O‘zbekiston va mintaqa: Rossiya nimani ko‘zlayaptiyu Toshkent nima qilmoqchi? Video

Surat manbasi, gettyimages/rasmiy/bbc
O‘zbekiston o‘zini har qanday xavfdan himoya etmoqchimi?
Mintaqadan kutilmagan xabarlar olindi – bunaqasi bo‘lmagan...
Shunday ekan, Toshkent nimaning rejasida?
Rossiya-chi, nima qilmoqchi?
Bunga Tolibonning javobi qanday bo‘ladiyu, Toliblardan qanday harbiy hamkor chiqadi?
DIQQAT BBC dasturimizni tomosha qiling uchun quyida ilova qilingan linkni bosib, videoga kiring.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post

O‘zbekiston so‘nggi haftalarda yana mintaqa e’tiborini o‘ziga qaratdi.
Afg‘onistondagi Tolibon hukumati bilan endi harbiy hamkorlikka bormoqchi ekanini aytdi.
O‘zbekiston Tolibon hukumatini rasman tan olmagan.
Bu Toshkentning yangi rejasi bilan bog‘liq rasmiy xabarlar ahamiyatini yanada bo‘rttirdi.
Boshqa tomondan, Afg‘onistonga Tojikiston va Turkmaniston ham chegaradosh.
Ammo mintaqadan bunga o‘xshash xabarlar shu paytgacha olinmagandi.
Shunday ekan, bu nimani anglatadi?
Nega aynan hozir va nima uchun O‘zbekiston?
Dosim Satpaev
Mintaqaviy siyosiy tahlilchi, Qozog‘iston
Bu ikki davlat o‘rtasida so‘nggi yillarda shakllana boshlagan o‘zaro munosabatlaridagi pazlga mos keladi yoki uning bir qismidir.
Dosim Satpaev: "Eng avvalo Tolibon ikkinchi marta hokimiyat tepasiga kelganidan buyon O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan munosabatlari qanday kechganiga nazar tashlashimiz lozim. Umuman olganda, o‘sha paytdan boshlab, biz O‘zbekiston rahbariyatining Tolibon harakatiga nisbatan ritorikasi yumshoqroq va pragmatikroq ekaniga guvoh bo‘ldik. Keyin aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari ham Tolibon bilan turli sohalarda, birinchi navbatda, siyosiy sohada faolroq hamkorlik qila boshlagani sezildi. Gap Tolibon harakatini Afg‘onistonda qonuniy hukumat sifatida tan olish haqida bormadi. Ammo ular bilan siyosiy aloqalar va munosabatlar o‘rnatish anchayin faol tus ola boshladi. Markaziy Osiyo davlatlari Tolibon hukumati bilan faol hamkorlik qila boshlagan ikkinchi soha, albatta, iqtisodiy aloqalardir. Agar, Markaziy Osiyoning har bir davlatiga nazar tashlasangiz, xususan, O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan hamkorlikka qaratilgan o‘ta aniq, ulkan iqtisodiy rejalari borligini ko‘rasiz. Jumladan, so‘z Afg‘oniston orqali Pokiston portlarigacha bo‘lgan transport-logistika yo‘nalishini barpo etish, ya’ni temir yo‘l qurilishi haqida ham bormoqda. Shu bois, O‘zbekistonning harbiy yoki harbiy-siyosiy aloqalarni mustahkamlash niyati, shunchaki, biz o‘tgan bir necha yil davomida kuzatganimiz ana shu voqe’liklarning mantig‘iy davomidir. Xuddi shu narsa, bir tomondan, O‘zbekiston rahbariyati bu gal Tolibonni tahdid sifatida ko‘rmasliklarini ko‘rsatmoqchi ekaniga dalolat qiladi. Bu muayyan ma’noda O‘zbekiston Kobul tarafga berayotgan diplomatik ishoradir. Ya’ni biz siz bilan hatto harbiy sohada ham hamkorlik qilishga tayyormiz, degan mazmunda. Va, albatta, boshqa tomoni ham bor. Chunki hozir aksariyat Markaziy Osiyo davlatlarini, ayniqsa, Afg‘onistonga chegaradosh bo‘lganlarini Tolibonning o‘zi emas, u yerda bo‘lgan boshqa ekstremistik guruhlar ko‘proq xavotirga soladi. Deylik, yaqinda tojik-afg‘on chegarasida yuz bergan va xitoylik ishchilarga qaratilgan hujumlar qurbonlarga ham sabab bo‘ldi. Darvoqe, Xitoy buni qoraladi. Shunga o‘xshash bir voqea esa, aynan aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari nazdlarida Afg‘oniston hududida Tolibondan ham jiddiyroq xavf mavjudligidan dalolat beradi. Tolibonning o‘zi bilan esa, Markaziy Osiyo davlatlari, tushunishimcha, qudratga rostmana va uzoq muddatga kelgan, degan o‘yda o‘zaro hamkorliklarini kuchaytirishmoqchi. Shu bois, bir tomondan, Tolibon ishtirokida Afg‘oniston bilan chegaralarida ma’lum bir xavfsizlikni ta’minlashmoqchi. Boshqa tarafdan, ular bilan qandaydir qo‘shma iqtisodiy loyihalarni ham amalga oshirishmoqchi. Qolaversa, Ukrainada urush boshlanganidan keyin Markaziy Osiyo davlatlari ham muqobil bozorlari topish harakatida. Bundan tashqari, Osiyo mintaqasiga, boshqa yo‘nalishlarga Rossiyani chetlab o‘tuvchi transport va logistika yo‘llari ham izlanmoqda. Shu bois, Afg‘oniston ham O‘zbekiston va ham Qozog‘iston uchun ushbu loyihalarni amalga oshirish nuqtai nazaridan muhim. Menimcha, shuning uchun ham, O‘zbekistonning Tolibon hukumati bilan hozirgi harbiy-siyosiy aloqalarni mustahkamlash niyati – takror aytaman, ikki davlat o‘rtasida so‘nggi yillarda shakllana boshlagan o‘zaro munosabatlaridagi pazlga mos keladi yoki uning bir qismidir: siyosatchilar, siyosiy aloqalar, keyin yaqin iqtisodiy hamkorlik, endi esa ehtimoliy harbiy hamkorlik."
