Amerika va saylov: Donald Trampni endi Putin ham tabrikladi, uni jasur odam dedi - Video

Tramp va Putin 2018 yilda uchrashgandi

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Tramp va Putin 2018 yilda uchrashgandi
O'qilish vaqti: 10 daq

Dunyo rahbarlari Amerika yangi prezidentini tabrikladilar, biroq Vladimir Putin sukut saqlab turdi.

Lekin bu gap Trampga xush yoqishi tayin.

“Hayotiga suiqasd payti o‘zini qanday tutgani menda katta taassurot qoldirdi. U jasur odam ekan”, dedi Sochidagi “Valday” diskussiya klubida gapirgan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin.

Prezident Putin Tramp bilan muloqotga tayyorligini aytarkan, Tramp sha’niga yanada ko‘proq maqtov aytildi.

“U ko‘pchilik oldida Rossiya bilan aloqalarni yaxshilamoqchi ekanini va Ukraina mojarosini hal qilmoqchi ekanini aytdi. Mening fikrimcha, bu e’tiborga arziydi. Shu fursatdan foydalanib men uni Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti etib saylangani bilan tabriklayman”.

Trampning ilk prezidentligi davrida Amerika bilan Rossiyaning munosabatlari yomonlashdi.

Biroq, tahlilchilarga ko‘ra, endi Kreml aloqalarni yaxshilash imkoniyatini izlaydi, bundan Ukraina urushini o‘z manfaatiga tugatish yo‘lida foydalanib qolishni istaydi.

Saylanganidan keyingi ilk intervyusini Donald Tramp Amerikaning NBC telekanaliga berdi, unda Ukraina Prezidenti Zelenskiy bilan telefonda so‘zlashganini, hali Putin bilan gaplashmaganini aytdi.

“O‘ylaymanki, biz gaplashamiz”, dedi Tramp.

Tramp saylanishi Vengriya poytaxti Budapeshtdagi Yevropa liderlari sammitining asosiy mavzusi bo‘lgan.

Yevropa rahbarlarida, AQShning yangi prezidenti Amerika tashqi siyosatining Ukraina va NATOdagi ittifoqchilariga nisbatan yo‘nalishini o‘zgartiradi, endi AQSh Ukrainaga yordamni kamaytiradi va Moskva bilan muzokaralarga majburlaydi, degan xavotir bor.

Ammo NATO yangi bosh kotibi Mark Ryutte, boshqa siyosatchilar xavotirlanishga asos yo‘q, deb chiqdilar.

Budapeshtda qator Yevropa rahbarlari Yevropa birligi muhimligini urg‘uladilar, Turkiya Prezidenti Erdo‘g‘an, agar Tramp Ukraina urushiga yechim topish yondashuvi bilan yondashsa, urush oson tugaydi, deb aytdi.

O‘tkazib yuboring YouTube post , 1
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post, 1

Amerika va saylov: Donald Tramp yangi AQSh prezidenti, Mirziyoev, Toqaev va Japarov uni tabrikladi, Putin va Tolibon-chi? Video

Donald Tramp

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, 78 yoshda bo‘lgan Respublikachi Donald Tramp ikkinchi bor prezident saylovida g‘alaba qozondi, Oq uyga tarixiy qaytish qiladigan bo‘ldi. U rasman qasamyod keltirganidan so‘ng AQShning 47-prezidenti o‘laroq o‘z vakolati ijrosiga kirishadi.

Donald Tramp saylovchilar kollegiyasining jami 279 ovozini qo‘lga kiritdi.

Viskonsinda ham Demokratchi raqibi Kamala Harrisni ortda qoldirdi.

Ikkinchi bor AQSh prezidenti etib saylanishi uchun 5 noyabr kungi prezident saylovida saylovchilar kollegiyasining keragidan ortiq ovozini qo‘lga kiritdi.

AQSh prezidentligi saylovi g‘olibini, odatda, saylovchilar kollegiyasining jami 270 ta ovozi hal qiladi.

Rasmiy va batafsil ovoz berish natijalarining e’lon qilinishi ancha vaqt olishi mumkin.

