Qoraqalpoq o‘tovi va qo‘bizi endi UNESCO merosi, Mirziyoyev yana Karimov zamonini esladi, Ashxobodga kimlar bordi?

Surat manbasi, UNESCO.ORG
Hindiston poytaxti Dehlida bo‘lib o‘tayotgan UNESCO Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish hukumatlararo qo‘mitasining 20-sessiyasida Qoraqalpoq o‘tovi va qo‘bizi jahon merosi ro‘yxatiga kiritildi.
Dehlidagi yig‘ilishda Italiya oshpazligi, Misr Koshari taomi, Albaniya lahuta musiqa asbobi tayyorlanishi va ijrosi, Erondagi Oynakori san’ati jahon merosi sifatida tan olindi.
Bu yig‘ilishda Tojikiston sumalakni insoniyat merosiga kiritish taklifini ilgari surdi va bu taklif qabul qilindi.
Afg‘oniston buyuk rassom Kamoliddin Behzod uslubidagi miniatyura rassomligi san’atini UNESCO ro‘yxatiga kiritish taklifini kiritgani va 2025 yilgi ro‘yxatga ushbu san’at turi qo‘shilgani e’lon qilindi.
Qirg‘izistonning Maqsim deb nomlangan ichimligini UNESCO merosiga kiritish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
Turkmaniston Olapar iti ham UNESCO merosiga qo‘shildi.
Ko‘chmanchi xalqlarning uyi - o‘tovni Qozog‘iston va Qirg‘iziston ilgari surgan, O‘zbekiston ham ushbu g‘oyani dastaklab, Qoraqalpoq o‘tovini ro‘yxatga qo‘shish taklifini ilgari surgan edi.
Prezident Mirziyoyev kechagi va bugungi paxtachilik haqida gapirdi

Surat manbasi, O'zbekiston prezidenti matbuot xizmati
"O‘zbekiston 24" tele kanali Prezident Shavkat Mirziyoyevning Sirdaryo viloyatiga tashrifi haqida ko‘rsatuv namoyish etdi.
Prezident Mirziyoyev Sirdaryo tumanida oqsoqollar bilan uchrashuv payti, 27 yil umrimiz paxta dalasida bekor o‘tdi, deb aytdi.
"27 yil qiynalganmiz. Shu paxta degan baloni hammamiz dalada ko‘rdik, birimiz ikki bo‘lmadi. Mana kecha Jizzaxga borib fermerlar bilan uchrashsam, (fermerlardan biri) 85 sentner oldim, dedi», — dedi Prezident Mirziyoyev.
Uchrashuvda qatnashgan fermerlardan biri bu yil bir gektar maydondan 76 sentner paxta hosili olganini aytdi.
"Tasavvur qiling agar shu mehnatimizga 50 sentner olganimizda daromadimiz qancha bo‘lardi? Bolalarni qanday o‘qitardik? Ilm yo‘q, tajriba yo‘q, bilimsiz urra-urra qilib yuraverdik. Hammani dalaga chiqarib, pul bermadik, texnika bermadik, olimlarni pisand qilmadik. 25 sentner ham qilolmadik-ku viloyat bo‘yicha. Mana qilsa bo‘lar ekan», — dedi Prezident Mirziyoyev.

Surat manbasi, .
Ashxobod uchrashuvi

Surat manbasi, AFP
11 dekabr tunida qator davlatlar rahbarlari Turkmaniston poytaxti Ashxobodga yetib bordilar.
12 dekabr kuni Turkmaniston doimiy neytralitetining 30 yilligi, Xalqaro neytralitet kuni va 2025 yil "Xalqaro tinchlik va ishonch yili" deb e’lon qilingani munosabati bilan xalqaro forum mo‘ljallangan.
Bu forumda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ma’ruzasi kutilmoqda.
Matbuot xabarlariga ko‘ra, Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif Turkman rasmiylari bilan uchrashgan.
Ashxobodga Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 11 dekabr kechqurun yetib borishi xabar qilindi.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an xalqaro forum doirasida Prezident Putin bilan uchrashishi haqida xabar berdi Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Turkmanistonga Armaniston, Eron, Iroq, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Vengriya va Gruziya rahbarlarining borishi kutilayapti.
4 dekabr. O‘zbekiston: Gulistondagi portlash, giyohvandlar sonidagi o‘zgarish, hamda Termiz - Hayraton ko‘prigi endi ochiqmi? (Video)

Surat manbasi, ZAMIN.UZ
Gulistonda portlash oqibatida 3 kishi vafot etdi
Maqolada ko‘ngilni hira qiluvchi tasvirlar bor.
2-dekabr kuni Sirdaryo viloyatidagi ovqatlanish shoxobchalaridan birida gaz balloni portlash oqibatida 3 kishi vafot etdi. Shu kuni ijtimoiy tarmoqlarda Sirdaryo viloyati, Guliston shahridagi bozorlarning birida gazballoni portlagani haqidagi lavhalar tarqaldi.
O‘zbekiston Sog‘liqni Saqlash Vazirligi rasmiy telegram kanalida 3 kishining o‘limini tasdiqladi. Hodisa oqibatida 29 nafar kishi jarohatlandi, shundan 26 nafari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo viloyati filialiga yotqizilgan, 3 nafarining ahvoli qoniqarli bo‘lgani bois yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berilgan.

