Isroilning G‘azoga hujumlari 25 kishini o‘ldirdi - sog‘liqni saqlash vazirligi

Ba’zi qurbonlar ash-Shifo kasalxonasiga olib kelindi.

Surat manbasi, Anadolu via Getty Images

Surat tagso‘zi, Ba’zi qurbonlar ash-Shifo kasalxonasiga olib kelindi.
    • Author, BBC Yangiliklar bo‘limi
  • O'qilish vaqti: 9 daq

Chorshanba kuni Isroilning G‘azo bo‘lgasidagi hujumlarida kamida 25 falastinlik halok bo‘ldi, deb xabar berdi Hamas boshqaradigan sog‘liqni saqlash vazirligi. Bu besh hafta oldin sulh kuchga kirganidan beri eng halokatli kunlardan biri bo‘lmoqda, dedi vazirlik.

Qutqaruvchilarning so‘zlariga ko‘ra, G‘azo shahrining sharqiy Zaytun mahallasida joylashgan diniy vaqflar vazirligi binosiga zarba berilishi oqibatida o‘n kishi halok bo‘ldi.

Isroil armiyasi qurolli shaxslar sulh bitimini buzib, janubiy Xon Yunus shahrida Isroil askarlari faoliyat yuritayotgan hududga qarata o‘t ochganidan so‘ng, "Hamas terroristik nishonlari"ga zarba berganini ma’lum qildi.

Hamas bu da’voni savol ostiga oldi va sulhga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan "xavfli eskalatsiya"ni qoraladi.

Zo‘ravonlikning avj olishi BMT Xavfsizlik Kengashi AQSh prezidenti Donald Trampning G‘azo tinchlik rejasini ma’qullagan rezolyutsiyani qabul qilganidan keyin sodir bo‘ldi.

G‘azoning Hamas boshqaradigan Fuqarolik mudofaasi agentligi vakili Mahmud Bassal BBC ga bergan intervyusida, Isroil havo, dron va artilleriya hujumlari bilan chorshanba kuni quyosh botganidan ko‘p o‘tmay G‘azo shahri va Xon Yunusdagi bir nechta joylarga zarba berganini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hujumlar bir necha kunlik nisbiy tinchlikdan so‘ng keskin avj oldi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Fuqarolik mudofaasi Zaytundagi zarba diniy vaqflar vazirligi binosi va uning atrofidagi inshootlarga jiddiy zarar yetkazganini xabar qildi va qutqaruvchilar vayronalar ostida ko‘milgan ikki kishini topayotganini ko‘rsatuvchi videoni joylashtirdi.

Anadolu axborot agentligi tomonidan chop etilgan fotosuratlarda voqea joyidan topilgan uchta yosh bolaning jasadlari ko‘rsatilgan.

Janob Bassalning so‘zlariga ko‘ra, G‘azo shahridagi boshqa bir hodisada dron G‘azoning shimoliy-janubiy asosiy yo‘li bo‘lgan Salah al-Din ko‘chasidagi Shejaiya chorrahasida bir guruh odamlarga zarba berganida bir kishi halok bo‘lgan va bir necha kishi yaralangan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yana bir kishi tank snaryadi G‘azo shahrining sharqiy qismida joylashgan uyga tushganida halok bo‘lgan.

BMT Xavfsizlik kengashi G‘azoga xalqaro barqarorlashtirish kuchlari kiritilishi bo‘yicha rezolyutsiyani qabul qildi.

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, BMT Xavfsizlik kengashi G‘azoga xalqaro barqarorlashtirish kuchlari kiritilishi bo‘yicha rezolyutsiyani qabul qildi.

Fuqarolik mudofaasi Xon Yunus hududida yana 13 kishi halok bo‘lganini xabar qildi.

Janob Bassalning so‘zlariga ko‘ra, ulardan uchtasi BMTning Falastinlik qochqinlar agentligi (UNRWA) tomonidan boshqariladigan sport klubi ichidagi guruhga qilingan zarbada halok bo‘lgan.

Isroil Mudofaa Kuchlari (IDF) o‘z bayonotida chorshanba kuni "bir nechta terrorchilar Xon Yunusda Isroil askarlari faoliyat yuritayotgan hududga qarata o‘t ochgan"ini aytdi.

"Bu harakat sulh kelishuvini buzish hisoblanadi. IDF da hech kim jarohat olmagan", deb qo‘shimcha qildi u. "Buning evaziga IDF G‘azo sektori bo‘ylab HAMAS terroristik nishonlariga zarba berishni boshladi."

