O‘zbekistonliklar xavotirda: 'Buyog‘i endi nima bo‘ladi?'

Surat manbasi, Getty Images
So‘nggi kunlarda ustma-ust bo‘y ko‘rsatayotgan xabarlar nega o‘zbekistonliklar orasida ham javobsiz savollar, tashvish va xavotirlarga sabab bo‘lmoqda – so‘nggi tafsilotlar.
AQSh va prezidenti sanoqli kunlarning o‘zida ketma-ket bayonot berdi.
Donald Tramp dunyoning qay bir davlatidan muhojirat va muhojirlarni istamasligini bayon qildi.
AQSh prezidenti "uchinchi dunyo davlatlaridan muhojiratni butkul to‘xtatish" niyatida ekanini aytdi.
Ammo o‘zining mazkur qarori tafsilotlariga to‘xtalmadi, bu aynan qaysi mamlakatlarni nazarda tutishini ochiqlamadi.
Xuddi shu manzarada AQSh Ichki xavfsizlik vaziri yanada ko‘proq davlatlarga sayohat taqig‘i kiritish da’vati bilan chiqdi.
Vazir Kristi Noem o‘zi AQShni jinoiy faoliyat bilan "to‘ldirayotgani"ni da’vo qilgan yana qator mamlakatlarga sayohat qilishni taqiqlashni tavsiya qilishini aytdi.
Xuddi shu manzarada Amerika tomoni allaqachon xuddi shunday taqiq ostida bo‘lgan 19 davlatdan bo‘lgan muhojirlarning arizalarini ko‘rib chiqishni to‘xtatdi.
Ularning orasida Turkmaniston misolida bir Markaziy Osiyo davlatining borligi ham ko‘rildi.
AQSh Fuqaro va Migratsiya xizmati yana xuddi shu davlatlardan bo‘lgan muhojirlarning Grin Kartalari ham ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.
Donald Tramp bularning barchasi ortidan, somalilik muhojirlarni Amerika Qo‘shma Shtatlarida ko‘rishni istamasligini ham bayon qildi.
Voqealarning so‘nggi rivoji bu gal Vashingtonda Milliy gvardiya ikki askarining o‘qqa tutilib, ulardan birining olamdan o‘tishi ortidan kuzatildi.
Yuz bergan mazkur hodisaga mas’ullikda esa, asli afg‘onistonlik shaxs gumon qilindi.
Tramp bu voqea mamlakat xavfsizligiga jiddiy xavfni ochiqlaganini ta’kidladi.
"Qay bir davlatdan bo‘lmasin, bu yerga tegishli bo‘lmagan har qanday shaxsni" chiqarib yuborish yo‘lida choralar ko‘rishi bilan ogohlantirdi.
AQSh prezidentining yangi bayonoti o‘zbekistonliklarda ham tashvish va xavotir uyg‘otdi.
Ularda ham buyog‘i endi nima bo‘ladi, degan savollarni paydo qildi.
Mintaqada aholisi eng katta bo‘lgan O‘zbekiston va o‘zbekistonliklar uchun tashqi mehnat migratsiyasi muhim.
Amerika Qo‘shma Shtatlari dunyoning o‘zbekistonliklar eng ko‘p sanoqli davlatlari sirasiga kiradi.
Har yili yuz minglab o‘zbekistonlik borish ilinjida bo‘lgan mamlakat.
AQSh, O‘zbekiston va o‘zbekistonliklar...

Surat manbasi, Getty Images
Amerika Qo‘shma Shtatlari dunyoning o‘zbekistonliklar eng ko‘p sanoqli davlatlari sirasiga kiradi.
Har yili yuz minglab o‘zbekistonlik borish ilinjida bo‘lgan mamlakat.
Ayniqsa, Demokratchi Prezident Jo Bayden boshqaruvi davrida qamoq va o‘lim xavfiga qaramay, hududiga noqonuniy kirishga uringan o‘zbekistonliklar soni jiddiy ortgan bir davlat.
Amerika Qo‘shma Shtatlarida 11 milliondan ortiq noqonuniy maqomdagi muhojir bo‘lsa, ularning orasida O‘zbekistondan bo‘lganlari ham "oz emas".
O‘zbekistondagi "Ijtimoiy fikr" tadqiqot markazining so‘nggi yillarda o‘tkazgan ayrim so‘rovlari ham Amerikaga ketish istagida bo‘lgan o‘zbekistonliklar soni ortib borayotganiga dalolat qilgan.
