O‘zbekiston avtosalonlarida "ur-to‘polon"

Сурат манбаси, none

GM-Uzbekistan qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan yengil avtomobillarni 7 avgustdan boshlab o‘zbek so‘mida xarid qilish uchun shartnoma berilishi haqida xabar tarqalarkan, Toshkentdagi aksariyat avtosalonlarda turnaqator navbatlar paydo bo‘lgan.

Toshkentdan jurnalist Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, ayniqsa, poytaxtdagi yirik avtosalonlarda "ur-to‘polon", "noxush manzara" kuzatilmoqda.

"Avtomobillar sotib olish uchun bu kabi navbatning yuzaga kelishiga sabab, sog‘lom bozor munosabatlarining yo‘qligi, xorijdan keltiriladigan mashinalarga sun‘iy ravishda to‘siq qo‘yilgani, ya‘ni davlat bojlari yuqori qilib qo‘yilgani hamda O‘zbekiston avtomobil bozorining erkin emasligida", deydi jurnalist.

Matbuotga gapirgan "O‘zavtosanoat" vakili xabarni tasdiqlagan va mashinalar qiymati o‘tgan yilgisidan o‘zgarmaganini qo‘shimcha qilgan.

O‘zbekiston qonunlariga binoan, mamlakatda to‘lovlar milliy valyutada amalga oshirilishi kerak.

Biroq, O‘zbekistondagi avtomobil ishlab chiqarish tizimi ham, bu avtomobillarni qayerda qanchaga sotilishi ham shaffof emasligi aytib kelinadi.

Jurnalist Abdurahmon Tashanovning aytishicha, avtomobil sotib olish istagidagi odamlar belgilangan narxning 85 foizini oldindan to‘lashlari kerak bo‘ladi. Ammo, mashina kalitini olish uchun ma‘lum muddat kutishga to‘g‘ri keladi.

"Eng qiziq tomoni - to‘lov shartnomasi berilayotgan fuqarolarga avtomobillar 1,5 yil, ba‘zan 2 yildan keyin beriladi. Shartnomalar asosida pul to‘lagan odamlar bevosita zavodning rivojlanishiga hissa qo‘shgan bo‘ladi. Ya‘ni, ularning pullari "oborot"da - aylanmada ishlaydi", deydi Abdurahmon Tashanov.

O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan avtomobillarning aksariyat qismi eksport qilinadi. Mutaxassislarga ko‘ra, ushbu avtomobillar Qozog‘iston va yo Rossiya kabi davlatlar bozorlarida bahosi o‘ta arzonligi bilan xaridorgirdir.

"Ammo, O‘zbekiston aholisining o‘ziga avtomobillarga nisbatan ehtiyoj katta, lekin O‘zbekiston hukumati uni ichki bozorda sotishdan ko‘ra, tashqi bozorga sotishdan ko‘proq manfaatdor", deydi jurnalist.

Hozir GM Uzbekistan qo‘shma korxonasi tomonidan sakkizta: Damas, Nexia, Matiz, Gentra, Spark, Saptiva, Malibu, Cobalt, Orlando kabi modeldagi avtomashinalar sotuvga chiqariladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02