Isroil jamoatchilik teleradiokompaniyasi Kan xavfsizlik manbasiga tayanib, zarbalar nishonlari HAMASning harbiy qanoti Izz al-Din al-Qassam brigadasining Zaytun bataloni qo‘mondoni va uning dengiz kuchlari qo‘mondoni bo‘lganini aytdi.

HAMAS Isroil hujumlarini qoralab, o‘z bayonotida ularni "urush jinoyatchisi [Isroil Bosh vaziri Benyamin] Netanyaxu xalqimizga qarshi genotsidni qayta boshlashga intilayotgan xavfli eskalatsiya" deb hisoblashini aytdi.

Shuningdek, u AQShni "o‘zining e’lon qilingan majburiyatlarini bajarishga va sulhni amalga oshirish va hujumlarini to‘xtatish uchun Isroilga zudlik bilan bosim o‘tkazish"ga chaqirdi.

Ammo AQSh rasmiysi Reyters axborot agentligiga HAMAS sulhni buzishni va qurolsizlantirish majburiyatini bajarmaslikni maqsad qilganini aytdi.

Dushanba kuni BMT Xavfsizlik Kengashi 10-oktyabrda kuchga kirgan zaif otashkesimni mustahkamlashga qaratilgan rezolyutsiyani qabul qildi.

A’zo davlatlar Prezident Tramp raislik qiladigan Tinchlik Kengashi deb nomlangan o‘tish davri boshqaruv organini va "G‘azo sektorini qurolsizlantirish jarayoni"ni ta’minlash vazifasi yuklatilgan vaqtinchalik Xalqaro Barqarorlashtirish Kuchlarini (ISF) yaratishga ruxsat berishdi.

Tramp rezolyutsiyani "haqiqiy tarixiy lahza" deb atadi.

Hamas Falastin davlatisiz qurollaridan voz kechmasligini yana bir bor ta’kidlab, Isroilga qarshi kurashi qonuniy "qarshilik" ekanligini ta’kidladi.

Isroilning BMTdagi elchisi qurolsizlanishning muhimligini ta’kidlab, uning mamlakati Hamas endi "tahdid" tugatmaguncha "to‘xtamasligini va taslim bo‘lmasligini" aytdi.

Isroil harbiylari otashkesim boshlanganidan beri uch askari G‘azodagi hujumlarda halok bo‘lganini va ko‘plab jangchilarni nishonga olganini ma’lum qildi.

Jeremi Bouen: Ikki yil o‘tgach, Isroil va Hamas urushni tugatish imkoniyatidan foydalanadimi?

Isroil havo zarbasi ortidan G‘azo bo‘lgasi ustida osmonga o‘rlagan qora tutun, October 07, 2025

Surat manbasi, Anadolu via Getty Images

Surat tagso‘zi, 7 oktyabr hujumlariga Isroilning vayronakor harbiy javobi G‘azo bo‘lgasining ko‘p qismini yer bilan yakson qildi

Ikki yillik urushdan keyin G‘azoda qon to‘kilishi va vayronagarchilikni tugatish, tirik va halok bo‘lgan isroillik garovdagilarni oilalariga qaytarish bo‘yicha kelishuvga erishish imkoniyati yuzaga keldi.

Bu imkoniyat. Lekin Hamas va Isroil undan foydalanadilarmi yoki yo‘q - aniq emas.

Muzokaralar aynan ikki yil oldin Hamas isroilliklarga haligacha og‘riqli bo‘lgan jarohat yetkazgan kunga to‘g‘ri kelgani — g‘amgin tasodifdir.

Aloqador mavzular

2023 yil 7 oktyabr hujumlari 1200 ga yaqin aksari tinch fuqaro isroillikni halok qildi, 251 kishi garovga olindi. Isroilliklar 20 nafar garovdagi shaxsni hali ham tirik deb hisoblaydilar va 28 nafarining jasadi qaytarilishini xohlaydilar.

Isroilning vayronakor harbiy javobi G‘azoning katta qismini yo‘q qildi va 66,000 dan ortiq falastinlikni, asosan fuqarolarni, shu jumladan 18,000 dan ortiq bolani halok qildi.

Bu raqamlarni Hamas ma’muriyatining qoldiqlari tarkibidagi sog‘liqni saqlash vazirligi e’lon qilgan.

Ularning ma’lumoti odatda ishonchli deb ko‘riladi.

Londondagi The Lancet tibbiy jurnalidagi tadqiqotga ko‘ra, bu raqamlar haqiqatdagiga qaraganda kam bo‘lishi mumkin.