Shtatlarda o‘n minglab o‘zbekistonlik, yuz minglab o‘zbek yashashi, ulardan bir necha mingining Amerika fuqaroligini olgani ham aytiladi.
Ulardan aksariyatini Grin-Karta yordamida Amerika Qo‘shma Shtatlarida yashash huquqini qo‘lga kiritganlari tashkil etishadi.
Agar, ayrim yetakchi G‘arb nashrlarida AQSh Davlat Departamentidan keltirilgan raqamlarga tayanilsa, har yili yarim millionga yaqin O‘zbekiston fuqarosi ularning Green Card lotoreyasida o‘ynash uchun ariza topshiradi.
2018 yilda esa bu raqam hatto qariyb to‘rt barobar ko‘p bo‘lgani, mazkur lotoreya orqali Amerika Qo‘shma Shtatlarida yashash huquqini qo‘lga kiritish ilinjida bo‘lgan o‘zbekistonliklar soni ikki milliondan ortgani ham aytilgan.
Dunyoning qolgan biror bir davlati misolida bu kabi holatning kuzatilmasligi ham o‘shanda, boshqa tomondan, O‘zbekiston va o‘zbekistonliklar uchun Amerika Qo‘shma Shtatlarining ahamiyatini alohida urg‘ulovchi omil sifatida o‘rtaga chiqqan.
O‘zbekistonliklar kechayotgan yilda hatto eng ko‘p Grin Karta yutganlar soni bo‘yicha jahonda birinchi o‘rinni egallashgan, bu yangilik o‘shanda dunyo bo‘ylab sarlavhalarga ham chiqqan.
Green Card – Amerika Qo‘shma Shtatlarida doimiy yashash va ishlash huquqini beruvchi hujjatdir.
Mazkur hujjat 'Diversity Visa' orqali har yili dunyo bo‘yicha tanlab olinadigan cheklangan sondagi kishilarga beriladi, xolos.
Donald Tramp bu galgi saylovoldi kampaniyasi chog‘ida ham noqonuniy mavqe’dagi muhojirlarni "ommaviy deportatsiya qilish"ga va’da bergan.
U buning Amerika tarixida "misli ko‘rilmagan" bo‘lishini aytgan va qayta prezidentlik vakolatini boshlashi bilanoq o‘z va’dasi ijrosiga kirishgan.
Qisqa vaqtning o‘zida Amerika Qo‘shma Shtatlaridan ortga deportatsiya qilingan va qilinayotgan noqonuniy mavqe’dagi o‘zbekistonliklarga oid xabarlarning soni ham ortgan.
AQSh, O‘zbekiston va tashqi mehnat migratsiyasi

Surat manbasi, Getty Images
Mintaqada aholisi eng katta bo‘lgan (rasman 37 milliondan ortuvchi – tahr.), ishsizlik hanuz anchayin og‘ir muammoligicha qolayotgan O‘zbekiston va uning rahbariyati uchun tashqi mehnat migratsiyasi, ayniqsa, Rossiya Ukrainaga ochgan urush manzarasida alohida dolzarblik kasb etgan masala bo‘ladi.
Trampning qudratga qaytishi va voqealarning so‘nggi rivoji o‘tgan yil may oyidagi qonli teraktdan so‘ng Rossiya o‘zining aksilmigratsion siyosatini tobora kuchaytirayotgan, endi o‘zlarida mehnat muhojirligida band katta sondagi o‘zbekistonliklar, Markaziy osiyoliklarni ham Ukraina urushiga yollash, safarbar etish ilinjini oshkora izhor etishga o‘tgan va migrantlarning yalpi ortga qaytishi ehtimoli mintaqa davlatlari poytaxtlarida uyg‘otgan xavotirlar hali arimagan bir paytga ham to‘g‘ri kelgan.
Chetda mehnat muhojirligida band millionlab sondagi fuqarolari har yili ortga yuborayotgan milliardlab dollarlik mablag‘lar ham O‘zbekiston hukumati uchun muhim, ular, yillarki, mamlakatdagi ijtimoiy, iqtisodiy muammolar ta’sirini yengillatib, har qanday ijtimoiy portlash xavfini yumshatib kelayotgan eng amaliy va samarali vositalardan biri bo‘lib keladi.
Trampning yangi rejasi bilan bog‘liq so‘nggi yangilik, boshqa tomondan, rasmiy Toshkentning AQSh fuqarolari uchun O‘zbekistonga 30 kunlik vizasiz tartibni joriy etishidan uncha ko‘p o‘tmay olingan.