Dovud A’zamiy
Xalqaro siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha ekspert, BBC
Afg‘oniston va Markaziy Osiyo to‘qnash kelib turgan ayrim tahdidlar bir xil; va ularga qarshi kurashish qo‘shma mexanizmni talab qiladi.
Dovud A’zamiy: Tolibon qudratni egallagan 2021 yilning avgustidan keyin O‘zbekiston va Afg‘oniston xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish masalasini bir necha bor muhokama qilgan.
Afg‘oniston va Markaziy Osiyo to‘qnash kelib turgan ayrim tahdidlar bir xil; va ularga qarshi kurashish qo‘shma mexanizmni talab qiladi.
Ularning sirasiga IShIDning faoliyati, giyohvand moddalar ishlab chiqarish va ularning kontrabandasi, noqonuniy odam savdosi ham kiradi.
Harbiy-texnikaviy hamkorlik amalga oshsa, bu josuslik ma’lumotlarini ayirboshlash ilova xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni rasmiylashtiradi. Va, shuningdek, salohiyatni oshirish va o‘zaro ishonchni yaxshilashga yordam beradi.
O‘zbekiston, sekinlik bilan bo‘lsa-da, mintaqa kengroq integratsiya va iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik sari intilayotgan paytda bu g‘oyani ilgari surdi.
Ayni paytda Afg‘oniston allaqachon O‘zbekiston bizneslari uchun yangi yirik bozorga aylangan.
O‘zbekistonning Afg‘onistonning kon, mineral xomashyo sohalari va infratuzilma loyihalariga kiritayotgan sarmoyasi misli ko‘rilmagan tezlikda oshib bormoqda.
Bunga Rossiya nima deydi?
Menimcha, Rossiya qandaydir parda ortidagi usullar bilan Tolibon rejimiga ta’sir o‘tkazish borasida O‘zbekiston bilan raqobatlashishga harakat qiladi.
Alisher Ilhomov
Xalqaro tahlilchi, London
Bu xabar Rossiya ham Tolibon hukumati bilan harbiy hamkorligini kengaytirish niyatini izhor etgan bir paytga to‘g‘ri keldi.
Rossiya, yillarki, O‘zbekistonning eng yirik harbiy va harbiy-texnik hamkori.
Shuningdek, mintaqada o‘zining eng ko‘p harbiy inshootlari va bazalariga ega yagona davlat.
Afg‘onistonga chegaradosh Tojikistonda chetdagi eng yirik harbiy bazasi ham joylashgan.
Mintaqani hozirgacha o‘zining ta’sir doirasidagi hudud sifatida ko‘radi.
Boshqa tomondan, Rossiya – hozirgacha Afg‘onistondagi Tolibon hukumatini rasman tan olgan yagona davlat.
Shunday ekan, Toshkentning Tolibon bilan harbiy hamkorlik rejasiga Rossiyaning munosabati qanday bo‘lishi mumkin?
Alisher Ilhomov: Xo‘sh, qarang, Rossiyaning Tolibon tuzumi bilan yaqin harbiy hamkorlik o‘rnatishga urinayotgani O‘zbekistonga, mamlakat manfaatlari, suvereniteti va xavfsizligiga xavf tug‘diradi. Chunki bu, umuman olganda, ma’lum sharoitlarda O‘zbekistonga qarshi ehtimoliy provokatsiyalar uchun bosim vositasi bo‘lishi mumkin. Lekin, menimcha, aynan shu bois, bu xavfni ma’lum darajada bartaraf etish maqsadida O‘zbekistonning o‘zi Tolibon bilan bu sohada qandaydir aloqalarni o‘rnatishga qaror qilgan bo‘lishi mumkin. Qolaversa, Tolibon rejimi Afg‘onistondagi eng radikal kuch emasligini unutmaslik kerak. U yerda IShIDning Xuroson qanotiga o‘xshagan yanada radikalroq guruhlar bor. Bu guruhlardan esa, qandaydir tahdid bo‘lishi mumkin. Rossiya ularni Markaziy Osiyo davlatlariga qarshi qo‘llashi, shunday stsenariyni ham ishga solishi ehtimoli ham yo‘q emas. O‘zbekiston esa Tolibon tuzumi bilan bu kabi qandaydir aloqalarni yo‘lga qo‘yish orqali yanada radikal, yanada ekstremist va yanada terrorist tashkilotlarni zararsizlantirishdan ham manfaatdor bo‘lishi mumkin. Tolibon tuzumi esa, istaysizmi-yo‘qmi, mavjud haqiqat. Buni nazardan qochirmaslik kerak. Afg‘onistonning deyarli butun hududini nazorat qilib turgan tuzilma. Shunday ekan, bir tomondan, qo‘shni davlat ekan, u bilan qandaydir aloqalar o‘rnatishingiz kerak. Ikkinchi tarafdan esa, bu rejimdan O‘zbekiston manfaatlari, suverenietiga qarshi qo‘llanilishiga yo‘l qo‘ymasligingiz lozim bo‘ladi. Rossiya o‘zining mintaqadagi harbiy hozirligini oqlash uchun Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarida bu kanallardan uzoq vaqtdan buyon foydalanishga harakat qilib keladi. Rossiyaning o‘zi Tolibon bilan bunday aloqalarni o‘rnatayotgan va hatto uni rasman tan olgan bir holatida, qanday qilib Toshkentning bu rejasiga o‘z noroziligini oshkora bildira oladi. Menimcha, ular qandaydir parda ortidagi usullar bilan Tolibon rejimiga ta’sir o‘tkazish borasida O‘zbekiston bilan raqobatlashishga harakat qilishadi.
AQSh-chi?

Surat manbasi, WAKIL KOHSAR/AFP via Getty Images/ARXIV
Afg‘oniston ham global yadroviy qudratlar manfaatlari to‘qnashib kelayotgan davlatlardan biri.