Isroilliklar ham, falastinliklar ham urush tugashini istaydilar. Isroilliklar urushdan charchagan va so‘rovnomalar ko‘rsatishicha, ko‘pchilik garovdagilarni qaytarish va urushni tugatish bo‘yicha kelishuvga erishilishini xohlaydilar. Qurolli kuchlar IDF tarkibidagi yuz minglab zaxiradagi insonlar oylar davomidagi harbiy kiyimdagi xizmatlaridan keyin o‘z hayotlariga qaytishni istaydilar.

G‘azodagi ikki milliondan ortiq falastinlik insonparvarlik falokatiga duch kelganlar, IDFning olovli kuchi bilan ochlik o‘rtasida, Isroil yordam kiritishga qo‘ygan cheklovlari tufayli ba’zi hududlarda sun’iy ocharchilik o‘rtasida "qamalib qolganlar".

Ikki yil oldin Isroilga vayronali kuch bilan zarba bergan Hamasning muntazam harbiy tuzilmalik qobiliyatidan ayrilganiga ancha bo‘ldi. Endi u vayronalar orasida IDFga qarshi isyon harakatlarini amalga oshirayotgan shahar partizan kuchlariga aylangan.

Garchi hokimiyatni falastinlik texnokratlarga topshirishga rozi bo‘lgan bo‘lsa-da, Hamas omon qolish yo‘lini izlamoqda, U o‘z ixtiyorida qolgan og‘ir qurollarini topshirish yoki yo‘q qilishga rozi bo‘lgan, ammo o‘zini himoya qilish uchun yetarli kuchni saqlab qolishni istaydi. Mabodo Hamasning 20 yillik shafqatsiz boshqaruvi va falastinliklarga yetkazgan falokati uchun kimdir intiqom olishni istasa, o‘zini himoya qilish uchun.

Bu gapni Hamas omma oldidagi aytayotgani yo‘q, ammo Isroilni yo‘q qilishni maqsad qilgan dasturga ega va tarafdorlari saqlanib qolgan tashkilot sifatida, u o‘zini qayta tiklash uchun yetarli kuch bilan chiqishni ham istaydi. Hamas nomi — Islomiy Qarshilik Harakati — shuni anglatadi.

Isroil esa Hamasning taslim bo‘lish shartlarini o‘zi belgilashni istaydi. Ammo Hamasning jiddiy muzokara olib borish imkoniyatiga egaligi hatto bir oy oldin ko‘ringaniga ham ko‘proq imkoniyatlar ochib berayapti. O‘shanda Isroil Dohadagi binoga zarba berib, u yerda tinchlik rejalarini muhokama qilayotgan Hamas rahbariyatini o‘ldirishga uringan, ammo muvaffaqiyatsizlikka uchragandi. Asosiy nishon — Xalil al-Hayya — hozirda Sharm-ash-Shayxdagi muzokaralarda Hamas delegatsiyasiga rahbarlik qilmoqda. Al-Hayyaning o‘g‘li halok bo‘lgan, ammo rahbarlar tirik qolgan.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahuning boshida esa boshqa turdagi omon qolish rejasi. U o‘z hokimiyatini saqlab qolishni, korruptsiya bo‘yicha sud jarayonini kechiktirishni, kelgusi yildagi saylovda g‘alaba qozonishni va tarixda yahudiylar uchun Xolokostdan keyingi eng halokatli kun uchun mas’ul rahbar sifatida qolmaslikni istaydi.

Bu maqsadga erishish uchun u "to‘liq g‘alaba"ni e’lon qilishning ishonchli yo‘lini topishi kerak — bu iborani u bir necha bor ishlatgan. Uning ta’rifiga ko‘ra, bu garovdagilarni qaytarish, Hamasni yo‘q qilish va G‘azoni demilitarizatsiya qilishni o‘z ichiga oladi. Agar u bunga erisholmasa, Isroil so‘nggi ikki yilda Livan va Erondagi dushmanlariga haqiqiy shikast yetkazdi, deb aytolmaydi.

Hamas va Isroil muzokarachilari yuzma-yuz uchrashmaydilar. Misr va Qatar rasmiylari vositachi bo‘ladilar, Amerika rasmiylari esa katta ta’sirga ega bo‘ladi — ehtimol, hal qiluvchi darajada.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Muzokaralar asosi — Donald Trampning 20 banddan iborat G‘azo tinchlik rejasi. U, Trampning ijtimoiy tarmoqlardagi "abadiy tinchlik" haqidagi da’volariga qaramay, Isroil va Falastinliklarning Iordan daryosi bilan O‘rta Yer dengizi o‘rtasidagi uzoq yillik yer talashuvini tugatmaydi. U G‘arbiy Sohilning kelajagini nazarda tutmaydi — bu hudud Buyuk Britaniya va boshqa davlatlar tomonidan Falastin davlati sifatida tan olingan.

