Jazoir qonunchiligi Frantsiyaning mustamlakachiligini jinoyat deb e’lon qildi

Surat manbasi, AFP via Getty Images
- Author, BBC yangiliklar bo‘limi
- O'qilish vaqti: 2 daq
Jazoir parlamenti bir ovozdan Shimoliy Afrikadagi bu davlatni Frantsiya tomonidan mustamlakaga aylantirilishini jinoyat deb e’lon qiluvchi qonunni qabul qildi. Shuningdek, uzr so‘rash va tovon to‘lashni talab qildi. Davlat telekanali xabariga ko‘ra, qonun mustamlakachilikni ulug‘lashni ham jinoyat deb belgilaydi.
Bu ovoz berish ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik aloqalar tobora yomonlashayotganining yana bir isboti bo‘lib, ayrim kuzatuvchilar fikricha, munosabatlar Jazoir 63 yil avval mustaqillikka erishganidan beri eng salbiy ko‘rsatgichda.
Frantsiyaning 1830 yildan 1962 yilgacha Jazoirni mustamlaka qilishi ommaviy qirg‘inlar, keng ko‘lamli surgunlar bilan kechgan va qonli mustaqillik urushi bilan yakunlangan. Jazoir urushda 1,5 million kishi halok bo‘lganini aytadi, frantsuz tarixchilari esa bu raqam ancha past ekanligini ta’kidlaydi.
Frantsiya prezidenti Emmanuel Makron avvalroq Jazoirning mustamlakaga aylantirilishini "insoniyatga qarshi jinoyat" deb tan olgan, biroq uzr so‘ramagan.
AFP axborot agentligi xabariga ko‘ra, qonun loyihasi parlamentdan o‘tganida deputatlar milliy bayroq rangidagi sharf taqib, "Yashasin, Jazoir" deb hayqirib, olqishlashdi.
Huquqiy mexanizm kompensatsiyani "had’ya yoki marhamat" sifatida ko‘rmaslikni ta’minlaydi.
Qonunda Frantsiya "sababchi bo‘lgan fojialar uchun qonunan javobgar " ekani ta’kidlanadi hamda "to‘liq va adolatli" tovon to‘lash Jazoir davlati va xalqining "daxlsiz huquqi" sifatida belgilangan. Frantsiya hozircha ovoz berish bo‘yicha izoh bermadi.
Bu qaror G‘arb davlatlariga qullik va mustamlakachilik uchun tovon to‘lash hamda muzeylarida saqlanayotgan talon-taroj qilingan artefaktlarni qaytarish bo‘yicha bosim kuchaygan bir paytda qabul qilindi.
Jazoirlik qonunchilar Frantsiyadan XVI asrga oid bronza to‘p - "Baba Merzoug" ("Barakali ota") nomi bilan tanilgan, ilgari Jazoir poytaxti bo‘lgan Jazoir shahrining himoyachisi sifatida ko‘rilgan qurolni qaytarishni talab qilib kelmoqda.
Frantsuz qo‘shinlari 1830 yilda, uchinchi urinishda, shaharni egallab, to‘pni olib ketgan. Hozir u Frantsiyaning shimoli-g‘arbida, Brest portida saqlanmoqda.
2020 yilda Frantsiya XIX asrda mustamlakachi kuchlarga qarshi kurashda halok bo‘lgan 24 nafar jazoirlik jangchi jasadlarini qaytargan edi. O‘tgan oy Jazoir adolat va tovon to‘lash masalasini ilgari surish uchun Afrika davlatlari konferentsiyasiga mezbonlik qildi.
Jazoir tashqi ishlar vaziri Ahmad Attaf ta’kidlashicha, huquqiy mexanizm kompensatsiyani "had’ya yoki marhamat" sifatida ko‘rmaslikni ta’minlaydi.
O‘tgan 2024 yil, Makron Frantsiyaning G‘arbiy Sahroda Marokash suverenitetini tan olishini va bahsli hudud uchun cheklangan avtonomiya rejasini qo‘llab-quvvatlashini e’lon qilganida, Jazoir va Frantsiya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar yomonlashdi,
Jazoir G‘arbiy Sahroda mustaqillik tarafdori bo‘lgan Polisario Frontini qo‘llab-quvvatlaydi va uning asosiy ittifoqchisi sifatida ko‘riladi.
Jazoir aeroportida hibsga olinib, besh yilga qamalgan, frantsuz-jazoir yozuvchisi Boualem Sansal, o‘tgan oy prezident Abdelmajid Tebboune tomonidan avf etilgan edi.
Prokuratura uni Jazoir chegaralarini shubha ostiga qo‘yuvchi fikrlar bildirgani uchun milliy xavfsizlikka tahdid solganlikda ayblagan.