Vashington mezbonlik qilgan "Markaziy Osiyo+AQSh" formatining navbatdagi sammiti, Mirziyoyev va Trampning xuddi shu yig‘in tegrasidagi yuzma-yuz muloqotidan uncha ko‘p o‘tmagan, O‘zbekistonning bugungi rahbariyati Donald Trampning ikkinchi ma’muriyati bilan qisqa vaqtning o‘zida aloqalarini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqib bo‘lgan bir manzarada bo‘y ko‘rsatgan.
Shu kunlarda Amerika Qo‘shma Shtatlaridan olingan ayni mazmundagi xabarlarga O‘zbekiston ilova mintaqa davlatlari poytaxtlarining munosabati hozircha imkonsiz.
Biroq 27 noyabr kuni mamlakat tashqi ishlar vazirligi Amerika Qo‘shma Shtatlarida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga rasman murojaat bilan chiqqan.
Vazirlik ularni federal migratsiya idoralari tomonidan butun AQSh bo‘ylab o‘tkazilayotgan reydlar haqida ogohlantirgan.
Ularning murojaati arafasida Amerika Qo‘shma Shtatlarida trak haydovchi ikki o‘zbekistonlikning qo‘lga olinganiga oid xabarlar olingan.
Ulardan birining AQShga kirishi taqiqlangan shaxs sifatida qo‘lga olingani, boshqasining terrorchilik tashkilotga aloqadorligi uchun O‘zbekistonda qidiruvga berilgan shaxs bo‘lgani aytilgan.
Shu yil avgust oyida esa AQSh trak haydovchilarga ishchi viza berishni to‘xtatishga qaror qilganiga oid xabarlar olingan.
Trak haydovchiligi Amerika Qo‘shma Shtatlarida o‘zbekistonliklar eng ko‘p band mehnat sohalaridan biri ham bo‘ladi.
Shunday ekan, AQSh prezidentining so‘nggi taqig‘i O‘zbekiston, o‘zbekistonliklar uchun nimani anglatishi mumkin?
BBC O‘zbek xizmati xuddi shunday savollar bilan Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi asli o‘zbekistonlik sotsiolog Bahodir Fayzga murojaat qildi:
Inson huquqlari jamiyatlari, huquqshunoslar bu qarorni legitim siyosat emas, balki populistik va retorik bosim, deb baholashmoqda.
Bahodir Fayz: Avvalambor, bugungi kunda "uchinchi dunyo mamlakatlari", degan ibora siyosiy ma’noda noto‘g‘ri, kamsituvchi va eskirgan. Bu iborani ishlatish, menimcha, hech bir davlat rahbari, qolaversa, demokratiya, inson huhuqlari kabi qadriyatlar himoyachisi bo‘lgan AQSh prezidentiga yarashmaydi.
Lekin endi bu Tramp, 10 yildan beri Trampning kuzatuvchisi sifatida bu so‘zlar men uchun ajablanarli bo‘lmadi. Trampning dunyoqarashini, populizm – xalqbozlikka moyilligini, butun siyosiy faoliyati davrida muhojirlikka qarshi chiqishlarini ham bilamiz.
Albatta, aslida Tramp nazarda tutgan mamlakatlar ko‘proq rivojlanayotgan davlatlar tasnifiga kiradi.
Xullas, Tramp kuni-kecha Vashingtonda yuz bergan otishma ortidan ba’zi mamlakatlardan muhojirlar qabul qilinishini mutlaqo to‘xtatish, migratsiyani, qochqinlik maqomi olish jarayonini doimiy ravishda cheklash bayonoti bilan chiqdi.
Biroq Trampning o‘zi ham, ma’muriyati ham "uchinchi dunyo mamlakatlari", deganda kimlar nazarda tutilayotganini aniq aytayotganlari yo‘q.
Amerika matbuotiga, jamoatchilikka ma’lum bo‘lgani shuki, Afg‘oniston fuqarolariga Amerikaga kirish, qochqinlik maqomi olish jarayoni tamoman to‘xtatiladi. Sababi, terakt sodir etgan shaxs 2021 yili AQShdan boshpana olgan afg‘onistonlik ekani.
Lekin prezident Tramp bayonotidagi "uchinchi dunyo mamlakatlari" so‘zi mavzuga aniqlik emas, chigallik, noaniqlik kiritdi.
