
Xalqaro tashkilot shifokorlarning o‘zlari to‘yib ovqat yeya olmayotganliklaridaan ogohlantiradi.
G‘azo Insonparvarlik jamg‘armasining oziq-ovqat tarqatish nuqtalari ish boshlaganidan buyon 1000 dan ortiq odam halok bo‘ldi, 7200 kishi yaralandi, deydi "Chegara bilmas shifokorlar".
BMTning Falastin qochqinlari agentligi(UNRWA) ham G‘azo bo‘lgasidagi ayanchli vaziyatdan ogohlantirish bilan chiqdi.
UNRWA ga ko‘ra, ochlikdan o‘layotgan insonlarning soni ortib borayapti, bo‘lgadagi "butun insonparvarlik tizimi qulayapti".
24 iyul. G‘azoliklar ommaviy ocharchilik tufayli holdan toymoqda (Video)

Surat manbasi, Getty Images
G‘azoda ommaviy ochlik avj olayotganidan xavotir bildirgan 100 dan ziyod xalqaro xayriya va inson huquqlari guruhlari hukumatlarni zudlik bilan chora ko‘rishga chaqirmoqda.
Chegara Bilmas Shifokorlar (MSF), Save the Children va Oksfam tashkilotlari qo‘shma bayonotni imzolaganlar orasida bo‘lib, unda ularning hamkasblari va xizmat ko‘rsatayotgan insonlar holsizlanib borayotgani ta’kidlangan.
Hududga kiruvchi barcha ta’minotlarni nazorat qiluvchi Isroil, mazkur tashkilotlarning bayonotini keskin rad etib, ularni Hamas targ‘ibotiga xizmat qilishda aybladi.
Ular ushbu ogohlantirishni bergan bir paytda, G‘azodagi Hamas nazoratidagi Sog‘liqni saqlash vazirligi oxirgi bir sutkada yana 10 falastinlikning ochlikdan jon taslim qilganini bildirdi.
Vazirlikning qayd etishicha, yakshanbadan beri G‘azoda ocharchilikdan vafot etganlarning umumiy soni 43 nafarga yetgan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, kasalxonalarga ochlik tufayli juda holdan toygan kishilar yotqizilgan, shu bilan birga boshqalar ko‘chalarda yiqilib qolmoqda.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post, 2
"Isroil hukumatining qamali G‘azo aholisini ochlikdan qiynayotgan bir paytda, gumanitar yordam xodimlari ham o‘z oilalarini boqish uchun o‘qqa tutilish xavfini boshiga olib, oziq-ovqat navbatlariga qo‘shilishga majbur bo‘lmoqda," deya ta’kidladi 109 ta insonparvarlik tashkiloti chorshanba kuni e’lon qilingan bayonotida.
Mart oyida Isroil G‘azoga to‘liq qamal joriy qildi va ikki haftadan so‘ng Hamasga qarshi harbiy harakatlarini qayta boshlab, ikki oylik sulhni buzdi. Isroilning aytishicha, bu qadam garovga olinganlarni ozod etish uchun amalga oshirilgan.
Ikki oyga yaqin vaqt o‘tgach, global ekspertlarning yaqinlashib kelayotgan ocharchilik haqidagi ogohlantirishlari ta’sirida qamal qisman yumshatilgan bo‘lsa-da, oziq-ovqat, dori-darmon va yoqilg‘i tanqisligi yana ham yomonlashdi.
"Tibbiyot xodimlari o‘tkir ochlik, xususan bolalar va qariyalar orasida misli ko‘rilmagan darajada kuchayganini qayd etishmoqda. O‘tkir ich ketish kabi kasalliklar tarqalmoqda, bozorlar bo‘m-bo‘sh yotibdi, axlatlar uyilib qolgan, kattalar esa ochlik va suvsizlikdan ko‘chalarda halok bo‘lmoqda," — deb bong urgan edi insonparvarlik tashkilotlari.