Chunki har bir shtat saylov natijalarini alohida, alohida e’lon qiladi.

Shu bois ham, ular imkonli bo‘lishi bilan Bi-bi-si bu haqda xabar beradi.

Tramp saylovchilar kollegiyasining 266 ta ovozini qo‘lga kiritishi ortidanoq o‘zini g‘olib, deya e’lon qilgan.

Uning bu bayonotiga ham Demokratchi raqibining munosabati noayon qolgandi.

Respublikachi nomzod buni "Amerika xalqining ajoyib g‘alabasi", deb atagan.

Donald Tramp AQSh Senata uchun saylovlarda ham Respublikachilar qo‘li baland kelganini e’lon qilgan.

Saylov kuni amerikaliklar prezident, vitse-prezident, shuningdek, Kongress a’zolari uchun ovoz berishgan.

Bundan tashqari, 11 shtatning gubernatorini ham saylashgan.

U avvalroq Floridada o‘zining quvonchga to‘lgan tarafdorlari qarshisida chiqish qilgan.

Donald Tramp, “Amerika o‘zlariga misli ko‘rilmagan va qudratli vakolat berganligi”ni bayon qilgan.

U ikki raqib nomzod taqdirini hal qiluvchi Pensilvaniya, Shimoliy Karolina va Jorjiyada ham yutib chiqqan.

Trampning bu ikkilanayotgan shtatlaridagi g‘alabasi Demokratchi raqibi Kamala Harrisning g‘olib chiqish imkoniyatlarini keskin kamaytirgandi.

Demokratlar jamlog‘i Kamala Harrisning bugun chiqish qilmasligini ma’lum qilgan.

Uning ruhi tushib qolgan tarafdorlari allaqachon Demokratchi nomzod nutq so‘zlashi kerak bo‘lgan sathni tark etishga kirishishgan.

Shu soatlarda olinayotgan xabarlarga ko‘ra, Donald Trampni saylovdagi g‘alabasi bilan allaqachon Buyuk Britaniya va Isroil Bosh vazirlari tabriklab ham bo‘lishgan.

Salvador prezidenti esa, Trampni bu kabi yutug‘i bilan qutlagan birinchi xorijiy davlat prezidenti bo‘lgan.

Yevropa davlatlari liderlari orasidan shu paytgacha Frantsiya prezidenti, Vengriya Bosh vaziri, Serbiya rahbari va Avstriya kantsleri uni tabriklab chiqishgan.

Bundan tashqari, Ukraina Prezidenti ham Donald Trampga o‘z tabriklarini yo‘llagan.

Volodimir Zelenskiy Oq uyning yangi rahbari ham o‘zlarini qo‘llashiga umid qilib qolgan.

Latviya, Litva va Estoniya liderlari ham so‘nggi yangilikni bee’tibor qoldirishmagan.

Ammo aksariyat shtatlarda ovozlarni sanash jarayoni hanuz davom etmoqda.

Donald Tramp Oq uyga qaytsa, qasd olmay qo‘ymasligini aytgan.

U muhojirlarni “misli ko‘rilmagan deportatsiyasi”dan so‘z ochgan, tashqi savdoga qo‘shimcha tariflar joriy etish, qanday qilib ekanini ochiqlamagan bo‘lsa-da, Ukraina va Yaqin Sharqdagi urushlarga chek qo‘yishga va’da bergan.

Tramp o‘zining bu galgi saylovdagi yutug‘i ortidan, uzilish bilan ketma-ket ikki muddat prezidentlik qilayotgan ikkinchi odam sifatida AQSh tarixiga ham kiradi.

Tramp va Putin

Surat manbasi, Getty Images

Putinning Donald Trampni g‘alabasi tabriklash niyatida ekani yoki yo‘qligi ma’lum emas.

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Putinning bu xususdagi rejasidan o‘zining bexabar ekanini aytgan.

Bu haqda Britaniyaning nufuzli “Reyter” axborot agentligi xabar bergan.

Mazkur agentlikning yozishicha, Kreml Amerika prezident saylovida Respublikachi nomzod g‘alaba qozonganiga oid xabarga ehtiyotkorlik bilan munosabat bildirgan.