So‘nggi ikki o‘n yillikda Afg‘onistonda yakuniy so‘zni Amerika Qo‘shma Shtatlari aytib kelgan.
Amerika u yerda eng katta sondagi harbiylarga ega bo‘lgan.
Trampning ikkinchi ma’muriyati Afg‘onistonga nisbatan o‘zining yangi siyosatini hali e’lon qilmagan.
Ammo allaqachon Tolibonni terrorchi tashkilotlari ro‘yxatiga kiritish-kiritmaslik masalasini ko‘rib chiqishga kirishgan.
Bagramga qaytish va Afg‘onistonda qoldirgan katta miqdordagi harbiy texnikasini qaytarib olish niyatini ham izhor etgan.
Shunday ekan, O‘zbekistonning istagiga AQShning mavqei qanday bo‘lishi mumkin?
Alisher Ilhomov: Bu tomonlar o‘rtasidagi harbiy, harbiy-texnik hamkorlikning shakliga bog‘liq bo‘ladi. Agar, deylik, bu faqat ekstremistik guruhlarni nazorat qilish sohasi bilan cheklanadigan bo‘lsa, bu Tolibon hukumatining o‘zi va umuman olganda, G‘arb davlatlari, Amerika Qo‘shma Shtatlarining manfaatlariga ham mos keladi. O‘zbekiston hukumatining faqat oqibatlarini hisobga olishi kerak bo‘ladi. Deylik, misol uchun, hozir Pokiston bilan urush borayapti, to‘g‘rimi. Shunday bir holatda, bu yerda birinchi navbatda Pokiston manfaatlarini inobatga olish, Tolibon bilan xavfsizlik sohasida yo‘lga qo‘yiladigan harbiy hamkorlik Afg‘onistonning Pokistonga nisbatan mavqei va harbiy salohiyatining kuchayishiga olib kelmasligini ta’minlash lozim bo‘ladi. Bu muhimroq masala. Shuning uchun ham, hamma narsa bu kabi bir hamkorlikning qanday shakllarda bo‘lishiga bog‘liq bo‘ladi. Bu esa, shunchaki, IShID kabi yanada ekstremistik guruhlar faoliyatini nazorat qilishning qandaydir ko‘rinishi bo‘lishi mumkin, menimcha, faqat shu soha bilan cheklanadi, nazarimda. Bu, deylik, Afg‘onistonning harbiy salohiyatini kuchaytirish, keyin Pokistonga qarshi foydalanishi uchun unga qandaydir harbiy texnika, samolyotlar yoki o‘q-dorilar yetkazib berish kabi keng hamkorlikkacha bormaydi. Men bunday deb o‘ylamayman. Ayni paytda, bilamizki, O‘zbekiston hozir Pokiston bilan, jumladan, harbiy sohada ham hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda. Shunday ekan, bu ikki o‘rtada qandaydir rostmana keskinlikkacha olib kelishi dargumon. Ular O‘zbekiston o‘z milliy manfaatlari va xavfsizligidan kelib chiqib ish tutayotganini tushunishlari va buni hisobga olishlari kerak.
O‘zbekiston va harbiy hamkorlar

Surat manbasi, GHULAM RASOOL/AFP via Getty Images
Rustam Qobil
BBC.COM/UZBEK
O‘zbekistonni zarur holda himoya qilishi mumkin bo‘lgan harbiy hamkorlari bormi va ular kim? Yoki qay mamlakat uchun o‘zbeklar ham himoyaga otlanishi mumkin?
O‘zbekiston biron harbiy blokka a’zo emas va harbiy siyosati ko‘p vektorli.
Rossiya
O‘zbekistonning nafaqat muhim savdo-iqtisodiy, balki harbiy hamkorlaridan biri hamdir. Bu - asosan qurol-aslaha yetkazish hamda ta’mirlashda ko‘rinadi.
Ammo O‘zbekiston Rossiya yetakchiligidagi ODKB, ya’ni, Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotidan 2012 yil chiqib ketgan. Zotan bu tashkilot tamal toshi Toshkentda qo‘yilgan.
Ayni paytda, Moskva yetakchiligidagi ODKB - KXShTga O‘zbekistonning yon qo‘shnilari – Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston a’zo.
Va tashkilot a’zolari kerakli paytda bir-biriga harbiy ko‘mak ko‘rsatishi mumkin. Deylik, to‘rt yil oldin Qozog‘istondagi namoyish va g‘alayonlar payti Rossiya yetakchiligida ODKB kuchlari kiritilgan.
Xitoy
Dunyoning ikkinchi iqtisodi va markaziy Osiyo sharqidagi ulkan qudrat.
Allaqachon O‘zbekiston doxil mintaqa davlatlarini Pekin yetakchiligidagi Shanxay Xamkorligi tashkiloti doirasida birlashtirgan. Bu yana Rossiya hamshamsiyasi ostidagi tashkilot, deb ham ko‘riladi.
Ayrim g‘arblik tahlilchilar bu tashkilotni ba’zan NATOga qarshi turuvchi guruhga ham qiyoslashgandi. Lekin - Shanxay hamkorligi o‘zini harbiy blok sanamaydi.
Harbiy qudrat sifatida jadal kuchayib borayotgan Xitoy – terrorga qarshi kurashda yuqori texnologiyali jihozlar yetkazuvchi hamkor sanaladi.
AQSh
Dunyoning yirik harbiy qudrati bilan hozir munosabatlar yaqinlashishi kuzatiladi. Ammo u harbiy sohada qanchalik akslanadi?
Vashington bilan hamkorlik xavfsizlik, terrorga qarshi kurash va qurolli kuchlarni zamonaviylashtirish masalalarini ko‘zda tutadi.
Shuningdek, chegaralarni mustahkamlash va harbiylar malakasini oshirishda ko‘maklashish ham mavjud.
Turkiya
Til, madaniyat va diniy jihatdan O‘zbekistonga eng yaqin davlatlar ichida eng qudratlisi.
