Mirziyoyev Frantsiyadan olib qaytgan oliy mukofot qanday gap-so‘zlarga sabab bo‘lmoqda?
O‘tgan hafta Frantsiyaga borgan prezident Shavkat Mirziyoyev bu davlatning oliy mukofoti – Faxriy legion ordeni bilan taqdirlandi. Rasmiy matbuotda bu voqea olqishlar bilan qarshi olingan bo‘lsa, ayrim tanqidchilar O‘zbekiston yetakchisiga bunday mukofot berilishi qanchalik asosli bo‘lganini savol ostiga olgan.

Surat manbasi, Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston prezidentiga Frantsiyaning eng yuqori va faxriy mukofotini shaxsan ushbu mamlakat yetakchisining o‘zi – Emmanuel Makron tantanali ravishda topshirgan.
Strategik hamkorlik maqomi va 6,5 milliard yevro qiymatiga teng savdo kelishuvlariga erishilgan davlat tashrifi chog‘ida topshirilgan bu mukofot O‘zbekiston rasmiy matbuoti tomonidan o‘ziga xos iliqlik bilan qarshi olingan.
17 mart kuni O‘zA vebsaytida chop etilgan maqolasida senator Qudratilla Rafiqov Yelisey saroyida bo‘lib o‘tgan mukofot topshirish marosimini "tashrifning eng quvonchli voqeasi" deya ta’riflagan.
Avvalroq Mirziyoyevga umrbod prezidentlik berish g‘oyasini ilgari surgan senator mazkur mukofotga sazovor bo‘lgan taniqli shaxslarning uzun ro‘yxatini keltirgan.
"…Frantsiya prezidenti Sharl de Goll, Buyuk Britaniya bosh vaziri Uinston Cherchill, Mikrobiologiya asoschisi mashhur olim Lui Paster, frantsuz aktyori Jan-Pol Belmando, yozuvchi, "Uch mushketyor" asari muallifi Aleksandr Dyuma, birinchi fazogir Yuriy Gagarin, Janubiy Afrika respublikasi Prezidenti Nelson Mandela, AQSh prezidenti Franklin Ruzvelt, Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II, Singapur Bosh vaziri Li Kuan Yu...".
Siz ushbu yuksak mukofotni oʻzbekning chiroyli qoshu koʻziga qarab berdi, deb oʻylaysizmi? Bu martabaga erishish... uchun juda ulkan mehnat kerak boʻladi, aziz oʻquvchi.
Bir vaqtning o‘zida Kasaba uyushmalari federatsiyaga rahbarlik qilib kelayotgan va 2021 yilda o‘zining "Mening prezidentim!" nomli kitobini chop ettirgan Rafiqov ushbu ro‘yxatdagi nomlarga tayangan holda Frantsiya oliy mukofoti O‘zbekiston prezidentiga bekorga berilmaganini taxmin qilgan.
"Barchasi dunyo siyosati, madaniyati, bir so‘z bilan aytganda, insoniyat tamadduniga ta’sir qilgan liderlar, insonlar... Siz ushbu yuksak mukofotni o‘zbekning chiroyli qoshu ko‘ziga qarab berdi, deb o‘ylaysizmi? Bu martabaga erishish, yuqoridagi jahon xalqlari tan olgan nufuzli ro‘yxatdan joy olish uchun juda ulkan mehnat kerak bo‘ladi, aziz o‘quvchi", yozgan u O‘zAda e’lon qilingan maqolasida.
Davlat televideniesi ham maqtovlar marafoniga qo‘shilgan.
15 mart kuni "O‘zbekiston" telekanalida Oliy Majlisning Tashqi ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Dilorom Fayzieva davlat tashrifi haqida so‘zlar ekan, bu voqea "O‘zbekiston va Frantsiya o‘rtasidagi davlatlararo munosabatlar tarixida yangi sahifa ochdi", deya ta’kidlagan.
"O‘zbekiston 24" yangiliklar telekanalida esa olim Poyon Bakirov yanada jo‘shqin maqtovlar bildirib, mazkur mukofot "butun dunyodagi odamlar tomonidan e’zozlangan" O‘zbekiston prezidenti, shuningdek "Yangi O‘zbekiston deb nomlangan jannatmonand yurtni tan olish belgisi" ekanini bildirgan.
"Mukofot ortida nima turibdi"?

