AQSh vitse-prezidenti: Ukrainadagi urush yaqin orada tugamaydi

Vans

Surat manbasi, Reuters

O'qilish vaqti: 12 daq

AQSh vitse-prezidenti J.D. Vans Fox News'ga bergan intervyusida Ukrainadagi urush "yaqin orada tugamaydi", deb ta’kidladi.

Vansning aytishicha, AQSh ma’muriyati oldidagi asosiy savol — Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi "oltin o‘rtaliqni" topib, uch yildan ortiq davom etayotgan nizoni tugatishga qanday yordam berish mumkinligidir.

Ammo Vansning qo‘shimcha qilishicha: "(Rossiya va Ukraina) murosaga kelishi va bu shafqatsiz, shafqatsiz urushni to‘xtatishi kerak bo‘ladi".

Uning bu bayonoti Vashington Kiev bilan AQShning kelajakda xavfsizlik sohasida yordami evaziga Ukrainadagi nodir yer osti boyliklaridan olinadigan daromadlarni bo‘lishish to‘g‘risidagi kelishuvni imzolagandan so‘ng yangradi.

Intervyuda Vans Trampning Ukrainadagi urushga nisbatan yondashuvini himoya qildi.

"Albatta, [ukrainaliklar] bostirib kirilganidan g‘azabdalar", dedi u. "Ammo bir necha mil hudud uchun minglab askarlarni yo‘qotishda davom etaveramizmi?"

Tramp shu hafta Ukrainaning sulhga erishish uchun 2014 yilda Rossiya tomonidan bosib olingan Qrimni berishga tayyor bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.

Biroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy avvalroq Ukraina konstitutsiyasiga tayanib, Qrim ustidan Rossiya nazoratini qabul qilib bo‘lmasligini aytgandi.

Payshanba kuni Fox News'ga bergan alohida intervyuda AQSh davlat kotibi Marko Rubio nizoda yaqin vaqt ichida "ilgarilash" bo‘lmasa, Tramp "ushbu masalaga qancha vaqt ajratish kerakligini" hal qilishiga to‘g‘ri kelishini aytdi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin bu hafta 8 maydan boshlab, Ikkinchi jahon urushidagi g‘alaba munosabati bilan uch kunlik otashkesim e’lon qildi.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibixa esa javob tariqasida darhol 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi.

Shunga qaramay, ikki davlat o‘rtasidagi to‘qnashuvlar davom etmoqda.

Payshanba kechasi Rossiya droni tomonidan Ukraina janubi-sharqidagi Zaporojega qilingan hujum 14 kishining jarohat olishiga sabab bo‘ldi, biroq halok bo‘lganlar yo‘q.

Ayni paytda Moskva Ukrainani Rossiya nazoratidagi janubiy Ukrainadagi bozorga dron orqali hujum qilishda aybladi. Rossiya rasmiylariga ko‘ra, bu hujumda yetti kishi halok bo‘lgan va 20 dan ortiq kishi yaralangan.

Kiev bu ayblovlarni rad etib, hujum faqat harbiy xodimlarga qaratilganini bildirdi.

1 may: AQSh va Ukraina foydali qazilmalar bo‘yicha uzoq kutilgan bitimni imzoladi

AQSh moliya vaziri Skott Bessent va Ukraina bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Yuliya Sviridenko tabiiy resurslar bo‘yicha kelishuvni imzoladilar.

Surat manbasi, US Department of the Treasury

Surat tagso‘zi, AQSh moliya vaziri Skott Bessent va Ukraina bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Yuliya Sviridenko tabiiy resurslar bo‘yicha kelishuvni imzoladilar.

Vashington bilan Kiev bir necha oylik muzokaralardan keyin Ukraina tabiiy resurslari bo‘yicha uzoq kutilgan bitimni imzoladilar. Hujjatni Vashingtonda Ukraina Iqtisodiyot vaziri Yuliya Sviridenko va AQSh Moliya vaziri Skott Bessent imzoladilar.

