Fransiya Pavel Durovni hibsda saqlash muddatini uzaytirdi – hozirgacha nimalar maʼlum?

durov

Сурат манбаси, Getty Images

Ўқилиш вақти: 4 дақ

Yakshanba kechki tomon Fransiya sud organi Telegram asoschisini hibsda saqlash muddatini yana 48 soatga uzaytirgani maʼlum boʻlgan.

Pavel Durov ishi bilan shugʻullanayotgan Fransiya sud organi yakshanba kuni kechasi Telegram asoschisi va rahbarini hibsda ushlab turish muddatini uzaytirgan.

Bu haqda tergovga yaqin boʻlgan manba maʼlumotiga tayangan holda AFP xabar qilmoqda.

Fransiya qonunchiligi boʻyicha, gumonlanuvchi hibsga olinganidan soʻng sudyada 96 soat vaqt bor - bu vaqt ichida shaxsga nisbatan ayblov ilgari surilishi yoki u qoʻyib yuborilishi kerak.

Fransiya rasmiylari hozirga qadar Durovning hibsga olinishi sababini izohlamagan.

Shunga qaramay, fransuz matbuoti 39 yashar asli rossiyalik milliarderning qoʻlga olinishiga doir tasdiqlanmagan maʼlumotlarni tarqatgan.

Ularga koʻra, Fransiya huquq-tartibot organlari Telegramʼni "jinoyatchilik uchun zamin" deya hisoblaydi va Durovni messenjer orqali tarqatilayotgan kontentni yetarlicha moderatsiya qilmaslik hamda Telegramʼdan jinoiy maqsadlarda foydalanishning oldini ololmaganlikda ayblamoqda.

Messenjer terrorchilik, giyohvand moddalar savdosi, bolalarga qarshi jinsiy mazmundagi jinoyatlar va firibgarlik masalalarida huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlik qilmaganlikda ayblanmoqda, deyiladi tarqatilgan xabarlarda.

Telegram reaksiyasi

Yakshanba kuni Telegram oʻz rahbarining hibs etilishi boʻyicha ilk bor bayonot bilan chiqqan.

Kompaniyaning Telegramʼdagi rasmiy kanalida eʼlon qilingan qisqa bayonotda Durovga nisbatan ilgari surilgan ayblov "absurd" ekani taʼkidlangan.

"Telegram Yevropa Ittifoqi qonunlari, jumladan, Raqamli xizmatlar toʻgʻrisidagi qonun talablariga amal qiladi - undagi moderatsiya soha standartlariga mos va muntazam takomillashib boradi. Telegram bosh direktori Pavel Durovning yashiradigan hech narsasi yoʻq va tez-tez Yevropa boʻylab sayohat qilib turadi. Platforma yoki uning egasi ushbu platformadagi suiisteʼmollik uchun javobgar, deya taʼkidlash absurddir", deyiladi rasmiy bayonotda.

Aeroportdagi hibs

Pavel Durov 24-avgust kuni shaxsiy samolyotida Parij tashqarisidagi Le Burje aeroportiga qoʻngan payt hibsga olingan.

Milliarder Fransiyaga toʻgʻri Ozarbayjondan uchib kelgan.

Fransiyaning TF1 telekanali oʻz manbalariga tayangan holda, Durov avvalroq qidiruvga berilgani va u Fransiyaga borishdan qochib yurgani haqida xabar qilgan.

Telekanal manbalari uning nima uchun Fransiyaga kelgani sababini bilmasligi haqida gapirgan va Dubayda yashovchi Telegram rahbarining Yevropa Ittifoqi hududiga kirishini "xato" deya atagan.

Durov Rossiya fuqaroligidan tashqari Fransiya pasportiga egaligi maʼlum.

Hozirga qadar Pavel Durovning hibsga olinishiga doir biror rasmiy izoh berilmagan.

Rossiya matbuoti Parij prokuraturasi bu ish toʻgʻrisida dushanba - 26-avgust kuni bayonot eʼlon qilishga vaʼda bergani haqida yozgan.

"Makron qoʻlidagi asir"

Pavel Durov ishi boʻyicha tafsilotlar hali juda kam.

Shunday mavhum vaziyatda, bir vaqtlar Telegramʼni bloklash zaruriyati haqida bong urgan Rossiya hukumati Durov himoyasiga chiqqani bilan eʼtiborni oʻziga tortgan.

Yakshanba kuni Rossiyaning Fransiyadagi elchixonasi fransuz rasmiylari barcha soʻrovlarni javobsiz qoldirayotganidan shikoyat qilgan.

telegram

Сурат манбаси, Getty Images

Сурат тагсўзи, Taniqli fikr bildiruvchilar orasida Durovning hibsga olinishiga hech qanaqasiga soʻz erkinligini cheklashga urinish emas, balki chindan jinoyatchilikka qarshi kurash harakati ekaniga ishonch bildirganlar ham koʻpchilikni tashkil etgan.

"Durovning hibsga olingani haqida xabarlar paydo boʻlishi bilan zudlikda Fransiya hukumatidan sabablarni tushuntirishni soʻradik va uning himoyasini taʼminlashni talab qildik. Bugungi kun holatiga koʻra, fransuz tomoni bu masalada oʻzaro aloqa qilishdan boʻyin tovlamoqda", deyiladi 25-avgust kuni Rossiya elchixonasi tarqatgan xabarda.