Toshkent va Anqaraning marhum Karimov davridagi o‘zaro sovuq munosabatlari Mirziyoyev davrida do‘stona hamkorlikka aylandi. Bundan harbiy soha ham istisno emas.
Harbiy texnika masalasida Turkiya bosh hamkorlardan biriga aylanmoqda.
Shu qatorda, harbiy tayyorgarlik, qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlari ham nazarda tutiladi.
Markaziy Osiyo
O‘zbekiston o‘z atrofidagi chegaradosh qo‘shnilari bilan ham mintaqaviy xavfsizlik borasida hamkorlik qiladi.
Xususan, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan maxsus o‘quv mashg‘ulotlari olib boradi.
Oxirgi 10 yil davomida O‘zbekiston o‘z yon qo‘shnilari bilan nizoga bormaslik va yuzaga kelgan holatlarni nafaqat tinch yo‘lda, balki do‘stona alfozda hal etishga intilmoqda.
O‘tgan yili poytaxt Toshkentda ular bilan birga mintaqaviy xavfsizlik kontseptsiyasini ham imzolagan.
Endilikda Ozarbayjon bilan ham xavfsizlik masalasida yaqinlashuv boshlangan.
NATO
O‘zbekiston va umuman, Markaziy Osiyo davlatlari Ukraina yo Gruziyadan farqli tarzda bu blokka qo‘shilish niyatini izhor etmagan.
Ammo Toshkent Tinchlik yo‘lida hamkorlikka borgandi.
O‘zbekiston xalqaro reytinglarda mintaqadagi Qurolli kuchlari eng jangovar ikki davlatidan bittasi sanaladi.
Aynan so‘nggi yillarda o‘zining harbiy hamkorlari safini kengaytirish harakatlari bilan ham e’tiborga tushgan.
O‘tgan yil mintaqaviy xavfsizlik kontseptsiyasini imzolashga borgan.
Yil boshida o‘zining Mudofaa doktrinasi, Tashqi siyosat kontseptsiyasini yangilash va Qurolli kuchlarini modernizatsiya qilishga qaror qilgan.
Yangilik o‘ziga yaqin mintaqalarda kechayotgan urushlar va kuchayib borayotgan geosiyosiy tanglik manzarasida olingan.
O‘zbekiston bundan o‘zining xavotirlarini rasman va oshkora bayon etib keladi.
Ammo qo‘shilmaslik siyosatiga tarafdorlik qiladi.
Shu o‘rinda O‘zbekistonning mavjud harbiy hamkorlariga yaqindan bir nazar:
Tolibon-chi, ko‘narmikan?
Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘oniston bilan ham harbiy hamkorlik haqida esa, O‘zbekiston prezidentining yangi farmoni loyihasida aytilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur hujjat O‘zbekistonning xavfsizlik strategiyasidagi yangi yo‘nalishlarni belgilab beradi.
Loyihaga ko‘ra, Toshkent mintaqada ishonch choralarini mustahkamlashni maqsad qilgan.
Markaziy Osiyo davlatlari bilan birgalikda xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va Afg‘oniston bilan aloqalarni institutsional darajaga olib chiqishni ko‘zda tutgan.
Harbiy hamkorlik to‘g‘risidagi takliflarning Afg‘oniston tomoniga sentyabr oyida yetkazilishi aytilgan.
Shunday ekan, Tolibon hukumati bu takliflarga ko‘narmikan?
Dovud A’zamiy: Menimcha, Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasida yaqin xavfsizlik hamkorligi taklifini Tolibon hukumati xush qarshilaydi.
Tolibonning ustivor maqsadlari bular - o‘z tuzumining yashab qolishini ta’minlash, Afg‘oniston ichkarisida xavfsizlikka erishish hamda savdo va iqtisodiy rivojlanishni yaxshilashdir.
To‘g‘ri, O‘zbekiston va Afg‘oniston iqtisodiy aloqalarini kuchaytirishmoqda.
Ammo xavfsizlik sohadidagi harbiy hamkorlik – ikki tomon uchun ham foydali.
Savollar ham bor...

Surat manbasi, rasmiy
Aynan O‘zbekiston Tolibon hali qudratga qaytmasidan ancha avval ular bilan munosabatlarni boshlagan.
Prezident Mirziyoyev O‘zbekiston tomonga birorta o‘q otilmasligi uchun har qanday muloqotga tayyorligini bildirgan.
O‘zbekiston Afg‘onistondagi siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy vaziyatning izdan chiqishidan ham xavotirda.
Toshkent keyin ham Tolibon bilan aloqalarini uzmagan.
Toliblarning hukumatini tan olmagan, ammo ular bilan bordi-keldini ham, savdo-sotiqni ham kuchaytirgan.
Afg‘onistonni Markaziy Osiyoga integratsiya qilish harakatlariga zo‘r bergan.
O‘zbekiston allaqachon Afg‘onistonni ham qamrab oladigan yirik mintaqaviy qo‘shma loyihalarni jonlantirish harakatida.
Ammo rasmiy Toshkentning ular bilan yangicha hamkorlik rejasi ham buning qanchalik qonuniy ekaniga oid savollarni paydo qilmay qo‘ymagan...