Zotan, shu yil iyun oyida 19 davlat, jumladan, Afg‘oniston va qo‘shnimiz Turkmaniston ham shunga o‘xshash istalmagan mamlakatlar ro‘yxatiga kiritilgan edilar. Sababi haligacha noma’lum.
Amerika ichkarisida ko‘plab mutaxassislar, muhojirlik huquqlarini himoya qiluvchilar, Demokratlar va Tramp tanqidchilari bu bayonotni o‘ta shoshilinch, nomutanosib va noqonuniy, deb baholashmoqda.
Bilamizki, Amerika Konstitutsiyasi jinoyat, aybdorlik shaxsiy ekanligini, insonlarning kelib chiqishi, etnik mansubiyati sabab kollektiv jazolash mumkin emasligini takidlaydi.
Hatto terakt sodir etgan shaxsning afg‘onistonlik ekanligi ham bu umumiy qoidani buzmaydi.
Ya’ni, qochqinlar, muhojirlar xalqaro huquq bo‘yicha himoyalanish huquqiga ega, bu Birlashgan Millatlar Tashkiloti va unga a’zo davlatlar amal qilishi kerak bo‘lgan oddiy tartib.
Trampning bu bayonotiga yana bir tanqid shuki, qonuniy jihatdan qaraladigan bo‘lsa, prezident buyrug‘i bilan amalga oshiriladigan cheklov va taqiqlar muddatli bo‘lishi yoki maxsus e’lonlar orqali bajarilishi mumkin; biroq "doimiy pauza" tushunchasi qonunda aniq ko‘rsatilmagan.
Bu vaziyatda ko‘pchilikda, jumladan, amaldagi AQSh prezidentining tanqidchilari, muhojirlar huquqini himoya qiluvchi jamiyatlar bu bayonot Tramp mamuriyati tomonidan noqonuniy, sub’ektiv, ayrim etnik va dinniy gruhlarga nisbatan kamsituvchi tamoyil asosida qabul qilinishidan tashvishdalar.
Balkim bu mudhish fojeadan keyin Trampning mazkur bayonoti Amerika Qo‘shma Shtatlarida uning muhojirlikka qarshi qarashdagi tarafdorlari orasida olqishlanishi, ma’qul ko‘rilishi mumkin.
Lekin inson huquqlari jamiyatlari, huquqshunoslar bu qarorni legitim siyosat emas, balki populistik va retorik bosim, deb baholamoqdalar.
Albatta, bu bosim Amerikada yashayotgan muhojirlar, Grin-Karta egalari va musulmon jamoasi, xullas, muhojirlar orasida katta xavotir uyg‘otadi.
Ya’ni, kimlarning " xavfli" deb ko‘rilishi, kimlar deport qilinishi, qaysi mamlakat fuqarolari xafv ostida bo‘lishi haqidagi savollar ortgan.
Savol: Sizningcha, Trampning ayni mazmundagi bayonoti O‘zbekiston ilova Markaziy Osiyo davlatlari uchun nimani anglatadi? Bu davlatlar va ular fuqarolarining mazkur yangilikdan xavotirda bo‘lishlari qanchalik asosli?
Bahodir Fayz: Tramp "uchinchi dunyo" iborasini ishlatdi, lekin bu bayonot aniq bir geosiyosiy ta’rifga ega emas. Ya’ni, aniq bir mamlakatga, ma’lum bir hududga ishora qilmaydi.
Lekin, menimcha, Tramp kambag‘al yoki rivojlanayotgan davlatlarni, masalan, Afrika, Osiyo, Lotin Amerikasi va shunga o‘xshash hududlarni nazarda tutdi.
Shunday ekan, Markaziy Osiyo davlatlari: O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Tojikiston ham "uchinchi dunyo" davlatlari tasnifiga kirishi ehtimoldan xoli emas.
Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbek muhojirlari uchun ham, albatta, bu tashvishli signal.
Ya’ni, viza berilishi, muqim yashashga ruxsat olish vatandoshlarimiz uchun ancha qiyinlashishi mumkin.
Ma’lumki, hozirning o‘zida Amerika Qo‘shma Shtatlariga Meksika orqali kirib kelgan minglab o‘zbekistonlik vatandoshlarimiz qochqinlik maqomi olishni kutib o‘tirishibdi.
Bu vaziyatda O‘zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlari uchun bu xabar, albatta, xavotirli.
Lekin, ayni vaqtda, bu xususda aniq amaliy qadamlar hozircha noaniqligicha qilmoqda.