Kelishuv haqida bilganlarimiz

Tafsilotlar ustida hali ishlashmoqda. Kelishuv foydali qazilmalarni qidirish uchun investitsiya fondini tashkil etish va daromadlar qanday taqsimlanishini belgilaydi. Yuliya Sviridenko ijtimoiy tarmoqlarda, bu bitimga ko‘ra, Ukraina loyihalariga, xususan, minerallar, neft va gazga G‘arb investitsiyalarini jalb qilishga yordam beradigan rekonstruktsiya investitsiya fondini tashkil etilishini bildirdi.

Sviridenkoning so‘zlariga ko‘ra, ushbu resurslar Ukraina mulki bo‘lib qoladi va aynan qaerlarda qazib olish ishlari amalga oshirilishini Kiev hal qiladi. Hamkorlik teng huquqli, 50/50 asosida bo‘lib, bitimda Ukraina AQShdan qarzdor bo‘lib qolmasligi belgilangan. Bunda loyihalarga investitsiya va texnologiyalarni jalb qilish AQShning vazifasi hisoblanadi.

Bitimga ko‘ra, AQSh Kievga yana harbiy yordamini davom ettiradi, jumladan, havo mudofaa tizimlari ham bunga kiritilishi mumkin. Fonddan olinadigan daromad va badallar ikki davlat tomonidan ham soliqqa tortilmaydi. Sviridenko shuningdek, shartnoma hali Ukraina parlamenti tomonidan ratifikatsiya qilinishi zarurligini ta’kidladi.

Bitimning siyosiy konteksti

AQSh Moliya vazirligi bayonotida aytilishicha, ushbu bitim Rossiyaga Tramp ma’muriyatining "ozod, suveren va farovon" Ukrainaga sodiqligi signalini beradi. Shuningdek, unda Ukrainaning global xavfsizlikka qo‘shgan hissasi e’tirof etiladi. Mazkur bitim AQSh Prezidenti Donald Tramp va Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘rtasidagi bir necha oy oldingi ommaviy janjalni ham o‘z ichiga olgan keskin munosabatlar davridan so‘ng imzolandi. Bitimda AQSh tomonidan aniq xavfsizlik kafolati bormi yoki yo‘qmi, hozircha noma’lum, Zelenskiy esa aynan shuni istagan edi.

Moliyaviy jihatga kelsak, Prezident Tramp ushbu bitimni AQShning urushga sarflagan pullari uchun potentsial to‘lov sifatida baholadi va AQSh 350 milliard dollar sarflagan, deb ta’kidladi. Biroq, BBC Verify tahlili AQShning haqiqiy yordam miqdori Tramp da’vo qilayotgan raqamdan ancha kam ekanligini aniqladi. Ukraina hisob-kitoblariga ko‘ra, bugungi kunda Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarda 350 milliard dollarlik resurslar qolmoqda.

Qanday qazilmalar haqida gap ketmoqda?

Ukraina tabiiy resurslarga boy deb ko‘riladi. Rasmiy Kiev hisob-kitoblariga ko‘ra, butun dunyodagi nodir qazilmalarning taxminan 5 foizi Ukrainada joylashgan. Bunga taxminan 19 million tonna grafit zaxiralari kiradi, bu esa Ukrainani elektromobil akkumulyatorlarida ishlatiladigan ushbu mineral bo‘yicha yetakchi besh davlat qatoriga qo‘yadi. Ukraina, shuningdek, sezilarli miqdorda titan va litiy konlariga ham ega. Ukraina qurol-yarog‘, elektronika va boshqalarda ishlatiladigan nodir yer metallarining katta zaxiralariga ega ekanligini da’vo qilsa-da, bu da’volar bahsli hisoblanadi.