Dosim Satpaev: Menimcha, yo‘q. Hozir barcha Markaziy Osiyo davlatlari xalqaro huquq inqirozini, hozir xalqaro maydonda hukm surayotgan tartibsizlikni, BMT tamoyillari kuchli zarbalar ostida qolganini yaqqol ko‘rib turishibdi. Trampning Tinchlik kengashidan keyin BMTning istiqboli ham ko‘pchilikda ozmuncha savollarni paydo qilmay qo‘ymagan. Ya’ni, hozir global sahnada qandaydir bo‘shliq, ma’lum bir huquqiy vakuum bordek tuyuladi. Bilasizmi, menimcha, bu katta ehtimol bilan xuddi shu narsaga bog‘liq. Va shuning uchun ham hozir ko‘pchilikni, men birinchi navbatda G‘arb davlatlarini nazarda tutayapman, Markaziy Osiyo davlatlarining Afg‘oniston bilan munosabatlarini qanday qurishlari qiziqtirmasligi aniq. Mohiyatan, hatto, Afg‘onistonning o‘zi ham Yevropa Ittifoqi va AQShni kam qiziqtiradigan bo‘lib qolgan. Ularning prioritetlari biroz o‘zgardi. Trampniki, tushunarliki, bu – Eron masalasi, Yaqin Sharq. Yevropa Ittifoqi uchun esa hozir Ukraina urushi hozirda asosiy ustivor mavzuga aylangan. Keyin AQSh va Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo davlatlari bilan sammitlari ham endi bu o‘yinchilarni sof iqtisodiy loyihalar qiziqtirayotganini ko‘rsatdi. Shuning uchun ham, ular har qanday holatda ham bu barcha huquqiy nyuanslarga ko‘z yumishadi, deb o‘ylayman. Markaziy Osiyo davlatlari, bir tomondan, Tolibon harakatini qonuniy kuch sifatida tan olmaydi, lekin ular bilan faol hamkorlik qiladi. Shu bois, menimcha, Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekiston ham uning yaqinroq harbiy hamkorligi xalqaro hamjamiyat tomonidan qandaydir reaktsiya yoki diplomatik mojaro va hokazolarni keltirib chiqarishini kutmaydi. Ya’ni, katta ehtimol bilan ular Tolibon harakati ko‘magida O‘zbekiston o‘zining xavfsizligini ta’minlash, birinchi navbatda, O‘zbekistonning milliy manfaatlari nuqtai nazaridan ustuvor ahamiyatga ega ekanligidan kelib chiqishadi. Hozir qanchalik g‘alati tuyulmasin, agar bunday mavzu 10-15 yil yil avval ko‘tarilganida, bu, albatta, xayoliy tuyulgan bo‘lardi. Lekin dunyo o‘zgarmoqda va biz bir paytlar mutlaqo aqlga sig‘maydigan stsenariylarning kutilmaganda haqiqatga aylanishini ko‘rib turibmiz.
O‘zim shaxsan hayron bo‘ldim. Chunki shu kabi bir masala qo‘yilsa, tabiiyki, bunday hamkorlikning maqsadi nima, degan savol tug‘iladi.
Farhod Tolipov
Siyosiy tahlilchi, O‘zbekiston
O‘zbekiston postsovet makonidagi eng yirik musulmon mamlakat.
Afg‘onistonga chegaradosh oltita mintaqa davlatidan bittasi.
Yillarki, afg‘on mojarosi va uning yechimiga befarq emas.
Jangarilik muammosi bo‘ladimi va yo giyohvand moddalar kontrabandasi –O‘zbekiston ham Afg‘onistonni o‘zining barqarorligiga asosiy tahdid sifatida ko‘rib kelgan.
Toshkentning harbiy hamkorlikka oid rejasi Markaziy Osiyo Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘onistondan yana ustma-ust hujumga uchragan, Tolibon hukumatining o‘zi esa, boshqa bir qo‘shnisi – Pokiston bilan urushayotgan bir paytga ham to‘g‘ri kelgan.
Pokiston Tolibonni yanchishga tayyorligini aytgan, ochiq urush e’lon qilgan.
Yaqinda esa, Tolibon rahbariyati saflarida bo‘linish borligiga oid xabarlar ham bo‘y ko‘rsatgan.
Shunday ekan, bularning barchasi Toshkentning yangi rejasi uchun nimani anglatadi?
Farhod Tolipov: O‘zim shaxsan hayron bo‘ldim. Chunki shu kabi bir masala qo‘yilsa, tabiiyki, bunday hamkorlikning maqsadi nima, degan savol tug‘iladi. Chunki biz hali xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan hukumat bilan bunday hamkorlikni o‘rnatamiz, deb aytilayapti. Harbiy deganda, bu o‘zi juda murakkab, ko‘p jihatdan nozik masala bo‘lib, harbiy hamkorlikni O‘zbekiston avvalambor harbiy jihatdan qudratli, rivojlangan davlatlar bilan olib borib kelgan shu paytgacha. Bu o‘zaro manfaatli bo‘lgan. Qachonki hamkorlik harbiy sohaga o‘tsa, tabiiy savol yana tug‘iladi, ikkinchisi, demak, tomonlar, davlatlar qandaydir umumiy tahdidlarga qarshi mana shunday hamkorlikni yo‘lga qo‘yyapti, deb. Mana shu ikkita yondashuv nuqtai nazaridan qanchalik bizga Afg‘oniston bilan harbiy hamkorlik foydali, manfaatli, kerak va qanchalik Afg‘oniston bilan tahdidlarni umumiy ko‘rayapti O‘zbekistonki, shunday hamkorlikka bormoqchi. Lekin bu ko‘p yillar davomida aytib kelinayotgan narsa bo‘lsa-da, biz jiddiy, nima deymiz, mana shunga o‘xshagan tahdidlarni ko‘rmadik. Mana shunday printsipial savollar qo‘yilsa, men o‘ylaymanki, bularga hali jiddiy javob topilmasa ham kerak. Bu jiddiy soha. Ko‘p jihatdan o‘sha harbiylarning bir-birlari bilan moslashgan holda operatsiyalar yoki mashqlar olib borishi bilan bog‘liq bo‘ladi. Qolaversa, Afg‘onistonning o‘zi bir qator davlatlarga nisbatan, nima deymiz, do‘stona munosabatda emas va hattoki, urush darajasiga borib qolgan. Xususan, Pokiston bilan, deylik. Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan dushmanlik munosabatida. Ba’zi paytlarda, mana, eshitib turibmiz, Afg‘onistondan Tojikistonga hujumlar bo‘lib turibdi, nimagadir. Mana shu yuqorida sanab o‘tilgan davlatlar bilan O‘zbekiston bugungi kunda judayam yaxshi munosabatlarini qurayapti va rivojlantirayapti. Ya’ni, ittifoqdosh, strategik sherik, kerak bo‘lsa, tegishli shartnomalar bilan harbiy sohada umumiy tahdidlarga qarshi birgalikda harakat qilishni ko‘zda tutgan davlatlardir. Qanday qilib biz mana shunday do‘stlarni orttirib, ular bilan harbiy, strategik hamkorlikni olib borsak-da, Afg‘oniston bilan ham xuddi shunday hankorlikni olib borishimiz mumkin?...Qanchalik biz harbiy hamkorlikni, masalan, qandaydir shartnomalaru, bir bayonotlar emas, amalda olib borarkanmiz va nima maqsadda, bu hozir o‘zim uchun ham mavhum.