Sharm-ash-Shayxdagi muzokaralarga katta narsa tikilgan. Bu arablar va yahudiylar o‘rtasidagi yuz yildan ortiq davom etgan to‘qnashuvlar tarixidagi eng vayron qiluvchi va qonli urushni tugatishga olib kelishi mumkin bo‘lgan o‘t ochishni to‘xtatish imkoni.

Eng birinchi mushkullik — garovdagi isroilliklarni umrbod qamoq jazolarini o‘tayotgan falastinliklar va urush boshlangandan beri sudsiz ushlab turilgan g‘azoliklar ozod qilish shartlarini belgilash. Bu oson vazifa emas.

Prezident Tramp tez natijaga erishilishini istaydi. U Yaqin Sharqda katta kelishuvga erishish orzusini qayta tiklashni istaydi — buning markazida Isroil va Saudiya Arabistoni o‘rtasida yaqinlashuv bo‘ladi. Ammo bu, agar Isroil G‘azoda minglab falastinliklarni o‘ldirishda davom etaversa, insonparvarlik yordamlarini cheklab, azob-uqubatlarga sabab bo‘layotgan bo‘lsa va Hamas isroillik garovdagilarni ushlab turgan paytda amalga oshmaydi. Saudiya Arabistoni ham bir qator rasmiy bayonotlarda bu yaqinlashuv mustaqil Falastin davlatini yaratishga olib boradigan va ortga qaymas yo‘lsiz amalga oshmasligini ochiq aytgan.

Tramp Netanyahuni ko‘pchilik e’tirofiga ko‘ra, noaniq hamda Falastin mustaqilligi ehtimoli mubham qoldirilgan hujjatni imzolashga majbur qildi. Netanyahu esa bu haqdagi bayonotdan so‘ng, falastinliklar hech qachon o‘z davlatiga ega bo‘lmasligi haqidagi va’dasini takrorlab, bu qismni inkor etdi. Tramp hujjatida Isroilning Hamas hokimiyatini tugatishda nimalarni xohlayotgani va G‘azoning kelajak boshqaruviga juda muhim jihatlar bor.

Ammo Netanhu Oq Uyda o‘z xohishini amalga oshirishga odatlangan. Bu safar esa Tramp uni Qatar bosh vaziriga Hamas rahbariyatini yo‘q qilishga qaratilgan havo zarbasi uchun rasmiy kechirim so‘rashga majbur qildi. O‘zining Yaqin Sharqni qayta qurish rejalarini amalga oshirish uchun Trampning Qatarga ehtiyoji bor.

Bir savol o‘rtaga chiqqan: nega Isroil G‘azodan chiqishi va urushni tugatishi uchun aniq muddat bo‘lmay turib Hamas garovdagilarni ozod qilishga tayyorligini bildirdi? Ehtimol, Qatarliklar ularni ishontirgan — agar Hamas Trampga garovdagilarni qaytarish orqali g‘alaba da’vo qilish imkonini bersa, u bu jarayonni amalga oshirishni ta’minlaydi.

Shunday bo‘lsa ham Tramp isroilliklar eshitishni xohlayotgan Netanyahu iboralarini qo‘llayapti: masalan, agar Hamas kelishuvni rad etsa, uni yo‘q qilish uchun Isroilni "to‘liq qo‘llab-quvvatlayman" degan va’da.

AQSh Davlat kotibi Marko Rubio Hamasning jiddiy ekanini aniqlash uchun bir necha kun yetarli bo‘lishini aytdi. Ammo murakkab kelishuvni ta’minlaydigan texnik jihatlarini kelishish ko‘proq vaqt talab etiladi. Hozircha ularda faqat Trampning chizib bergan jadvali bor.