Psixosotsial yordam ko‘rsatuvchi bir xodim bolalarga yetkazilgan dahshatli ta’sir haqida shunday dedi: "Bolalar ota-onalariga o‘lib, jannatga ketishni istashlarini aytishmoqda: chunki u yerda hech bo‘lmaganda yegulik bor."

Surat manbasi, Reuters
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga (JSST) ko‘ra, aholining chorak qismi ocharchilik holatiga yaqin sharoitda yashamoqda, shuningdek, qariyb 100 ming ayol va bola og‘ir o‘tkir to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekayotgani sababli ularga zudlik bilan davo chorasi zarur.
JSST direktori Tedros Adhanom Gebreesus chorshanba kuni shunday dedi: "Ma’lumki, ommaviy ocharchilik deganda aholining katta qismining och qolishi tushuniladi, G‘azo aholisining salmoqli qismi esa ayni damda ochlikdan qiynalmoqda."
"Buni ommaviy ochlikdan o‘zga nom bilan atash mushkul, va bu sun’iy ravishda yuzaga keltirilgan. Hammamiz bilib turibmizki, buning sababi qamaldadir."
Xon Yunus shahridagi Nosir kasalxonasi pediatriya bo‘limi boshlig‘i doktor Ahmad al-Farra Bi-Bi-Siga ma’lum qilishicha, uch kundan buyon oziq-ovqat yoq.
Uning so‘zlariga ko‘ra, uning bo‘limiga bolalar turli darajadagi ocharchilik holatida kelishmoqda.
Ba’zilari ochlik sabab, shifoxona qaramog‘ida vafot etgan, deya qo‘shimcha qildi u. Boshqalari esa ozuqa moddalarining organizmga so‘rilishiga to‘sqinlik qiluvchi sog‘liq muammolari bilan kelgan.
"Biz shu halokatli nuqtaga yetib kelishdan qo‘rqqandik – va mana yetib keldik," dedi u.
Asosiy mahsulotlar tanqisligi mahalliy bozorlarda narxlarning keskin oshishiga olib keldi va aksariyat oilalar hech narsa sotib olishga qurbi yetmay qoldi.
"Bu adolatsizlik – narxlar osmonlarga ko‘tarilib ketgan," — deya nolidi G‘azo aholisidan biri.
"Har kuni faqat un olish uchungina 300 shekel (90 dollar) kerak bo‘lmoqda."
Insonparvarlik tashkilotlari, BMTning ma’lumotiga ko‘ra, 27-maydan beri – ya’ni Isroil va AQSh qo‘llovi ostidagi G‘azo Gumanitar Jamg‘armasining (GHF) bahsli yordam taqsimlash mexanizmi BMT nazoratidagi tizimga muqobil sifatida ishga tushganidan buyon – oziq-ovqat olishga uringan 1050 dan ortiq falastinlikning Isroil harbiylari tomonidan o‘ldirilganini ham qayd etdilar.
BMTning inson huquqlari bo‘yicha ofisi ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil harbiy zonalarida joylashgan va AQSh xususiy xavfsizlik pudratchilari tomonidan boshqariladigan GHFning to‘rtta yordam punkti yaqinida 766 kishi halok bo‘lgan. Yana 288 kishi BMT va boshqa yordam karvonlari yaqinida o‘ldirilgan.
Isroil harbiylari GHF ob’ektlari yaqinida joylashgan o‘z qo‘shinlari faqat ogohlantiruvchi o‘q uzganini va ular tinch aholiga qasddan otmasligini aytdi. GHFning ta’kidlashicha, BMT G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligining "yolg‘on va chalg‘ituvchi" raqamlaridan foydalanmoqda.
O‘lib, jannatga ketay - hech bo‘lmaganda jannatda yegulik bor...
Insonparvarlik tashkilotlari ogohlantirishicha, G‘azo aholisining deyarli barchasi boshqa joylarga ko‘chirilgan. Ular hozirda G‘azo hududining atigi 12 foizidan kamroq qismiga tiqilib qolishgan. Bu hudud Isroilning evakuatsiya buyruqlari bilan qamrab olinmagan va harbiylashtirilgan zonalardan tashqarida joylashgan. Natijada, yordam operatsiyalarini amalga oshirishning iloji yo‘q.