Dovud A’zamiy: Tolibon hukumatini Rossiyadan boshqa hech kim rasman tan olmagan. Biroq Markaziy Osiyo davlatlari doxil qirqqa yaqin davlat Toliblar bilan diplomatik va siyosiy munosabatlarni boshlashgan. O‘zbekiston hamda bir necha boshqa davlatlar Tolibon hukumatini rasman tan olmagan bo‘lsalar-da, amalda rishtalarni me’yorlarga solish uchun poydevor quya olishdi. Bu esa O‘zbekiston uchun moddiy jihatdan ham manfaatli bo‘lib, Tolibon boshqaruvidagi Afg‘onistonda Toshkentning ta’sirini kuchaytiradi. Afg‘onistondagi Tolibon ichida kechgan bo‘linish juda jiddiyga o‘xshamaydi. Aftidan, muayyan ijtimoiy va siyosiy masalalarda Tolibonning qator rahbarlari turlicha qarashlarga egalar. Ammo bu farqlar guruhni bo‘lib tashlash darajasida emas. Qolaversa, u yerda Amirlik tizimi amal qiladi. Ya’ni so‘nggi qarorni Oliy Rahbar beradi va qolgan barcha a’zolar unga amal qilishga majburlar.
Bundan foyda bo‘ladimi?

Surat manbasi, Getty Images
Tolibon hukumati o‘zining mintaqaviy tashqi siyosatini rasman ochiqlamagan.
Ammo qudratga qaytishi ortidan, O‘zbekiston bilan samarali va do‘stona munosabatlar o‘rnatish istagini bildirgan.
Tolibon hukumati O‘zbekiston rahbariyati va xalqini "birodar", "do‘st", deb atagan.
Mustaqillik kunlarini ham bee’tibor qoldirmagan, tabriklagan.
Afg‘onistondan ularga ham hech bir tahdid bo‘lmasligiga qayta, qayta ishontirgan.
Xo‘sh, shunday ekan, Tolibondan qanday harbiy hamkor chiqadiyu, tomonlarga buning foydasi nimada bo‘ladi?
Dovud A’zamiy: Afg‘onistondagi Tolibon hukumati allaqachon IShIDga hamda giyohvand moddalar ishlab chiqarish va ularning kontrabandasiga qarshi kurashmoqda.
Bu qadamlar O‘zbekiston va butun mintaqa uchun manfaatli bo‘lmoqda.
Lekin IShID va giyohvand moddalar - mintaqaviy muammo sanaladi.
Ayni muammoni bitta davlat hal eta olmaydi.
Shu bois, bu borada qo‘shma sa’y-harakatlar hamda mintaqaviy darajadagi hamkorlikka ehtiyoj paydo bo‘ldi.
Ikkala taraf ham umid qilayotgan natija bu – o‘zaro yaqin xavfsizlik hamkorligi chegara osha keladigan tahdidlarni to‘xtatib, O‘zbekistonning Afg‘onistonda rejalagan iqtisodiy loyihalari xavfsizligini ta’minlaydi.
Yangi taklif etilgan mexanizm ikki taraflama harbiy muvofiqlikni va chegara osha muloqotni yaxshilaydi.
Tolibonga ishonsa bo‘ladimi?

Surat manbasi, skrinshot
Afg‘onistonda O‘zbek jangari guruhlari ham boshpana topgan, jang qilgan va jon saqlab kelgan.
Tolibon, boshqa tomondan, qudratga qaytishi bilanoq Toshkentni ham xavotirga solib, jadallik bilan Amudaryodan suv oladigan ziddiyatli Qo‘shtepa kanalini qurishga kirishgan.
Markaziy Osiyo bilan chegarasini qayta ko‘rib chiqish istagini bayon qilgan.
Hatto bu borada o‘zining strategiyasini ishlab chiqqanini ham aytgan.
Afg‘onistondan olib qochilgan AQSh harbiy texnikasi yuzasidan ham ogohlantirgan. Qaytarishni so‘rab, po‘pisa qilishgacha borgan.
O‘zbekiston orada Afg‘onistondan raketa hujumiga ham uchragan.
Biroq Tolibon, mana to‘rt yildirki, IShIDning Xuroson qanotini butkul jilovlashga muvaffaq bo‘la olmadi.
Shunday ekan, harbiy hamkor sifatida Tolibonga ishonsa bo‘ladimi?