Istiqbollarga qaramay, muammolar ham mavjud. Ukrainaning to‘rtdan bir qismi, asosan, sharqdagi urush vayron qilgan hududlar minalangan deb taxmin qilinadi. Bundan tashqari, bitimning moddiy foydalari vaqt talab etadi, chunki bu resurslar "o‘zlashtirilishi kerak", ularni tezda qazib chiqarib bo‘lmaydi.

Rossiya nima dedi?

Rossiya hali bitimga to‘g‘ridan-to‘g‘ri izoh bermadi. Biroq, avvalroq Vladimir Putin Rossiyaning "yangi hududlari"da (bosib olingan sharqiy Ukrainani nazarda tutgan holda) amerikalik hamkorlarga qo‘shma loyihalarda resurslar taklif qilishga tayyorligini bildirgan edi. Putin, shuningdek, Rossiya Ukrainaga qaraganda bu turdagi resurslarga "ancha boy" ekanini va nodir minerallar bo‘yicha AQSh-Ukraina bitimi Rossiyani unchalik tashvishlantirmasligini aytgan edi.

28 aprel: Putin Ukrainada uch kunlik otashkesim e’lon qildi - Rossiya sulhga tayyormi?

harbiy qiz

Surat manbasi, Getty Images

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi urushda vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatishni e’lon qildi.

Kremlning xabar berishicha, otashkesim 8 may tongidan boshlab 11 maygacha davom etadi. Bu sana Ikkinchi jahon urushidagi g‘alaba kuniga to‘g‘ri keladi.

Bayonotda aytilishicha, Putin o‘t ochishni to‘xtatishni "gumanitar sabablar" asosida e’lon qilgan.

Bunga javoban Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibixa "kamidan 30 kun davom etadigan" zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi.

Ayni damda, AQSh Prezidenti Donald Tramp ikki tomon o‘rtasida sulh tuzishga harakat qilayotgan bir manzarada, Oq uy Tramp doimiy otashkesimni istayotganini ma’lum qildi.

Rossiya bayonotida: "Rossiya Ukraina tomoni ham bu namunaga amal qilishi lozim, deb hisoblaydi", deyilgan.

"Agar Ukraina tomoni o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzsa, Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari tegishli va samarali javob qaytaradi".

"Rossiya tomoni yana bir bor hech qanday shartlarsiz tinchlik muzokaralarini o‘tkazishga tayyor ekanini, bu muzokaralar Ukraina inqirozining asl sabablarini bartaraf etish va xalqaro hamkorlar bilan konstruktiv hamkorlik qilishga qaratilganini e’lon qiladi".

Kreml shuningdek, Pasxa bayrami vaqtida 30 soatlik o‘t ochishni to‘xtatishni e’lon qilgandi, ammo har ikki tomon o‘shanda ham o‘zaro janglarning kamayganini qayd etgan bo‘lsa-da, bir-birini yuzlab buzilishlarda ayblagan.

Ukrainada 20 dan ortiq o‘t ochishni to‘xtatishga urinish qayd qilingan — ularning barchasi oxirida muvaffaqiyatsizlikka uchragan, ba’zilari esa joriy etilganidan bir necha daqiqa o‘tib buzilgan.

Rossiya so‘nggi vaqtlarda havodan hujumlarni kuchaytirgan

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Rossiya so‘nggi vaqtlarda havodan hujumlarni kuchaytirgan

Eng so‘nggi otashkesim, Pasxa bayrami vaqtida, faqat juda cheklangan doirada amalga oshirilgan va janglar faqat biroz kamaygan, har ikki taraf bir-birini kelishuvni buzishda ayblagan.

Bu yangi e’lon AQSh Rossiya-Ukraina tinchlik muzokaralari uchun "hal qiluvchi" hafta, deb atagan bir manzarada sodir bo‘ldi.