Savol: Hozir Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi o‘zbekistonliklar soni o‘n minglab ekani aytiladi. Trampning so‘nggi bayonoti ular tomonidan qanday qarshi olindi. Voqealarning bu kabi rivoji ular uchun nimani anglatadi va bu ular tomonidan qanday aks-sadolarga sabab bo‘lmoqda…
Bahodir Fayz: To‘g‘ri, AQShda minglab Markaziy Osiyoliklar bor, jumladan, o‘zbekistonlik muhojirlar soni ham kundan-kunga ortib borayapti.
Albatta, Trampning ushbu bayonoti va umuman olganda, Tramp ma’muriyatinig aksilmuhojir siyosati vatandoshlarimiz orasida o‘rinli xavotirlarlarga sabab bo‘layapti.
Bu aksilmuhojir siyosat natijasida kelajakda yangi cheklovlar e’lon qilinishi, muhojirlik hayoti AQShda o‘zi shundoq ham qiyinlashgan bir pallada vatandoshlarimizni o‘ylantirishi, tabiiy.
Bilamizki, deyarli har bir vatandoshimizda oilani birlashtirish, qarindoshlarni chaqirish, kelajakda fuqarolikka olish kabi rejalar bor. Bunday vaziyatda esa bunga o‘xshash rejalar noaniq bo‘lib qolaveradi.
Bunday holatda vatandoshlarimiz orasida, "Amerikada kelajagimiz bormi?", "Oilamizni birlashtira olamizmi?" – degan savollar ham paydo bo‘layotir.
Bundan tashqari, Tramp siyosatining jamiyatga ta’siri muhojirlar hayotini ijtimoiy jihatdan ham xavf ostiga qo‘yishi mumkin.
Irqchilik, profilaktik nazorat, jamiyatda begona, "tashrif buyurganlar" sifatida ko‘rilish ehtimoli ortadi.
Albatta, yuzaga kelgan bu holatni biz - "Amerikada tug‘ilmagan"lar ichdan his qilishi, o‘zini jamiyatdan "begona" ko‘rishi ham kuzatiladi.
Shunday qilib, bu bayonot va undan kelib chiqayotgan siyosat yo‘nalishlari uzun muddatda AQShdagi o‘zbekistonliklar va boshqa Markaziy osiyolik migrantlar hayotiga sezilarli — va salbiy — ta’sir qilishi mumkin.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, bugungi "Tramp Amerika" sida muhojirlik hayoti, fuqarolik, qochqinlik maqomi olishni kutayotgan minglab muhojirlar uchun, jumladan, o‘zbekistonliklar uchun ham qiyinlashdi, bu qiyinlashish kelajakdagi noaniqlik, ertangi kunni taxmin qilish borasida bo‘layapti, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
Tramp va O‘zbekiston

Surat manbasi, Getty Images
O‘zbekiston Amerika Qo‘shma Shtatlarining yangi Respublikachi prezidenti o‘zining ilk saylovoldi kampaniyasi chog‘ida xosan tilga olgan sanoqli davlatlardan biri bo‘lgan.
Donald Tramp o‘shanda O‘zbekiston va o‘zbekistonliklar nomiga Iroq, Suriya, Afg‘oniston, Pokiston, Yaman, Somali va Marokash qatorida to‘xtalib o‘tgan.
So‘z aynan O‘zbekiston haqida ketganda, 2013 yilda Amerika Qo‘shma Shtatlarining Aydaxo shtatida terrorchilik ayblari bilan hibsga olingan Fazliddin Qurbonovning nomini tilga olgan.
Tramp "bundaylarni o‘z mamlakatida istamasligini" bayon qilgan.
Xuddi shu o‘rinda, "Qayerda joylashganini bilasizmi, hah?", - degan takroriy savollari bilan esa, respublikachi nomzod dunyo xaritasida O‘zbekiston, degan davlat borligidan o‘zining qanchalik boxabar ekanini ham namoyish etgan, qator nashrlarning hajv va tanqidlari ostida ham qolib ketgandi.
O‘zbekistonni "ehtimoliy terrorchilar yetishtirib berayotgan davlatlar" safiga qo‘shgan, boshqa mamlakatlardan musulmonlarni Amerikaga kirishini taqiqlash g‘oyasini eslarkan, Donald Tramp ularni "terrorchilar", deb ham atagandi.
Amerika Qo‘shma Shtatlarida terrorchilik hujumlarini sodir etganlik yoki bunga urinishda ayblangan bir necha o‘zbekistonlik bor.