Amerika Qo‘shma Shtatlari dushman davlat bo‘lgani va Trampning Ukraina urushini tugatishga oid so‘zlarining qanchalik amalga ko‘chishinini faqat vaqt ko‘rsatishini ta’kidlagan.

Rossiyaning Ukrainaga 2022 yilgi bosqinidan keyin ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar o‘ta sovugan.

Bunaqasi ikkovlon yadroviy urush yoqasiga borib qolgan 1962 yilgi Kuba raketa inqirozidan buyon kuzatilmagani aytiladi.

Amerikadagi prezident saylovi arafasida “qo‘llov”i Kreml hazili sifatida talqin qilingan bo‘lsa-da, Putin Demokratik partiya nomzodini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

Rossiya prezidenti Kamala Harrisning “yuqumli” kulgisini yoqtirganini iddao qilgan.

Ammo ayni shu xabarlar manzarasida Bi-bi-sining Moskvadagi muharriri Stiv Rozenberg saylov kampaniyasi davomida Harrisdan ko‘ra ko‘proq Trampning aytganlari Putinning yuziga tabassum ulashganiga o‘zining e’tiborini qaratgan.

U buni anglash uchun tajribali siyosiy tahlilchi bo‘lishingiz shart emas, degandi:

Xalilzod va Barodar

Surat manbasi, skrinshot

Tolibon-chi?

Donald Tramp o‘zining ilk boshqaruvi davrida Afg‘oniston Tolibon harakati bilan “tarixiy” bitimga erishgan birinchi AQSh prezidenti ham bo‘ladi.

Tramp prezidentlik vakolatining so‘nggi yili, ya’ni 2020 yilda imzolangan xuddi shu bitim Afg‘onistonda AQSh va Nato boshchiligidagi xalqaro ittifoq kuchlarining yigirma yillik harbiy hozirligiga yakun yasagan.

Ammo, boshqa tomondan, Afg‘oniston Tolibon harakatining yana qudratga qaytishiga yo‘l ochgan.

Afg‘onistonning Tolibon tomonidan yana o‘zining Shar’iy qadriyatlari asosida boshqariluvchi Islomiy Amirlik, deb e’lon qilinishi, inklyuziv emaslikda tanqid qilinuvchi va hali-hanuz dunyoning biror bir davlati tomonidan rasman tan olinmagan muvaqqat hukumatiga asos solishiga olib kelgan.

Ayniqsa, xotin-qizlar huquqlari bilan bog‘liq vaziyatning yana jiddiy xavotirga molik muammo o‘laroq kun tartibiga chiqishiga sabab bo‘lgan.

Afg‘onistondagi barcha siyosiy tomonlar bilan kelishuv – tinchlik muzokaralari istiqboli yo‘qqa chiqqan, uzoq yillik afg‘on mojarosiga siyosiy yechim topish umidlari o‘zini oqlamagan.

Tolibon muvaqqat hukumati oradan uch yil o‘tib ham, xalqaro hamjamiyat tomonidan ilgari surib kelinayotgan asosiy shartlardan hech birini bajarmagan, inklyuziv hukumatga oid da’vatlar ham bejavob qolgan.

AQSh prezident saylovida Donald Trampning g‘alabasi bilan bog‘liq so‘nggi yangilik Tolibon hukumatining ham e’tiboridan chetda qolmagan.

Muvaqqat Tashqi ishlar vazirligi bu xususda bayonot bilan chiqqan.

“Donald Tramp boshchiligidagi yangi ma’muriyat “AQSh-Tolibon munosabatlarida sezilarli taraqqiyotga erishish va o‘zaro hamkorlik qilish imkoniyatini yaratish uchun real qadamlar tashlashiga umid qilayotganlik”larini aytgan.

Tolibon hukumati, shuningdek, Tramp mintaqa va dunyo, xususan, G‘azo va Livandagi urushlarning yakun topishida amaliy rol o‘ynashiga ham umid bildirgan.

Tolibon hukumati bilan hozircha faqat Afg‘onistonga qo‘shni mintaqa davlatlari va Rossiya bilan muloqotda, xalqaro miqyosda esa, ihotalanganicha qolayotir.