Antonio Justotstsi: Bilasizmi, manfaatlar bir-biriga to‘g‘ri kelganda. Masalan, bu o‘rinda aniq, umumiy dushman bor va u IShIDning Xuroson qanoti. Bu so‘zsiz, shunday bo‘lib qoladi. Tolibon IShIDga qarshi siyosatini o‘zgartirmaydi. Ular o‘rtasida ma’lum adovat bor. Ikkovlon ham o‘z mavqeida qat’iy. Bunisi aniq. Ammo, boshqa tomondan, hozirgi bosqichda vaziyatni aniq, har tomonlama tushunishga erishib bo‘lmaydi, deb o‘ylayman. Chunki, Islomiy Amirlik yoki Amiri umuman olganda o‘zining mavqeini mustahkamlagan bo‘lsa-da, lekin halicha, deylik, Suriyadan kelayotgan o‘zbekistonliklarning Afg‘onistonga kirmasliklarini kafolatlash mavqeida emas. Ular kirishayapti. Amir buni taqiqlagan bo‘lsa ham, bu ish hali ham sodir bo‘layapti. Chunki, bilasizki, Afg‘oniston kichkina bir davlat emas, chegaralarini ham mastahkam deb bo‘lmaydi. Hatto Tolibon saflaridagi ayrimlarning ham bu ishga aloqasi bor, kelgan paytlarida ularni yashirishadi, keyin Pokiston chegarasiga, "al-Qoida"ning jamloqlariga yuborishadi. Amir bunga qarshi, ammo bu borada qo‘lidan ko‘p ish kelmaydi. Demak, shu nuqtai nazardan, menimcha, Tolibon bu voqealar sodir bo‘lmasligiga kafolat bera olmaydi. Shu jumladan, uning Mudofaa vazirligi ham. Shu sababli, menimcha, hamkorlik katta ehtimol bilan aniq sohalarda, masalan, IShID, terrorizmga qarshi kurashda umumiy imkoniyatlar sohasida muvaffaqiyatli bo‘ladi. Chunki, bilasizmi, bu yerda bir nechta dron Tolibonni hech kim uchun harbiy tahdidga aylantira olmaydi. Xususan, razvedkachi dronlar yoki undan ham telefon suhbatlarini tinglashni yanada osonlashtirishi mumkin bo‘lgan aqlli vositalar. Bu odatiy harbiy tahdidni anglatmaydi va bu sohalarda hamkorlik qilish ham osonroq bo‘ladi.
Tolibon bugun qanchalik qudratli?
Antonio Justotstsi
Xalqaro ekspert, London
Tolibon, albatta, tajribali. Uzoq yillar davomida juda qudratli dushmanlariga qarshi urishgan. Shu bois ham, ozmuncha narsani o‘rganmagan.
Tolibon harakati mintaqadagi eng yirik jangari guruh sanalgan. Uning jangarilari va tarafdorlari soni bir necha yuz mingga nisbat berilgan.
"Al-Qoida" kabi global jangari tarmoqlar bilan ham ittifoqchilik qilgan.
So‘nggi bir necha o‘n yillar ichida Afg‘onistonda ikki bor hokimiyatni egallagan.
Har ikki bor ham mamlakatni o‘zining Islomiy Amirligi deb e’lon qilgan. O‘z hukumatiga ham asos solgan.
Dunyoning global yadroviy qudratlariga qarshi turgan.
Boshqaruvga qaytishidan qisqa vaqt o‘tmay, mintaqada o‘zining eng yirik Qurolli kuchlarga ega bo‘lish istagini ham oshkora bayon qilgan.
AQSh va sobiq afg‘on hukumatidan qolgan milliardlab dollarlik harbiy texnikaning deyarli barchasiga ega chiqqan.
Tolibonning bugungi qudratiga yaqindan bir nazar:
Antonio Justotstsi: Tolibon, albatta, tajribali. Uzoq yillar davomida juda qudratli dushmanlariga qarshi urishgan. Shu bois ham, ozmuncha narsani o‘rganmagan. Isyonchilik va terrorchilikka qarshi kurash bo‘yicha ham tajribasi yaxshi. Hokimiyatga qaytganidan beri bu sohada olib borayotgan faoliyati ancha samarali. Buni hatto IShID kabi dushmanlarining o‘zi ham tan olishadi. Misol uchun, IShID hozir bundan bir necha yil avvalgiga qaraganda ancha zaif. Ammo Tolibon Afg‘oniston hududidan tashqarida kuchi va ta’sirini ko‘rsatish, qo‘shinlarini safarbar qilib, ularni ta’minlash qobiliyatiga ega emas. Deyarli hech qanday moddiy-texnik, ya’ni logistik ta’minotga ega emas. Ixtiyoridagi og‘ir texnikasi ham juda cheklangan. Biroz artilleriyasi, bir qancha eskirib qolgan tanklari bor. Havo kuchlari ham deyarli yo‘q. Misol uchun hozir mana Pokiston bilan ham hozir asosan faqat chegarada urushayapti. Ko‘pi bilan bir nechta postni egallashi mumkin, xolos. Taktik jihatdan mag‘lub eta olishsa-da, Pokistonning ichkarisigacha kirib bora olishmaydi. Buning uchun logistik imkoniyatlari yo‘q. Shuning uchun ham salohiyati unday katta emas. Lekin, albatta, ular ba’zi asemptomatik usullardan foydalanishlari mumkin. Bu ishni ma’lum darajada Pokistonda qilishgan. Pokistonga qarshi qo‘llash uchun ayrim asemptomatik usullarni ishlab chiqishgan. Misol uchun hatto yaqinda ham havo hujumlariga javoban Pokistonga xudush hujumchilar yuborish bilan tahdid qilishgan. So‘zsiz, bu yo‘l bilan urushda yuta olmaysiz. Ammo ular bosim o‘tkazish yoki qasos olish vositasi bo‘la olishi aniq. Tolibon ega bo‘lgan texnikani ham zo‘r holatda va to‘liq ta’mirdan chiqqan, deb bo‘lmaydi. Amerikaliklardan qolganiga kelsak, bu texnika bilan jang qila olmaysiz. Ular asosan isyonchilikka qarshi kurashishga mo‘ljallangan. Minalarga bardoshli zirxli ulovlar ham shu jamladan, juda oddiy qurollar bilan jihozlangan. Bilasizmi, ular jang maydonida qo‘shnilarining birortasiga qarshi ishlatilishi mumkin bo‘lgan jihozlar emas. Boshqa tomondan, men O‘zbekistonga ham kuchli harbiy hamkor kerak, deb o‘ylamayman. Chunki hech kimning jiddiy ishg‘ol tahdidi ostida emas. Menimcha, ular harbiy hamkorlik haqida so‘z yuritganlarida isyonchilik va terrorchilikka qarshi kurashni nazarda tutishayapti. Bu esa, faqat josuslik emas, harbiylarni ham o‘z ichiga oladi. Afg‘onistonda bu kabi ishlarni asosan razvedka bajaradi, ammo Armiyaning maxsus kuchlari ham ishtirok etadi. Ammo ularning o‘z Havo kuchlarini tashkil etishga salohiyatlari yo‘q. Afg‘oniston ega bo‘lgan uchishga yaroqli bir nechta vertolyotlari esa asosan ta’minot va tashish ishlari bilan band. Shunday ekan, bu ularning imkoniyatlarini oshiradi. Xullas, texnik jihatdan bu harbiy, ammo maqsad – isyonchilik va terrorizmga qarshi kurashdir. Chunki, menimcha, O‘zbekistonga qarshi odatiy va potentsial xavf bu – terrorchilik va isyonchilik xavfidir.