Surat manbasi, rasmiy
Ammo, lekin, biroq...
2017 yilning 20 yanvarь kuni ilk bor rasman AQSh prezidenti sifatida qasamyod keltirishidan sanoqli oylar o‘tib, Tramp Mirziyoyev va O‘zbekiston xalqini Hayit bilan tabriklagan.
Xuddi o‘sha yil yakunida Donald Tramp O‘zbekistonning o‘ziga o‘xshab yangi prezidenti bo‘lgan Shavkat Mirziyoyevni Amerikaga taklif qilgan.
Shu sanaga yaqin bir paytda e’lon qilgan Afg‘onistonga oid yangi strategiyasida esa, Tramp ma’muriyatining O‘zbekiston va qorlgan Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarini har tomonlama yaxshilash, ta’bir joiz, hatto, qaytib mintaqaga "kirib borish" istagida ekanliklari ma’lum bo‘lgan.
Ularning bu rejasidan AQSh ma’muriyati afg‘on mojarosiga Markaziy Osiyo davlatlarining har tomonlama faol ishtiroklari vositasida ham yechim topish istagida ekani ma’lum bo‘lgandi.
Mintaqaviy tahlilchilar, boshqa tomondan, rasmiy Vashingtonning bu rejasini o‘shanda ham Kremlning so‘nggi yillarda mintaqada kuchayib borayotgan imperialistik ambitsiyalariga qarshi turish istagi bilan ham izohlashgan.
O‘zbekistonda qudratga kelarkan, prezident Shavkat Mirziyoyev tashqi siyosatda mintaqa davlatlari O‘zbekistonning asosiy hamkori bo‘lib qolishini ta’kidlagan.
Ammo rasmiy Toshkent Rossiya bo‘ladimi va yoki AQSh, dunyoning global siyosatda muhim o‘rin tutgan qudratlari bilan o‘zaro manfaatli aloqalarini birdek tutish istagida ekanligini ham bayon qilgan.
Xuddi shu manzarada Mirziyoyev hukumatining rasmiy Kreml barobarida G‘arb bilan yaqinlashish sari qadamlar qo‘yayotgani kuzatilgan.
O‘zbekiston yangi prezidentining Amerika Qo‘shma Shtatlariga ilk bor rasman taklif etilishi ham ushbu harakatlarning samarasi sifatida ko‘rilgan.
Eski-yangi Rossiya va AQSh prezidentlari o‘rtasida davlat bo‘ladimi va yoki rasmiysi, halicha biror bir tashrif amalga oshmagan bir manzarada O‘zbekiston yangi rahbarining qisqa vaqtning o‘zida Vashingtonga taklif etilishi voqe’ligini ham ular xuddi shunga yo‘yib, talqin etishgandi.
O‘zbekiston prezidentining shu yil sentyabr oyida Amerika Qo‘shma Shtatlariga amalga oshirgan uchinchi tashrifi ham "tarixiy", deb baho topgan.
Shavkat Mirziyoyev AQSh prezidenti BMT Bosh Assambleyasining yubiley sammiti tegrasida shaxsan uchrashgan "sanoqli davlat rahbarlari"dan biri bo‘lgan.
Amerika tomoni mazkur uchrashuvga "tarixiy", deb baho bergan.
Donald Tramp "juda yaxshi" ekanini aytib, O‘zbekiston prezidentiga "$105 milliard dollarlik katta xaridi" uchun shaxsan minnatdorchilik bildirgan.
Shavkat Mirziyoyev AQSh yetakchisining qator global mojarolarni hal etishdagi xizmatlarini qayd etib, uni yana bir bor O‘zbekistonga taklif qilgan.
O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati esa, o‘shanda ikki davlat rahbarlarining strategik sheriklikni kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlarini ham muhokama etib olganliklarini ma’lum qilgan.
Shavkat Mirziyoyev va Donald Trampning Nyu-Yorkdagi so‘nggi muzokaralariga O‘zbekiston tomoni ham ijobiy baho bergan.
O‘zbekiston prezidentining Tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi Nyu-Yorkdagi muzokaralar "O‘zbekiston va AQSh munosabatlarini barqaror darajaga olib chiqqan"ligini aytgan.
Abdulaziz Komilov fikricha, ikki tomon o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar "barqarorlik va prognoz qilsa bo‘ladigan bosqichiga o‘tgan".