Ular G‘azoda kuniga o‘rtacha atigi 28 yuk mashinasi yordam taqsimlanayotganini ham ta’kidladilar.
G‘azo tashqarisidagi omborlarda – hatto G‘azoning ichida ham – tonnalab oziq-ovqat, toza suv, tibbiy buyumlar, boshpana uchun ashyolar va yoqilg‘i yotibdi, chunki insonparvarlik tashkilotlariga ularni olib kirish yoki tarqatishga to‘sqinlik qilinmoqda.
BMTning ta’kidlashicha, Isroil ishg‘olchi kuch sifatida xalqaro qonunlarga binoan ehtiyojmand aholining barchasiga gumanitar yordam yetib borishini ta’minlashga majbur.
Isroil o‘zining xalqaro qonunlarga muvofiq harakat qilishini va yordamning Hamasga yetib bormasligini ta’minlagan holda yordamning kirib kelishini osonlashtirishini ta’kidlamoqda.
U yaqinda falastinliklarga yetib borayotgan ta’minotda sezilarli pasayish bo‘lganini tan oldi, ammo bunda BMT agentliklarini aybladi.
G‘azoga yordam kirishini muvofiqlashtiruvchi Isroil harbiy tashkiloti Cogat dushanba kuni X (Twitter) platformasida so‘nggi ikki oy ichida G‘azoga qariyb 4500 yuk mashinasi, shu jumladan 2500 tonna bolalar ovqati va bolalar uchun yuqori kaloriyali maxsus oziq-ovqat kirib kelganini yozdi.
U (Cogat) shuningdek, dron orqali olingan tasvirlarni e’lon qildi. Unda Kerem Shalom va Zikim chegara o‘tish joylarining G‘azo hududida BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan olib ketilishini kutayotgan 950 yuk mashinasi yordamining bir qismi ko‘rsatilgan.
Cogatning so‘zlariga ko‘ra, gumanitar yordamning G‘azo sektoriga uzluksiz yetib borishiga to‘sqinlik qilayotgan asosiy omil – bu uni qabul qilib olish punktlaridagi muammolardir.

Surat manbasi, Reuters
BMTning qayta-qayta ta’kidlashicha, tashkilot chegara punktlari ichidan G‘azolik haydovchilar yordamida kirib kelayotgan yuklarni yig‘ib olish va ularni harbiy zonalar orqali tashish uchun Isroildan kerakli ruxsatnomalarni olishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Davom etayotgan harbiy harakatlar, jiddiy shikastlangan yo‘llar va yoqilg‘i tanqisligi muammolarni yanada kuchaytirdi. Qurollangan guruhlar tomonidan sodir etilgan jinoiy talonchiliklar ham ba’zan operatsiyalarni to‘xtatib qo‘ygan.
BMTning ta’kidlashicha, so‘nggi haftalardagi asosiy muammo - tashkilot Isroil harbiylaridan gumanitar yordam karvonlaridan oziq-ovqat olishga urinayotgan umidsiz falastinliklar o‘ldirilmasligi haqida kafolat olishda qiynalmoqda.
BMT matbuot kotibi Stefan Dyujarrik seshanba kungi brifingda shunday dedi: "Ko‘p holatlarda, BMT guruhlariga Isroil tomonidan G‘azo chegara punktlari yaqinidagi yopiq hududlardan yuklarni olib ketishga ruxsat beriladi. Biroq, askarlar aralashmasligi yoki u yerda bo‘lmasligi haqida qayta-qayta kafolat berilganiga qaramay, bu yuk mashinalariga yaqinlashgan tinch aholi o‘qqa tutilmoqda."
