Prezident saylovi: Rossiya Moldovada “mag‘lubiyatga uchradi”mi? - Video

Surat manbasi, Reuters
Moldovada Yevropa va Rossiya o‘rtasidagi tanlov o‘laroq ko‘rilgan prezidentlik saylovi rossiyaparast deya ko‘rilgan nomzod mag‘lubiyati bilan tugagan. Moldova Rossiya uchun nega kerak o‘zi?
Yevropa va Rossiya o‘rtasidagi tanlov sifatida tasvirlangan Moldova prezidentligi uchun saylovning ikkinchi turida amaldagi davlat rahbari – mamlakatning Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashishi tarafdori bo‘lgan Mayya Sandu g‘olib chiqqan.
Uning raqibi – Moskva bilan aloqalarni kuchaytirishga da’vat etib keluvchi Aleksandr Stoyanoglo qariyb 45 foiz ovoz bilan saylov poygasida mag‘lubiyatga uchragan.
Dushanba kuni tongda Moldova Markaziy saylov komissiyasi Sanduning g‘alabasini tasdiqlagan.
Yakshanba kuni o‘tgan prezident saylovi qarashlari bir-birinikidan keskin farq qiluvchi ikki nomzodning keskin raqobati ostida kechgan.
G‘alabasi ortidan Mayya Sandu prezident saylovi “xorijdagi dushman kuchlarning mislsiz hujumiga uchragan”ini da’vo qilgan.
3 noyabrь kuni davomida Moldova prezidentining xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi ovoz berish jarayoni “Rossiyadan kelgan katta aralashuv” ostida kechganini ta’kidlagan.
Rossiya Moldovadagi saylovga chindan ta’sir o‘tkazishga urindimi?
Eng muhimi, Moldova Kreml uchun nega kerak o‘zi?
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Yakshanbadagi saylov

Surat manbasi, Rasmiy
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 3 noyabrь – yakshanba kuni kechgan prezident saylovining ikkinchi turida amaldagi prezident Mayya Sandu 55,3 foiz ovoz to‘plagan. Uning raqibi – sobiq bosh prokuror Aleksandr Stoyanoglo esa 44,6 foiz.
20 oktyabrda bo‘lib o‘tgan saylovning birinchi turida hech bir nomzod zaruriy 50 foizlik marradan o‘ta olmagan edi.
Yakshanbadagi saylov kuchli raqobat va nomzodlarning tarafdorlarining qattiq hayajoni ostida kechgan.
Saylov uchastkalarining 80 foizidan ko‘proq qismidagi ovozlar sanab chiqilganidan so‘ng Moldovaning Moskva bilan yaqinlashishiga chaqirib keluvchi Stoyanoglo poygada kichik farq bilan peshqadamlik qilgan.
Ammo Yevropa davlatlarida yashayotgan moldovaliklar ovozlarini sanash boshlanishi bilan bu farq qisqara boshlagan va saylov poygasi Sanduning g‘alabasi bilan yakunlangan.
Moldova – xorijdagi diasporaning mamlakatdagi siyosiy muhitga ta’siri hal qiluvchi darajada bo‘lgan kam sonli mamlakatlardan biri hisoblanadi.
2020 yilda o‘tgan prezidentlik saylovida ham Mayya Sanduning o‘sha vaqtdagi amaldagi prezident Igor Dodon ustidan g‘alaba qozonishida aynan diasporaning ovozi hal qiluvchi rol o‘ynagan edi.
Rossiya aralashuvi?