Yaqin-yaqingacha uzoq yillik urushlar ichida bo‘lgan Afg‘oniston dunyoning turli jangari guruhlar boshpana topgan, jang qilgan va jon saqlab kelayotgan davlatlaridan biri ham bo‘ladi.

Tolibonning qudratga qaytishi ortidan Afg‘onistonda yuzaga kelgan ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat esa, orada mamlakat "Yer yuzining jahannami"ga aylanishiga oid qo‘rquvlar ham paydo qilmay qo‘ymagan.

Yangi Amerika prezidenti amerikaliklarga rahmat aytdi

O‘tkazib yuboring YouTube post , 2
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post, 2

Xarita

Surat manbasi, .

Kuzatuv

Bahodir Fayz

Surat manbasi, facebook

Uzoq yillardan buyon Amerika Qo‘shma Shtatlarida yashab, ishlab kelayotgan asli o‘zbekistonlik sotsiolog Bahodir Fayzning Bi-bi-siga aytishicha, faktlar avvalgi prezident saylovidagilari bilan taqqoslanganda, bu galgisida saylovchilar sonining biroz kam bo‘lganini ko‘rsatgan.

Unga ko‘ra, ekzit-poll natijalari 2024 yilgi AQSh prezident saylovida eng muhim omil – mamlakat iqtisodi ekaniga dalolat qilgan.

Amerikalik saylovchilarning ko‘pchiligi uchun birinchi navbatda iqtisod va immigratsiya masalalari ustivorlik kasb etgan.

Suhbatdoshimizning ma’lum qilishicha, bu galgi saylov oldidan anchagina xavfsizlik choralari ko‘rilganiga ham guvoh bo‘lish mumkin bo‘lgan.

“Katta shaharlarda va poytaxt Vashingtondagi Oq uy binosi atrofida xavfsizlik to‘siqlari o‘rnatilgan. Qolaversa, poytaxtdagi ba’zi do‘konlar oynalari ehtimoliy zo‘ravonlik, tartibbuzarliklarga qarshi ehtiyot chorasi sifatida to‘silgandi”, - deydi u.

Uning so‘zlaridan ma’lum bo‘lishicha, ikkilanayotgan shtatlarda Milliy gvardiya ham shay holga keltirilgan.

Siyosiy liderlar va saylov rasmiylari esa, odamlarni fitna nazariyalariga uchmaslik va zo‘ravonliklarga urinmaslikka ham chaqirishgacha borishgan.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, bu kabi xavotirlarga Tramp mag‘lubiyatga uchrasa, saylov natijasini tan olishini aytganiga qaramay, 2020 yilgi prezident saylovidan keyingi voqealar sabab bo‘lmay qolmagan.

AQSh prezidentlik saylovi muhim nuqtalari:

O‘tkazib yuboring YouTube post , 3
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post, 3

Mintaqadan aks-sadolar

Donald Tramp va Shavkat Mirziyoyev

Surat manbasi, rasmiy

Hozirga qadar aksariyat Markaziy Osiyo davlati liderlari Donald Trampni saylovdagi yutug‘i bilan tabriklab bo‘lishgan.

Markaziy Osiyo davlatlari prezidentlari joriy paytda Bishkekda, Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlarining 11-sammitida.

Shu soatlarda olinayotgan xabarlarga ko‘ra, mintaqa davlatlari liderlari orasidan birinchilardan bo‘lib sammitga mezbonlik qilayotgan Qirg‘iziston prezidenti Donald Trampni saylovdagi g‘alabasi bilan tabriklagan.

Sadir Japarov o‘zining tabrigida o‘zaro hamkorliklarini “yangi darajaga ko‘tarishlari”ga ishonch bildirgan.

O‘zi ham “ko‘pqutbli hamkorlikni rivojlantirish uchun barcha sa’y-harakatini ishga solajagi”ni aytgan.

Qirg‘iziston prezidentiga ko‘ra, Donald Trampning “etakchilik tajribasi va chuqur bilimi Qirg‘iziston va AQSh o‘rtasida o‘zaro hurmat tamoyillariga asoslangan har tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun imkoniyatlar yaratadi, degan o‘yda”.

