Dayjest: Dushanbeda Ukraina urushining 1000 kunligi, qo‘shni mamlakatlarga ID-kartalar bilan

O‘zbekistondan Qozog‘istonga o‘tayotgan avtomashinalar

Surat manbasi, BBC O'zbek

Surat tagso‘zi, O‘zbek-Qozoq chegarasi
O'qilish vaqti: 2 daq

Xorij matbuoti e’tiborini O‘zbekistonning qo‘shnilari bilan chegaradan o‘tishni osonlashtirish rejasi tortdi.

O‘zbekistonning yangi shakllangan parlamentining 20 noyabrdagi ilk majlisida ma’ruza qilgan Prezident Shavkat Mirziyoyev hukumat rejalariga to‘xtaldi, ular orasida oddiy odamlarning qo‘shni mamlakatlarga o‘tib-qaytishini osonlashtirish ham bor.

2023 yil 1 sentyabridan O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolarining chegaradan xorijga chiqish pasporti bilan emas, ID kartalarni ko‘rsatib o‘tishlari tartibi joriy qilingan edi.

Endi O‘zbekiston fuqarolarining Qozog‘iston va Tojikiston chegaralarini faqatgina ID karta orqali kesib o‘tishi tartibini joriy etish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi Prezident Mirziyoyev.

"Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini yanada rivojlantirish bizning tashqi siyosatimizda ustuvor bo‘lib qoladi", deya Prezident Mirziyoyevdan iqtibos keltirdi "Frans Press" axborot agentligi.

1991 yilda Sovet Ittifoqi parchalanib, Markaziy Osiyo mamlakatlari mustaqil bo‘lganlaridan keyin o‘rtada ishonchsizlik va muntazamiy bahslar kelib chiqdi.

So‘nggi yillarda mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlar iliqlashgani kuzatildi, qo‘shnilar bilan diplomatik sammitlar ko‘paydi.

Bu esa ham G‘arb mamlakatlari, ham Rossiya va Xitoyning mintaqaga qiziqishini tobora ortishiga sabab bo‘ldi.

Dushanbe shahrida Ukraina urushi qurbonlari xotirlandi

Ukrainadagi vayron bo‘lgan Pokrovsk shahridagi bino vayronalari oldidan o‘tib borayotgan erkak

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Ukrainadagi vayron bo‘lgan Pokrovsk shahridagi bino vayronalari oldidan o‘tib borayotgan erkak

Tojikiston poytaxti Dushanbe shahridagi Muqaddas Iosif cherkovida Ukraina urushi boshlanganining 1000 kunligi munosabati bilan tadbir tashkillashtirildi.

Muxbirlarga ko‘ra, cherkovga Tojikistonda faoliyat yuritadigan xorijiy elchiliklar vakillari, Ukraina fuqarolari to‘planganlar, urushda halok bo‘lganlar xotirlangan, Ukraina xalqiga birdamlik izhor etganlar.

Cherkovda Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga bag‘ishlangan foto ko‘rgazma tashkil etilgan.

Muxbirlarning yozishicha, ushbu tadbir Tojikiston uchun noodatiy hodisa bo‘lgan.

Boisi, Tojik rasmiylari qudratli qo‘shnisi bo‘lgan Rossiya bilan Ukraina o‘rtasida diplomatik neytrallikni saqlashga majburlanganlar.

Boshqa mintaqa mamlakatlari kabi Tojikiston ham Rossiyaning Ukrainaga bosqinini qoralamadi, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ishtirokidagi ko‘plab tadbirlar, xususan, 9 maydagi Moskva Qizil Maydonidagi g‘alaba paradida Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon ham qatnashib keladi.

Telegram kanalimiz: