Toshkent osmono‘par binolarini 60 tonna og‘irlashtirishmoqchi, yangi isitish mavsumi va poytaxt havosi sifati, 1303 nafar avariya qurboni

Surat manbasi, gazeta.uz
Toshkent shahrining eng taniqli osmono‘par binolari yashovchilari o‘zlari yashab turgan uy yanada og‘irlashishi va zilzilaga bardoshliligi kuchsizlanishidan xavotir bildirmoqdalar.
Poytaxtning Hamid Olimjon maydoni atrofidagi to‘rtta 18 qavatli bino yashovchilari binolarning usti shisha bilan yopilishidan ogohlantirildilar.
Toshkent shahar va Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumani rasmiylari mantig‘iga ko‘ra, hozir bu binolarning ko‘rinishi xunuk, shuning uchun tashqi ko‘rinishini qora shisha bilan o‘rab zamonaviylashtirishga qaror qilingan.
O‘zbekistondagi gazeta.uz veb-nashri o‘rganishiga ko‘ra, ko‘p qavatli uylarning yashovchilariga binolarning tashqi ko‘rinishini qanday o‘zgartirmoqchi bo‘layotganlari loyihasi ko‘rsatilgani yo‘q.
Yashovchilar Toshkent shahar hokimligi, O‘zbekiston Bosh Prokuraturasi va O‘zbekiston prezidenti virtual qabulxonasiga murojaat qilganlar, binolar tashqarisini shishalashtirishni to‘xtatishni iltimos qilganlar, tasdiqlangan loyiha va smetani taqdim etishni so‘raganlar.

Surat manbasi, .
Ko‘p qavatli uylar yashovchilarining quruvchilar bilan suhbatlardan keyin qilgan o‘zlarining xomaki hisob-kitoblariga ko‘ra, har bir binoning og‘irligi 60 tonnaga og‘irlashadi.
Binolarning to‘rt tomoni emas, faqat Mustaqillik shoh ko‘chasiga qaragan ikki tarafi usti qora shisha bilan yopilishi oqibatida 60 tonnali og‘irlik butun binoning bir tomonga og‘ishiga olib kelishi mumkin.
Rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, loyiha to‘liq tasdiqlangan, og‘irlik uncha katta bo‘lmaydi.
O‘zbekistonda to‘qqiz oy mobaynida 1303 inson YTH qurboni bo‘ldi

Surat manbasi, gazeta.uz
O‘zbekistonda 2025 yilning yanvaridan sentyabrigacha rasman 5895 ta yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergani qayd etilgan.
Bu haqda O‘zbekiston Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov ma’lum qildi.
Senator ma’lumotlariga ko‘ra, oqibatda 1303 inson hayotdan ko‘z yumgan.
Qayd etilishicha, 2024 yilning dastlabki to‘qqiz oyida 6127 ta yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan.
2025 yil to‘qqiz oyidagi ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 232 taga yoki 3,8% ga kam.
Jabrlanganlarning soni 3,5% kamaygan — 4759 tadan 4592 taga. Halok bo‘lganlar soni ham 4,8% ga kamaygan — 1368 tadan 1303 taga (-65).
Piyodalar ishtirokidagi YTHlar soni 5,8% ga kamaygan — 2855 tadan 2689 taga.
Senat qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov ta’kidlashicha, bu natijalarga haydovchilar va piyodalar orasida yo‘llarda harakatlanish qoidalariga rioya qilish madaniyatining oshishi, haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimi takomillashayotgani, shuningdek, yo‘l harakatini tashkil etishni to‘liq raqamlashtirishga qaratilgan huquqiy bazaning yaratilishi orqali erishilgan.
O‘tgan 2024 yili O‘zbekistonda jami 9364 ta YTH sodir bo‘lgan.
Oqibatda deyarli 9000 kishi jabrlangan, 2203 kishi halok bo‘lgan.
Yangi isitish mavsumi va Toshkent shahri havosi sifati

Surat manbasi, instagram.com/inkuzart
O‘zbekistonda havo harorati 3 noyabrdan keskin o‘zgarishi va tunda 0 darajadan ham sovishi, ayrim hududlarda qor yog‘ishini bashorat qildilar ob-mutaxassislari.
Toshkent shahri hokimligi ijtimoiy ob’ektlarda markazlashtirilgan isitish 3 noyabrdan, ko‘p qavatli uylarni isitish 5 noyabrdan boshlanishini xabar qildi.
12 noyabrdan O‘zbekiston poytaxtida isitish va issiq suv bahosi aholi uchun 15%, yuridik shaxslar uchun 40 foiz oshiriladigan bo‘lgan.
O‘tgan yillari aynan isitish mavsumi boshlanganidan keyin Toshkent shahri havosining yanada ifloslanishi kuzatilgan.
3 noyabr kuni Toshkent havosi sifati 167 - nosog‘lom deb baholandi.
Inson salomatligiga zararli PM2.5 zarrachalari Jahon Sog‘likni saqlash tashkiloti tavsiya etadigan me’yordan 15,8 barobar yuqori deb ko‘rildi.
Shu kuni o‘zbekistonlik rassom Inkuzart o‘zining poytaxt havosi ifloslanishiga bag‘ishlangan yangi ko‘cha graffitisini e’lon qildi.
Suratda iflos havodan o‘zlarini protivogaz bilan himoyalab yo‘lda borayotgan o‘zbek erkak va ayollari aks etgan.
31 oktyabr dayjesti: Orol tubiga dronlar ekin ekadi, Qirg‘izistonda yangi oltin ombori, yosh bolali shaxmatchi onalar O‘zbekistondagi olimpiadada ishtirok etishadi