Vashington ikki tomon o‘rtasida sulh tuzishga harakat qilmoqda, ammo Donald Tramp ma’muriyati agar rivojdanish kuzatilmasa, jarayondan chiqib ketish bilan tahdid qilgan.

Putin Rossiya tinchlikka jiddiy qarayotgandek tasavvurni yaratishga intilmoqda — ayniqsa, Ukraina Vashingtonning 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish taklifini qabul qilgan bir manzarada.

Bu AQSh prezidenti Rossiyaning Ukrainaga davomli hujumlariga norozilik bildirganidan so‘ng sodir bo‘lmoqda.

Rossiya 2022 yil 24 fevralda Ukrainaga bostirib kirgandi va hozirda Ukrainaning taxminan 20% hududini, shu jumladan 2014 yilda Moskva tomonidan anneksiya qilingan Qrim yarimorolini nazorat qilmoqda.

2022 yildan beri ikki tomondan ham yuz minglab odamlar — ularning katta qismi askarlar — halok bo‘lgani yoki yaralangani aytiladi.

25 aprel: Moskvadagi suiqasdda yana bir Rossiya generali halok bo‘ldi. Video

General Yaroslav Moskalik

Surat manbasi, Rossiya Mudofaa vazirligi. Youtube

Surat tagso‘zi, General Yaroslav Moskalik Rossiya Mudofaa vazirligi Bosh Shtabi a’zosi edi

Rossiya huquq-tartibot idoralari general Yaroslav Moskalik halok bo‘lganini tasdiqladilar.

Tergov qo‘mitasi xabar qilishicha, Moskva yaqinidagi Balashixada mahalliy vaqt bilan soat 10:40 da Volkswagen avtomobili portlagan.

Oqibatda Rossiya Mudofaa vazirligining Bosh Shtabi Bosh operativ boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari general-leytenant Yaroslav Moskalik halok bo‘lgan.

Tergov qo‘mitasiga ko‘ra, portlash qo‘lbola portlovchi modda portlashi oqibatida ro‘y bergan.

General o‘limi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bu oxirgi besh oy ichida Rossiya Mudofaa vazirligidagi ikkinchi generalga uyushtirilgan suiqasd bo‘ldi.

2024 yil 17 dekabri kuni Moskva shahridagi o‘zining ko‘p qavatli uyi pod’ezdidan chiqayotgan payti Rossiya Mudofaa vazirligining Radiatsiya, kmiyoviy va biologik muhofaza qo‘shinlari boshlig‘i, general-leytenant Ikor Kirillov samokatga o‘rnatilgan portlovchi modda masofadan portlatilishi oqibatida halok bo‘lgan edi.

Ushbu suiqasdni o‘zbekistonlik uyushtirgani haqida Rossiya huquq-tartibot idoralari xabar tarqatdilar.

Ukraina Xavfsizlik xizmati Igor Kirillovga suiqasd uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi.

Muxbirlarga ko‘ra, Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan 2022 yil fevralidan buyon 10 Rossiya generali halok bo‘lgan.

Tramp Rossiya va Ukraina haqida hech narsa bilmaydigan Uitkoffga muhim vazifa topshirdimi?

Rossiya: Putin Trampni o‘ziga og‘dirmoqchimi - tafsilotlari uchun videomizni tomosha qiling.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Stiv Uitkoff va Prezident Putin

Surat manbasi, Kremlin.ru

Surat tagso‘zi, Tramp do‘sti Stiv Uitkoff 2025 yil yanvaridan buyon Rossiyada bir necha marta bo‘ldi, Prezident Putin bilan Ukraina urushini to‘xtatish masalasini muhokama qildi

25 aprel kuni AQSh Prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff yana bir bor Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvi mo‘ljallangan.

Ushbu uchrashuv Oq Uy, agar tez orada uddasidan chiqilmasa, Rossiya bilan Ukrainani yarashtirish tinchlik muzokaralaridan chiqishi haqidagi ogohlantirishi ortidan bo‘ladi.