"Bu qabul qilib bo‘lmaydigan holat gumanitar operatsiyalarni osonlashtirish tamoyillariga butunlay zid. Hech kim oziq-ovqat olish uchun o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yishga majbur bo‘lmasligi kerak."
"Bu qabul qilib bo‘lmaydigan holat gumanitar operatsiyalarni osonlashtirish tamoyillariga butunlay zid. Hech kim oziq-ovqat olish uchun o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yishga majbur bo‘lmasligi kerak."
Insonparvarlik tashkilotlari hukumatlar uchun "qat’iy choralar ko‘rish" vaqti kelganini ta’kidladilar.
"Zudlik bilan va doimiy sulh talab qiling; barcha byurokratik va ma’muriy cheklovlarni bekor qiling; barcha quruqlik o‘tish joylarini oching; G‘azoning barcha hududlarida har bir kishi uchun kirishni ta’minlang; harbiylar tomonidan nazorat qilinadigan tarqatish modellarini rad eting; tamoyilli, BMT boshchiligidagi gumanitar javob chorasini tiklang va tamoyilli hamda xolis insonparvarlik tashkilotlarini moliyalashtirishda davom eting."
"Davlatlar qamalni tugatish uchun, masalan, qurol va o‘q-dorilar transferini to‘xtatish kabi aniq choralarni ko‘rishlari shart," deya qo‘shimcha qildilar ular.
Isroil Tashqi ishlar vazirligi bayonotni keskin rad etib, tashkilotlarni "Hamasning g‘oyalarini yoyishda" aybladi.
"Bu tashkilotlar Hamasning tashviqotiga xizmat qilmoqda, ularning raqamlaridan foydalanib, dahshatli harakatlarini oqlamoqda," deya qo‘shimcha qildi vazirlik. "Terror tashkilotiga qarshi chiqish o‘rniga, ular uni o‘zlarinikidek qabul qilmoqdalar."
Vazirlik, shuningdek, ularni Isroil va Hamas Qatardagi bilvosita muzokaralarda kelishayotgan yangi sulh va garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuv imkoniyatlariga "putur yetkazishda" aybladi.
Isroil harbiylari G‘azoda Hamasning 2023-yil 7-oktabrda Isroil janubiga uyushtirgan hujumiga javoban harbiy kampaniya boshlagan edi. Ushbu hujumda 1200 ga yaqin kishi halok bo‘lgan va 251 kishi garovga olingan.
Hududning Hamas tomonidan boshqariladigan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘shandan buyon G‘azoda kamida 59,219 kishi halok bo‘lgan.
23 iyul - G‘azoda yana 10 inson ochlikdan o‘ldi

Surat manbasi, Getty Images
Isroilning do‘stlari tugab borayapti, deb yozadi Bi-bi-sining xalqaro muharriri Jeremi Bouen.
Hamasning 7 oktyabrdagi hujumlaridan keyin jipslashgan ittifoqchilari Isroilning G‘azodagi amallari bois sabrlari tugadi, deydi Bi-bi-sining faxriy tahlilchisi.
Xabarlarga ko‘ra, hatto Isroilning eng muhim ittifoqchisi Donald Trampning ham Netanyahuga nisbatan jahli chiqdi, bunga Isroil rahbarining kutilmaganda Damashqni bombalashga bergan buyrug‘i sabab bo‘ldi - bu Tramp tan olgan va ruhlantirgan yangi Suriya rejimiga hujum edi, deb yozadi Jeremi Bouen.
Boshqa G‘arb ittifoqchilarining sabri bir necha oy oldin tugagan edi.
Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqining aksar, Kanada, Avstraliya, Yangi Zellandiya va Yaponiya tashqi ishlar vazirlari Isroil harakatlarini qoralagan yana bir qo‘shma bayonot 21 iyul kuni imzolandi.
Bu bayonotda G‘azoda tinch odamlar duch kelayotgan azob-uqubatlar, Isroil BMT va yetakchi global yordam tashkilotlari sinagan va ishonchdan o‘tgan insonparvarlik yordamlarini tarqatish o‘rniga joriy etgan G‘azo Insonparvarlik jamg‘armasi halokatli yordam tarqatish tizimi va muvaffaqiyatsizlarini ta’riflash uchun keskin so‘zlardan foydalanildi.