Shavkat Mirziyoev sammitda qilgan bugungi chiqishi chog‘ida yana o‘zining e’tiborini Yaqin Sharqdagi vaziyatga qaratgan.

O‘zbekiston prezidenti yana u yerdagi vaziyatni yumshatishga chaqirgan.

Shavkat Mirziyoev mojaroni hal qilishning yagona yo‘li – mustaqil Falastin davlatini barpo etish ekanini ta’kidlagan.

Yaqin Sharqdagi urush bu galgi saylovda yangi AQSh prezidenti taqdirini hal qiluvchi asos masalalardan biri sifatida ko‘rilgandi.

Qirg‘iziston prezidenti ortidan, poytaxt Toshkentdan Shavkat Mirziyoevning ham Donald Trampni saylovdagi g‘alabasi bilan tabriklaganiga oid rasmiy xabarlar olingan.

Xabar tafsilotlaridan ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston prezidenti mamlakati bundan keyin ham Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan do‘stona aloqalarini davom ettirish, Oliy va yuqori darajada erishilgan barcha kelishuvlarni to‘liq amalga oshirishdan manfaatdorligini ta’kidlagan.

Aynan Respublikachi prezidenti Tramp davrida Amerika yangi O‘zbekiston bilan o‘zaro aloqalarida strategik sheriklikning yangi davrini boshlagan.

Tomonlar o‘rtasidagi ayni mazmundagi bayonot prezidentligining ikkinchi yilida Shavkat Mirziyoevning Oq uyga ilk va bir "tarixiy" tashrifining o‘zidayoq yangragan.

Vashingtonga 2018 yilgi rasmiy tashrif, boshqa tomondan, shaxsan Donald Trampning taklifi bilan amalga oshgan.

AQSh prezidentligiga qayta nomzod ekani chog‘ida yaqinda Trampga qarshi uyushtirilgan suiqasdni ham rasmiy Toshkent bee’tibor qoldirmagan, uni qattiq qoralab, rasman bayonot bergan.

2020 yilgi saylovda Trampni yengib, Amerika Qo‘shma Shtatlarining yangi davlat rahbari sifatida lavozimi ijrosiga kirishgan paytda Demokratchi Jo Baydenni ham mintaqa davlatlari prezidentlari orasidan birinchi bo‘lib Shavkat Mirziyoev qutlagan.

Amerika dunyoning har yili yuz minglab o‘zbekistonlik borish ilinjida bo‘lgan, ayniqsa, Demokratchi prezident Jo Bayden boshqaruvi ostida kechgan so‘nggi to‘rt yil ichida qamoq va o‘lim xavfiga ham qaramay, hududiga noqonuniy kirishga urinayotganlarining ham soni jiddiy ortib borayotgan davlati bo‘ladi.

Amerika Qo‘shma Shtatlarida o‘n minglab o‘zbekistonlik, yuz minglab o‘zbek yashaydi, ulardan bir necha mingi Amerika fuqaroligini ham olgani aytiladi.

Ulardan aksariyatini esa, Grin-karta yordamida Amerika Qo‘shma Shtatlarida yashash huquqini qo‘lga kiritganlari tashkil etishadi.

Shu manzarada Qozog‘iston rahbarining ham Donald Trampga o‘zining tabrigini yo‘llagani ma’lum bo‘lgan, uni "ishonchli" g‘alabasi bilan qutlagan.

Qasim-Jomart Toqaev unga, “Amerika xalqi farovonligi, global barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash yo‘lida muvaffaqiyatli faoliyat olib borishi”ni tilagan.

AQSh Rossiya va Xitoy bilan birga dunyoning Markaziy Osiyoda geosiyosiy raqobatda bo‘lgan uchta global yadroviy qudratidan bittasi bo‘ladi.

Tramp kim?

Donald Tramp
Surat tagso‘zi, Tramp o‘zining bu galgi saylovdagi yutug‘i ortidan, uzilish bilan ketma-ket ikki muddat prezidentlik qilayotgan ikkinchi odam sifatida AQSh tarixiga ham kiradi.