Isroil va Falastin o‘rtasidagi uzoq va hal qilinmagan mojaro ikki yil oldin G‘azo urushiga aylangandi. Endi esa qon to‘kilishini tugatish va ikki xalqning yaqin kelajagini ta’minlash katta muammoga aylangan. Bu murakkab diplomatiya va tafsilotlarga chuqur yondashuvni talab qiladi — Trampning 20 bandli rejasida esa bunday detallar deyarli yo‘q. Bu bo‘shliqlarni aniq so‘zlar bilan to‘ldirishga urinish ko‘plab to‘siqlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Nova festivali joyida 2023 yil 7 oktyabr qurbonlari xotirasiga o‘rnatilgan yodgorliklar oldida turgan Isroil askar ayoli

Surat manbasi, AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, Hamasning 7 oktyabr hujumlari 1200 ga yaqin insonni, aksari tinch isroilliklarni o‘ldirdi

Trampning kelishuvlar ustasi ekani haqidagi qobiliyatiga o‘zidan boshqa hech kim yuqori baho bermaydi. Ammo tashqi siyosatdagi shu vaqtgacha erishilgan natijalar uning va’dalariga mos kelganicha yo‘q. Tramp qator urushlarni tugatganini da’vo qildi, ammo bu raqamlar u qanday gapirishiga qarab o‘zgarib turadi. Eng mashhur va’dasi - prezidentlikka kirishishi bilan Rossiya-Ukraina urushini tugatishning uddasidan chiqqani yo‘q. Biroq Trampda bir malaka bor, umrbod ko‘chmas mulk bozoridagi tajribasi orqali shakllangan qobiliyat - bosim o‘tkazish yo‘li bilan o‘zining istagiga erishish qobiliyati.

Misrdagi bilvosita muzokaralar Trampning har ikki tomonga bosim o‘tkaza olgani uchun amalga oshayapti. Agar rozi bo‘lmasa Hamasni yer yuzidan yo‘q qilib yuborish tahdidi - bu reja ichidagi eng oson qismi edi. AQSh prezidentlari 2006 yilda Hamas Falastin saylovlarida g‘alaba qozonganidan va keyingi yili Fatahni G‘azodan kuch bilan chiqarib yuborganidan beri xalqaro bosimlarga yetakchilib qilib keladilar.

Donald Trampning Klinton, Obama va Baydenlardan katta farqi shundaki, Benyamin Netanyahuning Trampni manipulyatsiya qilish urinishlariga demokratik prezidentlardan ko‘ra qattiqroq va qat’iyroq javob bilan zarba berishidir.

Tramp Hamasning "ha, lekin..." deb javob berganini tinchlik uchun yetarli deb qabul qildi. Bu unga olg‘a yurish uchun yetarli bo‘ldi. Axios axborot agentligi xabar berishicha, Netanyahu "Hamas vaqtni cho‘zmoqchi bo‘layapti" deb ishontirishga uringanida, Trampning javobi shunday bo‘lgan: "Nega sen bunchalar salbiysan?"

Isroil AQShga qaram. Urushda AQSh Isroilning to‘liq sherigi bo‘ldi. Amerikaning yordamisiz Isroil G‘azoga shunchalar shafqatsiz va uzoq muddatli zarba berishga qodir bo‘lmasdi. Isroil qurollarining ko‘p qismi AQShdan keladi, shuningdek, siyosiy va diplomatik himoya ham — BMT Xavfsizlik Kengashida Isroilga bosim o‘tkazishga qaratilgan bir necha rezolyutsiyalarga AQSh tomonidan veto qo‘yildi.

O‘zini "irlandiyalik sionist" deb atagan Jo Bayden Isroilning AQShga bog‘liqligidan kelib chiqadigan ta’sir kuchini hech ham ishga solmadi. Tramp esa Amerika manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yib, Isroilga nisbatan yashirin bosimni ishlatdi, Netanyahuni istagini o‘zgartirishga majbur qildi, huch qursa muzokaralarga qo‘shilish borasida. Bu bosim davom etadimi — hali noma’lum, chunki Tramp fikrini tez-tez o‘zgartirib turadigan odam.

Ham Hamas va ham Isroil delegatsiyasining o‘z uylarida kuchli tanqidchilari bor, ular urushni davom ettirishni istaydilar. Hamas manbalarining Bi-bi-si aytishlaricha, G‘azoda qolgan harbiy qo‘mondonlar haligacha oxirigacha jang qilishga va imkoni boricha ko‘proq isroillikni o‘zlari bilan olib ketishga tayyorlanayaptilar.

Benyamin Netanyahuning koalitsiyasi esa G‘azodagi falastinliklarni chiqarib yuborish va ularning o‘rniga yahudiy kelgindilarni joylashtirish orzusiga yaqinmiz deb o‘ylayotgan ultra-millatchi ekstremistlar qo‘llab-quvvatlashiga tayangan.

Agar Misrdagi muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, har ikki stsenariy ham amalga oshishi mumkin.