Surat manbasi, .
"G‘azo tinch aholisining azob-uqubatlarini yangi chuqurlikka yetdi", deyiladi bayonotda.
"Isroil hukumatining yordamni yetkazish modeli xavfli, beqarorlikka olib keladi va g‘azoliklarni insoniy qadr-qimmatdan mahrum qiladi. Biz yordamlarni tomchilab berishni, o‘zlarining oddiy suv va ovqatga bo‘lgan ehtiyojini qondirmoqchi bo‘lgan tinch fuqarolar, shu jumladan, bolalarning ham noinsoniy o‘ldirilishini qoralaymiz. Yordam izlayotgan 800 nafardan ortiq falastinlikning o‘ldirilishi — dahshatli holat.
"Isroil hukumatining tinch aholi uchun hayotiy muhim insonparvarlik yordamlarini rad etayotgani qabul etib bo‘lmasdir. Isroil o‘zining xalqaro insonparvarlik qonunchiligidagi majburiyatlarini ado etmog‘i lozim", deyiladi 27 mamlakat bayonotida.
G‘azoliklar ko‘chada ochidan yiqilayaptilar

Surat manbasi, Reuters
G‘azo bo‘lgasida ocharchilik kuchayayotganidan BMTning Ocha insonparvarlik agentligi ogohlantirish bilan chiqdi.
Agentlikka ko‘ra, "insonlarni omon qolishi vaziyati shiddat bilan qulayapti".
G‘azodagi Sog‘likni saqlash vazirligiga ko‘ra, oxirgi 48 soat ichida 33 inson, ularning 12 nafari bola ochidan o‘lgan.
Bu bilan G‘azoda ochidan o‘lgan inson soni 101 ga yetgan, ularning 80 nafari boladir.
23 iyul kuni G‘azo rasmiylari oxirgi sutkada 10 inson ochlikdan o‘ldi deb xabar berdilar.
Shuningdek, 27 mayda AQSh va Isroil dastaklayotgan G‘azo Insonparvarlik jamg‘armasi (GHF) oziq-ovqat tarqatish tizimini ishga tushirganidan beri yegulik olaman deb borgan 1026 insonni Isroil harbiylari o‘ldirganlar.
Ovqat qidirib o‘lgan insonlarning sonini 22 iyul kuni BMT 1054 nafar deb xabar berdi.
Ovqatlana olmaganidan haddan ziyod sillasi qurigan insonlar tobora ko‘p shifoxonalarga yotqizilayapti.
"Boshqalar ko‘chada ochidan yiqilayaptilar", deyiladi BMT insonparvarlik agentligi tarqatgan bayonotda.
Ko‘mak tashkilotlari G‘azoda "ommaviy ocharchilik" tarqalayotgani haqida ogohlantirayotgan bir paytda AQSh bahsli yordam tarqatish tizimini himoya qilyapti.
Ikki oyki Isroil va AQSh dastaklayotgan Gaza Humanitarian Foundation (GHF) - G‘azo Insonparvarlik jamg‘armasi shu vaqtgacha xalqaro ko‘mak tashkilotlari bajarib kelgan vazifa - g‘azoliklarga oziq-ovqat tarqatishni o‘z qo‘liga olgan.
BMT bu tizimni takror-takror qoralab chiqdi, bu narsa yordam yetkazishni "harbiylashtiradi", dedi.
O‘shandan buyon deyarli har kuni yegulik olish uchun borgan g‘azoliklar o‘ldirilgani xabarlari tarqalayapti.
Bu xabarlarga javoban Isroil harbiylari "shubhali" ko‘ringan yoki tahdid paydo qilgan odamlarga nisbatan "ogohlantirish o‘qlari otildi" deydi.