AQSh Davlat kotibi Marko Rubio Amerika rahbariyatining Rossiya-Ukraina sulhida doimo band bo‘lib turishdan ham boshqa muhim ishlari borligini aytdi.

Aloqador mavzular

Buning ortidan Prezident Tramp AQSh muzokaralarni tark etishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Tramp ogohlantirishidan bir kun o‘tib Rossiya Prezidenti Vladimir Putin nasroniylar uchun muhim Pasxa bayrami kuni 30 soatlik o‘t ochishni to‘xtatishga farmon bergani xabarlari tarqaldi.

Ammo Ukraina ham, Rossiya ham bir-birini 18 martda e’lon qilingan 30 kunlik, so‘ng 30 soatlik otashkesimni buzishda aybladilar.

22 aprel tunida Rossiya poytaxt Kievga qilgan zarbasi oqibatida kamida 12 inson halok bo‘ldi, ularning kamida ikki nafari bolalar edi.

90 odam jarohatlandi.

Janubiy Afrika respublikasiga safarining bir qismini bekor qilgan Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy Kievga hujum Shimoliy Koreyada ishlab chiqarilgan ballistik raketa bilan qilingan bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Odatda Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni tanqid qilishdan o‘zini tiyadigan Prezident Tramp Kievga hujumni qoraladi.

O‘zi tashkil qilgan Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Tramp hujum haqida, "shart bo‘lmagan va juda yomon vaqtda qilingan. Vladimir, TO‘XTA!", degan post qoldirdi.

Ayni paytda jurnalistlar diplomatik tajribaga ega bo‘lmagan Stiv Uitkoffning nega AQSh tashqi siyosatida muhim shaxsga aylanganiga e’tibor qaratmoqdalar.

68 yoshli Stiv Uitkoff mutaxassisligi bo‘yicha huquqshunos.

Yahudiy ajdodlari bir zamonlar Rossiya imperiyasidan AQShga ko‘chib borganlar.

Oliy ma’lumotga ega bo‘lganidan keyin Uitkoff 1980 yillarda ko‘chmas mulk bilan shug‘ullanadigan kompaniyada faoliyatini boshlagan.

Kompaniya mijozlaridan biri ko‘chmas mulk qurib sotish bilan shug‘ullanadigan Donald Tramp bo‘lgan.

Ular o‘sha vaqtda tanishib do‘st bo‘lib qolishgan.

Ikkovi birga golf o‘ynab turishadi.

Trampning birinchi prezidentligi payti milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi lavozimini egallagan, ammo bugunga kelib Trampning ashaddiy tanqidchisiga aylangan Jon Bolton haqida fikri so‘ralganida, Tramp faqat o‘ziga sodiq, faqat o‘zining aytganini so‘zsiz bajaradigan insonlarni o‘z komandasiga olganini aytdi.

"Bu narsa na Trampning o‘ziga, na mamlakatga naf keltiradi", dedi Jon Bolton.

Uitkoff Rossiya Prezidenti Putin bilan uchrashganidan keyin Rossiya rasmiylari qiladigan bayonotlarga o‘xshash chiqishlar qildi, bu Ukraina rasmiylarini g‘azablantirdi.

Ular Uitkoffning tinchlik muzokaralaridan chetlatilishini talab qildilar.

U na Rossiyani, na Ukrainani bilmaydi, demoqdalar.

Hali Tramp saylanmasidan oldin Rossiya-Ukraina urushini tugatish rejasini ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan Kit Kellog hozir kam ko‘zga tashlanadi, bu Kremlning Vashington oldiga muzokaralarga Rossiya bilan "do‘stona" munosabatlarda bo‘lgan insonni tayinlash talabi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

Ammo bugungi kunda Stiv Uitkoffga AQSh tashqi siyosatidagi uch muhim yo‘nalish ishonib topshirilgan.