Surat manbasi, Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston prezidentining xorijiy davlat oliy mukofotiga sazovor ko‘rilishi ayrim mustaqil kuzatuvchilar va faollar tomonidan savollar bilan qarshi olingan ham.
Shveytsariyada yashaydigan o‘zbekistonlik sobiq diplomat Alisher Taksanov bu mukofotning sabablari yuzasidan alohida savolni o‘rtaga tashlagan.
"Mukofot taqdim etilishdagi e’lon quloqqa juda yoqimli eshitiladi: ʼO‘zbekiston va Frantsiya o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish hamda ikki xalq o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashdagi katta hissasi uchunʼ. Ammo aslida bu mukofot ortida nima turibdi?".
Facebookʼda qoldirgan bu savoliga sobiq diplomatning o‘zi qisman javob berib, u Mirziyoyev boshqaruvi davrida bir qator tashvishli voqealar kuzatilganini tilga olgan.
Taksanov O‘zbekistonning tashqi qarzi "6 milliard dollardan 35 milliard dollarga" o‘sgani, shuningdek, davlat boshqaruvida tizimli muammolar hamon borligini ta’kidlagan.
"Byudjet hamon shaffof emas, davlat xaridlari yopiq shaklda o‘tkaziladi va qarorlar parda ortida qabul qilinadi".
Taksanov jamiyatda tobora kuchayib borayotgan tengsizlik va korruptsiyaga diqqat qaratib, quyidagicha fikr qoldirgan:
"Mansabdorlar hashamatli mashinalarda yurishadi, maktablarda esa isitish tizimi yo‘q. Qayerdan kelgani aniq bo‘lmagan kapitalga ega shubhali investorlar mamlakatga kirdi. Senzura kuchaygan, hukumat tanqidchilari – jurnalistlar va blogerlar – soxta ayblovlar bilan qamoqqa tashlanmoqda. Korruptsiya endi yashirin bo‘lmay, tizimli norma darajasiga yetdi".
Fransiya Shavkat Mirziyoyevni u Oʻzbekiston fuqarolarining aksariyati ishonchini har qachongidan ham koʻra koʻproq yoʻqotgan bir paytda eng yuqori mukofot bilan taqdirladi.
Taniqli inson huquqlari faoli Nadejda Ataeva esa Frantsiyaning bu qaroridan hafsalasi pir bo‘lgani haqida yozgan.
"Frantsiya Shavkat Mirziyoyevni u O‘zbekiston fuqarolarining aksariyati ishonchini har qachongidan ham ko‘ra ko‘proq yo‘qotgan bir paytda eng yuqori mukofot bilan taqdirladi", da’vo qilgan u.
Biroq mustaqil kuzatuvchilardan eshitilgan fikrlarning hammasi ham salbiy ruhda bo‘lmagan.
Yozuvchi va tahlilchi Anvar Nazir Frantsiya-O‘zbekiston munosabatlarining mustahkamlanishida geosiyosiy afzalliklarni ko‘rgan.
"Bu Kremlning O‘rta Osiyodagi pozitsiyalariga kuchli zarba. Hozir esa, O‘zbekiston suveren huquqlariga hurmatsizlikning mutlaq namoyishi sifatida Rossiyaning Davlat Dumasi spikeri Volodin Toshkentga keldi. Albatta, Moskva Frantsiya bilan raqobatlasha olmaydi, lekin u juda zarar keltiradigan ishlarni qilishi mumkin. Moskvaning uzoq yillik loyihasi Darxondagi mashhur ofis haqidagi voqea bilan amalga oshishi kerak edi, bularning barchasi O‘zbekistonni O‘rta Osiyo Chechenistoniga aylantirish loyihasining yakuniy davomi edi, lekin bu loyiha amalga oshmadi, Xudoga Shukur".
Taniqli huquqbon, "Ezgulik" jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov ham o‘xshash fikrlarni ilgari surgan.
"Demokratik Frantsiya bilan o‘zaro siyosiy integratsiya, mamlakatning dunyoga ochilishi yo‘lidagi muhim qadamdir. Bu kabi o‘ta muhim qadam o‘risqullarga, G‘arbga nafratdagi qatlamga behuzurlik keltirishi tayin. Prezidentning bunday yurishini fuqarolik jamiyati vakili sifatida olqishlayman".
Faxriy legion ordeni nima o‘zi?

Surat manbasi, Prezident matbuot xizmati
Faxriy Legion ordeni (Légion d'honneur) Frantsiyaning harbiy hamda fuqarolik sohasidagi eng yuksak mukofoti hisoblanadi.
Unga 1802 yilda Napoleon Bonapart tomonidan asos solingan.
Orden Frantsiyaga benazir xizmat ko‘rsatganlar yoki san’at, ilm-fan, sanoat, madaniyat yoxud xayriya faoliyatida alohida hissa qo‘shgan shaxslarni e’tirof etish maqsadida ta’sis etilgan.
Mukofot nafaqat Frantsiya fuqarolari, balki bu mamlakat rivojiga sezilarli darajada hissa qo‘shgan yoki Frantsiya bilan xalqaro munosabatlarni mustahkamlashga o‘zini namoyon etgan xorijliklarga ham taqdim etiladi.
Mukofotga sazovor bo‘lganlar odatda rasmiy marosimda nishonni qabul qilib olishadi.
Bu nishon Frantsiya davlati tomonidan bildirilgan yuqori minnatdorchilik va e’tirofning nufuzli ramzi sanaladi.