Bi-bi-si muxbiri AQSh Davlat departamentining matbuot kotibasiga, "sizning bu yondashuvingiz ocharchilikka sabab bo‘lmayapti", deb savol berdi.
Matbuot kotiba so‘zlariga ko‘ra, "joriy vaziyat ish berayapti".
Matbuot kotiba da’vo qilishicha, bunday tartib yordamlar Hamas qo‘liga yetib borish oldini oladi va bu tartibga qarshilik qilayotganlari hayratlanarli.
G‘azoning 'butkul qamali' ommaviy ocharchilikka sabab bo‘layapti

Surat manbasi, Reuters
100 dan ortiq yordam tashkiloti G‘azodagi ommaviy ocharchilik vaziyatidan ogohlantirib ochiq xat e’lon qildilar.
Bu ochiq xatda quyidagilar aytiladi:
- "Isroil hukumatining qamali G‘azo xalqini och qoldirar ekan, insonparvarlik tashkilotlari xodimlari o‘z oilasi qornini to‘ydirish uchun otib tashlash tahdidi bor yegulik navbatlariga qo‘shilishga majbur bo‘layaptilar
- G‘azaoning "butkul qamali" boshboshdoqlik, ochlik va o‘limlarni keltirib chiqarayapti
- Ta’minotlar "butkul tugab bo‘ldi", insonparvarlik tashkilotlari xodimlari ochidan o‘lar holatga kelayaptilar
- G‘azo atrofidagi omborlardagi tonnalaab oziq-ovqat, suv va tibbiy yordamlarga teginilmagan, chunki tashkilotlarning bu omborlarga kirish va bu yordamlarni tarqatishlariga to‘sqinlik qilinayapti
- "BMT yetkchiligidagi tizim ish bermagan emas, uni amal qilishi oldi olinayapti
- Ayniqsa bolalar va keksalar o‘rtasida o‘tkir qorni to‘ymaganlik "rekord daraja"ga chiqdi.
Ko‘mak tashkilotlari doimiy otashkesimga, barcha cheklovlarni olib tashlashga, G‘azoga kirish nuqtalarining hammasini ochishga, harbiylar nazoratidagi oziq-ovqat nuqtalari faoliyatini to‘xtatish va BMT yetakchiligidagi insonparvarlik yordamlarini yetkazish tartibini qayta yo‘lga qo‘yishga chaqiradilar.
Jami ochiq xatga 115 yordam tashkiloti imzo chekdi.
23 iyul. Buyuk Britaniya doxil 27 davlat Isroilning G‘azodagi tinch aholini "g‘ayriinsoniy o‘ldirish"da qoraladi

Surat manbasi, Getty Images
Devid Grittin
BBC News, Quddus
Buyuk Britaniya va yana 27 davlat G‘azoda urushni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirib, u yerdagi fuqarolarning azob-uqubati "yangi cho‘qqiga yetganini" ta’kidladi.
Qo‘shma bayonotda Isroilning yordam yetkazish tizimi xavfli ekani ta’kidlanib, "tomib turuvchi tarzda oziq-ovqat yetkazish va suv hamda taom izlayotgan fuqarolarning g‘ayriinsoniy tarzda o‘ldirilishi" qoralangan.
Hamas nazoratidagi G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berishicha, o‘tgan hafta oxirida oziq-ovqat kutayotgan paytda Isroil o‘t ochishi natijasida 100 dan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, 19 nafari esa to‘yib ovqat yemaslikdan vafot etgan.
Isroil Tashqi ishlar vazirligi davlatlarning bayonotini rad qildi va u "real voqelikdan uzoq va Hamasga noto‘g‘ri signal yuborishi"ni aytdi.
Vazirlik Hamasni otashkesim va garovdagilarni ozod qilish borasida yangi kelishuvga rozi bo‘lmasdan, yolg‘on tarqatish va yordam taqsimotini buzishda aybladi.