Buyog‘i nima bo‘ladi?

Surat manbasi, WAKIL KOHSAR/AFP via Getty Images
Tolibonning Afg‘onistondagi ilk tuzumi 2000-yillar boshlarida AQSh tomonidan ag‘darilgan.
Bunga Amerikaga qarshi uyushtirilgan hujumlar sabab bo‘lgan.
AQSh ularga Tolibonning o‘sha paytdagi yaqin ittifoqchisi "al-Qoida" tarmog‘i yetakchisini mas’ul ko‘rgan.
Harakat oradan yigirma yil o‘tib, aynan Vashington bilan imzolagan bitim sabab, qudratga qaytgan. Uning shartlariga amal qilishga ko‘ngan.
Ammo xalqaro hamjamiyatning talablarini haliyam bajarmagan.
Amerikaning Bagramni va milliardlab dollarlik harbiy texnikasini qaytarishga ham yo‘q, deb turibdi.
Bu Afg‘onistonning AQSh tomonidan qayta ishg‘oliga sabab bo‘lishiga oid xavotirlar hanuz arimagan.
So‘nggi xalqaro hisobotlarda Afg‘onistonda hozir ham o‘nlab jangari guruhlar faol ekani aytilgan.
O‘zbekiston esa Afg‘onistonda o‘zining mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va mintaqadagi murakkab geosiyosiy sharoitga moslashish uchun bu kabi qadamlarga borayotganini aytgan.
Buyog‘i nima bo‘ladi?
Dosim Satpaev: O‘ylaymanki, Ukrainadagi urush va umuman sodir bo‘layotgan mojarolar shuni ko‘rsatib turibdiki, dunyoning hech bir davlati boshqa mamlakatlar bilan qandaydir harbiy hamkorlik aloqalari yoki ittifoqlarga umid qilmasligi kerak. Eng avvalo o‘zining harbiy salohiyati, harbiy-sanoat kompleksini mustahkamlashi zarur. Shubhasiz, bu xavfsizlikning qo‘shimcha elementi bo‘lishi kerak, lekin O‘zbekiston xavfsizligining asosiy kafolati emas. Bundan tashqari, jahondagi turli qurolli kuchlar salohiyatini baholash bo‘yicha o‘tkazilgan reytinglarda O‘zbekiston Armiyasi an’anaviy ravishda mintaqada birinchi o‘rinni egallab keladi. Ammo Ukrainadagi urush hozir mojarolar qanday yo‘nalishlarda sodir bo‘layotgani va qaysi sohalarda modernizatsiya zarur ekanini yaqqol ko‘rsatib qo‘ydi. Xuddi shu narsani inobatga olsak, Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekiston ham katta ehtimol bilan o‘zining mudofaa qobiliyatini yanada faolroq mustahkamlashga harakat qiladi, deb o‘ylayman. Darvoqe, adashmasam, joriy yilning boshida Shavkat Mirziyoyev ham mamlakat mudofaa doktrinasini yangilash, armiyani modernizatsiya qilish zarurligi haqida gapirgan edi. Va bularning barchasi geosiyosiy o‘zgarishlar va o‘yin qoidalarining o‘zgargani inobatga olingan holda amalga oshirilmoqda. Chunki hozir dunyoning biror bir davlati xavfsizlik shamsiyasiga umid qila olmaydi. Shu bois ham, menimcha, bir tomondan, harbiy nuqtai nazardan Afg‘oniston bilan munosabatlar O‘zbekistonning xavfsizligini mustahkamlashi tayin. Ammo, boshqa tomondan, O‘zbekiston Tolibon harakati butun mamlakatni nazorat qilmasligi, hali ham ko‘plab xavfli hududlar, Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, chegara hududlariga hujumlar uyushtirishi mumkin bo‘lgan yanada radikalroq o‘yinchilar borligi va bunga hozirlik ko‘rishi kerakligini aniq tushunishi kerak.
Dovud A’zamiy: Menimcha, O‘zbekiston Afg‘onistondagi iqtisodiy va siyosiy inqiroz kengroq mintaqaviy beqarorlikka olib kelishi mumkin, degan mantiqda.
Chunki beqarorlik xavfsizlik bo‘shlig‘ini yaratishi, IShID va "al-Qoida"ga o‘xshash turli jangari guruhlar esa bundan foydalanishlari mumkin.
Davlat institutlarining zaiflashishi xavfsizlik bilan bog‘liq muammolarni kuchaytirishi va ekstremistik guruhlar, uyushgan jinoyatchilik, odamlar, giyohvand moddalar va tovarlar kontrabandasining gullab-yashnashi uchun qulay muhitni keltirib chiqaradi.
Boshqa tomondan, Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo energetika loyihasi(CASA 1000), O‘zbekistondan Afg‘onistonga va undan keyin Pokistonga temir yo‘l, shuningdek, Turkmaniston-Afg‘oniston-Pokiston-Hindiston gaz quvuri(TAPI) kabi bir qancha mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish va yakunlash ishlarini yanada kechiktiradi.
Shu bois, Toshkent chegaralar xavfsizligini ta’minlash ishlarini muvofiqlashtirish va kengroq mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlarning bir qismi bo‘lishni istaydi.
Siz nima deysiz – O‘zbekiston Tolibon bilan harbiy hamkorlikka borishi kerakmi? Buning O‘zbekiston uchun foydasi va yo ziyoni nimada bo‘ladi?





