Saylov uchastkalari yopilganidan ko‘p o‘tmay, Sandu o‘z vatandoshlarini “Moldovani saqlab qolgani” uchun olqishlagan.
Shuningdek, u saylov jarayoni “xorijdagi dushman kuchlaning mislsiz hujumiga uchragan”ini iddao qilgan.
O‘xshash da’voni ilgari surgan milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Stanislav Sekrieru tashqi aralashuv “Rossiya tomonidan” amalga oshirilganini ta’kidlagan.
Yakshanba kuni Moldova politsiyasi ham mamlakat ichidagi, ham xorijdagi saylov uchastkalariga ovoz beruvchilar tashkillangan tartibda avtobuslar va charter reyslarda tashilganini ko‘rsatuvchi “asosli dalillar” mavjudligini ma’lum qilgan.
Politsiya “Rossiyadan Belarusь, Ozarbayjon va Turkiyaga aviatashuvlar”ga oid holatlar o‘rganilayotganini qo‘shimcha qilgan.
Moldova tashqi ishlar vaziri yakshanba kuni tushda Germaniya va Britaniyada ochilgan ayrim saylov uchastkalarida bomba o‘rnatilgani to‘g‘risida yolg‘on xabarlar kelib tushgani va bunday tahdidlardan asosiy maqsad “ovoz berish jarayonini to‘xtatish bo‘lgani” haqida gapirgan.
Sanduni g‘alaba bilan tabriklagan Yevropa Ittifoqining top diplomati Jozef Borrell ham o‘z bayonotida “Rossiya tomonidan misli ko‘rilmagan aralashuv bo‘lgan”ini tilga olgan.
Rossiya o‘zining saylov jarayoniga ta’sir o‘tkazishga uringaniga oid bunday da’volarni zudlikda rad etib chiqqan.
Bir vaqtning o‘zida, avvalroq Sandu tomonidan bosh prokuror lavozimidan bo‘shatilgan Aleksandr Stoyanoglo o‘zining kremlparast siyosatchi ekani haqidagi gap-so‘zlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidlagan.
Moldova Rossiya uchun nega kerak?
G‘arbdagi ko‘plab ekspertlar 51 yil davomida Sobiq Sovet Ittifoqi tarkibida yashagan va Ukraina yon qo‘shnisi bo‘lgan Moldovani Moskvaning “sobiq sho‘ro mamlakatlari ustidan nazoratni qayta tiklash” harakatlaridagi navbatdagi nishon ekanini ta’kidlab keladi.
Moldovaning Yevropa bilan yaqinlashish tarafdori bo‘lgan yetakchilari ham yillardan beri Rossiyani mamlakatdagi ichki vaziyatni beqarorlashtirishga urinishda ayblab keladi.
Kuzatuvchilar Ukrainaga to‘laqonli bosqin boshlanishi ortidan Rossiyaning Moldovada kremlparast siyosatchilarni hokimiyatga olib kelish yo‘lidagi urinishlari kuchayganini tilga oladi.
Bundan tashqari 30 yilcha muqaddam Rossiyaning ko‘magi bilan Moldova tarkibidan ajralib chiqqan Pridnestrove masalasi ham Yevropaning eng qashshoq mamlakatlaridan biri va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar tarangligicha qolishiga sabab bo‘layotgan omillardan biridir.
Shu fevralida Pridnestrovening rossiyaparast ayirmachi yetakchilari Rossiyadan Moldova o‘z yeri hisoblaydigan hududni muhofazaga olish so‘ralgan murojaatni e’lon qilgan edi.
Ayrim xalqaro tahlilchilar, shuningdek, dunyoda yakkalab qo‘yilishi ortidan Moskva uchun Moldova ustidan siyosiy ta’sirni qo‘lga kiritish masalasi yangi darajaga ko‘tarilganini ham ta’kidlaydi.
“Xalqaro ihota sharoitida Rossiyaga quloq soluvchi, uni do‘st davlat deb hisoblovchi har qanday mamlakat Rossiya uchun yirik geosiyosiy yutuqdir. Shu sababdan Moldova uchun bor kuch maydonga tashlangan. Shuning uchun bu maqsad yo‘lida katta-katta pul sarflanmoqda”, deydi Moldovaning Rossiyadagi sobiq elchisi Anatoliy Tseranu.
End of Telegram kanalimiz