Hamas bilan urush davom etayotgan oxirgi 21 oy ichida xalqaro hamjamiyat Isroilning G‘azodagi urush taktikalarini qoralagan ko‘plab bayonotlar berdi. Ammo bu galgi bayonot o‘z keskinligini bilan alohida ajralib turadi.
Bayonot Buyuk Britaniya va yana 27 davlatning tashqi ishlar vazirlari tomonidan imzolangan. Ular orasida Avstraliya, Kanada, Frantsiya, Italiya, Yaponiya, Yangi Zelandiya va Shveytsariya ham bor.
G‘azo aholisining azob-uqubati yangi darajaga yetdi. Isroil hukumati tomonidan tashkil etilgan yordam yetkazish tizimi xavfli va beqarorlikka olib keladi.
Bayonot "G‘azodagi urush darhol to‘xtashi kerak", deb boshlanadi.
Unda "G‘azo aholisining azob-uqubati yangi darajaga yetdi. Isroil hukumati tomonidan tashkil etilgan yordam yetkazish tizimi xavfli, beqarorlikka olib keladi va g‘azoliklarni insoniy qadr-qimmatdan mahrum qiladi", deb ogohlantirilgan.
"Biz ehtiyoji uchun oziq-ovqat va suv izlayotgan, shu jumladan, bolalar va tinch aholiga yordamni tomchilab berish va g‘ayriinsoniy o‘ldirilishini qoralaymiz. Yordam izlayotgan 800 nafardan ortiq falastinlikning o‘ldirilishi — dahshatli holat."
Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lammi Buyuk Britaniya parlamentida G‘azoda "dahshatli voqealar zanjiri" yuz berayotgani, jumladan, havo zarbalari natijasida "umidsiz, och bolalar" o‘layotgani haqida gapirdi.
Lammi shu yili G‘azoga qo‘shimcha £40 millionlik insonparvarlik yordami ajratilishini e’lon qilar ekan, Isroil xavfsizligi va mavjudligini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. Biroq Isroil hukumatining harakatlari "dunyo miqyosida Isroil mavqeiga ulkan zarar yetkazmoqda va uning uzoq muddatli xavfsizligini zaiflashtirmoqda", dedi u.

Surat manbasi, Reuters
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterreshning matbuot kotibi G‘azoda gumanitar vaziyatning yanada yomonlashganidan qattiq tashvishdaligini bildirib, "odamlarning omon qolishi uchun so‘nggi vositalar ham yo‘q bo‘layotganini" ma’lum qildi.
"Isroil BMT tomonidan taqdim etilayotgan yordamni barcha imkoniyatlarini ishga solgan holda qo‘llab-quvvatlash va ruxsat berishga majbur", dedi matbuot kotibi.
May oyidan beri Isroil 11 haftalik to‘liq blokadani qisman yengillashtirganidan so‘ng, yordam kutayotgan falastinliklarning o‘ldirilishi to‘g‘risida deyarli har kuni xabarlar kelmoqda. Isroil va AQSh ko‘magida "G‘azo gumanitar jamg‘armasi" (GHF) orqali yangi yordam tizimi joriy qilindi, u BMT nazoratidagi tizimdan mustaqil faoliyat yuritadi.
Isroil bu tizim — AQSh xususiy xavfsizlik kompaniyalari orqali harbiy zonalarda oziq-ovqat tarqatilishi — Hamas tomonidan yordam o‘g‘irlanishining oldini oladi, deydi.
Biroq BMT va uning hamkorlari bu tizimni xavfli deb baholab, uning betaraflik, mustaqillik va gumanizm tamoyillariga zidligini bildirib, hamkorlik qilmayapti.
O‘tgan seshanba kuni BMT inson huquqlari bo‘yicha idorasi GHF yordam nuqtalari yaqinlarida oxirgi 8 hafta ichida 674 ta o‘lim qayd etilganini ma’lum qildi. Shuningdek, BMT va boshqa yordam kolonnalari yo‘nalishlari bo‘ylab yana 201 nafar o‘ldirilgani qayd etilgan.