Surat manbasi, IJTIMOIY TARMOQLAR
Vazirlikka ko‘ra, portlash oqibatida yaralanganlar turli darajadagi kuyish va tan jarohatlari olgan, hozirgi paytda shifoxonaga yotqizilgan bir nafar bemorning ahvoli o‘ta og‘ir bo‘lib, u sun’iy nafas olish apparatida.
Yaralanganlarning ikki nafari homilador bo‘lgani sabab Sirdaryo shoshilinch tibbiy yordam markazidan Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Sirdaryo viloyati filialiga ko‘chirilgan.
Sirdaryo IIB rasmiy telegram kanalida aytilishicha, portlash Guliston shahri "Taraqqiyot" mahallasi hududida joylashgan MChJda sodir bo‘lgan va ushbu holat yuzasidan Sirdaryo viloyati IIB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 257-moddasi 2-qismi (Odam o‘lishi yoki boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelgan mehnatni muhofaza qilish qoidalarining buzilishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, bir nafar shaxs protsessual tartibda qamoqqa olindi. Hozirda ish yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqdaligi aytiladi.
O‘zbekistonda giyohvandlar soni oshmoqda

Surat manbasi, telegram/ssvuz
O‘zbekistonda 8,5 mingga yaqin odam narkologik bemorlar dispanser hisobida turadi. Bu haqda 1 dekabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV) bosh narkologi — Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Zarifjon Ashurov ma’lum qilgan.
Tahlillarga ko‘ra, dispanser hisobida turgan narkobemorlarning 60 foizi kattalar, ya’ni 46−60 yoshlilar hisoblanadi. Ammo oxirgi yillarda giyohvandlikka yangi chalingan shaxslar orasida 25−30 yoshli bemorlar soni ko‘payib boryapti.
Anjumanda so‘zlagan Ashurov, giyohvandlikka chalingan bir bemorning davolanishi uchun davlat byudjetidan yiliga 60 million so‘mgacha mablag‘ sarflashini ma’lum qilgan. Shuningdek u: "Oxirgi 5 yil ichida giyohvandlik bilan kasallanganlar soni 53 foiz ko‘paydi. Sintetik narkotik iste’mol qilishi ortidan dispanser ro‘yxatiga olinganlar to‘rt barobarga ortdi. Opiyli narkomaniya ikki baravar o‘sdi", - dedi.

Surat manbasi, GAZETA.UZ
SSV rasmiysiga ko‘ra, 2025 yilning yanvar-noyabr oylarida 36 366 nafar bemor davolanib chiqqan. Ularning 25 919 nafari ixtiyoriy, 3806 nafari esa sud qarori bilan majburiy davolangan. Shundan, 1882 nafari kunduzgi statsionarda, 4759 nafar bemor ambulator sharoitda davo topgan.
Avvalroq Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi direktori Ravshan Mamatov "dorixona narkomaniyasi" yoshlar orasida keng tarqalayotganidan ogohlantirdi. Toshkent shahri hokimi o‘rinbosari Durdona Rahimova poytaxtda o‘quvchilar orasida sintetik narkotiklar iste’moli ko‘payib borayotganini ta’kidlagan.
O‘zbekistonda "dorixona narkomaniyasi"ga qarshi kurashish davom etmoqda. 2019 yil dekabrida kuchli ta’sir etuvchi dori vositalarini faqat ijtimoiy dorixonalarda va faqat retsept asosida sotish tartibi joriy etilgan bo‘lib bunday dori vositalarining yangi ro‘yxati ham tasdiqlangandi.
Ammo kuzatuvchilar mamlakatda kuchli ta’sir etuvchi dorilarning noqonuniy oldi-sotdisini to‘xtatishga urinishlar hamon davom etmoqda deyishadi. Bu haqda gazeta.uz nashriyoti xabar bergan
Termiz - Hayraton ko‘prigi orqali O‘zbekiston fuqarolarining harakati tiklangan

Surat manbasi, Ўзбекистон Савдо-саноат палатаси
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post, 1
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston va Afg‘onistonni bog‘lovchi Termiz - Hayraton ko‘prigi orqali fuqarolarni o‘tkazish punktlari qayta ish boshladi. Bu qaror ikki davlat o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri va xavfsiz harakatlanish imkoniyatini tiklab, ayniqsa tadbirkorlar uchun muhim yengilliklar yaratadi. Ammo viza talabi o‘z kuchida qolgan.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Afg‘onistonda faoliyat olib borish niyatidagi tadbirkorlar uchun imtiyozlarni e’lon qilar ekan Hayraton yoki Mozori Sharifda ombor ochgan tadbirkorlar uchun omborni saqlash xarajatlari 100% qoplanishi va Afg‘oniston 34 viloyatida mahsulotlarni reklama qilish xarajatlari to‘liq kompensatsiya qilinishini aytgan. Shuningdek, palata tadbirkorlarni Afg‘oniston bozoridagi faloliyatini rag‘barlantirib, raqobat nisbatan past bo‘lgan 50 million iste’molchiga ega bozorga kirish uchun qulay fursat ekanini ta’kidladi.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post, 2