Bular Rossiya-Ukraina urushi, G‘azo urushi va Eron bilan muzokaralar.

Vaqtinchalik tinchlik uchun o‘z yeridan voz kechish

Kiev hokimi Vitaliy Klichko

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Kiev hokimi Vitaliy Klichkoning bayonotini Ukraina prezidenti ma’muriyati tanqid qildi

Boks bo‘yicha sobiq jahon chempioni, bugungi Kiev shahrining hokimi Vitaliy Klichko Bi-bi-siga intervyu berdi.

U vaqtinchalik tinchlik uchun Ukraina o‘z yeridan voz kechishi mumkinligini aytdi.

Vitaliy Klichko ushbu qadamni majburiy va vaqtinchalik deb atadi.

"Stsenariylardan biri - hududni berish. Bu adolatdan emas. Biroq tinchlik evaziga, mayli vaqtinchalikka bo‘lsa ham bu yechim bo‘lishi mumkin. Vaqtinchalik yechim", — dedi Vitaliy Klichko.

Kiev shahri hokimi qaysi hududlar haqida gap borayotganini ochiqlamadi.

Vitaliy Klichko Ukraina xalqi "Rossiya okkupatsiyasi"ni hech qachon tan olmaydi, deb alohida urg‘uladi.

Klichko Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiyning siyosiy raqibi hisoblanadi.

U 12 inson o‘limiga sabab bo‘lgan Rossiyaning Kiev shahriga hujumdan keyin Bi-bi-siga intervyu berdi.

23 aprel. Ukrainaga qonli hujum – Rossiya bosimini kuchaytirdimi?

Kievga hujum

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Volodimir Zelenskiy Rossiyaning so‘nggi hujumlariga javoban Janubiy Afrikaga rejalashtirilgan safarining bir qismini bekor qilgan.

Bu o‘tgan bir yilcha vaqt ichida Rossiyaning Kievga qilgan eng halokatli hujumi ekani aytilmoqda.

Halokatli hujum

Rossiyaning Kievga qarshi raketa va dron hujumlari kamida to‘qqiz kishining o‘limiga sabab bo‘ldi, yana 77 kishi yaralandi.

Bu iyul oyidan beri Ukraina poytaxtiga qilingan eng qonli Rossiya hujumi hisoblanadi.

Mamlakatning boshqa hududlariga qilingan hujumlar 11 ta ballistik raketa, 55 ta qanotli raketa va 145 ta dronni o‘z ichiga olgan.

Volodimir Zelenskiy Rossiyaning so‘nggi hujumlariga javoban Janubiy Afrikaga rejalashtirilgan safarining bir qismini bekor qildi, ammo u prezident Ramafosa bilan uchrashishni rejalashtirmoqda.

Bundan oldin, AQSh Prezidenti Donald Tramp Zelenskiyning tinchlik muzokaralariga bo‘lgan yondashuvini tanqid qilgan.

Zelenskiy Qrimda Rossiya okkupatsiyasini qabul qilmasligini ta’kidlagandan so‘ng, Tramp bu izohlarni "tinchlik muzokaralariga juda ham zararli" deb atagan va Ukraina prezidentini "tinchlik o‘rnatish yo‘lida to‘siq " deb tanqid qilgandi.

23 aprel: Agar Ukraina va Rossiya takliflarga ko‘nmasa, AQSh muzokaralardan "chiqib ketadi"
urush

Surat manbasi, Reuters

AQSh vitse-prezidenti J.D. Vans, agar Ukraina va Rossiya tinchlik shartlariga ko‘nmasa, AQSh muzokara jarayonidan "chiqishini" ma’lum qildi. Bu so‘nggi paytlarda AQSh rasmiylari aytayotgan bayonotlarini takrorlaydi.