Donald Tramp yana bir bor Amerika siyosatini larzaga keltirmoqda.

1946 yilda Nyu Yorkning Kvinsida tug‘ilgan Tramp ko‘chmas mulk biznesi dunyosida katta bo‘lgan.

Uning otasisi Fred Tramp binolar qurdirib, ulardan daromad olish ishini yo‘lga qo‘ygan.

Harbiy maktabni bitirgach, Tramp imperiyasini ko‘tarish va kuchaytirish yo‘lida bel bog‘lab, oila biznesida faoliyat yurita boshlaydi.

Golf maydonlari, kazinolar, lyuks mehmonxonalar, mashhur Trump Tower uning boyligi va qudrati ramziga aylandi.

Trampning ambitsiyalari o‘sgan sayin o‘sib boraverdi.

2004 yilda, u , yangi avlodga “The Apprentice” – “Nomzod” televizion shousining boshlovchisi sifatida tanildi.

Trampning shoudagi “you are fired” – “siz haydaldingiz” jumlasi uni mashhur qildi.

O‘n yildan ko‘proq vaqt o‘tgach, u o‘z maqsadini ancha kattaroq qo‘ydi: bu safar - AQSh prezidentligi.

Siyosiy autsayder sifatida o‘z nomzodini qo‘ygan Tramp "Amerikani yanada buyuk qilishga" va’da berdi va 2016 yilgi saylovda Hillari Klintonga ajoyib zarba berib, g‘alaba qozondi.

Ziddiyatlarga boy prezidentlik davri

Donald Tramp

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, 2016 yilgi saylovda siyosiy autsayder sifatida o‘z nomzodini qo‘ygan Tramp "Amerikani yanada buyuk qilishga" va’da bergan va o‘shanda Hillari Klintonga ajoyib zarba berib, g‘alaba qozongandi.

Bu davrda Tramp yirik iqlim va savdo kelishuvlaridan voz kechdi.

Aholisining aksariyati musulmon bo‘lgan yetti mamlakatdan Amerikaga sayohat qilishni taqiqladi.

Xitoy bilan savdo urushi boshladi, Shimoliy Koreya prezidenti Kim Chen In bilan qo‘l siqishdi va Yaqin Sharq munosabatlarini qayta shakllantirdi.

Tramp 2020 yilgi saylovlarda Jo Baydenning g‘alabasini qabul qilishdan bosh tortdi.

Shundan so‘ng tarafdorlari AQSh Kongressi binosiga bostirib kirishdi va unga prezident sifatida ikkinchi marta impichment e’lon qilindi.

“Agar qonuniy ovozlarni hisoblasangiz, osonlikcha g‘alaba qozonaman. Noqonuniy ovozlarni hisoblasangiz, g‘alabamizni bizdan o‘g‘irlashlariga imkon began bo‘lasiz”, degan edi Tramp o‘shanda.

O‘shandan beri Tramp biznesidagi munosabatlaridan tortib, saylovlardagi noqonuniy harakatlari sabab, bir nechta yuqori darajadagi sud ayblovlariga tortilgan.

Porno yulduzlarning "og‘zini yopish"

Donald Tramp

Surat manbasi, Getty Images

Shu yil may oyida esa, Tramp porno yulduzlarning og‘zini yopish uchun to‘lovlar qilib, jinoyat sodir etganlikda ayblangan birinchi sobiq prezidentga aylandi.

Respublikachilar partiyasidan nomzodlikni qo‘lga kiritgan va saylov kampaniyasi davomida ikki marta suiqasddan omon qolgan Donald Tramp, qiyinchiliklarga qaramay, tarafdorlari oldida prezidentlikka qaytishga va’da berdi.

Muxlislari uning sarkashligiga qoyil qolishadi...

Bi-bi-si O‘zbek xizmati kelayotgan kunlarda ham Amerika prezident saylovi, uning natijalari dunyo va mintaqa uchun nimani anglatishi, endi nimalar kutilishi haqidagi xabar, mavzu va tahlillarni e’tiboringizga havola etib boradi. Bizni veb saytimizda kuzatib borishda davom eting.