Surat manbasi, .
Aytilishicha, 2021 yilda joriy etilgan cheklovlar tufayli O‘zbekistonlik tadbirkorlar Mazori Sharif shahriga yetib borish uchun Tojikiston orqali bir kunlik aylanma yo‘ldan foydalanishga majbur bo‘lgan edi. Savdo sanoat palatasi, cheklovlar bekor qilinishi orqali mazkur muammolar bartaraf etilganini aytadi.
trend.az nashriyoti O‘zbekiston Statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga tayanib yozishicha, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 2025 yilning yanvar-oktabr oylarida 1,3 milliard dollarga yetgan bo‘lib, 2024 yilning shu davriga nisbatan 46,7 foizga ko‘paygan (886,3 million dollar). Eksportlar umumiy savdo hajmining 84,6 foizini tashkil etib, 1,1 milliard dollarni tashkil etgan.
O‘zbekiston Savdo-sanoat platasiga ko‘ra, Afg‘oniston yo‘nalishidagi eksport hajmi barqaror o‘sib bormoqda va yo‘lning ochilishi 2026 yilga qadar hajmni 2,5 mlrd dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar mavjud.

Surat manbasi, IJTIMOIY TARMOQLAR
Sobiq O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida Termiz- Hayraton chegara punktining qayta ochilishi O‘zbekistonning Afg‘onistonga nisbatan izolyatsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha uzoq muddatli strategiyasini mustahkamlaydigan geosiyosiy o‘zgarishdir deya ta’riflaydi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri harakatni tiklash va Tojikiston orqali 24 soatlik qimmat yo‘lni bekor qilish orqali Toshkent O‘zbekiston eksportini ham, Afg‘onistonning muhim importini ham qo‘llab-quvvatlaydigan yanada samarali savdo yo‘lagini yaratmoqda, dedi u.
Ushbu harakat Trans-Afg‘on temir yo‘li va O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston elektr liniyasi kabi yirik mintaqaviy loyihalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Bunday qadamlar Toshkentning Afg‘oniston ishlarida Markaziy Osiyodagi eng faol aktyor sifatida rolini kuchaytiradi, bu esa mintaqada barqarorlikni izlayotgan jahonning qudratli davlatlari uchun uning ahamiyatini oshiradi va Afg‘onistonning eng barqaror zonasi bo‘lgan shimoliy qismida iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishi mumkin, dedi u.
Shu bilan birga Vladimir Norov jiddiy muammolar mavjudligiga e’tibor qaratadi. Logistika va siyosiy aloqalarning yaxshilanishiga qaramay, O‘zbekiston biznesi hali ham Afg‘onistonda qator muammolarga duch kelmoqda.
Afg‘onistonning xavfsizlik muhitini yaratish, rasmiy xalqaro bank kanallarining yo‘qligi va Tolibon hukumatiga joriy etilgan sanksiyalar tomonidan o‘rnatilgan cheklovlar, rasmiy savdoni qiyinlashtirmoqda va iqtisodiy normallashish sur’atini sekinlashtirishi mumkin.

Surat manbasi, IJTIMOIY TARMOQLAR
Biroq, Norovga ko‘ra, hali ham Afg‘onistondagi asosiy xavfsizlik holati murakkabligicha qolmoqda. Shunday ekan, tadbirkorlar yangi logistik afzalliklarini joylardagi xavf-xatarlar bilan solishtiradilar, dedi u. Tan olingan bank kanalining yo‘qligi va Tolibon rejimiga nisbatan xalqaro sanksiyalar soyasi katta miqyosdagi rasmiy savdo uchun muhim to‘siq bo‘lib qolayotgan bir paytda, O‘zbekistonning qat’iy harakati aniq bir burilish nuqtasi sifatida qaralmoqda.

Surat manbasi, IJTIMOIY TARMOQLAR
BBC O‘zbek xizmatiga bergan suhbatida O‘zbekistonning Pokiston, Afg‘oniston va Erondagi investorlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ul Toshpo‘lat Toshev Afg‘oniston hamkorlari O‘zbekiston hukumatidan bundan ham kengroq ya’ni ikki davlatlar orasida madaniy loyihalarni amalga oshirish, barcha Afg‘on fuqarolariga viza berishni boshlash va Afg‘onistondagi infratuzilmalarni rivojlantirishga sarmoya kiritish kabi hamkorlikni kutayotgani haqida aytgan.