Uning ogohlantiruvchi bayonoti Londonda o‘tkazilgan muzokaralardan so‘ng yangradi. O‘t ochishni to‘xtatishni maqsad qilgan muzokaralar Buyuk Britaniya, Frantsiya, Germaniya, Ukraina va AQSh rasmiylari ishtirok etdi. Ammo AQSh davlat kotibi Marko Rubio va maxsus vakili Stiv Uitkoff undan chiqib ketgach uchrashuvning ahamiyati kamaydi.

Ayni paytda AQSh diqqatni shu hafta Moskvada o‘tadigan muzokaralarga qaratmoqda. Urushni to‘xtatishga qaratilgan diplomatik harakatlar surati ortarkan, Uitkoff Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan to‘rtinchi marta uchrashishi rejalashtirgan.

Bu orada Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy "darhol, to‘liq va shartsiz o‘t ochishni to‘xtatish"ni talab qilib chiqdi.

"Qotilliklarni to‘xtatish — birinchi darajali vazifa", — deb yozdi Zelenskiy chorshanba kuni ijtimoiy tarmoqda.

Putin Ukraina bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarga tayyorligini bildirdi, ammo hujumlar davom etmoqda

Yang Tiyan

BBC News

Putin va Zelenskiy

Surat manbasi, Getty Images

Vladimir Putin urush boshlangan beri ilk bor Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarga tayyor ekanini bildirdi. Biroq, uning izohlaridan bir necha soat o‘tib ham Rossiya hujumlari davom etdi.

Dushanba kuni Rossiya davlat televideniesiga bergan intervyusida Putin: "Rossiya har doim tinchlik tashabbuslarini ijobiy qabul qilgan. Biz Kiev rejimi vakillari ham shunday munosabatda bo‘lishlariga umid qilamiz", — dedi.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Putinning so‘zlarini Ukraina bilan fuqarolik ob’ektlariga hujum qilmaslik bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishga tayyorlik belgisi sifatida izohladi.

Shunday bo‘lsa-da, seshanba kuni butun Ukraina bo‘ylab yangi hujumlar ro‘y berdi.

Aloqador mavzular:

Zaporojьe shahridagi ko‘p qavatli uyga qilingan hujumda bir ayol halok bo‘ldi, 20 kishi, shu jumladan to‘rt bola yaralandi.

Sharqdagi Xarkovda esa mahalliy hokimiyat seshanba kunduzgi dron hujumida kamida yetti kishi jarohatlanganini ma’lum qildi.

Zelenskiy seshanba kuni tushda Odessa, Sumi, Donetsk va boshqa janubiy hududlarda ham hujumlar bo‘lganini aytdi. Shuningdek, ukrain OAV Xerson viloyatida ham hujum ro‘y berganini xabar qildi.

Dushanba kechqurungi hujumda Odessadagi besh qavatli turarjoy binosi nishonga olindi va uch kishi yaralangani xabar qilindi.

hujum

Surat manbasi, EPA

Prezident Zelenskiy bu hujumlarni "qasddan amalga oshirilayotgan Rossiya terrori" deb baholadi va "buni faqat bitta buyruq bilan to‘xtatish mumkin" deb ta’kidladi.

U shanba kungi qisqa muddatli Pasxa sulhi davomida Ukrainada havo hujumlari bo‘lmaganini isbot sifatida misol qildi.

Zelenskiy bu otashkesimni uzaytirish taklifini yana bir bor ta’kidladi. U yakshanba kuni aytgan taklifini takrorlab, 30 kunlik fuqarolik infratuzilmasiga qarshi uzoq masofali dron va raketalar orqali hujumlarni to‘xtatishni taklif qildi.

Reuters
Ukrainaga Moskvadan aniq javob kerak. Agar Rossiya bu qadamga rozi bo‘lmasa, bu uning insonlar hayotini yo‘q qilish va urushni davom ettirish niyatida ekanini isbotlaydi.
Volodimir Zelenskiy
Ukraina prezidenti (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Putinning dushanba kuni kechqurun aytgan so‘zlari aynan shu taklifga javob sifatida talqin qilinmoqda.