Umuman olganda, Pavel Durov himoyasiga sobiq prezident Dmitriy Medvedevdan tortib senator Andrey Klishasga qadar mazmun oʻxshash bayonotlar bilan chiqqan.

"Pavel Durovning hibsga olinishining asl sababi Telegram - dunyoda sodir boʻlayotgan voqealar haqida haqiqatni bilish mumkin boʻlgan internet-makonni yopishga urinish harakati ekani yaqqol koʻrinib turibdi. Bu soʻz erkinligi va koʻp qutbli dunyo barpo etishga intilayotganlarda norozilik keltirib chiqaradi", deya yozgan Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari boʻyicha vakili Tatyana Moskalkova.

Bir vaqtlar Rossiya maxsus xizmatlari bilan hamkorlik qilmagani uchun Pavel Durovni keskin tanqid qilib, Telegramʼni bloklash harakatlarini olqishlagan rus propagandasi bu safar uni himoya qilgan.

"…hibsning asl sabablarini Durovning jinoyat olami bilan afsonaviy aloqalari bilan izohlash qiyin. Yevropa texnologik inqilobdan quruq qoldi va endi taraqqiyot choʻqqisiga koʻtarilganlarga qarshi ov qilmoqda. Ilon Mask, Pavel Durov kabi shaxslarni", iddao qilinadi "Vesti"ning yakshanba kuni efirga uzatilgan sonida.

Ikki yil avval Rossiya fuqaroligini olgan AQSh Milliy xavfsizlik agentligi sobiq xodimi Edvard Snouden Durovning hibs etilishida toʻgʻridan-toʻgʻri Fransiya prezidenti Emmanuel Makronni ayblab chiqqan.

"Makron shaxsiy aloqalarni oʻqish imkoniga ega boʻlish yoʻlida asir olish darajasigacha pastga tushganini koʻrib ham hayratlandim, ham xafa boʻldim. Bu nafaqat Fransiya, balki butun dunyo obroʻsini toʻkdi", yozgan u ijtimoiy tarmoqda.

Taniqli fikr bildiruvchilar orasida Durovning hibsga olinishiga hech qanaqasiga soʻz erkinligini cheklashga urinish emas, balki chindan jinoyatchilikka qarshi kurash harakati ekaniga ishonch bildirganlar ham koʻpchilikni tashkil etgan.

"Uning FSB bilan hamkorlik qilmagani soʻz erkinligi foydasiga ishladi. Ammo afsuski bu uning Telegramdan har qanday koʻrinishdagi dahshat uchun foydalanilishini toʻxtatish yoʻlida hech bilan hamkorlik qilmagani bilan yuvilib ketdi", deya yozgan taniqli xalqaro surishtiruvchi jurnalist Xristo Grozev.

Ayniqsa, X (sobiq Twitter)da Durovning hibs etilishida asos bor mazmunidagi qarashlarga dalil oʻlaroq Telegramʼdagi turli kanal-guruhlardan koʻplab skrinshotlar ham tarqatilgan.

Bunday skrinshotlarda bolalar pornografiyasi, narkotiklar savdosi, irqchilik va maʼlum millatlarga nafrat, siyosiy propaganda hamda boshqa mazmundagi kontentni koʻrish mumkin.

Durov kim oʻzi?

Oktyabr oyida 40 yoshga kirayotgan Pavel Durov zamonaviy yuqori texnologiya olamining eng mashhur vakillaridan biri sanaladi.

Forbes hisobiga koʻra, $15,5 milliard mablagʻga ega Durov oʻzining ilk ijtimoiy tarmogʻi - VKontakte (VK)ga 22 yoshida asos solgan.

2013-yilda esa akasi Nikolay bilan birga ommabop platformalar bilan raqobatga kirishishi koʻzlangan Telegram messenjerini ishga tushirgan.

Pavel Durov rus hukumatining VKʼdagi muxolifatga oid guruhlarni bloklash va shaxsiy maʼlumotlarni FSBga topshirish talabi ortidan 2014-yilda Rossiyani tark etgan.

Rossiyadan ketganidan soʻng u asosan Telegramʼning rivojiga eʼtibor qaratgan.

Durov oʻzi "erkin platforma" deya ataydigan Telegramʼdagi kontentni moderatsiya qilishdan doim bosh tortib keladi.

2018-yilda Moskvadagi sud Telegramni bloklash boʻyicha ajrim chiqargan, lekin yuzlab rossiyaliklar bu qarordan norozilik bildirib namoyishga chiqqan.

Keyinroq Rossiya hukumati Telegramʼni bloklash harakatlarini toʻxtatgan va oʻzi ham hozirgacha platformadan foydalanib keladi.

Messenjer Sobiq Ittifoq hududi, xususan Oʻzbekiston va Hindiston, Yaqin Sharqda anchayin ommalashib, millionlab insonlarning kundalik muloqot vositasiga aylanishga ulgurgan.

Biroq Telegram ekstremistlar, fitna nazariyachilari, ultra-oʻngchi guruhlar uchun ham maʼlumot tarqatish uchun qulay platformaga aylangan.

Bugunga kunda messenjerdan qaysi davlatda qancha inson foydalanishiga oid aniq raqamlar mavjud emas — iyul oyida Durovning oʻzi Telegram foydalanuvchilari umumiy soni 950 million nafar ekani haqida yozgan edi.

BBC.COM/UZBEK

Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002