Qozog‘istonda Orol dengizining tubiga dronlar yordamida ekin ekish loyihasi boshlandi.
Qirg‘iziston endi oltinlarni o‘zida saqlamoqchi.
Yosh bolali shaxmatchi onalar O‘zbekistonga kelishadi.
Qozog‘iston Orol tubini dron bilan obod qilmoqchi
The Times of Central Asia vebsahifsining xabar berishicha, Qozog‘istonning Qo‘rqit Ota Qizilo‘rda Universiteti AQShdagi Kaliforniya Universiteti bilan hamkorlikda Orol dengizining tubiga dronlar yordamida ekin ekish loyihasini boshladi.
Loyiha Orol dengizining qurib qolgan qismini jonlantirish maqsadida Kaliforniya Universiteti tomonidan ishlab chiqilgan turli o‘simliklar urug‘ini yangi texnologiyalar yordamida sepishni nazarda tutadi.
Dronlar tabiatda chirib ketishi oson bo‘lgan materiallarga o‘ralgan urug‘larni dengiz tubi uzra sepib chiqishadi. Shu yo‘l bilan o‘simliklar o‘sib chiqishi tezlashtirilib, omon qolish ehtimoli ko‘proq bo‘ladi. Qo‘l mehnatidan kamroq foydalaniladi.
Hozirda Orol dengizi jahondagi eng yirik ekologik fojialardan biri sifatida ko‘riladi. Bugungi kunda dengizning faqatgina 10% sathida suv qolgan. Qurib qolgan qismida yig‘ilib qolgan zaharli moddalar pestitsidlar bilan birgalikda yon atrofdagi suv, tuproq va havoga tarqalib mintaqa aholisining sog‘lig‘i va oziq-ovqat ta’minotiga xavf solib kelmoqda.
Loyihaning amalga oshirilishi bu xavflarni kamaytirishida muhim rol o‘ynashiga umid qilinmoqda.
Ushbu tashabbus Qozog‘iston hukumatining Orolni Saqlash jamg‘armasi qo‘llovi bilan amalga oshirilmoqda.
Sobiqda orol dengizi tubiga saksovul ekish loyihasi ham amalga oshirilgandi.
Qirg‘izistonda yangi oltin ombori

Surat manbasi, Reuters
Yana The Times of Central Asia veb-sahifasiga ko‘ra, Qirg‘iziston xalqaro standartlarga mos va 1000 tonna oltin saqlash sig‘imiga ega bo‘lgan yangi ombor qurilishini boshlagan.
Shu vaqtgacha Qirg‘iziston oltin zaxiralarini xorijda saqlab kelgan. Oltin ombori qurilishi haqida prezident Sadir Japarov Qirg‘iziston Milliy Bankining yangi binosini ochish marosimida ma’lum qilgan.
Janob Japarov mamlakat endilikda oltin saqlash xizmatini xorij davlatlariga ham taklif qilish imkoniga ega bo‘lishini aytgan.
Qirg‘iziston Milliy bankiga ko‘ra, mamlakat oltin zaxirasi qiymati eng yuqori darajaga chiqib, 7.55 milliard dollarga yetgan.
Yosh bolali shaxmatchi onalar O‘zbekistondagi olimpiadada ishtirok etishadi.

Surat manbasi, EPA
Xalqaro shaxmat federatsiyasi FIDE O‘zbekistonda kelgusi yil o‘tkazilajak shaxmat Olimpiadasida yosh bolali onalar yana ishtirok etish imkoniga ega bo‘lishlarini e’lon qildi.
Bu tashabbus ilk bor Budapeshtda 2024 yili o‘tkazilgan Olimpiadada amalga oshirilgandi. Maqsad yaqinda ona bo‘lgan professional shaxmatchi ayollarga onalik bilan birga o‘z faoliyatlarini davom ettirish uchun imkoniyatlar yaratishdir.
Federatsiya yosh bolali shaxmatchi ayollarga farzandlari va enagalar bilan birga musobaqalarga kelish uchun moliyaviy qo‘llov taklif qiladi.
O‘zbekistondagi Olimpiadaga farzandlarining yoshi 2 gacha bo‘lgan onalar ushbu tashabbus doirasida kelib, ishtirok etishlari mumkin.