Rossiya va Ukraina o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar 2022 yil fevral oyidagi keng ko‘lamli bosqindan so‘ng dastlabki haftalarda bo‘lgan edi.

Peskov "Prezident fuqarolik ob’ektlariga hujum qilmaslik masalasini muhokama qilish mumkinligini aytganida, u Ukraina tomoni bilan ikki tomonlama muzokara va muhokamalarni nazarda tutgan", — deb ta’kidladi.

Zelenskiy dushanba kuni kechasi qilgan video murojaatida Ukrainaga "Moskvadan aniq javob kerak"ligini aytdi — Rossiya fuqarolik infratuzilmasiga hujumlarni to‘xtatishga rozimi?

U Putin e’lon qilgan qisqa Pasxa sulhini eslab, hujumlarni kamida 30 kunga to‘xtatishga chaqirdi.

"Agar Rossiya bu qadamga rozi bo‘lmasa, bu uning insonlar hayotini yo‘q qilish va urushni davom ettirish niyatida ekanini isbotlaydi", — dedi u.

Seshanba kungi hujumlarda bir ayol halok bo‘lgan va 20 dan ortiq kishi jarohatlangan

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Seshanba kungi hujumlarda bir ayol halok bo‘lgan va 20 dan ortiq kishi jarohatlangan

Putin esa jurnalistlarga Kreml bu taklifni "tahlil qiladi" deb aytdi va "fuqarolik infratuzilmasiga hujum qilmaslik taklifi bo‘yicha masalalarni aniqlash kerak", dedi.

Rossiya tomoni kamdan-kam hollarda fuqarolik ob’ektiga hujumni tan oladi. Shu oy boshida Sumi shahridagi fuqarolik binosiga Rossiya raketa hujumlari oqibatida 35 odam halok bo‘ldi, 100 dan ortiq kishi yaralandi. Putin ushbu hujumlarni tasdiqladi.

Bu joriy yilda Ukrainada fuqarolarga qarshi amalga oshirilgan eng og‘ir Rossiya hujumi bo‘ldi.

"Hamma yaxshi biladi, qurolli kuchlarimiz Sumi viloyatidagi kongress markaziga zarba berdi. Bu fuqarolik inshoatimi? Ha, fuqarolik ob’ekti," — dedi Putin.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

"Biroq u yerda Kursk viloyatida jinoyat sodir etganlar uchun mukofot topshirish marosimi bo‘lgan", — deb qo‘shimcha qildi u.

Hujum paytida Sumi markazi odamlarga to‘la bo‘lib, ko‘chalarda bayram nishonlanayotgan edi. Viloyat rahbari hujum vaqtida mahalliy kongress zalida mukofot topshirish marosimi bo‘lgani haqida xabarlar tarqalganidan so‘ng ishdan olindi.

Ukraina chorshanba kuni Londonda AQSh va Yevropa mamlakatlari bilan muzokaralarda ishtirok etadi. O‘tgan hafta Parijda o‘tkazilgan uchrashuvda urushni tugatish yo‘llari muhokama qilingan edi.

Zelenskiy bu muzokaralarning "asosiy vazifasi"ni "shartsiz otashkesimni ta’minlash" deb ta’rifladi.

AQSh prezidenti esa shu hafta boshida Rossiya va Ukraina kelishuvga erishishiga umid borligini bildirgan. Agar hech qanday ilgarilash bo‘lmasa, u "tinchlik muzokaralarida ishtirokdan voz kechish" bilan tahdid qilgan edi.

Ayrim tanqidchilar esa Putinning 30 soatlik Pasxa sulhini Kremlning piar harakati, deb baholagan. Frantsiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro buni "Donald Trampning sabr-toqatini sinamaslik" uchun amalga oshirilgan chora, deb aytgan.